10-modda. Majburiy auditorlik tekshiruvi
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (78-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Quyidagilar har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi kerak:
aksiyadorlik jamiyatlari;
aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan koʻp boʻlgan masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar;
banklar va boshqa kredit tashkilotlari;
sugʻurta tashkilotlari;
investitsiya fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jamlab turuvchi boshqa fondlar hamda ularning investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar;
manbalari yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari boʻlmish xayriya fondlari va boshqa ijtimoiy fondlar;
mablagʻlarining hosil boʻlish manbalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qilinadigan majburiy ajratmalar boʻlmish budjetdan tashqari fondlar;
ustav fondida davlatga tegishli ulush boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va davlat unitar korxonalari.
fond va tovar birjalari.
Majburiy auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻladi. Auditorlik tashkilotini tanlash xoʻjalik yurituvchi subyekt mulkdori, shuningdek qatnashchilari (aksiyadorlari)ning umumiy yigʻilishi bilan kelishib olinadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladigan majburiy auditorlik tekshiruvidan bosh tortish xoʻjalik yurituvchi subyektning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilishiga sabab boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin kalendar yil tugaguniga qadar majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish xoʻjalik yurituvchi subyektdan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima undirishga sabab boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining jami yigirma foizidan ortiq miqdorda jarima undirish unga undiriladigan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida oyma-oy boʻlib toʻlash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi. Jarimaning toʻlanishi xoʻjalik yurituvchi subyektni majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishdan ozod qilmaydi.
