Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (2803-IV-son)
26.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2022-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalariga oid qonun loyihalarini maromiga yetkazishga, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qoʻmita masʼulligida ushbu islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan 6 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, shundan 2 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hamda “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Qoʻmita tomonidan qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida 12-marta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan.
Qoʻmita tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, shuningdek davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish boʻyicha 11 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri oʻrinbosari N. Muslitdinovning “Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat bogʻchalar borasida tizimda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar va ularning samaradorligi toʻgʻrisida”gi axboroti eshitilib, mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilingan.
2022-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 748 ta murojaat Qoʻmita aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirib borishga qaratilgan jami 11 ta davra suhbati hamda 3 ta seminar tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 1 150 marotaba chiqish tashkil etilgan. Shundan bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar 202 tani tashkil etgan, televideniyeda 95 ta, radio kanallarida 64 ta, Internet jahon axborot tarmogʻida 198 ta hamda ijtimoiy tarmoqlarda 591 ta chiqish qilingan.
Shu bilan bir qatorda, hisobot yilida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili uning faoliyatida ayrim jihatlarga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatadi.
Xususan, jamiyatimizda taʼlim sifatini hamda oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirishga, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatidan kelib chiqqan holda, Qoʻmitaning mazkur sohalardagi qonun hujjatlarining joylardagi ijrosi taʼminlanishi ustidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini amalga oshirishga doir faoliyatini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan asoslantirilgan takliflar tayyorlash va ularni qonunlarda aks ettirish boʻyicha tashabbus bilan chiqish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish talab etiladi.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasiga:
fan, taʼlim sohalarini tubdan isloh qilish, madaniyatni rivojlantirish, shuningdek sportni ommalashtirish hamda targʻib etish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish;
jamiyatimizda taʼlim sifatini hamda oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirishga, oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatidan kelib chiqqan holda asoslantirilgan takliflar tayyorlash va ularni qonunlarda aks ettirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining ijro etilish holatining doimiy monitoringini yuritish va monitoring natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-dekabr,
2803-IV-son
