35-modda. Davlat muassasasini oʻzgartirish
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat muassasasi xoʻjalik faoliyatini yuritishda boshqa nodavlat yuridik shaxslar bilan teng shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatining samaradorligini, ochiqligini va shaffofligini taʼminlash hamda korporativ boshqaruvni joriy etish maqsadida xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilishi lozim.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash maqsadida, oʻzgartirilayotgan davlat muassasasining rahbari oʻz roziligiga asosan oʻzgartirish natijasida tashkil etilgan xoʻjalik jamiyatining rahbari etib tayinlanishi mumkin.
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda uning mulki inventarizatsiyadan oʻtkaziladi va xoʻjalik jamiyati ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori mulk baholashdan oʻtkazilmagan holda, davlat muassasasi mulkining qoldiq (balans) qiymati boʻyicha belgilanadi.
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda mazkur xoʻjalik jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushiga nisbatan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat muassasasini xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran va mazkur jarayon yakunlanguniga qadar ushbu muassasaga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini sotishga, hisobdan chiqarishga, garovga berishga, yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritishga yoki uni boshqacha tarzda tasarruf etishga yoxud boshqacha usullar bilan davlat mulkiga nisbatan majburiyatlarni yuzaga keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi (bundan joriy xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hollar mustasno).
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) xususiylashtirilmaydigan davlat mulki kiritilmaydi.
