25-modda. Akkreditatsiya uchun ariza beruvchining huquq va majburiyatlari
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-820-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
akkreditatsiya organiga akkreditatsiya uchun ariza bilan murojaat qilish;
akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarish uchun shartnoma tuzish;
akkreditatsiya organining qarori ustidan apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish va (yoki) sud tartibida shikoyat qilish.
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchi qonunchilikka hamda akkreditatsiyaga oid ishlarni bajarishga doir shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Akkreditatsiya uchun ariza beruvchining zimmasida akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga, muvofiqlikni baholash organlariga nisbatan xalqaro va milliy standartlarda, akkreditatsiya sohasidagi xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida belgilangan talablarga va mezonlarga rioya etish, shuningdek akkreditatsiya jarayonida ularning bajarilayotganligini isbotlash majburiyatlari boʻladi.
