Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (12-son)
12.01.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi qaroriga muvofiq, shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish jarayonida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini texnik vositalardan foydalangan holda tezkorlik bilan tekshirishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi qaroriga asosan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar (keyingi oʻrinlarda — giyohvandlik vositalari) hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibini joriy etish hamda ekspress tekshiradigan zamonaviy texnik vositalarni budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan xarid qilish boʻyicha vazifalar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish jarayonida giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini ekspress tekshirish uchun texnik vositalardan foydalanish tartibi;
giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini ekspress tekshirishda texnik vositalardan foydalaniladigan holatlar va mazkur vositalar orqali oʻtkazilgan tekshiruvlarni rasmiylashtirish tartibi;
giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini tekshirishda qoʻllaniladigan ekspress texnik vositalarni masʼul xodimga biriktirish va ushbu vositalarni saqlash tartibi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-iyuldan boshlab, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar:
giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo boʻlganda;
aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi boʻyicha savol tugʻilganda;
giyohvandlik vositalarining yangi turlari aniqlanganda;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo boʻlganda;
tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini taʼminlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning oʻzida yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ekspress tekshirish texnik vositalari yordamida tekshiradi.
4. Belgilansinki, giyohvandlik vositalari hamda valyuta namunalarini ekspress tekshiradigan zamonaviy texnik vositalar zaruratga koʻra, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan belgilangan tartibda xarid qilinadi.
5. Ichki ishlar vazirligi:
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa organlar bilan birgalikda ikki oy muddatda tezkor xodimlar uchun tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan oʻquv-seminarlar tashkil etsin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 12-yanvar,
12-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga ILOVA
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning tezkor boʻlinmalari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish jarayonida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish uchun texnik vositalardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
valyuta namunalari — muomaladagi milliy valyuta hamda chet davlatning muomalasida boʻlgan va qonuniy toʻlov vositasi hisoblangan, shuningdek, muomaladan chiqarilgan yoki chiqarilayotgan, lekin Oʻzbekiston Respublikasining pul belgisi bilan almashtirilishi lozim boʻlgan banknot tarzidagi chet el pul belgisi;
valyuta operatsiyalari — valyuta qimmatliklariga mulk huquqining birovga oʻtishi bilan bogʻliq operatsiyalar, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda chet el valyutasidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi pul birligidan toʻlov vositasi sifatida foydalanish bilan bogʻliq operatsiyalar; valyuta qimmatliklarini chet eldan Oʻzbekiston Respublikasiga keltirish va joʻnatish, ularni Oʻzbekiston Respublikasidan chetga olib chiqish va joʻnatish, xalqaro miqyosda pul oʻtkazish operatsiyalari;
giyohvandlik vositalari — giyohvandlik vositalari roʻyxatiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar, tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan preparatlar va oʻsimliklar;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning analoglari — kimyoviy tuzilishi va xossalariga koʻra giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga oʻxshash, ular singari ruhiyatga faol taʼsir etuvchi, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar;
kuchli taʼsir qiluvchi moddalar — kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida realizatsiya qilinishi qatʼiy tartibga solingan dori vositalari;
prekursorlar — prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalar;
psixotrop moddalar — psixotrop moddalar roʻyxatiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar;
ekspress tekshirish texnik vositasi — Oʻzbekiston Respublikasi davlat standarti roʻyxatidan oʻtgan va maxsus sertifikatga ega boʻlgan, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni (keyingi oʻrinlarda — giyohvandlik vositalari) tekshirishga moʻljallangan, shuningdek, valyuta operatsiyalari davomida muomalada boʻlgan valyuta namunalarining haqiqiyligini tekshirish texnik vositasi.
3. Quyidagi holatlarda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodim giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatni qayd etishda, shuningdek, valyuta operatsiyalari davomida muomalada boʻlgan valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning oʻzida yoki huquqni muhofaza qiluvchi tegishli organ binosida ekspress tekshirish texnik vositasi yordamida mazkur Nizomga ilovaga muvofiq tekshiradi:
aniqlangan modda (buyum)ning giyohvandlik vositalariga taalluqli ekanligiga shubha paydo boʻlganda;
aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi boʻyicha savol tugʻilganda;
giyohvand vositasining yangi turlari aniqlanganda;
tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo boʻlganida;
tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini taʼminlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida.
Noqonuniy muomalada boʻlganligi aniqlangan va rasmiylashtirib olingan giyohvandlik vositalari hamda valyuta namunalari boʻyicha qonunchilik hujjatlariga asosan ekspertiza tayinlanib, oʻtkazilishi shart.
4. Ekspress tekshirish ishlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida oʻtkazish zarur boʻlganda, tezkor xodim aniqlangan modda (buyum)ni yoki valyuta namunasini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiradi va mazkur modda yoki valyuta namunasini tayyorlash, olish, saqlash, oʻtkazish hamda shu kabi boshqa harakatlarni sodir etgan shaxsni (keyingi oʻrinlarda — aniqlangan shaxs) modda (buyum)ni yoki valyuta namunasini ekspress tekshiruvdan oʻtkazish maqsadida ushbu binoga olib boradi.
Aniqlangan shaxs muomalaga layoqatli boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxs boʻlgan taqdirda, tekshiruv yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili ishtirokida oʻtkaziladi.
2-bob. Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish jarayonida giyohvandlik vositalari hamda valyuta namunasini ekspress tekshirish uchun texnik vositalardan foydalanish tartibi
5. Olingan modda (buyum)ni yoki valyuta namunasini ekspress tekshirish texnik vositasi orqali tekshiruvdan oʻtkazishdan oldin tekshiruvni oʻtkazadigan xodim aniqlangan shaxsga (uning yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakiliga) ekspress tekshirish texnik vositasining ishlash tartibini tushuntiradi.
6. Olingan modda (buyum) yoki valyuta namunasi ekspress tekshirish texnik vositasi orqali kamida ikki nafar xolislar ishtirokida tekshiruvdan oʻtkazadi.
7. Tekshiruvni oʻtkazadigan xodim aniqlangan shaxs va xolislarga ish holatini hamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shart.
8. Tekshiruvni oʻtkazadigan tezkor xodim xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilishi lozim.
9. Ekspress tekshirish texnik vositasi doimiy ravishda soz va uning dasturiy-texnik taʼminoti ishchi holatda boʻlishi kerak.
Ekspress tekshirish texnik vositasida nosozliklar aniqlanganda, xodim bu haqda darhol bevosita boshligʻiga xabar beradi va protsessual harakatlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davom ettiradi.
10. Ekspress tekshirish texnik vositasi orqali aniqlangan modda (buyum) yoki valyuta namunasining tekshiruv natijasi xodim tomonidan barcha eshita oladigan shaklda aniqlangan shaxs va xolislarga eʼlon qilinadi hamda koʻrsatiladi.
11. Tekshiruv natijasi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi.
3-bob. Ekspress tekshirish texnik vositasini saqlash tartibi
12. Ekspress tekshirish texnik vositasi vakolatli rahbar tomonidan masʼul xodimga biriktiriladi.
13. Masʼul xodim ekspress tekshirish texnik vositasidan ehtiyotkorlik bilan foydalanishi hamda uni begona shaxslarga foydalanish uchun bermasligi lozim.
14. Ekspress tekshirish texnik vositasi masʼul xodim tomonidan boshqa tezkor xodimga faqat vakolatli rahbarning ruxsati bilan tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanish uchun berilishi mumkin.
Ekspress tekshirish texnik vositasi masʼul xodim tomonidan boshqa tezkor xodimga soz holatda topshiriladi hamda tadbir yakunida ushbu texnik vosita soz holatda qaytariladi.
15. Ekspress tekshirish texnik vositasidan foydalangan holda giyohvandlik vositalari hamda valyuta namunasini tekshirish holatlari masʼul xodim tomonidan qayd etib boriladi, shuningdek, ekspress tekshirish texnik vositasidan foydalanilgan har bir yuqoridagi holatning foto va videotasvirlari hisobotining yuritilishini taʼminlash maqsadida ular alohida yigʻmajild koʻrinishida ikki yil davomida saqlanadi.
16. Ekspress tekshirish texnik vositasi xodimning masʼuliyatsizligi oqibatida yoʻqolgan, uchinchi shaxslarga berilgan, qasddan nobud qilingan va unga oʻrnatilgan dastur hamda aksessuarlar qasddan yaroqsiz holga keltirilgan taqdirda, yetkazilgan zarar ekspress tekshirish texnik vositasi biriktirilgan masʼul xodim hisobidan toʻliq qoplanadi. Agar ushbu holatlar ekspress tekshirish texnik vositasini tezkor tadbirlarda foydalanish uchun olgan xodimning harakati yoki harakatsizligi natijasida kelib chiqqan boʻlsa, keltirilgan zarar mazkur xodim hisobidan toʻliq qoplandi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Ekspress tekshiruvni oʻtkazish jarayonida fuqarolar hayotini, sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda qonuniy manfaatlarini xavf ostiga qoʻyadigan, shuningdek, inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilishi taqiqlanadi.
18. Mazkur Nizom ijrosini taʼminlashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi boʻyicha
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodim 1. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini tayyorlash, olish, saqlash, oʻtkazish hamda shu kabi boshqa harakatlarni sodir etgan shaxsni (keyingi oʻrinlarda — aniqlangan shaxs) aniqlaydi. 2. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini belgilangan tartibda rasmiylashtiradi va aniqlangan shaxsni mazkur moddalar ekspress tekshirish texnik vositasi orqali tekshirilishi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida 2-bosqich Aniqlangan shaxs Aniqlangan giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodimga taqdim etadi. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasi aniqlangandan soʻng 3-bosqich Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodim Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasi aniqlangan joyning oʻzida ekspress tekshirish texnik vositasi yordamida tekshiruv oʻtkazish yoki huquqni muhofaza qiluvchi tegishli organ binosida ekspress tekshirish texnik vositasi yordamida tekshiruvni oʻtkazish uchun aniqlangan shaxsni va giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini olib borish choralarini koʻradi. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasi aniqlangandan soʻng 4-bosqich Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodim 1. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini tekshiruvdan oʻtkazishda xolislar ishtirokini taʼminlaydi. 2. Aniqlangan shaxs va xolislarga ish holatini hamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarini tushuntiradi. 3. Giyohvandlik vositalari yoki valyuta namunasini ekspress tekshirish texnik vositasi yordamida tekshiruvdan oʻtkazadi. Ekspress tekshirish texnik vositasini qoʻllashdan avval 5-bosqich Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazadigan tezkor xodim 1. Tekshiruv natijasi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi va toʻplangan hujjatlarni qonuniy chora koʻrish uchun tegishli davlat organiga yuboradi. Ekspress tekshirish texnik vositasi qoʻllangandan soʻng
