3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat ishtirokidagi korxona — ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori ellik foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xoʻjalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyati;
davlat muassasasi — boshqaruv vazifalarini, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda toʻliq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot;
davlat mulki — respublika mulkidan va maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat boʻlgan ommaviy mulk;
davlat mulki reyestri — davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona elektron axborot bazasi;
davlat ulushi — xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan aksiyalar yoki ulushlar.
