Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida (66-son)
15.02.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qaroriga muvofiq, shuningdek, yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi eksportga yoʻnaltirilgan va jahon bozorida raqobatbardosh startap loyihalarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligining 2023-yildan boshlab har yili yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million AQSH dollari boʻlgan Prezident sovrini uchun tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
soha va tarmoqlar rivoji uchun xizmat qiladigan, yoshlar tomonidan ilgari surilgan ilgʻor biznes-gʻoyalar va istiqbolli startap loyihalarni saralash tizimini yaratish;
eksportga yoʻnaltirilgan va jahon IT-bozoriga moʻljallangan dasturiy mahsulotlar yaratilishini qoʻshimcha ragʻbatlantirish;
tanlov doirasida iqtidorli yosh dasturchilarning tajribasini va ularning jamoada ishlash koʻnikmasini oshirish;
yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tegishli qarorlar qabul qilish, tanlovni oʻtkazish muddatlari va masʼullarini belgilash;
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ tomonidan taqdim qilingan saralash va baholash mezonlarini tasdiqlab, tanlovning maxsus portalida ularning eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi;
tanlovni oʻtkazish va gʻoliblarni taqdirlash marosimini tashkil etish;
tanlov gʻoliblarining loyihalarini iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida amaliyotga joriy etilishiga koʻmaklashish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) tanlov 2026-yil may oyidan boshlab har yili “inkubatsiya”, “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” “yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi;
b) tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda xarajatlar smetasi har yili 1-mayga qadar “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — IT-park direksiyasi) tomonidan ishlab chiqiladi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
v) tanlov doirasida arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, tanlovni yoritish va tanlov oʻtkazilishi bilan bogʻliq boshqa tadbirlar maxsus portal orqali IT-park direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
g) IT-park direksiyasi tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi va unga tanlov bosqichlari shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotni aniqlash orqali shartnoma tuzish huquqi beriladi.
Bunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot maxsus portaldan kelib tushgan nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish, tanlov ishtirokchilarini saralash va loyihalarni baholash vazifalarini bajaradi;
d) tanlov gʻoliblari raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan aniqlanadi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra tanlov gʻoliblariga IT-park direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan quyidagi miqdorlarda Markaziy bankning toʻlov amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyuta ekvivalentida bir martalik (bir startapga bir marotaba beriladi) pul mukofotlari hamda oʻzaro kelishuvlar asosida tuzilgan shartnoma doirasida IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan venchur investitsiyasi koʻrinishida ajratiladi:
a) tanlovning “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadigan 10 ta soha boʻyicha jami 30 ta jamoaga — 2 500 000 AQSH dollari.
1-oʻrin uchun — 125 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 75 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 50 000 AQSH dollari;
b) “akseleratsiya” yoʻnalishi uchun 15 ta jamoaga — 100 000 AQSH dollari (umumiy 1 500 000 AQSH dollari);
v) “inkubatsiya” yoʻnalishi uchun 25 ta jamoaga — 40 000 AQSH dollari (umumiy 1 000 000 AQSH dollari);
Bunda:
venchur moliyalashtirish “eng yaxshi startap” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari ishtirokchilariga qoʻllanadi hamda shartnoma shartlari venchur jamgʻarma tomonidan belgilanadi hamda startapda 10 foizdan ortiq boʻlmagan ulush evaziga ajratiladi;
“inkubatsiya” yoʻnalishi ishtirokchilariga esa grant sifatida bir martalik (bir startapga bir marotaba beriladi) pul mukofotlari bilan IT-park direksiyasi tomonidan belgilangan shartlari asosida taqdirlanadi.
6. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2023-yil 1-mayga qadar tanlov ishtirokchilarini roʻyxatga olish va yangiliklarni yoritib borishga ixtisoslashtirilgan maxsus portal ishga tushirilishini taʼminlasin;
2023-yilda oʻtkazilishi belgilangan tanlov natijasiga koʻra 2023-yil 1-dekabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. 2023-yil 1-martdan boshlab IT-park direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy oʻtkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi 500 ming foydalanuvchidan oshganda 25 foizga, 1 million foydalanuvchidan oshganda 50 foizga pasaytirilishi belgilansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-fevral,
66-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-fevraldagi 66-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — tanlovning asosiy yoki maxsus yoʻnalishlarida ishtirok etish istagini bildirgan, maxsus portal orqali elektron shaklda ariza topshiruvchi jamoaning masʼul vakili;
raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — masʼul tashkilot) — portaldan kelib tushgan arizalarni qoʻrib chiqish, tanlovning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalarni saralash va loyihalarni baholash, tanlov gʻoliblarini aniqlash vazifasini bajaruvchi tashkilot;
jamoa — tanlovda ishtirok etish maqsadida maxsus portalda roʻyxatdan oʻtgan guruh;
jamoaning masʼul vakili — jamoa nomidan yagona qaror qabul qiluvchi hamda jamoaning fikrlari va gʻoyalarini ifodalovchi shaxs;
ishchi organ — “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ;
loyiha — ishtirokchi jamoalar tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot;
maxsus portal (keyingi oʻrinlarda — portal) — tanlov ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish, tanlov talablari va muddatlari haqida hamda tanlov bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar joylashtiriladigan “www.awards.gov.uz” veb-sayti;
muhim samaradorlik koʻrsatkichlari — tanlov gʻoliblari boʻlgan jamoalarga loyihaning rivojlanishini belgilaydigan va uni baholashga qaratilgan koʻrsatkichlar;
mentor — ishtirokchi jamoalarning loyihalarini ishlab chiqish, takomillashtirish boʻyicha maslahat (konsultatsiya) berish orqali rivojlantirishga yordam beruvchi mutaxassis;
tashkiliy qoʻmita — tanlovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita.
3. Tanlovga tashkiliy qoʻmita umumiy rahbarlik qiladi.
Tashkiliy qoʻmita qarorlari tashkiliy qoʻmita yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan holda tegishli bayon bilan rasmiylashtiriladi.
Yigʻilishni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, tashkiliy qoʻmita yigʻilishi oʻtkaziladigan sana toʻgʻrisida tashkiliy qoʻmita aʼzolariga xabar beriladi.
Yigʻilish bayoni 2026-yilda anʼanaviy, 2027-yildan boshlab elektron shaklda maxsus portalda tashkiliy qoʻmita kotibi tomonidan shakllantiriladi, tashkiliy qoʻmita aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzo yordamida imzolanadi va raislik qiluvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari oʻz yigʻilishlarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama va hal qilishda oʻz vakolatini boshqa shaxslarga oʻtkazish huquqiga ega emas.
4. Tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
soha va tarmoqlar rivoji uchun xizmat qiladigan, yoshlar tomonidan ilgari surilgan ilgʻor biznes-gʻoyalar va istiqbolli startap loyihalarni saralash tizimini yaratish;
eksportga yoʻnaltirilgan va jahon IT-bozoriga moʻljallangan dasturiy mahsulotlar yaratilishini qoʻshimcha ragʻbatlantirish;
tanlov doirasida iqtidorli yosh dasturchilarning tajribasini va ularning jamoada ishlash koʻnikmasini oshirish;
yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish.
5. Masʼul tashkilot ishchi organ tomonidan quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanlovni oʻtkazish, startaplarni rivojlantirish hamda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish yoʻnalishida 3 yildan ortiq amaliy tajribaga ega boʻlishi;
rivojlangan chet el davlatlarida yuridik shaxs tashkil etgan va kamida 5 ta startapni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan boʻlishi;
nufuzli venchur jamgʻarmalar va investorlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlishi;
masʼul tashkilotning xalqaro inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplar orasidan kamida 5 ta 1 mlrd AQSH dollaridan yuqori bahosiga yetgan boʻlishi.
texnologik tadbirkorlik, venchur moliyalashtirish va IT-konsalting yoʻnalishlarida kamida 2 yil ish stajiga ega boʻlgan xalqaro ekspertlar va mentorlar mavjudligi.
Masʼul tashkilot bilan tuziladigan shartnomada quyidagilar inobatga olinadi:
koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning 80 foizi oldindan toʻlov va 20 foizi masʼul tashkilotga yuklangan ishlar yakunlangandan soʻng qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida toʻlanadi;
Ishchi organ qabul qilish-topshirish dalolatnomasini imzolashdan oldin tanlov tashkil etilishi va oʻtkazilishi yuzasidan eʼtirozlari yoʻqligi haqida xulosani olish yuzasidan tashkiliy qoʻmitaga soʻrov yuboradi.
Bunda tashkiliy qoʻmita ishchi organning soʻrovi kelib tushgan kundan boshlab uch kun muddatda tegishli xulosani rasmiylashtirishi yoki asoslantirilgan rad javobi berishi zarur.
Bunda tashkiliy qoʻmitaga ushbu mezonlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
2-bob. Tanlov yoʻnalishlari
6. Tanlov har yili bir marotaba quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:
“inkubatsiya” yoʻnalishi — tanlovning rivojlanishning boshlangʻich bosqichida (gʻoya, dastlabki prototip) boʻlgan jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va oʻquv kurslari orqali qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va startapni keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan yoʻnalish;
“akseleratsiya” yoʻnalishi — tanlovning rivojlanishning boshlangʻich bosqichida (dastlabki mahsulot) boʻlgan jamoalar uchun ekspert maslahatlari, tajriba almashish va oʻquv kurslari orqali qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va startapni keyingi bosqichga tayyorlashga qaratilgan yoʻnalishi;
“eng yaxshi startap” yoʻnalishi — tanlovning faol quyidagi sohalar boʻyicha investitsiya jalb qilish (tayyor mahsulot) bosqichidagi startaplar:
Moliyaviy texnologiyalar (FinTech);
Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar (AI);
Korxonalar uchun moslashgan raqamli texnologiyalar (Enterprise);
Kreativ industriya va reklama texnologiyalari (Creative Industry & AdTech);
Davlat boshqaruvida qoʻllanadigan raqamli texnologiyalar (GovTech);
Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari;
Taʼlim jarayonida qoʻllanadigan raqamli va innovatsion texnologiyalar (EdTech);
Logistika, transport va harakatlanish tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan texnologik yechimlar (Logistics & Mobility);
Sogʻliqni saqlash sohasida texnologik yechimlar (HealthTech);
Ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan yuqori texnologik yechimlar (DeepTech).
7. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi tendensiyasiga muvofiq 2024-yildan boshlab tanlov yoʻnalishlariga belgilangan yoʻnalishlar soni doirasida Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
3-bob. Tanlov bosqichlari va ularni oʻtkazish tartibi
8. Tanlov mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq olti bosqichda tashkil etiladi.
9. Birinchi bosqichda tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 15-mayga qadar tanlov eʼlon qilinadi va arizalar qabuli boshlanadi.
10. Ikkinchi bosqichda “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha har yili 15-iyunga qadar, “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha esa har yili 31-mayga qadar ariza beruvchilar tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallar portal orqali topshiriladi.
11. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Bunda ishtirokchilar “Elektron hukumat”tizimining Yagona foydalanuvchilar identifikatsiya tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadilar.
12. Ishtirokchi jamoalar Nizomga 2-ilovaga muvofiq barcha maʼlumot va materiallarni oʻzbek, rus va ingliz tillarida taqdim etadilar.
13. Portalda roʻyxatdan oʻtish jarayonida jamoa aʼzolari tanlov ofertasini akseptlash yoʻli bilan tanlov shartlariga rozilik bildiradi va har bir jamoaga maxsus identifikatsiya raqami biriktiriladi.
Portalda nazarda tutilgan tanlov ofertasining jamoa aʼzolari tomonidan qabul qilinishi ishtirokchi jamoa aʼzolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilishiga yozma rozilik berganligini ifodalaydi.
14. Uchinchi bosqichda ishchi organ tomonidan barcha yoʻnalishlar boʻyicha 30-iyulga qadar portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligi hamda mazkur Nizom talablariga mosligi tekshirilib, ariza beruvchilarning elektron pochta manzili (shaxsiy kabineti)ga keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqidagi xabar (xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
Bunda “inkubatsiya” yoʻnalishida 30 tadan va “akseleratsiya” yoʻnalishida boʻyicha 25 tadan kam boʻlmagan jamoalar saralab olinadi.
15. Har yili:
“eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha 25-avgustga qadar jamoalar mentorlar bilan loyihani takomillashtiradi hamda har bir soha boʻyicha 5 tadan 10 tagacha istiqbolli loyihalar tasdiqlangan baholash mezonlari asosida reyting natijalariga koʻra finalga oʻtadi.
16. Toʻrtinchi bosqichda har yili oʻtkaziladigan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi” doirasida “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadi va himoya qiladi. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin va uning yakuni boʻyicha “eng yaxshi startap” yoʻnalishida muvaffaqiyatli ishtirokchi jamoalarga tanlov gʻolibi maqomi beriladi va taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
Ushbu bosqichda, “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha 25-noyabrga qadar ishtirokchi jamoalar uchun ekspertlar ishtirokida maslahatlar va oʻquv sessiyalari tashkil etiladi va jami 40 ta loyiha saralab olinadi va final bosqichiga oʻtadi.
Bunda loyihalar masʼul tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlangan baholash mezonlari asosida reyting shakllantirilib, jami 40 ta ishtirokchi jamoalar saralab olinadi.
17. Beshinchi bosqichda 25-dekabrga qadar ishchi organ tomonidan belgilangan sanalarda “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishidagi ishtirokchi jamoalar oʻzlarining loyihalarini masʼul tashkilotga taqdimot oʻtkazadilar va himoya qiladilar. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin.
Bunda loyihalar masʼul tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlangan baholash mezonlari asosida jami 40 ta ishtirokchi jamoalar saralab olinadi.
Saralab olingan ishtirokchi jamoa tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻolibi maqomi beriladi va ularga mazkur Nizom talablariga muvofiq mukofot sovrinlar va investitsiyalar ajratiladi.
18. Tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha natijalar tantanali taqdirlash marosimida eʼlon qilinadi va ushbu natijalar eʼlon qilinganidan soʻng ikki kun ichida portalda ham joylashtiriladi.
Tanlov “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi har yili 5-noyabrga qadar tashkiliy qoʻmita tomonidan tantanali ravishda tashkil qilinadi.
19. Tanlovning “eng yaxshi startap” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari gʻoliblariga IT Park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan investitsiyalar mazkur Nizomga muvofiq, shartnomada belgilangan muddatlarda ajratiladi, bunda moliyalashtirish davri 1 yildan oshmasligi shart.
20. Tanlov bosqichlari oʻtkaziladigan muddatlar va sanalarga tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Bunda tanlov boshlanishidan bir hafta oldin portalda oʻzgartirishlar haqida eʼlon joylashtiriladi.
4-bob. Tanlovda ishtirok etish uchun qoʻyiladigan talablar
21. Tanlovda ishtirok etish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bir jamoa tarkibida ishtirok etishi mumkin.
22. Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalar tarkibi “inkubatsiya” yoʻnalishida 2 — 5, “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” yoʻnalishlarida esa 3 — 8 kishidan iborat boʻlishi kerak.
23. Tanlovda ishtirok etish uchun faqat 1 ta yoʻnalish boʻyicha ariza yuborishga ruxsat etiladi.
24. Jamoa tarkibiga jamoaning masʼul vakili murojaati asosida tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
241. Tanlov doirasida mentorlik qilayotgan shaxslar ishtirokchi jamoalar tarkibida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi.
26. Ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlovgacha va tanlov davomida ishlab chiqilgan loyihalar bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmaydi.
Tanlov doirasida ishtirokchi jamoalarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun masʼul tashkilotga toʻlangan mablagʻlar bundan mustasno.
5-bob. Ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash hamda tanlov gʻoliblarini aniqlash
27. Masʼul tashkilot tanlovda umumiy hakamlik qiladi va ishtirokchi jamoalarning loyihalarini tasdiqlangan baholash mezonlariga asosan baholaydi va saralaydi, shuningdek, tanlov gʻoliblarini aniqlaydi.
Saralash va baholash mezonlari tasdiqlangandan soʻng tanlovning joriy mavsumi tugagunga qadar (navbatdagi tanlov eʼlon qilinguniga qadar) ularga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi.
28. Tashkiliy qoʻmita tanlovning har bir bosqichi alohida tartibda oʻtkazilishini inobatga olgan holda, har yili 15-iyunga qadar saralash va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va ishchi organga maxsus portalda eʼlon qilish uchun taqdim etadi.
Bunda ishtirokchi jamoalarning loyihalarini baholash mezonlarida quyidagilar inobatga olinadi:
loyiha aniq muammo (muammolar)ni hal qilish yoki foydalanuvchilar tomonidan mavjud talabni bajarishga qaratilgani va amaldagi yechimlarning samarali, sifatli va qulayligi;
loyiha daromadliligi va moliyaviy modeli asoslangani;
loyiha bozor sharoitlarida raqobatga chidamliligi, rivojlanayotgan yoʻnalish (soha)ga qaratilganligi va foydalanuvchilar uchun jozibadorligi;
loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bogʻliq mezonlar.
29. Gʻoliblar “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha beshinchi bosqichda, “eng yaxshi startap” yoʻnalishida esa toʻrtinchi bosqichda masʼul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
6-bob. Tanlovdan chetlashtirish tartibi
30. Ishtirokchi jamoalarning aʼzolari tomonidan quyidagi xatti-harakatlar amalga oshirilganligi aniqlansa, ular tanlovdan chetlashtiriladi:
masʼul tashkilotning faoliyatiga xalaqit bersa;
portal faoliyatiga xalaqit bersa;
tanlov doirasida arizada koʻrsatilmagan, yaʼni ishtirokchi jamoaning aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilsa;
oʻz xohishi bilan tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechsa;
tanlov ofertasida belgilangan shartlarni buzsa;
mazkur Nizom talablariga rioya qilinmasa.
Ishchi organ ishtirokchi jamoalarning aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritadi.
31. Chetlashtirish natijasida tarkibida uch kishidan kamayib ketgan ishtirokchi jamoalarning masʼul vakili bir kun muddatda tashkiliy qoʻmitaga oʻz jamoasi qayta shakllantirilganligi haqida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq maʼlumotlarni kiritishi lozim. Aks holda, ushbu ishtirokchi jamoa tanlovdan chetlashtiriladi.
32. Tashkiliy qoʻmitaning ishtirokchi jamoalar aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi va qaror qabul qilingandan keyin ishtirokchi jamoaning masʼul vakilining elektron pochta manziliga xabar (portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi.
Tashkiliy qoʻmita har yili saralash va baholash mezonlarini tasdiqlashda maxsus portal orqali ishtirokchi jamoalar tomonidan tanlov jarayonlarini yaxshilash va takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflarni inobatga olib boradi.
7-bob. Tanlovni moliyalashtirish va tanlov gʻoliblarini taqdirlash
33. Tanlov gʻoliblari quyidagi miqdordagi mukofot va investitsiya bilan taqdirlanadi:
a) tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi uchun 25 ta jamoaga — 40 000 AQSH dollari (umumiy 1 000 000 AQSH dollari) grant sifatida;
b) tanlovning “akseleratsiya” yoʻnalishi boʻyicha 15 ta jamoaga — 100 000 AQSH dollari (umumiy 1 500 000 AQSH dollari) IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan investitsiya sifatida;
v) tanlovning “eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadigan 10 ta soha boʻyicha IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan investitsiya sifatida jami 30 ta jamoaga — 2 500 000 AQSH dollari quyidagi nisbat boʻyicha:
1-oʻrin uchun — 125 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 75 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 50 000 AQSH dollari.
34. Tanlov gʻoliblariga pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlovlar amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyutada:
a) “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha — ishtirokchi jamoaning bank hisob raqamiga yil davomida uch transhda belgilangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida oʻtkazib beriladi;
b) “akseleratsiya” va “eng yaxshi startap” yoʻnalishlari boʻyicha — ishtirokchi jamoalarning bank hisob raqamlariga IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan oʻtkazilgan chuqur tekshiruv (Due Diligence) asosida bir yil davomida toʻliq oʻtkazib beriladi.
35. Tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblarga:
tanlov gʻoliblari eʼlon qilingan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida pul mukofotining birinchi transhi (50 foiz miqdorida) toʻlanadi;
pul mukofotining keyingi transhi (25 foizdan 50 foizgacha) yil davomida muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida tashkiliy qoʻmitaning qaroriga muvofiq oʻtkazib beriladi.
36. Tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar pul mukofotining ikkinchi (yoki uchinchi) transhini olish uchun tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarishi lozim.
37. Mazkur Nizom shartlarini bajarmagan yoki buzgan, shuningdek, muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarmagan tanlovning “inkubatsiya” yoʻnalishi gʻoliblariga pul mukofotining qolgan transhi toʻlanmaydi.
38. Muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bir yil davomida toʻliq bajarmagan jamoalarga toʻlanmagan pul mukofoti Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga qaytarib beriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Tanlovning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash maqsadida taqdimot tashkilotchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda jonli onlayn efirga uzatilishi mumkin.
Bunda barcha taqdimotlar videotasvirga olish moslamalari hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda videotasvirga olinadi va mazkur videotasvirlar ikki yil davomida saqlanadi
40. Tanlovning yopilish tadbiri tantanali ravishda tashkiliy qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
41. Tanlov natijalari yuzasidan ishtirokchi jamoalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat yuborishga haqli.
42. Tanlov natijalari sud qarori asosida bekor qilingan yoki tanlovda korrupsiya omillari aniqlanganini isbotlovchi holatlar mavjud boʻlganda, tegishli yoʻnalishning tanlov natijalari bekor qilinadi.
43. Masʼul tashkilot, uning rahbarlari va xodimlari hamda masʼul tashkilot tomonidan tanlov jarayoniga jalb qilingan shaxslarga aloqador (affillangan) shaxslarning tanlovda ishtirok etishi taqiqlanadi.
44. Tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishga jalb qilingan barcha shaxslar tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni oshkor qilishlari taqiqlanadi. Bunda:
tanlovni tashkil qilish va oʻtkazishda yuzaga kelgan nizoli holatlarda tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlar Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin.
tanlov bilan bogʻliq maʼlumotlarni Tashkiliy qoʻmita bilan kelishilmagan holda oshkor qilgan shaxslar ushbu xatti-harakatlar natijasida koʻrilgan zarar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
45. Ushbu Nizom talablariga amal qilmagan va uning talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini tashkil etish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarChora-tadbirlarBajarish muddatlari1-bosqichTashkiliy qoʻmitaTanlovni eʼlon qiladi va arizalarni qabul qilishni boshlaydi.Har yili 15-mayga qadar2-bosqichAriza beruvchilarNizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallarni portal orqali topshiradi.Tanlovda ishtirok etish uchun jamoalarning aʼzolari portalda “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadi.Har yili 15-iyunga qadar3-bosqich“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ(ishchi organ)1. Portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini koʻrib chiqadi hamda Nizom talablariga mosligini tekshiradi.Bunda ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqida elektron pochta manziliga xabar yuboradi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomini beriladi.Har yili 30-iyunga qadarIshtirokchi jamoalar2. Oʻzlari ishlab chiqqan loyihalarni takomillashtiradi va portalga qaytadan joylashtirishi mumkin. Kechikib taqdim etilgan loyihalar koʻrib chiqilmaydi.4-bosqich“Eng yaxshi startap” yoʻnalishi boʻyicha ishtirokchi jamoalar1. Loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadi.“Eng yaxshi startap” yoʻnalishidagi ishtirokchilar “butkemp”da ishtirok etib, mentorlar ishtirokida oʻz loyihalarini takomillashtiradi va reyting natijasida har bir soha boʻyicha 5 tadan 10 tagacha finalistlar aniqlanadi.Har yili oʻtkaziladigan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasidaMasʼul tashkilot Tashkiliy qoʻmita,ishchi organ,masʼul tashkilot2. Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin va uning yakuni boʻyicha “Eng yaxshi startap” yoʻnalishida muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalarga tanlov gʻolibi maqomini beradi va taqdirlash marosimini oʻtkazadi.3. “Inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalar uchun ekspertlar ishtirokida maslahatlar va oʻquv sessiyalarini tashkil etadi.Har yili 25-noyabrga qadar5-bosqichMasʼul tashkilot,“inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalar1. Oʻzlarining loyihalarini masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadilar va himoya qiladilar.2. Tasdiqlangan baholash mezonlari asosida jamoalar saralab oladi.3. Saralab olingan 40 ta ishtirokchi jamoa tanlovning “inkubatsiya” va “akseleratsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov gʻolibi maqomi beriladi va ularga mazkur Nizom talablariga muvofiq mukofot sovrinlari ajratiladi.Har yili 25-dekabrga qadar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” tanlovida qatnashish uchun topshiriladigan ariza
SHAKLI
“Eng yaxshi startap” yoʻnalishi1. Jamoa haqida maʼlumot1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari: Frontend dasturchi Backend dasturchi Data muhandis AI muhandis Mobil dasturchi Devops dasturchi Product menejer Web dasturchi Sinovchi Dizayner Boshqa5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi2. Loyiha haqida maʼlumot1. Loyiha sohasi: Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar (AI) Korxonalar uchun moslashgan raqamli texnologiyalar (Enterprise) Kreativ industriya va reklama texnologiyalari (Creative Industry & AdTech) Davlat boshqaruvida qoʻllanadigan raqamli texnologiyalar (GovTech) Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari Taʼlim jarayonida qoʻllanadigan raqamli va innovatsion texnologiyalar (EdTech) Logistika, transport va harakatlanish tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan texnologik yechimlar (Logistics & Mobility) Sogʻliqni saqlash sohasida texnologik yechimlar (HealthTech) Ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan yuqori texnologik yechimlar (DeepTech)2. Loyiha nomi3. Loyiha tavsifi4. Rivojlanish bosqichi5. Oldingi hisobot davri uchun umumiy daromad6. Mazkur yilning birinchi choragi uchun daromad7. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)8. Loyihaning GitHub platformasidagi havola9. Loyiha taqdimoti (PDF)10. Logotip (.svg/.png)“Inkubatsiya” yoʻnalishi1. Jamoa haqida maʼlumot1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari: Frontend dasturchi Backend dasturchi Data muhandis AI muhandis Mobil dasturchi Devops dasturchi Product menejer Web dasturchi Sinovchi Dizayner Boshqa5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi2. Loyiha haqida maʼlumot1. Loyiha nomi2. Rivojlanish bosqichi3. Loyiha sohasi4. Loyiha tavsifi5. Minimal ishlaydigan mahsulot (MVP)6. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)7. Loyihaning GitHub platformasidagi havola8. Loyiha taqdimoti (PDF)9. Logotip (.svg/.png)“Akseleratsiya” yoʻnalishi1. Jamoa haqida maʼlumot1. Jamoa aʼzolarining F.I.O.2. Jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)3. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochta manzili4. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari: Frontend dasturchi Backend dasturchi Data muhandis AI muhandis Mobil dasturchi Devops dasturchi Product menejer Web dasturchi Sinovchi Dizayner Boshqa5. Jamoa ishtirok etayotgan hudud/viloyat6. Jamoa aʼzolarining ish/oʻqish joyi2. Loyiha haqida maʼlumot1. Loyiha nomi2. Rivojlanish bosqichi3. Loyiha sohasi4. Loyiha tavsifi5. Oldingi hisobot davri uchun umumiy daromad6. Mazkur yilning birinchi choragi uchun daromad7. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)8. Loyihaning GitHub platformasidagi havola9. Loyiha taqdimoti (PDF)10. Logotip (.svg/.png)
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-fevraldagi 66-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President Tech Award) tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi
1.Sh.X. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri, tashkiliy qoʻmita raisi2.O.A. Pekos—raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari;3.A.Z. Saʼdullayev—Yoshlar ishlari agentligi direktori, tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari4.Lavozimi boʻyicha—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi (kelishuvga asosan)5.D.A. Vahobov—Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi6.S.B. Radjabov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari7.A.Sh. Boboyev—sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari8.O.N. Mirzayev—“Kiberxavfsizlik markazi” DUK direktori9.K.N. Irisbekova—AT “Aloqabank” boshqaruvi raisi10.A.O. Karamatov—“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bosh direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izohlar.
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Zaruratga koʻra Tashkiliy qoʻmita tarkibiga xorijiy ekspertlar, boshqa vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda jamoatchilik nazorati subyektlari jalb etilishi mumkin.
