Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3409-son)
30.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3409]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 28-dekabr,
68-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 28-dekabrdagi 68-son buyrugʻiga ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimida) (bundan buyon matnda maxsus rejim deb yuritiladi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, tajriba-sinov loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish, maxsus rejim ishtirokchilarini maqomidan mahrum qilish hamda maxsus rejim ishtirokchilarining reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus rejim — kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalarni joriy etayotgan yuridik shaxslar uchun alohida tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, tajriba-sinov loyihalarini sinovdan oʻtkazish va amaliyotga joriy etishda yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarda yengillik yaratish jarayoni;
tajriba-sinov loyihasi — kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi yangi texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish va tajriba tariqasida amalga oshirish uchun loyiha;
maxsus rejim ishtirokchisi — maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan va tajriba-sinov loyihalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
maxsus rejim ishtirokchilarining reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) — roʻyxatdan oʻtkazilgan maxsus rejim ishtirokchilari va ular tomonidan amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihalari haqidagi maʼlumotlar aks ettiriladigan, hamma foydalanishi uchun ochiq boʻlgan axborot resursi;
arizachi — maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza bilan murojaat qilgan yuridik shaxs;
mijozlar — tajriba-sinov loyihalari doirasida maxsus rejim ishtirokchisi bilan shartnomaviy munosabatlarni oʻrnatayotgan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar;
oxirgi benefitsiar mulkdor — arizachini bevosita yoki bilvosita taʼsis etuvchi yoxud uning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs.
2. Maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Agentlikning maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish va tajriba-sinov loyihalarini monitoring qilish boʻyicha vazifalari uning ishchi organi — Agentlikning Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimi (“Tartibga solish qumdoni”) shuʼbasi (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Ishchi organ:
arizachining maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizalarini qabul qiladi, roʻyxatdan oʻtkazadi va koʻrib chiqadi;
taklif etilayotgan tajriba-sinov loyihalari boʻyicha taqdim etilgan arizalar, hujjatlar va maʼlumotlarni Agentlikning boshqa tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda oʻrganadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishda istisno qilinayotgan qonunosti hujjatlarining tegishli normalari roʻyxatini shakllantiradi;
maxsus rejim ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalari doirasida tuziladigan xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar (ofertalar, bitimlar)ning maksimal qiymati va mijozlarning cheklangan sonini kelishib beradi;
arizachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqidagi xulosani Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi va koʻrib chiqadi;
reyestrni yuritadi;
maxsus rejim ishtirokchilarini tashkiliy-huquqiy va konsultativ jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishini monitoring qiladi, samaradorligini baholaydi hamda ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish boʻyicha takliflarni Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish doirasida maxsus rejim ishtirokchilariga berilgan imtiyoz va preferensiyalar hisobini olib boradi;
maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihalarini tugatish haqidagi takliflarni Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi.
5. Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi.
2-bob. Maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish talablari va shartlari
6. Maxsus rejim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida:
kripto-aktivlarni toʻlov vositasi sifatida qabul qilinishi yoki foydalanilishi;
anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalar, anonim kripto-aktivlar mayningi hamda yashirin mayningni amalga oshirilishi taqiqlanadi.
7. Quyidagilar maxsus rejim ishtirokchilarining oxirgi benefitsiar mulkdorlari va rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) boʻlishi mumkin emas:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
benefitsiar mulkdorlari, boshqaruv organlari aʼzolari imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazishda axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlat va hududning rezidenti boʻlgan, shunday davlat va hududda yashaydigan yoki roʻyxatdan oʻtgan shaxslar.
8. Maxsus rejim doirasida tajribadan oʻtkaziladigan va foydalaniladigan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalar (mahsulotlar, xizmatlar) Oʻzbekiston Respublikasida noyob boʻlishi yoki kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalardan foydalanishda innovatsion yondashuv qoʻllanilishi lozim.
9. Maxsus rejim ishtirokchilari tajriba-sinov loyihalarini kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olmasdan amalga oshiradilar.
10. Tajriba-sinov loyihalarini maxsus rejim doirasida amalga oshirish muddati uch yildan oshmasligi lozim.
Belgilangan muddat oʻtgach Agentlik tajriba-sinov loyihalarini maxsus rejim doirasidan chiqarish maqsadida amaldagi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida (tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish natijalari ijobiy baholangan taqdirda) tegishli munosabatlarni tartibga solish uchun tegishli normalarni tarqatish yoxud tegishli asoslarni koʻrsatgan holda tajriba-sinov loyihasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
3-bob. Arizani taqdim etish va koʻrib chiqish
11. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun arizachi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza hamda quyidagi maʼlumotlar va hujjatlarni Agentlikka taqdim etadi:
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi anketa;
tajriba-sinov loyihasi doirasida xizmat koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnomalar (ofertalar, bitimlar) qiymati va mijozlarning soni;
tajriba-sinov loyihasi doirasida erishilishi rejalashtirilgan aniq maqsadli koʻrsatkichlar nazarda tutiladigan biznes-reja;
yuridik shaxs (arizachi)ning nizomi va boshqa taʼsis hujjatlari;
arizachining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) hamda taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 7-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma;
arizachining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) hamda taʼsischilari haqidagi mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorgacha koʻrsatiladi.
Arizachi tomonidan tajriba-sinov loyihasida ishtirok etishga mijozlarning yozma roziliklari Agentlikka taqdim etilishi mumkin.
Arizachining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) hamda oxirgi benefitsiar mulkdorlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlganda, Agentlik mazkur Nizomning 7-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarni mustaqil tarzda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshiradi.
12. Mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan hujjatlar arizachining rahbari tomonidan tasdiqlanishi (imzolanishi) kerak.
Elektron shaklda taqdim etilayotgan maʼlumotlar yuqori sifatda va “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarda boʻlishi lozim.
13. Arizachi tomonidan taqdim etiladigan biznes rejada maxsus rejim doirasida tajribadan oʻtkaziladigan va foydalaniladigan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalar (mahsulotlar, xizmatlar) Oʻzbekiston Respublikasida noyob hisoblanishi yoki kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalardan foydalanishda innovatsion yondashuv qoʻllanilishi koʻrsatilishi lozim.
14. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab yigirma ish kuni ichida arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Ariza va taqdim etilgan hujjatlarni tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda qoʻshimcha ravishda tekshirish talab qilingan taqdirda, ishchi organning taklifiga koʻra arizani koʻrib chiqish muddati Agentlik rahbari (oʻrinbosari) tomonidan oʻn ish kuniga uzaytirilishi mumkin. Bu haqda arizachi shu kunning oʻzida xabardor qilinadi.
15. Ishchi organ ariza va taqdim etilgan hujjatlarni oʻn besh ish kuni, qoʻshimcha oʻrganish talab etilganda yigirma besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosani Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga taqdim etadi.
16. Ishchi organ arizani koʻrib chiqish jarayonida tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini istisno qilish talab etilishi yoki talab etilmasligini aniqlaydi.
Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini istisno qilish talab qilinganda, ishchi organ tegishli vakolatli organlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadi hamda xulosada tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda istisno qilinadigan qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini koʻrsatadi.
17. Ishchi organ tomonidan xulosa kiritilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida Agentlik rahbari (oʻrinbosari) tomonidan arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
18. Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi holatlarda rad etiladi:
arizachi mazkur Nizomning 6 — 8-bandlarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
arizachi maxsus rejim ishtirokchisi tomonidan tajribadan oʻtkazilayotgan va foydalanilayotgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalar (mahsulotlar, xizmatlar)ni taklif etganda;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
19. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, bu haqda arizachiga ishchi organ tomonidan rad etish asoslari koʻrsatilgan holda bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.
20. Arizachi rad etish asoslarini bartaraf etgan holda xabarnomani olgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida takroran ariza berishi mumkin.
Takroran berilgan ariza boʻyicha oʻn ish kuni ichida arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng takroran taqdim etilgan arizalar ushbu Nizomda belgilangan tartibda umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
21. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ishchi organ bir ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi va arizachiga xabarnoma yuboradi.
Bunda, roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda maxsus rejim doirasida tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qoʻyiladigan talablar va shartlar belgilanadi.
Ishchi organ roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida arizachini mazkur qaror bilan yozma ravishda tanishtiradi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya qilinmagan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.
4-bob. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish, reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
22. Maxsus rejim ishtirokchisiga tajriba sinov-loyihasini amalga oshirish uchun dastlabki oʻn ikki oy muddat beriladi.
23. Maxsus rejim ishtirokchisi tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish istagi boʻlgan taqdirda, bu haqidagi ariza bilan mazkur muddat tugashidan oʻttiz kun oldin Agentlikka murojaat qiladi.
24. Ishchi organ arizani, u kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqadi va tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosani Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi.
Ishchi organ tomonidan xulosa kiritilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida Agentlik rahbari (oʻrinbosari) tomonidan tajriba-sinov loyihasining amalga oshirish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda bu haqda maxsus rejim ishtirokchisiga bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.
25. Agentlik quyidagi holatlarda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirishni rad etishi mumkin:
tajriba-sinov loyihasini amaliyotga joriy etish uchun qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida qaror qabul qilish uchun yetarli maʼlumotlar olinganda;
biznes-rejaning aniq maqsadli koʻrsatkichlariga erishilmaganda.
Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi oʻn kalendar kun ichida loyihani amalga oshirishni tugatishi lozim.
26. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, uning muddati oʻn ikki oyga uzaytiriladi. Bunda, tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddati mazkur Nizomning 10-bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddatdan oshmasligi lozim.
27. Maxsus rejim ishtirokchisi oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi yoxud uning huquqiy vorisi qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin besh ish kuni ichida Agentlikka reyestrga oʻzgartirishni kiritish uchun tegishli oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berishi shart.
Agentlik arizani qabul qilgandan soʻng ikki ish kuni ichida reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
5-bob. Tajriba-sinov loyihalarini monitoring qilish va maxsus rejim ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish
28. Ishchi organ maxsus rejim ishtirokchilari tomonidan tajriba-sinov loyihalarining amalga oshirilishi hamda maxsus rejim talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshiradi.
29. Maxsus rejim ishtirokchilari har oyda oʻz faoliyati hamda ularga berilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanilishi boʻyicha Agentlik tomonidan tasdiqlangan shakldagi hisobotlarni keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar Agentlikka taqdim etadi.
30. Maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va tajriba-sinov loyihasini tugatish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun belgilangan muddatning tugashi;
maxsus rejim ishtirokchisining maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasi;
maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar va (yoki) tajriba-sinov loyihalari boʻyicha berilgan hisobotlarda yolgʻon maʼlumotlar berilganligi;
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlarining buzilishi;
tajriba-sinov loyihalari boʻyicha hisobotlar mazkur Nizomning 29-bandida belgilangan muddatda taqdim etilmaganligi;
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda uchinchi shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi;
sud qaroriga asosan maxsus rejim ishtirokchisi toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼtirof etilishi;
maxsus rejim ishtirokchisi (rahbariyati va xodimlari) tomonidan tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi natijasida huquqbuzarlik (jinoyat) sodir etilganligi.
31. Mazkur Nizomning 30-bandida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida Agentlik tomonidan maxsus rejim ishtirokchisini maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish hamda amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
32. Ishchi organ maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi hamda bu haqda tegishli yuridik shaxsni xabardor qiladi.
6-bob. Maxsus rejim ishtirokchilarining reyestrini yuritish
33. Reyestr ishchi organ tomonidan yuritiladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
maxsus rejim ishtirokchisining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan eri (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), telefon raqami;
maxsus rejim ishtirokchisining roʻyxatdan oʻtkazish raqami va sanasi;
maxsus rejim ishtirokchisini maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish asoslari va sanasi;
tajriba-sinov loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ularni amalga oshirish muddati;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddatini uzaytirish, reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish asoslari va sanasi.
34. Reyestrda mavjud boʻlgan maʼlumotlar Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
35. Maxsus rejim ishtirokchisi maxsus rejim doirasida Agentlik tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
36. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, maxsus rejimning amal qilish muddatini uzaytirish hamda maxsus rejim ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Tadbirlar Ijro muddati 1-bosqich Arizachi 1. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) (keyingi oʻrinlarda — maxsus rejim) ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza va hujjatlarni tayyorlaydi. 2. Ariza va tegishli hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etadi. Oʻz xohishiga koʻra 2-bosqich Agentlik Ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 20 ish kuni, uzaytirilgan taqdirda 30 ish kuni Agentlik 1. Ishchi organ ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi. 15 ish kuni, uzaytirilgan taqdirda 25 ish kuni 2. Ishchi organ xulosasi asosida maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 5 ish kuni 3-bosqich Ishchi organ Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, bu haqda arizachiga rad etish asoslarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi. 1 ish kuni 4-bosqich Arizachi Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish asoslarini bartaraf etgan holda takroran ariza beradi. 30 kun Agentlik 1. Takroran berilgan ariza boʻyicha arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. 10 ish kuni 2. Mazkur muddat oʻtganidan soʻng takroran taqdim etilgan arizalarni ushbu Nizomda belgilangan tartibda umumiy asoslarda koʻrib chiqadi. belgilangan muddatda 5-bosqich Ishchi organ 1. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bir ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi va arizachiga xabarnoma yuboradi. 1 ish kuni 2. Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror bilan yozma ravishda tanishtiradi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya qilinmagan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinishi toʻgʻrisida ogohlantiradi. 3 ish kuni 6-bosqich Maxsus rejim ishtirokchisi 1. Maxsus rejim talablari va shartlariga rioya qilgan holda tajriba sinov-loyihasini amalga oshiradi. 12 oy 2. Tajriba-sinov loyihasining amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan Agentlikka murojaat qiladi. muddat tugashidan oʻttiz kun oldin 7-bosqich Agentlik 1. Ishchi organ ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosani Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi. 10 ish kuni 2. Ishchi organ xulosasi asosida tajriba-sinov loyihasining amalga oshirish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 5 ish kuni 3. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maxsus rejim ishtirokchisiga bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi. 1 ish kuni 8-bosqich Maxsus rejim ishtirokchisi 1. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, loyihani amalga oshirishni davom ettiradi. 12 oy 2. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi loyihani amalga oshirishni tugatadi. 10 kun 9-bosqich Maxsus rejim ishtirokchisi Oʻzgartirilgan, nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, Agentlikka koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi. 5 ish kuni Agentlik Arizani qabul qilgandan soʻng reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi. 2 ish kuni 10-bosqich Agentlik Mazkur Nizomda koʻrsatilgan holatlar aniqlangan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisini maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish hamda amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. 3 ish kuni Ishchi organ Maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror asosida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi hamda bu haqda tegishli yuridik shaxsni xabardor qiladi. 1 ish kuni
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchisi sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun arizachining
ANKETASI
1-bob. Yuridik shaxs (arizachi) va tajriba-sinov loyihasi haqidagi maʼlumotlar
1. Yuridik shaxs haqidagi maʼlumotlar:
2. Maxsus rejim doirasida tajribadan oʻtkazilishi yoki foydalanilishi rejalashtirilayotgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiya (mahsulot, xizmat) yoki kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalardan foydalanishda qoʻllaniladigan innovatsion yondashuv haqidagi maʼlumotlar:
3. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qoʻllanishi lozim boʻlgan imtiyoz va preferensiyalar haqidagi maʼlumot:
4. Tajriba-sinov loyihasining konsepsiyasi va shakli haqidagi maʼlumotlar:
4.1. Tajriba-sinov loyihasi boʻyicha kripto-aktivlar aylanmasi sohasida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan eksperimentlar, shu jumladan operatsiyalar turlari va ularni amalga oshirish shakllari. 4.2. 4.1-bandda koʻrsatilgan har bir eksperimentni amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish koʻrsatkichlari. 4.3. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish qoʻllaniladigan cheklovlar: amalga oshirish muddati (loyihaning boshlanish va tugatish sanasi); mijozlar soni va turi (masalan, jismoniy yoki yuridik shaxslar); kripto-aktivlar va mablagʻlarni saqlash limitlari yoki transaksiyalarning boshlangʻich qiymatlari hamda boshqa miqdoriy cheklovlar; koʻrilishi mumkin boʻlgan maksimal yoʻqotish va zararlar. 4.4. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda yuzaga keladigan xavflar, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, texnologik xavflar va muvaffaqiyatsizliklarni boshqarish uchun joriy etiladigan nazorat mexanizmlari. 4.5. Mijozlar bilan nizoli holatlarni hal etish va ularning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya etilishining kafolatlari. 4.6. Tajriba-sinov loyihasini tugatish rejasi. Bunda, tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda qatnashayotgan mijozlarni loyihadan chiqarish, mablagʻlarini qaytarish va xarajatlarini toʻlash boʻyicha choralar koʻrsatilishi lozim.
2-bob. DEKLARATSIYALASh
☐ Mazkur anketa va unga ilova qilinayotgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligini hamda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar berilmaganligini tasdiqlayman.
☐ Arizam qanoatlantirilganidan keyin taqdim etgan hujjatlarimda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum etilishim mumkinligini tushunaman.
Izoh:
Anketaning barcha bandlari toʻliq toʻldirilishi lozim.
Tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, anketaning tegishli bandida taqdim etilayotgan hujjatlar koʻrsatilishi kerak.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yuridik shaxsning (arizachining) rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOT
1-jadval
T/r Yuridik shaxsning rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) Lavozimi Familiyasi, ismi, otasining ismi Fuqaroligi JShShIR (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun) Shaxsini tasdiqlovchi hujjat Hujjat turi Seriya va raqami Berilgan vaqti va amal qilish muddati Kim tomonidan berilgan 1 2 3 4 5 6 7 8
2-jadval
T/r Yuridik shaxsning taʼsischilari Familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxs nomi Ulush miqdori Fuqaroligi (jismoniy shaxslar uchun) yoki davlat roʻyxatidan oʻtgan joyi (yuridik shaxslar uchun) JShShIR (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari-jismoniy shaxslar uchun) yoki STIR (Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari-yuridik shaxslar uchun) Shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki davlat roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma Hujjat turi Seriya va raqami Berilgan vaqti va amal qilish muddati Kim tomonidan berilgan 1 2 3 4 5 6 7 8
