Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tuzilgan respublika komissiyalarining tarkibini takomillashtirish toʻgʻrisida (61-son)
18.02.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika komissiyalari sonini tartibga solish va tarkibini mustahkamlash, komissiya rahbarlarining faoliyati samaradorligi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan tuzilgan, rahbarligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilgan respublika komissiyalari va kengashlarining roʻyxati 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
2. Respublika komissiyalari va kengashlarining raislari bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni aniqlash boʻyicha takliflar kiritsin:
komissiyalar va kengashlarning shaxsiy tarkibi, mazkur komissiyalar va kengashlar toʻgʻrisidagi amaldagi nizomlarga qoʻshimchalar kiritish va ularni oʻzgartirish;
ularga biriktirilgan komissiyalar va kengashlarning nomlari
3. Ilovalarda koʻrsatilgan komissiyalar va kengashlarning tarkibidan chiqqan aʼzolar oʻrniga, shuningdek, keyinchalik amaldagi komissiyalar va kengashlar aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, komissiyalar va kengashlar tarkibiga tegishli lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar kiritilishi belgilansin.
4. Vazirlar Mahkamasining komplekslari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri U.T. Sultanov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-fevral,
61-son
