18-modda. Auditorlik hisoboti
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Auditorlik hisoboti — auditorlik tekshiruvining borishi, buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibidan aniqlangan chetga chiqishlar, moliyaviy hisobotdagi qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi mufassal maʼlumotlardan, shuningdek auditorlik tekshiruvi oʻtkazish natijasida olingan boshqa axborotdan iborat boʻlgan va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga, mulkdoriga, qatnashchilari (aksiyadorlari)ning umumiy yigʻilishiga yoʻllangan hujjat. Auditor hisobotida aniqlangan chetga chiqishlar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning moliya-xoʻjalik faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar mavjud boʻlishi kerak.
Agar auditorlik tekshiruvi xoʻjalik yurituvchi subyekt qatnashchilari (aksiyadorlari) yoki nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari topshirigʻiga binoan auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, auditorlik hisoboti auditorlik tekshiruvi topshirigʻiga binoan oʻtkazilayotgan shaxsga ham taqdim etiladi.
Auditorlik hisobotidagi axborot maxfiy hisoblanadi va oshkor qilinishi mumkin emas. Ushbu axborotdan foydalangan shaxslar axborotni oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Auditorlik hisobotining har bir beti auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditor (auditorlar) va auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Auditorlik hisobotining shakli va mazmuni auditorlik faoliyatning standartlari bilan belgilanadi.
