13-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma va akkreditatsiya sohasi
Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-820-son) · Sana: 27.02.2023 · Amalda
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma akkreditatsiya qilingan subyektning akkreditatsiyaning belgilangan sohasidagi ishlarni bajarishga vakolatliligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Akkreditatsiya sohasi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning ajralmas qismi boʻlgan ilovada belgilanadi.
Akkreditatsiya sohasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamda oʻlchash birligini taʼminlashga doir normativ hujjatlarga, sinash usullariga (uslubiyatlariga) yoki muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish tartib-taomillarini belgilovchi hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaga tegishli oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish uchun akkreditatsiya organiga murojaat qilishi mumkin.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma akkreditatsiya siklida besh yil muddatga beriladi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomadan boshqa shaxsning foydalanishi taqiqlanadi.
