8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarini belgilaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholashga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturini tasdiqlaydi;
texnik reglamentlarni tasdiqlaydi, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritadi, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qiladi;
muvofiqlikni baholash organini tayinlovchi (notifikatsiya qiluvchi) organni belgilaydi, uning faoliyati sohasini va vazifalarini tasdiqlaydi;
axborot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, texnik reglamentlar, standartlar, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari toʻgʻrisida xabardor qilish tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarining Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi tartibini tasdiqlaydi;
majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
muvofiqlikni baholash qoidalarini, muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish tartibini belgilaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarining faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
davlat nazorati organlarining vakolatlarini, ularning davlat nazoratiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish tartibini, shuningdek davlat nazorati organlarining akkreditatsiya organi bilan hamkorligi tartibini tasdiqlaydi;
tegishli cheklovchi choralarni koʻrish tartibini, xavfni baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimining faoliyat koʻrsatish tartibini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
