4-modda. Asosiy tushunchalar
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arizachi — muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulot taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
davlat nazorati organi — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan davlat boshqaruvi organi;
ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili — ishlab chiqaruvchi (chet el ishlab chiqaruvchisi) bilan tuzilgan shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida mahsulotning muvofiqligini baholashda va uni muomalaga chiqarishda ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan harakatlarni amalga oshiradigan tadbirkorlik subyekti;
mahsulot — faoliyatning moddiy-ashyoviy shaklda taqdim etilgan va xoʻjalik maqsadida hamda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallangan natijasi;
mahsulotni muomalaga chiqarish — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish maqsadida yetkazib berish (realizatsiya qilish) yoki olib kirish (ishlab chiqaruvchining omboridan joʻnatish yoki omborga joylamasdan yuklab joʻnatish);
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muomalaga chiqariladigan mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy ravishda tasdiqlash shakli;
savdodagi texnik toʻsiq — mahsulot kelib chiqqan mamlakatga (joyga) qarab mahsulotga va muvofiqlikni baholash tartib-taomillariga doir majburiy talablarning turlicha qoʻllanilishi oqibatida mamlakatlar oʻrtasidagi savdoda yuzaga keladigan toʻsiq;
sinash laboratoriyasi — sinashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki uning tarkibiy boʻlinmasi;
sotuvchi — mahsulotni realizatsiya qiladigan, Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan tadbirkorlik subyekti;
texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotning xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish jarayonlariga va usullariga doir talablarni belgilash, qoʻllash hamda bajarish, shuningdek ularga rioya etilishini muvofiqlikni baholash va davlat nazoratini amalga oshirish orqali tekshirish;
