Birja va yarmarka savdosining samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida (174-son)
15.04.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Tovarlarning erkin almashtiriladigan valyutaga birja va yarmarka savdosini faollashtirish va kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1999-yil 15-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan 1-ilovaga muvofiq roʻyxatga kiritilgan tovarlarni eksportga tovar-xomashyo birjalari orqali sotish faqat erkin almashtiriladigan valyutaga amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda jismoniy shaxslar tomonidan koʻrsatib oʻtilgan tovarlarni olib chiqishning cheklangan normalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
2. Quyidagilar:
birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida, shu jumladan ixtisoslashtirilgan savdo maydonchalari orqali tuzilgan kontraktlar boʻyicha tovarlarni sotish, sotib olish va olib chiqib ketish tartibi 2-ilovaga muvofiq;
tovarlarni tovar-xomashyo birjalari orqali erkin almashtiriladigan valyutaga eksportga sotish tartibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
belgilangan tartibda birja savdolariga qoʻyilgan, dastlabki koʻzdan kechirishni talab qilmaydigan, sifat koʻrsatkichlarining oʻzgarmasligi va birja bitimlari tuzilishining doimiyligi bilan tavsiflanadigan muayyan turdagi va sifatdagi tovar, shu jumladan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) birja tovari hisoblanadi;
koʻrgazma-yarmarka savdolarida birja tovariga qoʻyiladigan talablarga javob bermaydigan va xaridorlarga ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarni, prospektlarni, reklama byulletenlarini yoki boshqa tavsiflovchi hujjatlarni koʻzdan kechirish imkoniyatini berishni talab qiladigan har qanday tovarlar realizatsiya qilinishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻn kun muddatda ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan, tovar-xomashyo birjalari orqali eksportga faqat erkin almashtiriladigan valyutaga sotiladigan tovarlarning kengaytirilgan roʻyxatini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi tovar-xomashyo birjalari tomonidan taqdim etilgan tovarlar va xomashyoning asosiy turlariga doir birja kotirovkalarini ommaviy axborot vositalarida muntazam eʼlon qilib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-sentabrdagi 375-son va 1996-yil 20-sentabrdagi 329-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin..
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-aprel,
174-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-son qaroriga 1-ILOVA
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tovar-xomashyo birjalari orqali eksportga faqat erkin almashtiriladigan valyutaga sotiladigan tovarlar roʻyxati
Izoh. “Kvars” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan 7010 90 1000 TIF TN kodi boʻyicha shisha bankalarni eksport qilish shartnomaviy narxlarda, biroq narxlarni tartibga solish organida deklaratsiya qilingan (tasdiqlangan) narxlardan past boʻlmagan narxlarda (QQSni hisobga olmagan holda) amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-son qaroriga 2-ILOVA
Birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha tovarlarni sotish, sotib olish va olib chiqib ketish
TARTIBI
1. Ushbu Tartib tovarlarni sotish boʻyicha birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida amalga oshiriladigan operatsiyalarga tatbiq etiladi.
2. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari ushbu Tartibga muvofiq tovarlarni birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida (keyingi oʻrinlarda birja deb ataladi) sotishlari va sotib olishlari mumkin.
3. Birjalarda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birja bitimlarining barcha turlari amalga oshirilishi mumkin.
4. Birjadagi bitimlar:
birja tovarlari bilan birja savdolarida;
koʻrgazma-yarmarka savdolarida birja tovariga qoʻyiladigan talablarga javob bermaydigan va xaridorlarga ularning namunalari va modellarini, elektron kataloglarni, prospektlarni, reklama byulletenlarini yoki boshqa tavsiflovchi hujjatlarni koʻzdan kechirish imkoniyatini berishni talab qiladigan har qanday tovar bilan savdo qilish.
5. Tovarni sotishga taklif qilishda sotuvchi birjaga quyidagilarni taqdim etadi:
tovarning mavjudligini yoki uni tayyorlash kafolatini tasdiqlovchi kafolat xati — kafolat taʼminoti mablagʻlari kiritilgan birja bitimlari amalga oshirilgan hollarda, shuningdek tovarning qonun hujjatlarida belgilangan sifat talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi kafolat xati;
ombor maʼlumotnomasi — kafolat taʼminoti mablagʻlari kiritilmagan bitishuvlar amalga oshirilganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa hujjatlar”;
7. Birjada kontraktlar boʻyicha sotib olingan tovarlar uchun hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasi — soʻmda amalga oshiriladi, ushbu qarorda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
8. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari birjada sotib olinadigan tovar uchun toʻlovni:
respublika ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotishdan;
Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyatidan olingan daromadlardan;
import kontraktlari boʻyicha, shu jumladan konsignatsiya shartlarida tovarlarni sotish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoʻli bilan.
81. Birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari orqali faqat birjalar va yarmarkalarda roʻyxatdan oʻtgan bitimlar boʻyicha hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalaridagi hisobvaraqlarda turgan mablagʻlardan foydalangan holda pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Import kontraktlari boʻyicha tovar-xomashyo birjasi yoki yarmarkaning hisob-kitob-kliring palatalarida sotuvchi-norezidentning hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlardan faqat birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan eksport kontraktlari, bojxona bojlari, sud xarajatlari hamda birja kontraktlarini tuzish va bajarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xizmatlar (vositachilik yigʻimlari, brokerlik haqlari, transport xarajatlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa xarajatlar) uchun haq toʻlashda foydalanilishi mumkin.
Birja brokerlari tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida mahsulotni sotishdan olingan mablagʻlar hisobidan mijoz — norezident nomidan chet el valyutasini sotib olish (sotish) uchun tijorat banklariga buyurtmanomalar berish, norezidentlar — yuridik shaxslar esa — Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida hisobvaraqlar ochish va tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida mahsulotni sotishdan olingan mablagʻlar hisobidan chet el valyutasini sotib olish (sotish) huquqiga ega.
9. Birjada kontraktlar tuzishda xaridor — Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni (mablagʻlar manbaiga qarab) belgilangan tartibda taqdim etadi:
a) tijorat bankining xorijiy valyutani ichki bozorda sotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
b) ichki bozorda sotish uchun tovarni olib kirish kontrakti va olib kirilgan tovarga yuk bojxona deklaratsiyasi;
v) soliq organining tovarlarni sotishdan, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlardan olingan daromadlar boʻyicha budjet oldida qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
10. Haqiqiy tovar bilan bitishuvlar boʻyicha xaridor kontraktda kelishilgan muddatlarda tovarning har bir partiyasi uchun oldindan 100 foiz haq toʻlaydi. Tovarni yuklab joʻnatish oldindan toʻlangan haq miqdoriga qarab amalga oshiriladi.
11. Fyuchers bitimini tuzishda xaridor sotuvchiga kontrakt rasmiylashtirilgandan keyin 10 kun mobaynida avans oʻtkazadi. Fyuchers bitimi boʻyicha boʻnak miqdori taraflar tomonidan kelishuvga koʻra belgilanadi va kontrakt qiymatining kamida 15 foizini tashkil etishi kerak.
12. Fyuchers kontraktlari boʻyicha hisob-kitoblar tovar-xomashyo birjalarining hisob-kitob-kliring palatalari orqali amalga oshiriladi.
13. Bitimlar tuzilgandan keyin birja kontraktlarni birja yoki uning filiali muhri bilan tasdiqlaydi va ularni brokerlarga yoki koʻrgazma-yarmarka savdolari qatnashchilariga beradi.
14. Norezidentlar tomonidan tuziladigan, Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi — soʻmda toʻlanadigan eksport kontraktlari summasi soʻmning kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan summadan oshmasligi kerak.
15. Birjada tuzilgan barcha eksport kontraktlari kontrakt tuzilgan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha AQSH dollaridagi ekvivalenti koʻrsatilgan holda birjada yoki uning filialida (ixtisoslashtirilgan savdo maydonchasida) tegishli ravishda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan kontraktlar bojxona yuk deklaratsiyalarini toʻldirish uchun asos hisoblanadi.
16. Tovar-xomashyo birjalari savdolarining barcha qatnashchilari uchun real vaqt rejimida tashkil etilgan boʻlib oʻtgan birja savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan eksport kontrakti:
Tovar-xomashyo birjalari savdolarida tuziladigan kontraktlar boʻyicha identifikatsiya raqamlarini berishning tasdiqlangan tartibiga muvofiq birjada yoki uning filialida (ixtisoslashtirilgan savdo maydonchasida) roʻyxatdan oʻtkaziladi;
birja yoki uning filiali (ixtisoslashtirilgan savdo maydonchasi) muhri bilan rasmiylashtiriladi va tasdiqlanadi.
Eksport kontraktida quyidagilar albatta koʻrsatilishi kerak:
birja savdosi oʻtkazilgan sana;
birja savdosi bayonnomasi raqami.
5-bandda sanab oʻtilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ularni imzolagan mansabdor shaxslar javob beradilar.
Eksport kontraktlarini toʻgʻri rasmiylashtirish va hisobga qoʻyish uchun brokerlar va ularning mijozlari javobgardirlar.
Eksport kontraktlarining birjada roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun birja javobgar boʻladi”;
17. Norezidentlar tomonidan birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida milliy valyutada tuzilgan eksport kontraktlari boʻyicha toʻlovlar faqat respublika tijorat banklarida ochilgan xorijiy banklarning “Loro” vakillik hisob raqamlari orqali yoki birjalarning hisob-kitob-kliring palatalarida import qiluvchilarning hisob raqamlaridan amalga oshirilishi mumkin.
18. Kontraktlarga oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar birja brokerlari tomonidan oʻzgartirishlar kiritish sabablari koʻrsatilgan yozma ariza boʻyicha kiritiladi.
22. Tovarlarni olib chiqish kontraktlarini roʻyxatdan oʻtkazuvchi birjalar xaridor va sotuvchidan bitimni rasmiylashtirishga taalluqli boʻlmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-son qaroriga 3-ILOVA
Tovarlarni tovar-xomashyo birjalari orqali chet el valyutasiga eksportga sotish tartibi
1. Ushbu Tartib tovar-xomashyo birjalarining birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida, shu jumladan ixtisoslashtirilgan savdo maydonchalari (keyingi oʻrinlarda birja deb ataladi) orqali sotishga ruxsat etilgan tovarlarni faqat erkin almashtiriladigan valyutaga sotishning asosiy shartlarini belgilaydi.
2. 1-ilovaga kiritilgan tovarlarni birjalar orqali eksportga sotish Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlariga faqat erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi.
Ushbu qarorning 1-ilovasiga kiritilmagan tovarlar ham birjalar orqali Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlariga eksportga erkin almashtiriladigan valyutaga sotilishi mumkin.
3. Tovar-xomashyo birjalari savdolarida tovarlarni chet el valyutasiga eksportga sotish real tovar bilan bitimlar tuzish orqali amalga oshiriladi.
4. Tovarni sotishga taklif qilishda sotuvchi birjaga quyidagilarni taqdim etadi:
tovarning mavjudligini yoki uni tayyorlash kafolatini tasdiqlovchi kafolat xati — kafolat taʼminoti mablagʻlari kiritilgan birja bitimlari amalga oshirilgan hollarda, shuningdek tovarning qonun hujjatlarida belgilangan sifat talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi kafolat xati;
ombor maʼlumotnomasi — kafolat taʼminoti mablagʻlari kiritilmagan bitishuvlar amalga oshirilganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa hujjatlar.
5. Taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning toʻgʻriligi va ishonchliligi, shuningdek tovarning mavjudligi va sifati toʻgʻrisida xaridor va sotuvchi ularga taalluqli qism boʻyicha javob beradilar.
6. Birja savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha toʻlov shakli — oldindan toʻlov yoki tasdiqlangan akkreditiv.
Kontrakt shartlarida chet el valyutasidagi mablagʻlarni oldindan toʻlov yoki birinchi darajali bank tomonidan tasdiqlangan akkreditivni qoʻllash yoʻli bilan kelib tushish shartlari aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
7. Birjalarda xorijiy valyutada tuzilgan eksport kontraktlari birjalarda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
9. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan erkin almashtiriladigan valyutaga sotib olingan birja tovarlarini oʻtkazish va deklaratsiyalash tartibi bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
