8-modda. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining akkreditatsiya sohasidagi vakolatlari
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-820-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi akkreditatsiya sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
akkreditatsiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ularni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
muvofiqlikni baholash organlarining vakolatliligiga oid talablarni va mezonlarni belgilovchi standartlarni qabul qiladi;
akkreditatsiya sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etadi;
akkreditatsiya organi tomonidan apellyatsiya va shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalarini, paritet baholashga oid xulosalarni, moliyaviy hisobotlarni davriy tahlil qilishni, strategik rejalarning hamda akkreditatsiya tizimini rivojlantirishga doir boshqa rejalarning bajarilishini davriy tahlil qilishni amalga oshiradi;
mustaqil konsalting yoki auditorlik tashkilotlarini jalb etish orqali akkreditatsiya organi faoliyatining monitoringini amalga oshiradi;
akkreditatsiya tizimini rivojlantirish va tartibga solishga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, taqdimnomalarni akkreditatsiya organiga kiritadi;
akkreditatsiya boʻyicha kengashning nizomini va tarkibini tasdiqlaydi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
