Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
06.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1998-yil 31-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Shartnomaning qoidalariga asoslangan holda,
ikki xalq oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga intilib,
favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish sohasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlarining farovonligi va xavfsizligiga koʻmaklashishini eʼtirof etib,
tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning Tomonlar davlatlari uchun xavfini anglab,
favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish sohasidagi ilmiy-texnikaviy maʼlumot almashinuvining Tomonlar davlatlari uchun foydali ekanligini inobatga olib,
Tomonlardan birining kuch va vositalari bilan bartaraf etib boʻlmaydigan favqulodda vaziyatlar kelib chiqishi ehtimoli hamda ikkala davlatning ushbu bilan kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadidagi muvofiqlashtirilgan harakatlariga boʻlgan ehtiyojni eʼtiborga olib,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun samarali amaliy choralarni ishlab chiqish va qoʻllashda davlatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga ishonch hosil qilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi oʻrnini inobatga olib,
davlat suvereniteti va teng huquqlilik prinsiplarini hurmat qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
“soʻrovchi Tomon” — boshqa Tomonga yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qiladigan Tomon;
“taqdim etuvchi Tomon” — boshqa Tomonning yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlarini va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimosini qanoatlantiruvchi Tomon;
“favqulodda vaziyat” — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy yoʻqotishlarga va aholining hayot kechirish sharoitiga ziyon yetishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, texnogen va tabiiy xavfli hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida yuzaga kelgan muayyan hududdagi holat;
“favqulodda vaziyatning oldini olish” — oldindan Tomonlar tarafidan oʻtkaziladigan va favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfini imkon qadar kamaytirishga, shuningdek, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda, odamlarning hayotini asrab qolish va ularning sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga zararlar va moddiy talofatlarning hajmini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
“avariya-qutqaruv ishlari” — favqulodda vaziyatlar zonasidagi odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, aholiga tezkor tibbiy va ruhiy yordam koʻrsatish, moddiy va madaniy boyliklarni hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka va bartaraf etishga yoki ularga xos boʻlgan xavfli omillarni mumkin boʻlgan darajada taʼsirini kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
“favqulodda vaziyatni bartaraf etish” — vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga zararlar va moddiy talofatlarning hajmini kamaytirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonalarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka va ularga xos boʻlgan xavfli omillarning harakatini tugatishga qaratilgan avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar;
“favqulodda vaziyat zonasi” — favqulodda vaziyat yuzaga kelgan Tomon davlatining hududi;
“vakolatli organ” — mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish uchun har ikkala Tomondan tayinlanadigan davlat organi;
“yordam koʻrsatish guruhi” — yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan favqulodda vaziyatlar zonasida harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan yetarli darajada taʼminlangan, taqdim etuvchi Tomon mutaxassislarining (zarurat boʻlganda, xizmat itlari bilan) uyushgan guruhi;
“jihoz” — yordam koʻrsatish guruhining materiallari, texnika va transport vositalari, anjomi, shu jumladan, xizmat itlari, guruh aʼzolarining shaxsiy anjomi, dori vositalari va tibbiy jihoz;
“taʼminot materiallari” — favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan aholi oʻrtasida bepul taqsimlash uchun moʻljallangan moddiy vositalar.
2-modda Vakolatli organlar
Tomonlar mazkur Bitimni bajarish uchun quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Qozogʻiston tomonidan — Qozogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Tomonlar boshqa vakolatli organlar tayinlangan yoki mavjud vakolatli organlarning nomlari oʻzgargan taqdirda, bir-birlarini bu haqida diplomatik kanallar orqali xabardor etadilar.
3-modda Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitimga muvofiq barcha faoliyat Tomonlar davlatlarining qonunchiligi asosida amalga oshiriladi va har bir Tomonning zarur mablagʻlari mavjudligi inobatga olingan holda olib boriladi.
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagilarni nazarda tutadi:
xavfli texnogen va ekologik jarayonlar, tabiiy hodisalar monitoringini tashkil etish va oʻtkazish;
tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va oldindan aniqlash toʻgʻrisida muntazam maʼlumot almashinuvi;
aholini favqulodda vaziyatlardagi, shu jumladan, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlarga tayyorlashni tashkil etishda tajriba almashish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda tegishli davlat organlarining hamkorligini tashkil etish;
atrof tabiiy muhit va aholi uchun sanoat avariyalari, falokatlar va tabiiy ofatlar natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan ifloslanishlar bilan bogʻliq xavf-xatarni baholash;
tabiiy ofatlarni oldini olish va bartaraf etish;
ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy adabiyot va tadqiqot ishlari natijalari bilan almashish;
maʼlumotlar, davriy nashrlar, uslubiy va boshqa adabiyotlar, video va fotomateriallar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi texnologiyalar bilan almashish;
qoʻshma konferensiyalar, seminarlar, ishchi majlislar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni tashkil qilish;
qoʻshma nashrlar va maʼruzalarni tayyorlash;
boshqa Tomon davlati oʻquv muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, stajorlar, oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislar bilan almashish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda oʻzaro yordam koʻrsatish;
Tomon davlatining hududi orqali harakatlanadigan insonparvarlik yordam yuklarini uchinchi davlatdan yoki uchinchi davlatga oʻtkazib yuborishda koʻmak koʻrsatish;
transchegaraviy hududlarda yuzaga kelgan zilzila oqibatlarini oʻrganishda qoʻshma makroseysmik tadqiqotlarni tashkil qilish va oʻtkazish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida kelishiladigan boshqa faoliyat.
4-modda Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik
Tomonlar, zarur hollarda, Tomonlar davlatlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida faoliyat yuritadigan davlat tashkilotlari va muassasalari, yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
5-modda Tomonlar vakillarini qabul qilish shartlari
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, taqdim etuvchi Tomon favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan, mazkur Bitimning 3-moddasida belgilangan faoliyatda ishtirok etishda oʻz vakillarining belgilangan manzilgacha borib-kelish, yashash va ovqatlanish boʻyicha xarajatlarini qoplaydi.
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, qabul qiluvchi Tomon qoʻshma konferensiyalar, seminarlar, ishchi yigʻilishlar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni tashkil etish, shuningdek, oʻz davlati hududida taqdim etuvchi Tomon vakillarining harakatlanishi boʻyicha xarajatlarini qoplaydi.
6-modda Yordam koʻrsatish
Yordam koʻrsatish favqulodda vaziyat xususiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim qilingan, zarur boʻlgan yordam turlari, hajmi, joyi va muddati koʻrsatilgan soʻrovchi Tomonning yozma soʻrovnomasi asosida amalga oshiriladi.
Taqdim etuvchi Tomon qisqa muddatlarda soʻrovnomani koʻrib chiqadi hamda yordam koʻrsatishning imkoniyati, hajmi va shartlari yoki yordam berish imkoniyatining mavjud emasligi toʻgʻrisida soʻrovchi Tomonni xabardor etadi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga rahbarlik qilish soʻrovchi Tomonning vakolatli organi tomonidan ushbu guruhlar rahbarlari orqali amalga oshiriladi.
7-modda Yordam turlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish yordam koʻrsatish guruhlari, tegishli uskunalar, taʼminot materiallarini yuborish orqali yoki boshqa soʻralayotgan shaklda yordam koʻrsatiladi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida avariya-qutqaruv ishlarini bajaradilar.
Soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhlari rahbarlarini favqulodda vaziyat zonasida va aniq ish uchastkalarida yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha xabardor qiladi, zarur hollarda, ushbu guruhlarni tarjimonlar va aloqa vositalari, shuningdek, xavfsizlik va tez tibbiy yordam bilan taʼminlaydi, ularning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida 72 soat davomida mustaqil harakat qilishlari uchun yetarli darajada jihozlangan boʻlishi kerak.
Basharti Tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha ravishda boshqacha kelishilmagan boʻlsa, zaxira jihozlari tugaganda, soʻrovchi Tomon koʻrsatilgan guruhlarni ular keyingi ishini davom ettirishlari uchun zarur vositalar bilan taʼminlaydi.
8-modda Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlish tartibi
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlatining Davlat chegarasini xalqaro qatnov uchun ochiq boʻlgan oʻtish punktlari orqali Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibga koʻra shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar boʻyicha kesib oʻtadilar.
Guruh rahbari yordam koʻrsatish guruh aʼzolarining roʻyxati hamda taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan berilgan uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi lozim.
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlatining hududida boʻlgan vaqtlarida ushbu davlat qonunchiligiga rioya qilishlari lozim.
Bunda ular taqdim etuvchi Tomon davlatining mehnat, jinoyatchilik va maʼmuriy hamda ular bilan bogʻliq masalalar sohasidagi yurisdiksiyasi ostida boʻladilar.
Yordam koʻrsatish guruhi tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchiga nisbatan taqdim etuvchi Tomon davlatining harbiy xizmatchi maqomini tartibga soluvchi qonunchiligining mehnat huquqiy munosabatlari va ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarga oid sohasi qoʻllaniladi.
Yordam koʻrsatish guruhlarining harakatlanishi, ularning jihozlari va taʼminot materiallarini tashish avtomobil, temir yoʻl yoki havo transporti orqali amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish uchun qayd etilgan transport turlaridan foydalanish tartibi Tomonlar vakolatli organlari tarafidan tegishli davlat organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
9-modda Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihozlar va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun soʻrovchi Tomon davlatining hududiga olib kiriladigan va taqdim etuvchi Tomon davlat hududidan olib chiqiladigan jihoz va taʼminot materiallari bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi.
Jihozlar va taʼminot materiallarining bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan shaklda va yordam koʻrsatish guruhining tarkibi, olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan jihozlar va taʼminot materiallarining roʻyxati koʻrsatiladigan Tomon vakolatli organlari tarafidan beriladigan xabarnomalarga muvofiq ustuvor ravishda amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga soʻrovchi Tomon davlat hududiga faqatgina mazkur moddaning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan roʻyxatdagi jihoz va taʼminot materiallarini olib kirishga ruxsat beriladi.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan hollarda, soʻrovchi Tomon davlat hududiga zarur miqdorda tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari boʻlgan tibbiy preparatlar ushbu davlat bilan kelishgan holda hamda soʻrovchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq olib kirilishi mumkin.
Bunday holatda, yordam koʻrsatish guruhi rahbari taqdim qiluvchi va soʻrovchi Tomonlarning bojxona organlariga tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari mavjud boʻlgan tibbiy preparatlar mavjudligi haqida ularning nomenklatura va miqdori koʻrsatilgan deklaratsiyani taqdim etadi.
Tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari mavjud boʻlgan tibbiy preparatlardan faqatgina taqdim qiluvchi Tomonning malakali tibbiyot xodimi foydalanishga haqlidir.
Soʻrovchi Tomonning tegishli mansabdor shaxslari tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari mavjud boʻlgan ushbu tibbiy preparatlarning ishlatilishi va saqlanishini nazorat qilishga haqlidirlar.
Tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari mavjud boʻlgan foydalanilmagan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomon davlat hududidan ushbu preparatlarning nomenklaturasi va miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar asosida olib chiqilishi shart.
Tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari mavjud boʻlgan foydalanilgan tibbiy preparatlar boʻyicha soʻrovchi Tomonning bojxona organlariga yordam koʻrsatish guruhi rahbari va shifokori imzolagan hamda soʻrovchi Tomonning vakolatli organi vakili tasdiqlagan dalolatnoma taqdim etiladi.
Yordam koʻrsatish ishlari yakunlanganidan soʻng soʻrovchi Tomon davlat hududiga olib kirilgan jihoz (toʻliq foydalanilgan yoki yoʻq qilingan jihozdan tashqari) taqdim etuvchi Tomon davlat hududiga olib ketilishi lozim.
Basharti yuzaga kelgan ayrim vaziyatlar tufayli jihozlarni olib chiqib ketishning imkoniyati boʻlmasa, soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga kelishilgan shartlar asosida yordam sifatida begʻaraz berilishi mumkin.
Bunday holatda, beriladigan jihozning turlari, miqdori va joylashgan joyi koʻrsatilgan holda soʻrovchi Tomon vakolatli va bojxona organlari xabardor qilinishi lozim.
Jihozlarning yoʻq qilinganligi yoki toʻliq ishlatilganligi hamda jabrlangan aholi oʻrtasida taʼminot materiallarining taqsimlanganligi fakti hujjatlar bilan tasdiqlanishi shart.
10-modda Havo kemalaridan foydalanish
Taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi havo kemalarining turi va tanituvchi belgilari, yoʻnalishi, ekipaj aʼzolarining soni, yuk xususiyati, parvoz qilish, qoʻnish joyi va vaqtini koʻrsatgan holda yordam berish uchun havo kemalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarori toʻgʻrisida soʻrovchi Tomonning vakolatli organini xabardor qiladi.
Soʻrovchi Tomon oʻz davlati hududining maʼlum manziligacha uchib borishga ruxsat beradi.
Tez yordam koʻrsatish va bir davlat hududidan boshqa davlat hududidagi belgilangan punktga kuch va vositalarni vakolatli organ havo kemalari orqali tezkor tarzda yuborish maqsadida Tomonlarning vakolatli organlari Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq, havo kemalaridan foydalanish imkoniyati toʻgʻrisida qoʻshimcha yoʻriqnoma va ustuvor ravishda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda havo kemalarining davlat chegaralarini kesib oʻtish tartibini soddalashtirish masalalarida davlat organlari vakillarining (chegara, bojxona, fitosanitar, karantin xizmatlari) oʻzaro hamkorligi mexanizmini ishlab chiqadilar va kelishadilar.
Parvozlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va Tomonlar davlatlari tarafidan oʻrnatilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda Xarajatlarni qoplash
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplaydi.
Soʻrovchi Tomon oʻzining yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin.
Bunday holatda, taqdim etuvchi Tomon sarflangan xarajatlari uchun tovon olish huquqiga ega.
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, xarajatlar taqdim etuvchi Tomonning talabnomasi kelib tushgach, 30 ish kuni mobaynida qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolarining sugʻurta qilinishini taʼminlaydi.
Sugʻurtalashni rasmiylashtirish boʻyicha xarajatlar yordam koʻrsatish boʻyicha qilinadigan umumiy xarajatlarga kiritiladi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalarining uchib oʻtishi, qoʻnishi, aerodromda toʻxtab turishi va undan parvoz qilishi, shuningdek, aeronavigatsiya xizmatlari uchun toʻlovdan ozod qilinadi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalariga yonilgʻi va texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash masalalari har bir aniq holatda alohida hal etiladi.
Basharti har bir aniq holatda oʻzgacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida kelib chiqadigan xarajatlarni Tomonlar davlatlari qonunchiligida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda qoplaydilar.
12-modda Zararni qoplash
Soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzolari vafot etganda va jarohatlanda, shuningdek, ushbu Tomonning asbob-uskunasi yoki boshqa mulki yoʻq qilinganda yoki zarar yetkazilganda agar bunday zarar mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarish jarayonida yetkazilgan boʻlsa, taqdim etuvchi Tomonga tovon toʻlaydi.
Tovon miqdori har bir aniq holatda alohida kelishib olinadi.
Taqdim etuvchi Tomon, yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi tarafidan soʻrovchi Tomon davlat hududida yordam koʻrsatish bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlmagan faoliyat jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararni soʻrovchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq qoplaydi.
Taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi soʻrovchi Tomon hududida mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishi jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazsa, yetkazilgan zarar soʻrovchi Tomon tarafidan oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq qoplanishi lozim.
Taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi tomonidan qasddan yoki qoʻpol ravishda beparvolik tufayli yetkazilgan zarar taqdim etuvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
13-modda Maʼlumotlardan foydalanish
Mazkur Bitim doirasida olib borilayotgan faoliyat natijasida olingan maʼlumot, Tomonlar davlatlar qonunchiligiga muvofiq oshkor etilmaydigan maʼlumotdan tashqari, basharti Tomonlarning vakolatli organlari yozma shaklda oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, Tomonlardan har birining kundalik amaliyot va koʻrsatmalariga muvofiq eʼlon qilinadi va foydalaniladi.
14-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va (yoki) qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
15-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligiga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 16-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
16-modda Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarilganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning mazkur Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab, olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishmasalar, mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi davrida boshlangan va tugatilmagan u bilan bogʻliq olib borilayotgan faoliyatga daxl qilmaydi.
Nur-Sulton shahrida 2021-yil 6-dekabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega.
Mazkur Bitim matnlari oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
