“4701-modda. Qatʼiy belgilangan summadagi soliq stavkasi boʻyicha soliq toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari
Soliq va budjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-812-son) · Sana: 30.12.2022 · Amalda
Soliq toʻlovchilar qatʼiy belgilangan summada soliq toʻlashga oʻtish toʻgʻrisida oʻzi soliq hisobida turgan joydagi soliq organini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda keyingi oy boshlanguniga qadar oʻn kundan kechiktirmay xabardor qiladi.
Yangi tashkil etilgan soliq toʻlovchilar davlat roʻyxatidan oʻtish chogʻida qatʼiy belgilangan summada soliq toʻlashni tanlashga haqli.
Qatʼiy belgilangan summada soliq toʻlashga soliq davri mobaynida oʻtilgan taqdirda, soliq miqdori qatʼiy belgilangan summani oʻn ikkiga boʻlish va olingan natijani joriy soliq davrining yakuniga qadar qolgan oylar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
Agar soliq davri davomida qatʼiy belgilangan summadagi soliq toʻlovchining jami daromadi besh yuz million soʻmdan oshsa, u holda qatʼiy belgilangan summadagi soliq summasi bunday oshish roʻy bergan oydan boshlab joriy soliq davrining oxiriga qadar jami daromadi besh yuz million soʻmdan ortiq boʻlgan soliq toʻlovchilar uchun belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda qayta hisoblab chiqiladi.
Soliq davri davomida qatʼiy belgilangan summada soliq toʻlashdan qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini toʻlashga oʻtishda qatʼiy belgilangan summadagi soliq summasi ushbu soliqlarni toʻlashga oʻtish amalga oshirilgan oxirgi kalendar oy hisobga olingan holda toʻlanadi.
Soliq toʻlovchilar navbatdagi soliq davridan boshlab qatʼiy belgilangan summada soliq toʻlashni rad etishga va oʻzi soliq hisobida turgan joydagi soliq organlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda, navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar oʻn kundan kechiktirmay xabardor qilgan holda, soliqni ushbu Kodeks 467-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlashga oʻtishga haqli.
Qatʼiy belgilangan summadagi soliqning soliq toʻlovchisidan dividendlar tarzida olinadigan daromadlarga soliq solinmaydi.
Qatʼiy belgilangan summadagi soliqning soliq toʻlovchisi mazkur soliq boʻyicha va dividendlar tarzidagi daromadlarga taalluqli qism boʻyicha soliq hisobotlarini taqdim etish majburiyatidan ozod qilinadi.
