31-modda. Muvofiqlikni baholash organlariga qoʻyiladigan talablar va ularning majburiyatlari
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-819-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Muvofiqlikni baholash organi va uning xodimlari oʻzi baholaydigan mahsulotni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, yetkazib berish, oʻrnatish, ishlatish yoki unga texnik xizmat koʻrsatish uchun javobgar boʻlmasligi kerak.
Majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish chogʻida mahsulotni sinash va oʻlchash akkreditatsiya qilingan sinash laboratoriyalari tomonidan oʻtkazilishi kerak hamda ularning natijalari bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlikni baholash organlari sinash laboratoriyalariga arizachi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishga haqli emas.
Muvofiqlikni baholash organi sinash laboratoriyasi tomonidan berilgan bayonnomalar asosida muvofiqlik sertifikatini berish toʻgʻrisida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
