35-modda. Davlat nazorati organlari
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati davlat nazorati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Davlat nazorati organlarining vakolatlari, ularning texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi, shuningdek davlat nazorati organlarining akkreditatsiya organi bilan hamkorligi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat nazoratini amalga oshirish chogʻida tekshirishlar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Nazorat choralari texnik reglamentlarda belgilangan talablar asosida, mahsulot muomalaga chiqarilayotgan (isteʼmolchiga realizatsiya qilinayotgan) bosqichda amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar texnik reglamentlarda mahsulotni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, montaj qilish, ishga tushirish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish, realizatsiya hamda utilizatsiya qilish bilan bogʻliq jarayonlarga doir talablar mavjud boʻlsa, ushbu talablarning bajarilishini taʼminlashga doir nazorat choralari ham qabul qilinishi kerak.
Namunalarni olish, tekshirish, sinash va (yoki) oʻlchash tarzidagi nazoratni amalga oshirishda davlat nazorati organlari tegishli texnik reglamentlarda belgilangan sinash va oʻlchash usullaridan foydalanadi.
Xavfni baholashning aniq mezonlari, davlat nazorati organlari tegishli cheklovchi choralarni tanlaydigan shartlar va holatlar belgilanishi kerak boʻlgan cheklovchi choralarni koʻrish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
