Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi haqida (2760-IV-son)
13.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarga chek qoʻyishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, korrupsiyaviy omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 80 dan ortiq, bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil qilindi. Davlat organlari hamda tashkilotlarida, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
“Korrupsiyadan xoli qonunchilik” prinsipi asosida qonunchilik hujjatlarini, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibi belgilandi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalar va tarmoqlarda (kapital qurilish, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari tizimlarida) “Korrupsiyasiz soha” va “Korrupsiyasiz hudud” kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.
2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran barcha davlat xaridlarini “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazish belgilandi.
Roʻyxatga olish, litsenziyalash va ruxsat berishga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish, maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida barcha hududlarda jami 201 ta davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 200 ga yaqin turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholi hamda tadbirkorlardan 450 dan ortiq qonunchilik hujjatida belgilangan 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni talab etish tartibi bekor qilinib, ushbu hujjatlarni vakolatli davlat organi tomonidan “Elektron hukumat” platformasi orqali olish tartibi joriy etildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.
“Transparency intemational” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda 2019-yildagiga nisbatan 7 pogʻonaga, 2021-yilda esa 6 pogʻonaga yuqorilab, indeks bahosida qatorasiga 5 yil davomida barqaror oʻsishga erishdi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bir qator ishlarni amalga oshirgan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan jami 24 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan, 156 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi koʻrib chiqilib, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha 300 dan ortiq taklif va tavsiyalar bildirilgan.
Hududlar va sohalarda davlat budjetidan maqsadli foydalanilishi, shu jumladan davlat xaridlarining amalga oshirilish holati yuzasidan 50 dan ortiq oʻrganish oʻtkazilgan.
Shu bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjud.
Xususan, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining, fuqarolik jamiyati institutlarining va nodavlat-notijorat tashkilotlarining imkoniyatlaridan koʻproq foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-sonli Farmoni bilan Agentlikning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, korrupsiyaning rivojlanish tamoyillarini tahlil qilish maqsadida qonunchilikka, shu jumladan jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq jinoyat ishlariga oid materiallarni oʻrganish vakolatlari belgilab berilgan boʻlsa-da, ularni amalga oshirishning huquqiy asoslari ishlab chiqilmagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturida Daromad va mol-mulk deklaratsiyalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirishning elektron axborot tizimini yaratish belgilangan boʻlib, biroq bugungi kunga qadar ushbu vazifa bajarilmagan.
Oʻzbekistonning Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
“Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning ijrosi taʼminlanmaganligi hollari mavjud. Xususan, 2021-yil uchun tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”dagi sogʻliqni saqlash, kapital qurilish, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalari boʻyicha belgilangan vazifalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmagan.
Agentlik tomonidan korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qilishga eʼtibor qaratilishi zarur.
Bundan tashqari budjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bilan bogʻliq materiallarni oʻrganish, shuningdek ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslari qarorlarining qonuniyligi yuzasidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 82-moddasiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 262-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Agentlikka:
jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida hududiy kengashlar faoliyatini jonlantirish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
Agentlikning maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish hamda qonunchilikka, shu jumladan jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq jinoyat ishlariga doir materiallarni oʻrganishni amalga oshirish vakolatlarining huquqiy mexanizmlarini yaratish maqsadida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish hamda baholashda ishtirok etadigan davlat organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi bilan yaqindan hamkorlik qilish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasiga oʻtkazilayotgan parlament nazorati tadbirlari hamda deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yakunlaridan kelib chiqqan holda, tegishli vazirlik va idoralarga korrupsiyaviy holatlarni bartaraf qilish boʻyicha takliflar kiritib borish tavsiya etilsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Z. Ibragimova zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-dekabr,
2760-IV-son
