Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida (2693-9-son)
17.03.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 17-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2693-9]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2015-yil 13-iyundagi 14/3-son qarori (roʻyxat raqami 2693, 2015-yil 6-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 27-son, 360-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-mart,
4/12-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 2-martdagi 4/12-son qaroriga ILOVA
Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 16-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“birlashmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar kapitaliga barcha investitsiyalar summasi, shu jumladan bunday xoʻjalik yurituvchi subyektlar kapitalini tashkil qiluvchi qarz majburiyatlari. Bundan, qayta tiklanadigan (energiya tejovchi) energiya manbalarini, jumladan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, quyosh panellari hamda kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirishni moliyalashtirish uchun 2023-yilning 1-dekabriga qadar qilingan investitsiyalar mustasno;”.
2. 1-ilova quyidagi mazmundagi 51-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ 51. Qayta tiklanadigan (energiya tejovchi) energiya manbalarini, jumladan yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, quyosh panellari hamda kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga 2023-yilning 1-dekabriga qadar ajratilgan kreditlar 0% ”.
