46-modda. Qonunchilikda va texnik reglamentda belgilangan majburiy talablarga rioya etilmagan taqdirda ishlab chiqaruvchining, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilining, sotuvchining, import qiluvchining javobgarligi
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi tomonidan qonunchilikda va texnik reglamentda mahsulotga doir nazarda tutilgan majburiy talablarga rioya etilmagan taqdirda, ularga nisbatan:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — majburiy talablarga muvofiq boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi;
xuddi shunday huquqbuzarlik ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida takroran sodir etilganda — majburiy talablarga muvofiq boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining yuz foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari, sotuvchilar yoki import qiluvchilar sodir etilgan huquqbuzarlikda aybdorligini tan olgan va moliyaviy sanksiyalar summasi bir oy muddatda ixtiyoriy ravishda toʻlangan hollar mustasno.
Texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotning kamida yetmish foizini qonunchilikda belgilangan tartibda chaqirib olgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.
Undirilgan jarima summasining ellik foizi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
