Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-104-son)
30.03.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi PF-101-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Gidroenergetika quvvatlarini yanada koʻpaytirish maqsadida Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJning (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) 2028-yil yakuniga qadar gidroelektr stansiyalari umumiy quvvatini 5 507,8 MVtga yetkazish, shu jumladan umumiy quvvati 1600 MVt boʻlgan gidrotoʻplash elektr stansiyalarini qurish loyihalarini amalga oshirish hisobiga qoʻshimcha 3 279,8 MVt quvvatlarni yaratish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Kichik gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanishda zarur boʻlgan hamda 2023 — 2025-yillarda kooperatsiya asosida mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qarori talablari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-252-son qaroriga 1 va 2-ilovalarda nazarda tutilgan loyihalarga tatbiq etiladi;
elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori tashkil qilingandan soʻng rostlovchi gidroelektrstansiyalar, shu jumladan gidrotoʻplash elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun toʻlov alohida tartib (quvvat uchun toʻlov) asosida amalga oshiriladi;
davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar Jamiyat tarkibidagi gidroelektrstansiyalar va u tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga oʻzaro bogʻliq boʻlgan va bevosita taʼsir qilishi mumkin boʻlgan hollarda Jamiyat davlat sherigi sifatida yoki xususiy investor bilan hamkorlikda ishtirok etishi mumkin;
Jamiyat tarkibidagi “Suvsanoatmash” AJning tegishli aktivlarini belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish hamda undan tushgan mablagʻlar va Jamiyatning oʻz mablagʻlari hisobidan xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda gidroelektrstansiyalar qurilmalarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
4. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Jamiyatning:
istiqbolli loyihalar amalga oshiriladigan hududlarga olib boruvchi yoʻl va boshqa zarur infratuzilma obyektlarining qurilishini Jamiyat mablagʻlari hisobidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda, Jamiyat tomonidan mazkur hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida belgilangan pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshirish;
Jamiyat tizimidagi tashkilotlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda oʻtkaziladigan davlat xaridlarida Jamiyat tizimidagi boshqa tashkilotlarning ishtirok etishiga ruxsat berish;
Jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun jalb qilinadigan “Gidroproyekt” AJni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladigan Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga yagona yetkazib beruvchi sifatida kiritish;
Jamiyat va uning tizimidagi tashkilotlarga “MACLEC Technical Project Laboratory Pvt Ltd” kompaniyasi (Hindiston) bilan suvda suzib turuvchi qurilmalarni xarid qilish boʻyicha shartnomani toʻgʻridan-toʻgʻri tuzishga ruxsat berish;
Jamiyatning ustav kapitalida davlat ulushini oshirish hisobiga unga “Oʻzsuvloyiha” AJning davlatga tegishli aksiyalar paketini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Jamiyat bilan birgalikda:
uch oy muddatda tegishli xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy tijorat banklari bilan istiqbolli loyihalarga moliyaviy manbalarni jalb qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazsin;
muzokaralar natijasiga koʻra, bir oy muddatda istiqbolli loyihalarning Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilingan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatiga kiritilishini taʼminlasin.
Bunda:
istiqbolli loyihalarga Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida boʻlmagan xorijiy kreditlarni jalb qilish uchun “Oʻzenergosotish” AJ mazkur loyihalar doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 25 yildan kam boʻlmagan muddatda loyihada belgilangan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi bilan kelishilgan tarif boʻyicha kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi;
istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi tasdiqlanmaguniga qadar, ushbu loyihalarga talab etiladigan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi kafolati taqdim etilmaydi.
6. Jamiyat 2024-yil 1-fevralga qadar mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb etgan holda potensial investorlar bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarning loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
7. Belgilansinki, Jamiyat quyidagilarni nazarda tutuvchi sohani diversifikatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi:
gidroelektrstansiyalar va suv omborlariga yondosh hududlarda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish orqali boʻsh turgan yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish;
2023-yil 1-avgustdan boshlab respublika hududidagi daryo va kanallarda bosimsiz ishlaydigan innovatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qoʻshimcha elektr energiyasini ishlab chiqarishni boshlash;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar gidroelektrstansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil sertifikat”ni joriy etish;
tizimdagi korxonalar ishlab chiqarish bazasida 2024-yil 1-yanvarga qadar quvvati 1 MVtgacha boʻlgan, 2025-yil 1-yanvarga qadar quvvati 15 MVtgacha boʻlgan gidroagregatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
quvvati 5 MVtdan yuqori boʻlgan gidroelektrstansiyalar va gidrotuplash elektr stansiyalarini qurishga qaratilgan loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Jamiyatda quyidagilarni nazarda tutuvchi korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillari joriy etiladi:
ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish va 2025-yilga qadar ESG reytingini olish;
Jamiyat tizimida korporativ va strategik maslahatchi xizmatini tashkil etish, shuningdek, kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolar sonini 4 nafarga yetkazish;
2023-yil 1-sentabrdan boshlab ekologik standartlarga muvofiq axborotlarni oshkor etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
2023-yil 1-iyuldan boshlab sohadagi yetakchi chet el kompaniyalari bilan “benchmarking” usulida taqqoslash orqali Jamiyatning operatsion samaradorligini oshirib borish.
9. Belgilansinki, 2024-yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi “Gidroenergetika sohasini raqamli transformatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilsin:
gidroelektrstansiyalar va suv omborlarini yagona himoyalangan korporativ tarmoqqa birlashtirish;
suv omborlarining nazorat-oʻlchov qurilmalarini avtomatlashtirish hamda ulardagi maʼlumotlarni olish, saqlash, qayta ishlash va tahlil qilish tizimini joriy etish;
suv omborlariga keladigan suv hajmi prognozining aniqlik darajasini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar va dasturiy taʼminotlarni oʻrnatish;
gidroelektrstansiyalar va suv omborlaridagi dispetcherlik punktlarida vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borish va baholash tizimini joriy etish;
gidroelektrstansiyalar va suv omborlarining xavfsiz faoliyatini taʼminlash va gidrotexnik inshootlarning holatini onlayn monitoring qilib borishga qaratilgan Vaziyatlarni monitoring va tahlil qilish markazini tashkil etish.
10. Jamiyat bir oy muddatda Energetika vazirligi bilan kelishilgan holda mazkur qarordan kelib chiqib, gidroenergetika sohasini isloh qilish strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni Jamiyatning kuzatuv kengashiga tasdiqlash uchun kiritsin.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi va Kadastr agentligining gidroenergetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 6-ilovaga muvofiq jami 89,64 gektar, shundan 82,96 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:
Energetika vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda gidroelektrstansiyalar qurilishi belgilangan yer uchastkalarining amaldagi yerdan foydalanuvchilardan belgilangan tartibda davlat zaxirasiga qaytarilishini;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalari, shu jumladan belgilangan tartibda zaxiraga olingan yer uchastkalari Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishini;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Energetika vazirligi bilan birgalikda investitsiya loyihalari doirasida vaqtincha foydalaniladigan yer uchastkalariga qurilish davrida oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) belgilanishini taʼminlasin.
12. Energetika vazirligi ajratilgan yer uchastkalari Yer kodeksining 241-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda Jamiyatga ijaraga berilishini taʼminlasin.
13. Belgilansinki, Jamiyat tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:
qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari undirilmaydi;
kesilishiga moratoriy joriy etilgan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari mavjud boʻlganda, ular Jamiyat mablagʻlari hisobidan koʻchiriladi, koʻchirish imkoni mavjud boʻlmagan taqdirda, har birining oʻrniga oʻntadan kam boʻlmagan daraxtlar kompensatsiya sifatida ekib beriladi, koʻchirilgan va yangi ekilgan daraxtlar kamida 5 yil parvarishlab beriladi.
14. 2023-yil 1-maydan boshlab quvvati 5 MVtgacha boʻlgan mikro va kichik gidroelektrstansiyalar qurish uchun yer uchastkalarini xususiy investorlarga ajratishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
mikro va kichik gidroelektrstansiyalar qurish uchun moʻljallangan yer uchastkalari haqidagi maʼlumotlar Energetika vazirligi, Jamiyat, tashabbuskor tadbirkorlar — jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ochiq portaliga kiritiladi;
elektron onlayn-auksionga chiqarish uchun yer uchastkalarini tanlash materiallari qonunchilikda belgilangan tartibda tayyorlanadi va vakolatli organlar bilan kelishiladi;
tanlangan yer uchastkalari tuman (shahar) hokimligi tomonidan elektron onlayn-auksionga faqat ijara huquqi bilan mikro va kichik gidroelektrstansiyalar qurish uchun chiqariladi;
elektron onlayn-auksion gʻolibi tuman (shahar) hokimi bilan yer uchastkasi ijarasi shartnomasini tuzish, vakolatli organ bilan esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida shartnoma tuzish huquqiga ega boʻladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qaroriga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
16. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-mart,
PQ-104-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-son qaroriga 4-ILOVA
Kichik gidroelektrstansiyalarni qurish va ulardan foydalanishda zarur boʻlgan hamda 2023 — 2025-yillarda kooperatsiya asosida mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar
ROʻYXATI
T/r TIF TN kodi Mahsulot nomi Ibosqich. 2023-2024-yillarda ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladigan kichik gidroelektrstansiyalarni qurish va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar 1. 7305 31 000 0 Suv keluvchi quvur 2. 8481 80 990 7 Suv toʻsuvchi qurilma 3. 7308 90 980 9 Chiqindilarni ushlab qoluvchi panjara 4. 8410 11 000 0 Spiral kamerasi 5. 8428 90 900 0 Vintli koʻtaruvchi qurilma 6. 7305 31 000 0 Chiquvchi konus quvuri 7. 8410 11 000 0 Gidravlik turbina (quvvati 1 MVtgacha) II bosqich. Kichik gidroelektrstansiyalarni qurish va ulardan foydalanishda zarur boʻlgan hamda 2024-2025-yillarda xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb etgan holda kooperatsiya asosida mahalliylashtirish uchun taklif etilayotgan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar 8. 8501 62 000 0 Pastki krestovina 9. 8501 62 000 0 Yuqori krestovina 10. 8410 11000 0 Kompensator 11. 8501 62 000 0 Tok halqasi (Stator) 12. 8410 11000 0 Turbina vali 13. 8410 11 000 0 Qayta tiklash qopqogʻi 14. 8410 12 000 0 8410 13 000 0 Gidravlik turbina (quvvati 1 MVtdan yuqori) 15. 8410 11 000 0 Yoʻnaltiruvchi apparat kuragi 16. 8410 11 000 0 TVS flanetslar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-son qaroriga 6-ILOVA
Gidroenergetika sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari
ROʻYXATI
T/r Hududlar nomi Yerdan foydalanuvchi Kontur raqami Jami yer maydoni, ga shundan Tuproq ball boniteti sugʻoriladigan yerlar, ga Lalmi, yaylov va boshqa yerlar, ga HAMMASI 89,64 82,96 6,68 “Namangan viloyati Katta Andijon kanalida gidroelektr stansiyalar kaskadi qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Uchqoʻrgʻon tumani 1. M. Xamzaobod massivi “Xolmirza xoji ota” fermer xoʻjaligi 2138k 1,15 1,14 0,01 81 2. M. Xamzaobod massivi “Istiqbolli tegirmon” fermer xoʻjaligi 2142k, 2143k 3,24 3,08 0,16 81 3. M. Xamzaobod massivi “Nurli istiqbol sari” fermer xoʻjaligi 2145k 10,21 9,86 0,35 81 4. M. Xamzaobod massivi Tuman hokimligi zaxirasi 2136k, 2148k 0,13 0,13 5. M. Xamzaobod massivi “Agro-Pilla” MCHJ 2134k 0,78 0,70 0,08 81 6. M. Xamzaobod massivi Fuqaro Alimboyeva Onaxon dala shiyponi 2136k 0,14 0,01 0,1350 81 7. M. Xamzaobod massivi Katta Andijon kanali (Fargʻona birlashgan dispetcherlik markazi) 2141k 1,14 0,38 0,76 73,7 8. Porloq Yulduz massivi “Samandar Sevinchoy Farangiz” fermer xoʻjaligi 1842k 9,41 9,35 0,06 81,2 9. Porloq Yulduz massivi “Iminjon Muxarrambonu” fermer xoʻjaligi 1858k 5,37 5,29 0,08 67,7 10. Porloq Yulduz massivi “Xomidjon Dilshod Umrixon” fermer xoʻjaligi 1902k 5,19 5,14 0,05 68,4 11. Porloq Yulduz massivi Tuman hokimligi zaxirasi 1919k 0,06 0,06 12. Porloq Yulduz massivi Dehqon xoʻjaliklari 1858k, 1919k 4,14 4,14 71,3 13. Porloq Yulduz massivi “Agro-Pilla” MCHJ 1840k, 1841k 1,67 1,61 0,06 68,4 14. Porloq Yulduz massivi Katta Andijon Kanali (Fargʻona birlashgan dispetcherlik markazi) 1772k, 1821k 1,05 0,43 0,63 73,6 15. U. Madadkor massivi “Qoʻgʻay Oʻlmas tekstil” fermer xoʻjaligi 1648k 0,91 0,88 0,03 81 16. U. Madadkor massivi Tuman hokimligi zaxirasi 1646k 0,07 0,07 17. U. Madadkor massivi Aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaligi yerlari 1646k 0,16 0,16 81 18. U. Madadkor massivi Norin Haqqulobod ITB xizmat uyi (Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi) 1647k, 1647k 0,34 0,16 0,18 81 19. U. Madadkor massivi Norin Haqqulobod ITB suv koʻtarish inshooti (Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi) 1646k 0,10 0,10 81 20. Porloq Yulduz massivi “Xorunxon moʻl hosili” fermer xoʻjaligi 1978k, 1979k, 1980k, 1981k 2,84 2,72 0,12 71,3 21. Porloq Yulduz massivi Dehqon xoʻjaliklari 1978k 0,10 0,10 68,4 Tuman boʻyicha jami 48,19 45,23 2,96 Norin tumani 22. Boʻston massivi “Qizil tov imkoniyatlari (Isaqov Iskandar)” fermer xoʻjaligi 1582k, 1592k, 1594k 7,06 6,87 0,19 77,7 23. Boʻston massivi “Toshloqlik Muhammaddiyor” fermer xoʻjaligi 1569k, 1576k, 1578k, 1708k 9,81 9,66 0,15 77,6 24. Boʻston massivi Katta Andijon kanali va qirgʻoq mintaqasi (Fargʻona birlashgan dispetcherlik markazi) 1567k, 1568k 0,36 0,24 0,12 76 25. Boʻston massivi “Akramjon Mamatov” fermer xoʻjaligi 1679k, 1680k, 1687k, 1689k 6,15 5,97 0,18 70,9 26. Boʻston massivi “Otajon ota saxovati” fermer xoʻjaligi 1675k 4,32 4,28 0,04 76,5 27. Boʻston massivi “Toshloq grand” fermer xoʻjaligi 1718k 0,02 0,02 71 28. Boʻston massivi Fuqaro Nazarov Ibroximjon (bogʻdorchilik) 1690k 0,004 0,004 76 29. Boʻston massivi Fuqaro Otaboyev Pirnazar (terakchilik) 1690k 0,024 0,024 76 30. Boʻston massivi Aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaligi yerlari 1690k 0,214 0,214 76 31. Boʻston massivi Katta Andijon kanali va qirgʻoq mintaqasi (Fargʻona birlashgan dispetcherlik markazi) 1676k, 1677k, 1678k 2,93 1,29 1,64 71 32. Xoʻjaobod massivi “Akram ota Bekzoda” fermer xoʻjaligi 1810k 0,20 0,18 0,02 76,5 33. Xoʻjaobod massivi “Gulhayo Sharifjon qizi” fermer xoʻjaligi 1812k, 1820 k 2,58 2,55 0,03 72,6 34. Xoʻjaobod massivi Tuman hokimligi zaxirasi 1809k, 1811k, 1821k 0,80 0,80 35. Xoʻjaobod massivi Aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaligi yerlari 1811k 2,50 2,50 75 36. Xoʻjaobod massivi Katta Andijon kanali (Fargʻona birlashgan dispetcherlik markazi) 1822k 0,52 0,43 0,09 72,7 Tuman boʻyicha jami 37,49 34,23 3,26 Viloyat boʻyicha jami 85,68 79,46 6,22 “Surxondaryo viloyati Toʻpalang daryosida Zarchob-3 gidroelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Sariosiyo tumani 1. G. Xidirov massivi Tuman hokimligi zaxirasi 379k, 392k, 393k, 394k 3,96 3,50 0,46 Tuman boʻyicha jami 3,96 3,50 0,46
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-104-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-44-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi xatboshisidagi “3 416 MVt” soʻzlari “5 507,8 MVt” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-band hamda qarorga 1 — 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
