Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida naqd milliy va chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish, saqlash hamda qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3410-son)
30.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3410]
Oʻzbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Markaziy banki qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida naqd milliy va chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish, saqlash hamda qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-noyabr,
63-qq-son
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-noyabr,
362-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022-yil 22-noyabrdagi 63-qq-son va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 11-noyabrdagi 362-V-son qaroriga ILOVA
Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida naqd milliy va chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish, saqlash hamda qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun naqd milliy va chet el valyutasini (bundan buyon matnda naqd pullar deb yuritiladi) olish, ulardan foydalanish, saqlash va qaytarish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus vakolat berilgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar;
naqd pullar — banknot koʻrinishidagi milliy hamda chet el valyutasidagi pullar.
2. Ichki ishlar organlariga ularning banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun naqd pullar banklar tomonidan mazkur hisobvaraqlarda mavjud mablagʻlar doirasida beriladi.
2-bob. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari uchun banklardan naqd pullarni olish tartibi
3. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan ularning hisobvaraqlari ochilgan bankka belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naqd pul cheki (bundan buyon matnda naqd pul cheki deb yuritiladi) taqdim etiladi.
4. Naqd pullarni bank kassasidan olish uchun moliya-iqtisod boʻlinmalarining masʼul xodimi tomonidan xizmat guvohnomasi koʻrsatilgan holda naqd pul cheki bilan birgalikda masʼul xodimning pul mablagʻlarini olish vakolatini tasdiqlovchi hujjatning asliga toʻgʻriligi tasdiqlangan nusxasi bankka taqdim etiladi.
Naqd pullar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlarida mavjud mablagʻlar doirasida naqd pul chekida qayd etilgan summa miqdorida beriladi.
5. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari uchun bankdan olinadigan yoki bankka qaytarib topshiriladigan naqd pullar boʻyicha mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq ikki nusxada dalolatnoma tuziladi.
Bunda, chet el valyutasidagi banknotlar boʻyicha dalolatnomaga chet el valyutasidagi banknotlarning nominal qiymati, seriyasi va raqamlari toʻliq koʻrsatiladigan roʻyxat ilova qilinadi.
6. Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlarida chet el valyutasidagi mablagʻlari mavjud boʻlmaganda, ichki ishlar organlari hamda banklar oʻrtasida ixtiyoriy asosda tuziladigan shartnomaga muvofiq banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun naqd chet el valyutasida mablagʻlar berilishi mumkin.
Bunda, banklar tomonidan ixtiyoriy ravishda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish uchun ajratilgan chet el valyutasidagi mablagʻlardan foydalanish va ularni qaytarish tartibi ushbu shartnomada belgilanadi.
3-bob. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun olingan naqd pullarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi
7. Olingan naqd pullar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining moliya-iqtisod boʻlinmalarida alohida seyflarda saqlanadi.
8. Naqd pullarni saqlash, foydalanishga topshirish, maqsadli ishlatish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari yakunida ularni qabul qilib olish hamda mazkur naqd pullarni bankka toʻliq va oʻz vaqtida qaytarib topshirishga tezkor-qidiruv xizmatining boshliqlari va ichki ishlar organlari rahbarlari javobgardirlar.
9. Olingan naqd pullarni saqlash boʻyicha ichki ishlar organlari rahbari tomonidan belgilangan tartibda tegishli ichki hujjat qabul qilinadi.
10. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanish uchun naqd pullar tezkor-qidiruv xizmati boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan imzolangan soʻrovda koʻrsatilgan tezkor-qidiruv xizmatining masʼul xodimiga tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda taqdim etiladi.
11. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanish uchun qabul qilingan naqd pullarni ishlatish, ularni but va yaroqli holda saqlash hamda qaytarishga naqd pullarni qabul qilib olgan, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida ishtirok etuvchi masʼul xodim javobgardir.
12. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanilgan naqd pullar sud hukmi (ajrim) qonuniy kuchga kirgunga qadar ashyoviy dalil sifatida tezkor-qidiruv xizmatida alohida, yaʼni mazkur tadbirda foydalanilmagan boshqa naqd pullardan ajratilgan holda saqlanishi lozim.
4-bob. Naqd pullarni banklarga qaytarish tartibi
13. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari uchun olingan naqd pullar ichki ishlar organlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari yakunlanganidan soʻng banklarga qaytariladi.
Bunda, naqd pullar kriminalistik ishlovdan tozalangan holda bank kassasiga topshiriladi.
14. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanilgan naqd pullar jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilganda, mazkur pullarni bankka qaytarish masalasi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi (ajrimi) yoxud surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ishni tugatish toʻgʻrisidagi qarorlariga asosan hal etiladi.
Bunda, naqd pullar yuqorida qayd etilgan qarorlar qonuniy kuchga kirgan hamda ichki ishlar organlarining moliya-iqtisod boʻlinmalariga taqdim etilgan vaqtdan boshlab besh ish kuni ichida bank kassasiga qaytarib topshirilishi shart.
15. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida bank kassasidan olingan naqd pullar muayyan sabablarga koʻra toʻlovga yaroqsiz holga keltirilgan yoki yoʻqotilgan taqdirda, ushbu naqd pullarni aybdor shaxslardan qonunda belgilangan tartibda undirish masalasini qonuniy hal etish uchun tezkor-qidiruv xizmatining boshliqlari va ichki ishlar organlari rahbarlari masʼul hisoblanadi.
16. Ichki ishlar organlari moliya-iqtisod boʻlinmalarining masʼul xodimi tomonidan naqd pullar bank kassasiga qaytarib topshirilganda, mazkur pullar olingan vaqtda rasmiylashtirilgan dalolatnoma asosida bankning masʼul shaxslari ishtirokida qabul qilinadi hamda qabul qilib olingan naqd pullar toʻliq qaytarilganligi haqida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq ikki nusxada dalolatnoma tuziladi.
Bunda, chet el valyutasidagi banknotlar boʻyicha dalolatnomaga chet el valyutasidagi banknotlarning nominal qiymati, seriyasi va raqamlari toʻliq koʻrsatiladigan roʻyxat ilova qilinadi.
Dalolatnomaning birinchi nusxasi bankda saqlanadi hamda kirim kassa orderi bilan birga kirim kassa hujjatlariga tikiladi. Kirim kassa orderining va tuzilgan dalolatnomaning ikkinchi nusxasi ichki ishlar organlariga beriladi.
17. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida bankdan naqd pullarni olish va qaytarib topshirish mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq yuritiladigan jurnalda qayd etib boriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida naqd milliy va chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish, saqlash hamda qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlari uchun bankdan olinadigan yoki bankka qaytarib topshiriladigan naqd pullar boʻyicha
DALOLATNOMA
“Tasdiqlayman”Ichki ishlar organ rahbari (tezkor-qidiruv xizmati rahbari)Imzo, muhr“Tasdiqlayman”Bank filiali rahbariImzo, muhrUshbu dalolatnoma tuzildi shu haqdakim, __________________________________________danuyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida _______________________________ miqdorda naqd milliy/chet el valyutalari olindi/qaytarib topshirildi.Olingan/qaytarilgan chet el valyutasidagi banknotlar nominal qiymati, seriyasi va raqamlari dalolatnomaga ilova qilinadi.Naqd milliy/chet el valyutalarining haqqoniyligi bank mutaxassislari ishtirokida tekshirildi va tasdiqlandi.Naqd milliy/chet el valyutalarini topshirishda/qabul qilishda quyidagi shaxslar ishtirok etdi.Bank xodimlari:(F.I.O.)______________(F.I.O.)______________(F.I.O.)______________Ichki ishlar organ xodimlari:(F.I.O.)______________(F.I.O.)______________(F.I.O.)______________
Ichki ishlar organlarining banklardagi hisobvaraqlaridan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida naqd milliy va chet el valyutasini olish, ulardan foydalanish, saqlash hamda qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish maqsadida bankdan naqd pullarni olish va qaytarib topshirish
JURNALI
T/rIchki ishlar nomi va joyiUyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish haqidagi qarorning sanasi, raqami hamda uni tasdiqlagan rahbarNaqd pullarni qabul qilib olgan xodimning lavozimi, maxsus unvoni, xizmat guvohnomasi va shaxsiy jeton raqamiBank kassasidan olinayotgan pullarningUyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlaridan soʻng qaytarib topshirilgan naqd pullar summasi (raqam va soʻz bilan)Naqd pullarni qaytarib topshirgan ichki ishlar organi nomi va joyiUyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tezkor-qidiruv tadbirlaridan soʻng naqd pullarni qabul qilgan bank masʼul xodimi/rahbariUmumiy summasi (raqami va soʻz bilan)Sana, vaqti va masʼul xodimning imzosi12345678
