2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida (PQ-82-son)
01.03.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Bahor va tabiat uygʻonishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi boʻlgan Navroʻzi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun goʻzal anʼana hisoblanadi.
Xalqimizning koʻp asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan ushbu qutlugʻ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.
Navroʻzi olamning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan yaxshilik va bagʻrikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash kabi olijanob gʻoyalar Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy oʻzgarishlarning maqsad va mazmuniga toʻla hamohangdir.
Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, doʻstlik va birodarlik tuygʻularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishda Navroʻz bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda.
El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida eʼzozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb eʼtirof etilgan Navroʻzning maʼnaviy hayotimizdagi ulkan oʻrni va taʼsirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uygʻun tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida:
1. 2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuksak saviyada nishonlansin.
2. Quyidagilar:
2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita 2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hamda ushbu ayyomning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini taʼminlasin.
3. Bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
Navroʻz ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va eʼtibor, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning neʼmatlarini asrab-avaylashga, ezgu orzu-maqsadlar bilan yashashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va inson qadrini ulugʻlash maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni Navroʻzning azaliy qadriyat va anʼanalari bilan muvofiq tarzda, taʼsirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish;
obodlik va farovonlik ramzi boʻlmish Navroʻz bayrami arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
xalqimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat fazilatlarini davom ettirib, muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan kishilarga, yordam va koʻmakka muhtoj fuqarolarga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini oʻtkazish;
yurtimizda millatlararo doʻstlik va fuqarolararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shu maqsadda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalarini, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan turli millat va elatlar vakillari tomonidan Navroʻz umumxalq bayramini nishonlashga oid tadbirlarni tashkil etish va keng yoritish;
joylarda boʻlib oʻtadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, isteʼdodli anʼanaviy ijrochilar va estrada artistlarini jalb etish;
Navroʻz sayillarining dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq oʻyinlari, madaniy merosimizning yorqin namunalari boʻlgan kuy va qoʻshiqlar, oʻlan va laparlarga keng oʻrin berish;
bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish, koʻklam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yoʻlga qoʻyish;
ommaviy axborot vositalarida Navroʻzning tarixi va mohiyatini, hududlarda, shuningdek, chet ellardagi vatandoshlarimiz davralarida bayramni nishonlash boʻyicha shakllangan urf-odat va anʼanalarni keng yoritish.
4. Madaniyat va turizm vazirligi (O.A. Nazarbekov):
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M. Hojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S. Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;
mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillarini jalb etgan holda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda Navroʻz umumxalq sayillariga har tomonlama munosib tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlar:
Toshkent shahrida — respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-mart,
PQ-82-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi PQ-82-son qaroriga 1-ILOVA
2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. O.Q. Abdurahmonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi 3. X.M. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi 4. O.A. Nazarbekov — Madaniyat va turizm vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari 5. B.S. Raxmonov — Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari 6. Sh.D. Kudbiyev — Iqtisodiyot va moliya vaziri 7. I.Y. Abdurahmonov — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri 8. A.I. Ikramov — Yoshlar siyosati va sport vaziri 9. B.A. Musayev — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri 10. H.Oʻ. Umarova — Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri 11. A.Sh. Inoyatov — Sogʻliqni saqlash vaziri 12. Sh.X. Shermatov — Raqamli texnologiyalar vaziri 13. B.O. Saidov — Tashqi ishlar vaziri v.b. 14. B.N. Qurbonov — Mudofaa vaziri 15. P.R. Bobojonov — Ichki ishlar vaziri 16. R.M. Joʻrayev — Milliy gvardiya qoʻmondoni 17. B.S. Yoʻldashev — Fanlar akademiyasi prezidenti 18. A.A. Xodjayev — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori 19. R.J. Qurbonov — Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi 20. F.F. Abduholiqov — Kinematografiya agentligi direktori 21. A. Koʻchimov — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori 22. A.J. Xadjayev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 23. A.V. Nuriddinov — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi 24. S.S. Saidov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi 25. M.M. Hojimatov — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 26. R.A. Abdullayev — Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi 27. S. Turdiyev — Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi 28. Sh.T. Qudratxoʻja — Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi 29. X.X. Salimov — Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi oʻrinbosari 30. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-martdagi PQ-82-son qaroriga 2-ILOVA
2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramini nishonlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Chora-tadbirlar nomi Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddati Moliyalashtirish manbasi Masʼul ijrochilar I. Tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar 1. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramini mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaldagi ifodasi sifatida, umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada oʻtkazish. 1. Hududiy tashkiliy qoʻmitalar tarkibini shakllantirish. 2. Navroʻz bayramini yuqori saviyada nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish. 3. Chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash. 2023-yil mart Mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar 2. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini tashkil qilish. 1. Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish. 2. Tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. 2023-yil mart Mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar 3. Mahallalar, koʻchalar, xiyobonlar hamda madaniyat va istirohat bogʻlari hududini Navroʻz bayrami mazmun-mohiyatiga mos ravishda bezatish. 1. Mahallalar, koʻchalar, xiyobonlar va boshqa ijtimoiy obyektlarni bayramga tayyorlash, hududlarni bayramona bezatish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash. 2023-yil 10-mart Mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, tegishli vazirliklar va idoralar 2. Rejada belgilangan ishlarni amalga oshirish. Reja asosida 4. Navroʻz kunlarida ona tabiatni, uning neʼmatlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish. 1. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar rejasini ishlab chiqish. 2023-yil 10-mart Tashkilotlarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar 2. M?ʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. Reja asosida 5. Bayram munosabati bilan nuroniy keksalarni har tomonlama eʼzozlash, koʻmakka muhtoj oilalar va insonlarga begʻaraz yordam berish boʻyicha xayriya tadbirlari hamda taniqli sanʼatkorlarning ular xonadoniga tashrifini uyushtirish. 1. Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish. 2023-yil 10-mart Mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari Bandlik vazirligi, Milliy gvardiya, SSV, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar 2. Tadbirlarni amalga oshirish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. Reja asosida 6. Joylarda arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda ularning savdosini yoʻlga qoʻyish. 1. Savdo yarmarkalari tashkil etiladigan bozorlar roʻyxatini shakllantirish. 2. Fermer xoʻjaliklari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni yarmarkalarga jalb etish. 3. Navroʻz taomlarini tayyorlash va ularning savdosini tashkil qilish. 2023-yil mart – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari II. Ommaviy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot-tashviqot tadbirlari 7. Toshkent shahrida Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish. 1. Taniqli ssenarist va ijodkorlar ishtirokida asosiy bayram tadbiri ssenariysi va dasturini tayyorlash. 2023-yil 10-mart Respublika budjeti va Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari Madaniyat va turizm vazirligi, Toshkent shahri hokimligi 2. Taniqli rejissor, baletmeyster, bastakor, rassom va boshqa ijodkorlar ishtirokida asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib borish. 2023-yil mart 8. Hududlarda oʻtkaziladigan sayillarda folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, baxshilar, ijodkorlar, shuningdek, professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarining ishtirokini taʼminlash. 1. Madaniy dasturlar rejasini ishlab chiqish. 2. Dasturlarda xalq oʻyinlari, urf-odatlar, milliy kuy-qoʻshiqlar, oʻlan va laparlarga keng oʻrin berish. 3. Madaniy dasturlarni oʻtkazish. 2023-yil mart Mahalliy budjet mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Madaniyat va turizm vazirligi 9. Bayram tadbirlarida Oʻzbekistonda millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, turli millat va elatlar vakillarining Navroʻzni nishonlashga oid urf-odatlari, qadriyatlarini namoyish etish. Milliy madaniy markazlarning madaniy dasturlarini tayyorlash va ularning bayram tadbirlarida ishtirokini taʼminlash. 2023-yil mart Mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari Millatlararo munosabatlar qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Mahalla — tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻonidir” shiori ostida madaniy-maʼrifiy, targʻibot tadbirlarini tashkil qilish. 1. Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish. 2. Tadbirlarda taniqli sanʼatkorlar, ijodkorlar va maʼnaviyat targʻibotchilarining ishtirokini taʼminlash. 3. Tadbirlarni oʻtkazish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. 2023-yil mart-aprel Mahalliy budjet mablagʻlari, tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Bandlik vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 11. Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida taniqli ijodkorlar, sanʼatkorlar, harbiy orkestr va ansambllar ishtirokida “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy kechalarini yuqori saviyada oʻtkazish. 1. Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish. 2. Tadbirlarni oʻtkazish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. 2023-yil mart-aprel “Mahalla” xayriya jamoat fondi, mahalliy budjet mablagʻlari Madaniyat va turizm vazirligi, Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 12. Navroʻz bayrami munosabati bilan joylarda kitob rastalarini, hunarmandchilik asarlari va “Koʻklam neʼmatlari” koʻrgazmalarini tashkil qilish, “Eng yaxshi Navroʻz taomlari” tanlovlarini oʻtkazish. 1. Navroʻz sayillari oʻtkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va koʻchalarni belgilash va ularni milliy uslubda bayramona bezatish. 2. Tasdiqlangan reja asosida tadbirlarni oʻtkazish va tanlov gʻoliblarini munosib taqdirlash. 2023-yil mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari, mahalliy budjet mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimligi, Madaniyat va turizm vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 13. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsulliklarida Navroʻz bayramiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish. 1. Chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish. 2. Tadbirlarni xorijdagi va mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarida keng yoritish. 2023-yil mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari TIV, Yoshlar va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi 14. Shahar va tumanlar markazida joylashgan LED ekranlar orqali milliy qadriyatlarimizni keng targʻib qilishga moʻljallangan “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon yurtim!” mavzusidagi ijtimoiy roliklarni keng namoyish qilish. 1. Ijtimoiy roliklar namoyish etiladigan LED ekranlar roʻyxatini shakllantirish, mavzuga oid ijtimoi? roliklar tayyorlash. 2023-yil 15-mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2. Ijtimoiy roliklarni keng namoyish etish. 2023-yil mart 15. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilari va oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida Navroʻz bayramiga bagʻishlangan sport musobaqalari, madaniyat va sanʼat hamda kitobxonlik tanlovlarini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash. 1. Musobaqa va tanlovlarni oʻtkazish reja-dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash. 2023-yil 15-mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari MMTV, OTFIV, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2. Musobaqa va tanlovlarni oʻtkazish hamda gʻoliblarni munosib taqdirlash. 2023-yil mart-aprel 16. Joylardagi ovul va mahallalarda yashayotgan yoshlar oʻrtasida uloq-koʻpkari, poyga, kurash, yugurish, chillak, arqon tortish va boshqa milliy sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar hamda koʻrgazmali chiqishlar uyushtirish. 1. Musobaqa va koʻrgazmali chiqishlar oʻtkazish dasturlarini ishlab chiqish va zarur choralarni belgilash. 2. Musobaqa va koʻrgazmali chiqishlarni yuqori saviyada oʻtkazish. 2023-yil mart-aprel Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari, homiylik xayriyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Yoshlar va sport vazirligi 17. Ommaviy axborot vositalarida taniqli mutaxassislarni keng jalb qilgan holda Navroʻz bayramining tarixi, hududlarda uni nishonlash boʻyicha shakllangan urf-odat va udumlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati hamda soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va dunyoda targʻib qilish borasida olib borilayotgan ishlarni keng yoritish. Mavzuga bagʻishlangan koʻrsatuv, eshittirish va materiallarni tayyorlash va keng yoritish. 2023-yil mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 18. Barcha mobil aloqa abonentlariga “Yangilanish va yasharish ayyomi — Navroʻzi olam muborak!” mazmunidagi SMS-tabriklar yuborishni tashkil etish. Mobil aloqa operatorlari tomonidan SMS-tabriklar yuborish. 2023-yil 21-mart Tashkilotchilarning oʻz mablagʻlari Raqamlashtirish vazirligi
