22-modda. Agentlikning davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-821-son) · Sana: 09.03.2023 · Amalda
Agentlik davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Agentlik:
davlat mulkini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat mulkining reyestrini yuritadi;
davlat muassasalarining, shu jumladan davlat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
davlat mulkidan foydalanish qoidalarini va davlat mulkini boshqarish samaradorligini baholash tartibini belgilaydi;
davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan davlat mulkining ortiqcha qismini, shuningdek foydalanilmayotgan yoki lozim darajada foydalanilmayotgan davlat mulkini olib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra davlat mulkini xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifasini amalga oshiradi, bundan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari ushbu Qonunga muvofiq maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar mustasno;
davlat mulkining, shu jumladan xorijda turgan davlat mulkining sotuvchisi vazifalarini bajaradi, shuningdek ularning ijaraga berilishini va ishonchli boshqaruvga oʻtkazilishini tashkil etadi;
monopoliyaga qarshi kurashish organi, manfaatdor vazirliklar, qoʻmitalar va idoralar bilan birgalikda har yili davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tahlil (inventarizatsiya) qiladi va saqlab qolinishi, realizatsiya qilinishi yoki tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi lozim boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini belgilaydi hamda uni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosati yuritilishini muvofiqlashtiradi, davlat ulushi boʻyicha hisoblangan va toʻlangan dividendlarning (ajratmalarning) hisobini yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalarini tasdiqlaydi;
