Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (2849-IV-son)
10.01.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi ishi parlament faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, mamlakatimiz Prezidentining farmonlari, qarorlari va maʼruzalari, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturi asosida tashkil etildi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining faoliyati mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga yoʻnaltirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya va uning organlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, konstitutsiyaviy islohotlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish ishlari kompleks tarzda tashkil qilindi. Bosh qomusimizga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritilganligi hamda umumxalq muhokamasidan oʻtkazilganligi deputatlar korpusining mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi masʼuliyati yanada oshayotganligini koʻrsatmoqda.
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatiga yangi tartib-taomillar kirib keldi, bu esa deputatlar korpusi faoliyatiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Xususan, qonunlarni sodda va tushunarli tarzda aholiga yetkazish, huquqni qoʻllash amaliyotida normalarning toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida qonunlarning kirish qismida ularning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi muqaddimalarni bayon qilish amaliyoti joriy etildi.
Shuningdek Qonunchilik palatasi va uning Kengashi majlislarida qoʻmitalarning oʻtgan davrdagi faoliyati yuzasidan axborotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasi tomonidan 117 ta qonun loyihasini oʻz ichiga olgan 88 ta qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalariga oid 3 ta qaror qabul qilinib, maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.
Xususan, butun bir sohani tartibga soluvchi, aholi farovonligini yaxshilashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilindi. “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi, “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Saylovchilar tomonidan koʻtarilgan masalalar hamda fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, deputatlar tashabbusi bilan 13 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Keyingi yillarda parlamentga berilgan vakolatlar deputatlarning ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirishdagi, davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini belgilashdagi ishtirokini sezilarli darajada oshirdi.
Xususan, Davlat dasturi va Davlat budjetining ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotlari har chorakda atroflicha koʻrib chiqildi. Shuningdek Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan davlat budjetidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan manzilli dasturlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim, mudofaa, transport-yoʻl qurilish kabi muhim sohalarga ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi holati oʻrganilib, mutasaddilarning axboroti eshitib borildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi Qonunchilik palatasining majlisida ilk bor muhokama etildi.
Oʻtgan davrda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishi, inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi, aholini ijtimoiy himoya qilish, fuqarolar salomatligini mustahkamlash, taʼlim tizimini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Bular ijro etuvchi hokimiyat organlarining xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini yanada oshirishga, davlat dasturidagi vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, shuningdek deputatlarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Joylarda aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni, fuqarolarning murojaatlarida koʻrsatilgan muammolarni hal etish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar ustidan parlament nazorati taʼsirchanligi oshirildi.
Jumladan, Qonunchilik palatasi majlislarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan 20 marotaba axboroti eshitildi, 8 marotaba “hukumat soati” oʻtkazildi, 15 ta parlament soʻrovi va 310 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Masalan, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, qishloq xoʻjaligi vaziri birinchi oʻrinbosarining mazkur sohalardagi dolzarb masalalar yuzasidan axboroti eshitildi. Xalq taʼlimi vaziriga “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu jumladan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanini oʻqitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” parlament soʻrovi yuborildi. Oʻtkazilgan “hukumat soati” doirasida hukumatning 10 nafar aʼzosi deputatlarning savollariga javob berdi.
Deputatlarning har oyning oxirgi haftasida bevosita saylov okruglariga chiqib, saylovchilar bilan tizimli muloqotini kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga ustuvor maqsadlardan biri sifatida qaraldi.
Saylov okruglaridagi faoliyati davomida deputatlar jami 13 mingdan ziyod xonadonga kirib, 7 mingdan ortiq uchrashuv oʻtkazishdi. Yangi ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish va taʼlim tizimini yaxshilash borasidagi ishlar doimiy ravishda oʻrganib borildi.
Bundan tashqari deputatlar 2022-yil 28-oktabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining mazmuni va mohiyatini huquqni qoʻllovchilarga hamda jamoatchilik vakillariga tushuntirdi, shuningdek “Yashil makon” umummilliy loyihasi, “Dolzarb 40 kunlik” doirasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi yuzasidan taʼsirchan nazorat oʻrnatdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining murojaatlarida koʻtarilgan tizimli muammolarni deputatlar va soha vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzgan holda oʻrganib, hal etish amaliyoti kengaytirildi.
Qonunchilik palatasining xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari davom ettirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Estoniya Riygikogusi (parlamenti) va Qonunchilik palatasining Tailand Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo hamkorlik guruhlari tuzildi.
Parlamentlararo hamkorlik guruhlari bilan aloqalar yangicha asosda yoʻlga qoʻyildi. Xususan, Qonunchilik palatasining Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Majlisi bilan parlamentlararo hamkorlik kengashi va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi bilan parlamentlararo komissiya tashkil etildi.
Qonunchilik palatasida 58 ta chet el delegatsiyasi qabul qilindi. Shundan 18 tasi xorijiy davlatlar parlamentlari, 12 tasi mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari, 25 tasi xalqaro tashkilotlar hamda 3 tasi xorijiy davlatdagi tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiyalardir.
Quyi palata faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini mustahkam qaror toptirish borasida tizimli ishlar qilindi. Xususan, Qonunchilik palatasining majlislari YouTube videoxostingi orqali toʻgʻridan toʻgʻri yoritib borildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda Qonunchilik palatasining faoliyati tahlili bu borada oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti sifatidagi vakolatlaridan yetarli darajada foydalanmayapti. Shu nuqtai nazardan deputatlarning qonun tashabbuskorligini faollashtirish, ularga ilmiy-huquqiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish talab etilmoqda.
Qoʻmitalar huzuridagi ekspertlar guruhlari tarkibini kengaytirib, ularning ishini jonlantirish, ularni qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat-tahlil tadbirlariga kengroq jalb etish maqsadga muvofiqdir.
Parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijro etilish holati fraksiyalar va qoʻmitalar tomonidan tizimli ravishda nazoratga olinishiga, ularning ijrosi yuzasidan vazirlik va idoralarning hisobotlarini eshitishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar parlamentning ijro hokimiyati bilan doimiy ravishda hamkorlikda ishlashini taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz faoliyat yoʻnalishi doirasida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlash tizimi samaradorligini oshirishi zarur.
Bugungi kunda qator muhim masalalar, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, energiya samaradorligini oshirish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash borasidagi ishlar ustidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga jiddiy eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayrim qoʻmitalarning oʻz faoliyat yoʻnalishidagi vazirlik va idoralar bilan aloqalari lozim darajada tashkil etilmagan. Qoʻmitalar nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish davomida aniqlangan kamchiliklarni ijro hokimiyati organlari bilan birgalikda joyiga chiqib, aholining fikrini oʻrgangan holda hal qilish choralarini koʻrishi talab etilmoqda.
Quyi palata faoliyatining ochiq-oshkoraligini taʼminlash masalasiga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozim. Siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va komissiyalar majlislarini Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti orqali toʻgʻridan toʻgʻri yoritib borish muhim ahamiyatga egadir.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova* qilinadi).
*ilova berilmaydi.
2. Qonunchilik palatasining 2022-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va maʼruzalari, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturidan kelib chiqib, tashkil etilganligi qayd etib oʻtilsin.
3. Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning hamda saylovchilar koʻtarayotgan masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori boʻlganligi, axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashganligi, aholini keng koʻlamli islohotlarning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor etishda ularning roli oshganligi qayd etilsin.
4. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida fraksiyaning 2022-yilgi faoliyati yakunlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etish;
deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, buning uchun ularga ilmiy-huquqiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash;
qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, ular bilan qonun loyihalarini ishlab chiqish borasida birgalikda ishlash tizimini yanada takomillashtirish;
saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni va joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda parlament nazorati shakllaridan yanada samarali foydalanish;
bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masalalar, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, energiya samaradorligini oshirish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash borasidagi ishlar ustidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilgan masalalar yuzasidan fraksiyalarning qatʼiy nuqtai nazarini bayon etishga ustuvor ahamiyat qaratish;
parlament nazorati yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan deputat nazoratining taʼsirchanligini yanada oshirish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid masalalarni, saylovchilarning muammolarini birgalikda koʻrib chiqish borasida xalq deputatlari Kengashlari bilan hamkorlikni yanada jonlantirish;
tegishli vazirlik va idoralar bilan tizimli ravishda hamkorlikda ishlash amaliyotini kuchaytirish;
davlat va jamiyat hayotidagi mavjud kamchiliklarni ijro hokimiyati organlari bilan birgalikda joyiga chiqib, aholi fikrini oʻrgangan holda bartaraf qilish amaliyotiga eʼtiborni yanada kuchaytirish tavsiya etilsin.
5. Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida qoʻmitaning 2022-yilgi faoliyati yakunlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etish;
qoʻmitalar huzuridagi ekspertlar guruhlari tarkibini kengaytirish, ularning salohiyatidan unumli foydalanish, ekspertlarni qonun loyihalarini muhokama qilish hamda nazorat-tahlil tadbirlariga yanada kengroq jalb etish;
qonunlarning joylarda ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida oʻrganish borasidagi faollikni yanada kuchaytirish, shuningdek aniqlangan muammolarga joyiga chiqqan holda aholi fikrini oʻrganib, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yechim topish;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini tizimli ravishda monitoring qilish, shu jumladan bu borada koʻrilayotgan choralarning taʼsirchanligini oshirish;
qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan murojaatchilar tomonidan berilgan takliflarni qoʻmita majlislarida atroflicha muhokama qilish amaliyotidan samarali foydalanish;
tegishli vazirlik va idoralar bilan doimiy ravishda hamkorlikda ishlash, nazorat-tahlil tadbirlarini birgalikda oʻtkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish;
Qonunchilik palatasining 2023-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari loyihasi boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Parlament axborot markazi (O. Tojiyev) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni (K. Ernazarov) siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalar yigʻilishlarini Qonunchilik palatasi rasmiy veb-sayti orqali toʻgʻridan toʻgʻri yoritish ishlarini tashkil etish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-yanvar,
2849-IV-son
