ShNQ 2.09.10-22 “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining binolari va xonalari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (212-son)
25.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 28-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 129]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 2.09.10-22 “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining binolari va xonalari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining 2008-yil 19-fevraldagi 10-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan ShNQ 2.09.10-07 “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uchun binolar va xonalar” shaharsozlik normalari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-noyabr,
212-son
Kelishildi:
Qishloq xoʻjaligi vaziri A. VOITOV
2022-yil 24-noyabr
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. YuSUPALIYEV
2022-yil 15-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2022-yil 25-noyabrdagi 212-son buyrugʻiga ILOVA
ShNQ 2.09.10-22 “Qishloq hoʻjalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining binolari va xonalari” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda ShNQ deb yuritiladi) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining binolari va xonalarini (bundan buyon matnda bino va xonalar deb yuritiladi) loyihalash, qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilishga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Ushbu ShNQda quyidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
ShNQ 2.01.02-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”;
ShNQ 2.01.05-19 “Tabiiy va sunʼiy yoritgichlar”;
ShNQ 2.01.19-22 “Portlab-yonish va yongʻin xavfi boʻlgan xonalar, bino va inshootlar hamda tashqi qurilmalar toifalarini aniqlash”;
ShNQ 2.03.10-19 “Tom va tom qoplamalar”;
ShNQ 2.03.13-19 “Pollar”;
ShNQ 2.04.01-98 “Binoning ichki suv quvurlari va kanalizatsiyasi”;
ShNQ 2.04.05-97* “Isitish, shamollatish va konditsionerlash”;
ShNQ 2.04.09-07 “Bino inshootlarda yongʻin xavfsizligi avtomatikasi”;
QMQ 2.04.20-98 “Turar joy va jamoat binolari muhandislik uskunalarining aloqa, signalizatsiya va dispetcherlashtirish qurilmalari”;
ShNQ 2.07.02-22 “ShNQ 2.07.02-22 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish”;
ShNQ 2.08.04-04* “Maʼmuriy binolar”;
ShNQ 2.09.01-19 “Qishloq xoʻjalik korxonalarining bosh rejalari”;
ShNQ 2.09.02-19 “Ishlab chiqarish binolari”;
QMQ 2.09.03-02 “Sanoat korxonalari inshootlari”
ShNQ 2.09.04-09 “Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari”;
ShNQ 2.09.12-09 “Ombor binolari”;
QMQ 2.09.15-97 “Muzlatkichlar”;
ShNQ 2.09.21-22 “Yongʻin-qutqaruv depolari va postlari”;
Oʼz DST 950:2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatni nazorat qilish”;
GOST 12.1.005-88 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Ishchi zonasi havosiga boʻlgan umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”;
GOST 27751-2014 (EN 1990:2002, ISO 2394:1998) “Qurilish konstruksiyalari va asoslarining ishonchliligi. Asosiy qoidalar”;
GOST 23838-89 “Korxona binolari. Parametrlar”.
GOST 2572-83 “Zinapoyalar, balkonlar va tomlarning poʻlat toʻsiqlari. Umumiy texnik shartlar”;
GOST 21.408-2013 “Qurilish uchun loyiha hujjatlari tizimi. Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish boʻyicha ishchi hujjatlarini tayyorlash qoidalari”;
SanQvaN 0203-06 “Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimiga nisbatan sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0350-17 “Oʻzbekiston Respublikasi aholi punktlarida atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari”.
2-bob. Umumiy qoidalar
2. Mazkur ShNQ qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining quyidagilar uchun bino va xonalarni loyihalash, qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilishga tatbiq qilinadi:
sabzavotlar, kartoshka, mevachilik va uzumchilik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash;
goʻsht va sut mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash;
chorva va parranda mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (qushxonalar);
qoʻy va echki junlarini saqlash va qayta ishlash;
moʻyna terilarni saqlash va qayta ishlash;
qorakoʻl terilarini saqlash va qayta ishlash;
moʻynali hayvonlar va quyon terilarni saqlash va qayta ishlash;
tolali ekinlarni (zigʻir va kanop) saqlash va qayta ishlash;
moyli ekinlarni saqlash va qayta ishlash.
Ushbu ShNQ veterinariya-sanitariya utilizatsiya sexlari hamda zavodlarining binolari va xonalarini loyihalashda ham qoʻllanilishi mumkin.
3. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sovutib saqlash uchun binolar va xonalar QMQ 2.09.15 ga muvofiq loyihalashtirilishi zarur.
4. Bino va xonalarni loyihalashda quyidagilar hisobga olinishi lozim:
qurilish va foydalanish jarayonlarining barcha bosqichlarida binolar va bino elementlari mustahkamligi, deformatsiyaga bardoshliligi va hajmiy oʻzgarmasligini taʼminlaydigan konstruktiv tizimlar;
iqtisodiy jihatdan maqbul konstruktiv yechimlar;
bir maydonda joylashgan binolar uchun qurilish materiallari va buyumlarini tanlashda obyektlarni birxillashtirish (unifikatsiya qilish) imkoniyatlari.
5. Bino va xonalarni loyihalashda:
bino va xonalarning portlash, portlash-yongʻin va yongʻin xavfliligi toifalari ShNQ 2.01.19 boʻyicha aniqlanishi;
ShNQ 2.09.21 ga muvofiq yongʻin-qutqaruv postlarini nazarda tutilishi;
mahsulot ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini taʼminlaydigan zamonaviy ilgʻor texnologiyalar tatbiq qilinishi;
ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish nazarda tutilishi lozim.
6. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uchun binolar va xonalarning umumiy maydoni ShNQ 2.09.02 ga muvofiq hisoblanadi.
7. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarida maʼmuriy, maishiy va yordamchi bino (xona)lar ShNQ 2.08.04 va ShNQ 2.09.04 ga muvofiq loyihalanishi lozim.
8. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun yilning faqat iliq paytida (mavsumiy) foydalaniladigan binolarda ishlovchilar uchun (ketma-ket ishlovchi smenalardagi har bir ishlovchiga ikkitadan ilgak hisobida) koʻcha va ish kiyimlarini ochiq javonlarda saqlash uchun garderoblar koʻzda tutiladi.
9. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarida tonnel, galereya, estakada, kanal, bunker, maydoncha kabi inshootlar QMQ 2.09.03 ga muvofiq loyihalashtiriladi.
10. Uskunalarning pasportlari, kuzatuv texnik hujjatlari hamda loyihaning texnologik yechimlariga muvofiq bino va xonalardan tashqarida oʻrnatilishi mumkin boʻlgan texnologik, energetika va sanitariya-texnika uskunalarni joylashtirish uchun ochiq maydonchalar nazarda tutilishi mumkin.
11. Atmosfera yogʻingarchiliklari, shamol va changning noxush taʼsiri sababli ochiq maydonchada joylashtirib boʻlmaydigan, shuningdek muayyan haroratni tutib turishni va doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar boʻlishini talab qilmaydigan uskunalarni joylashtirish uchun ayvonlar yoki isitilmaydigan binolar loyihalashtirilishi mumkin.
12. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uchun binolar va inshootlar GOST 27751 ga muvofiq qurilish konstruksiyalari va zaminlarining ishonchliligi boʻyicha II masʼullik darajasiga ega.
13. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatidan foydalanish nazarda tutilganda, ushbu korxonaning bino va xonalarini loyihalashda ShNQ 2.07.02 talablariga rioya etilishi lozim.
14. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uchun binolar va inshootlardan turar joy zonalarigacha boʻlgan sanitariya masofalari SanQvaN 0350-17 ga muvofiq boʻlishi lozim.
15. Bino va xonalarda ShNQ 2.04.09 va QMQ 2.04.20 ga muvofiq telekommunikatsiya aloqasi, radiolashtirish, yongʻindan xabar berish, yongʻin va qoʻriqlash avtomatik signalizatsiyalari nazarda tutilishi kerak.
16. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarining bosh rejalari ShNQ 2.09.01 ga muvofiq loyihalashtirilishi zarur.
17. Bosh rejalarni loyihalashda:
sexlar, binolar va inshootlarning funksional-texnologik jihatdan oʻzaro aloqalari;
hududning zonalashtirilishi va korxona ichidagi transport tizimini, yuklar va odamlar oqimlarining tashkil etilishi;
maydonchaning tabiiy, geologik, gidrogeologik, seysmik shart-sharoitlari hisobga olinishi lozim.
18. Koʻkalamzorlashtirish uchastkalari maydoni korxona hududi maydonining kamida 15 foizini tashkil qilishi kerak.
3-bob. Hajmli-rejalashtirish va konstruktiv yechimlar
19. Bino va xonalarning loyihalarida hajmli-rejalashtirish yechimlari loyihalashtirish topshirigʻiga muvofiq, qoida tariqasida, bir qavatli, chordoqsiz, rejada toʻgʻri burchakli, bir xil kenglikda va balandlikda hamda parallel oraliqlar bilan qabul qilinishi kerak.
Koʻp qavatli binolarni hudud maydoni cheklangan, relyefi keskin notekis boʻlgan yer uchastkalarida, shuningdek bunday binolarning bir qavatli binolarga nisbatan texnik-iqtisodiy afzalliklari boʻlganida, ularni ShNQ 2.01.02, ShNQ 2.01.19, ShNQ 2.04.09 va ShNQ 2.09.01 talablarini inobatga olgan holda loyihalashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
20. Bino va xonalarni loyihalashda ularning parametrlari va geometrik oʻlchami sxemalari GOST 23838 talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Bir yoʻnalishdagi qoʻshni oraliqlar oʻrtasidagi balandlik farqi 6 m lik modulga barobar qilib qabul qilinishi kerak.
21. Bino va xonalarning balandligi jihozlarning oʻlchamlaridan yoki saqlanadigan mahsulotlarning ruxsat etilgan eng yuqori balandligidan kelib chiqib qabul qilinishi lozim. Saqlash talablari bir xil boʻlgan har xil turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun binolar birxillashtirilgan balandlikda loyihalash kerak.
22. Xonalarning shiftlari orqali oʻtkazilgan jihozlar va kommunikatsiyalarning pastki qismidan polgacha boʻlgan balandligi odamlar muntazam oʻtadigan joylarda 2 m dan va odamlar kam oʻtadigan joylarda esa 1,8 m dan kam boʻlmasligi kerak. Texnologik uskunalardan shiftgacha boʻlgan eng kichik masofa 0,4 m dan kam boʻlmasligi kerak.
23. Binolarda xonalarning hajmi eng katta (eng koʻp xodim ishlaydigan) smenada ishlovchilarning bir nafariga 13 m3 dan, pol maydoni esa 4 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
24. Binolarning olovga bardoshliligi, qavatlardagi yongʻinga chidamli devorlar oraligʻidagi maydoni va qavatlar soni, shuningdek odamlarni evakuatsiya qilish va binolardan tutunni olib chiqish ShNQ 2.01.02 ga va quyidagi 1-jadvalga muvofiq loyihalanishi kerak.
1-jadval Ishlab chiqarish toifasi Oʻtga chidamlilik darajasi Xonaning qarama-qarshi devorlari oʻrtasidagi maydon A B V II III IV V Cheklanmaydi 3000 1000 600 D II III IV V Cheklanmaydi 5200 3500 1000
Izoh: V darajali yongʻinga chidamli binolarning yongʻinga qarshi devorlari oʻrtasidagi polning jadvalda koʻrsatilgan maydonini V toifali (ShNQ 2.01.19 boʻyicha) ishlab chiqarish texnologiya talablari boʻyicha 1000 m2 gacha koʻpaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
25. Binolarni, qoidaga koʻra, yigʻma yuk koʻtaruvchi va toʻsuvchi konstruksiyalarni, shuningdek mahalliy qurilish materiallaridan (gʻisht, tabiiy tosh va b.) tayyorlangan konstruksiyalar va mahsulotlarni qoʻllagan holda karkasli qilib loyihalashtirish kerak.
Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash xonalarida qurilish konstruksiyalarini pardozlash va himoyalash qoplamalari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 386-son qarori bilan tasdiqlangan Ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalari uchun veterinariya, veterinariya-sanitariya norma va qoidalari hamda Hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish boʻyicha veterinariya, veterinariya-sanitariya norma va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
26. Hoʻl yoki nam rejimli binolarda shamollatilmaydigan tomyopmalar ularning bugʻni yoʻqotuvchi qurilmasi yillik ekspluatatsiya davrida konstruksiyalarda namlikning toʻplanishini istisno qilgan taqdirdagina qoʻllanishi mumkin.
27. Kengligi 72 m dan ortiq boʻlgan, isitiladigan binolar tomlarini loyihalashtirishda ShNQ 2.03.10 ga muvofiq yogʻingarchilik suvlari oqib ketadigan ichki quvurlar nazarda tutilishi lozim. Bir qavatli binolar suv oqib ketadigan ichki quvurlarsiz loyihalashtirilishi mumkin.
28. Bino va xonalarning pollarini ularda saqlanadigan mahsulotlar vazni, mexanik va boshqa taʼsirlar turlari va intensivligini hisobga olgan holda ShNQ 2.03.13 ga muvofiq loyihalashtirish kerak.
Kartoshka, sabzavot va mevalar konteynerlarda hamda toʻkilgan holda saqlanadigan omborlardagi oʻtish joylarida asfalt-betonli va betonli pollar loyihalashtiriladi.
Oziq-ovqat (kartoshka, sabzavot, meva, chorvachilik va parrandachilik) mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash binolarida pol va shiftlar boʻshliqsiz boʻlishi kerak. Bunday binolardagi xonalarning pol qoplamalari uchun qatronlar va qatronli mastikalardan hamda plastmassalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Binolarning darvozalari ikki tabaqali, surib ochiladigan yoki shtorli boʻlishi lozim.
Odamlarni evakuatsiya qilish uchun avtomobil transporti oʻtadigan darvozalarda ostonasiz yoki balandligi 0,1 m dan oshmaydigan boʻsagʻali, binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochiladigan eshiklar oʻrnatiladi.
Relssiz transportni oʻtkazish uchun darvozalarning oʻlchamlari yuk tashuvchi transport vositalarining gabarit oʻlchamlaridan balandligi boʻyicha 0,2 m va kengligi boʻyicha 0,6 m ga ortiq boʻlishi kerak.
30. Binolarda kemiruvchilarga qarshi kurashni taʼminlash maqsadida:
kemiruvchilar shikast yetkazmaydigan materiallardan boʻshliqlarsiz toʻsiqlar, boʻshliqlarsiz tashqi eshiklar, darvozalar va pollardagi lyuk qopqoqlar;
deraza va framugalarning ochiladigan joylarida olib-qoʻyiladigan toʻrlarni mahkamlash uchun qurilmalar;
pol sathidan 0,5 m balandlikda joylashgan devorlar va havo kanallaridagi shamollatish teshiklarni toʻsish uchun ruhlangan poʻlat toʻrli toʻsiqlar (12x12 mm li teshikli) nazarda tutilishi kerak.
31. Kartoshka va sabzavot omborlari, shuningdek saqlanadigan mahsulotni binolarning tashqi devorlaridan ajratadigan toʻsiqlar (havo boʻshligʻini yaratish uchun) yoki binoni seksiyalarga ajratuvchi toʻsiqlar (mahsulotni saqlash texnologiyasi talablariga muvofiq) texnik matoli, plyonkali, asbest sementli listlar va ekstruzion panelli, suvga chidamli fanerli yoki taxtali qoplamali sinchli qilib loyihalash lozim.
Texnik matolar, plyonkalar va boshqa oʻramli materiallardan toʻsiqlarni loyihalashda mahsulotlarni yuklash va tushirish ketma-ketligi koʻrsatilishi zarur.
32. Mevalarni saqlash uchun gaz muhiti boshqariladigan xona (kamera)larning oʻrab turuvchi konstruksiyalari (devorlar, qoplamalar, shiftlar, pollar va devorlardagi ochiq joylarning toʻldirilishi) ichki tomonidan gaz oʻtkazmaydigan qoplamali boʻlishi kerak.
Xona (kamera)lar devorlaridagi ochiq joylarni toʻldiruvchi eshik va derazalarning pritvorlari va falslari zichlovchi qistirmalar bilan taʼminlanishi lozim.
33. Binolarning toʻsuvchi konstruksiyalarining ichki yuzalari quyidagi 2-jadvalga muvofiq pardozlanishi lozim.
2-jadval Tavsiyalangan pardoz turi Xonalar nomi Devor panellari, gʻishtli devorlar, toʻsiqlar, kolonnalar yuzasi poldan 1,8 m balandlikkacha sopol plitkalar bilan qoplanadi. Qoplamaning tepasi — gʻishtli devorlar va toʻsiqlar yaxshi suvoqli, ohakli boʻyoq bilan boʻyaladi. Shiftlarning choklari suvaladi va shiftlar ohakli boʻyoq bilan oqlanadi. Texnologik jihatdan haroratli-namli meʼyorlangan ishlab chiqarish sexlari, laboratoriyalar Panellar choklari suvaladi. Gʻishtli devorlar va toʻsiqlar suvaladi va ohak bilan boʻyaladi. Shift choklari suvaladi, shift oha� bilan oqlanadi. Xom ashyo va tayyor mahsulot omborlari, transformator podstansiyalari, mexanik ustaxonalar Devorlar, toʻsiqlar va shiftlar choklari suvaladi va ohak bilan oqlanadi. Saqlash kamerasi, moddiy omborlar, ventilatsiya kameralari, issiqlik punktlari, nasos, yuk transport dahlizlari, idish sexlari, ekspeditsiyalar, tayyor mahsulot omborlari Devor panellari choklari, gʻisht devorlar va toʻsiqlar yaxshilab suvaladi. 1,8 m balandlikda moy boʻyoqda boʻyalgan panel bilan qoplanadi. Shiftlar choklari suvaladi. Devorlar va shiftlar yelimli boʻyoq bilan boʻyaladi. Tovarni ishlash sexi, dahlizlar, zinapoyalar, sex laboratoriyalari va idoralari, navbatchi slesarlar xonalari, shchitli nazorat-oʻlchov uskunalari joylashgan xonalar Devor panellari choklari, gʻisht devorlar va toʻsiqlar yaxshilab suvaladi, gipsbetonli toʻsiqlar ohakli-alebastrli eritma bilan suvaladi. �evorlar suvli-emulsiyali boʻyoq bilan boʻyaladi. Shiftlar yelimli boʻyoq bilan oqlanadi. Maʼmuriy xonalar, vestibyullar, xollar, majlis zallari, jamoat tashkilotlari xonalari
34. Kornizning yuqori qismiga qadar balandligi 10 m dan ortiq boʻlgan binolar tashqi devorlarining perimetri boʻylab tomlarda yongʻinga chidamli materiallardan kamida 0,6 m balandlikdagi parapetlar nazarda tutilishi zarur. Yogʻingarchilik suvlari oqib ketadigan ichki quvurlari boʻlmagan binolarda bunday parapetlar panjarali boʻlishi kerak.
Ishlatiladigan tomlardagi panjarali toʻsiqlar GOST 2572 ga muvofiq balkonlarniki kabi, kamida 1,1 m balandlikda loyihalashtirilishi lozim.
35. Kornizning yuqori qismiga qadar balandligi 10 m dan ortiq boʻlgan binolar uchun 0,6 m kenglikda tashqi poʻlat vertikal yongʻinga qarshi zinalarni nazarda tutish kerak. Binolar perimetri boʻylab zinalar orasidagi masofa 200 m dan oshmasligi zarur. Yongʻin zinalari erdan 1,5 m balandlikda boshlanishi, tepada tutqichli maydoncha bilan tugallanishi kerak.
36. Yuk platforma (pandus)lari, oʻtish hamda transport vositalari uchun kirish panduslari qiyaligi ShNQ 2.09.02 va ShNQ 2.09.12 ga hamda transport vositalarining texnik tavsiflariga muvofiq loyihalashtirilishi kerak.
37. Bino va xonalarni loyihalashtirishda quyidagilarni hisobga olish kerak:
a) konstruksiyaga bosim:
toʻkilgan kartoshka, sabzavot va mevalarning zichligi — texnologik loyihalarga muvofiq belgilanadi;
toʻkilgan holda saqlanadigan boshqa turdagi mahsulotlar bosimi — toʻkiladigan jinslardan tushadigan bosim kabi qabul qilinadi;
b) ortiqcha yuk koeffitsiyenti:
piyozdan — 1,2;
boshqa turdagi mahsulotlardan — 1,1;
v) toʻkilgan holda saqlanadigan mahsulotlar uchun ichki ishqalanishning hisobiy burchagi quyidagicha qabul qilinadi:
karam — 44°;
sabzi — 41°;
kartoshka va piyoz, oziq-ovqat va ildizli ozuqa navli ekinlar, qand lavlagi — 38°;
danakli mevalar — 20°;
g) toʻkilgan holda saqlanadigan mahsulotlar uchun ichki ishqalanishning hisobiy koeffitsiyenti:
kartoshka, sabzavot va karam uchun beton, randalanmagan taxta ustidan toʻkilganda — 0,6;
randalangan taxta, xrizotilsement, fanera, poʻlat listlar ustidan toʻkilganda — 0,4;
ruhlangan poʻlat yoki polietilen plyonka ustidan toʻkilganda — 0,1;
barcha navli piyoz va danakli mevalari uchun — 0,3.
38. Omborlarning mahsulotlar toʻkilgan holda saqlanadigan joylaridagi yuk koʻtaruvchi toʻsiqli konstruksiyalarida texnik matolar va plyonkalar qoʻllanilganda, ulardagi kartoshka va sabzavotlarning ishqalanish koeffitsiyenti nolga teng deb qabul qilinadi. Bunda, boshqa barcha turdagi mahsulotlarning ishqalanish koeffitsiyenti 0,3 ga teng deb qabul qilinadi.
4-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiya
39. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash uchun binolar va xonalarning ichki suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlari ShNQ 2.04.01 ga hamda ushbu bob talablariga muvofiq loyihalashtirilishi lozim.
40. Oziq-ovqat mahsulotlarini (kartoshka, sabzavot, meva, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari va b.) qayta ishlash, shuningdek oʻsimlik tolasini (kanop, zigʻir va b.) hoʻllab qayta ishlash maqsadlari uchun bino (xona)lar Oʼz DST 950:2011 talablariga javob beradigan ichimlik suvi, shuningdek takroran ishlatiladigan va texnik suv taʼminoti tizimi jihozlanishi kerak.
41. Bino va xonalarni yetarli darajada ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoni boʻlmaganda, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish jarayonlari uchun suv taʼminoti texnologik talablariga muvofiq qabul qilinadi.
42. Sunʼiy sovutilmaydigan va namli ishlov beriladigan kartoshka va sabzavotlarni saqlash uchun binolarda suv taʼminoti tizimini nazarda tutish talab etilmaydi.
43. Takroran ishlatiladigan, texnik va ichimlik suvi taʼminoti tizimlari alohida boʻlishi va quvurlari farqli ranglarda boʻyalishi lozim.
44. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun suv sarfi va bosimi (sutkalik, soatlik, daqiqalik) hamda soatlik notekis isteʼmoli koeffitsiyenti texnologik loyiha yechimlariga binoan belgilanadi.
45. Binolarining ichki suv taʼminoti tarmoqlarida quvurlarni boʻshatish uchun qurilmalar nazarda tutilishi lozim.
46. Bino va xonalarda ichki kanalizatsiya tarmoqlari oqova suvlarning ifloslanishiga qarab quyidagicha alohida-alohida loyihalanishi kerak:
ishlab chiqarishga doir moysiz ifloslangan oqova suvlar uchun;
maishiy oqova suvlar uchun;
yogʻingarchilik suvlari uchun.
Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash binolarining ishlab chiqarish xonalariga oʻrnatilgan qoʻlyuvgichlar suvlari kanalizatsiyaga tushirib yuborilishi mumkin.
47. Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash uchun xonalarning shifti ostidan (yopiq va ochiq holda) hamda pol ustidan ichki kanalizatsiya tarmoqlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
48. Suv taʼminoti bilan jihozlangan binolarda:
pol va uskunalarni yuvish uchun harakat radiusi 30 m boʻlgan kranlar;
issiq va sovuq suvga ulangan qoʻlyuvgichlar;
pol sathining har 150 m2 maydoni uchun diametri 100 mm li bitta trap;
oqova suvlarni traplarga oqizib yuborish uchun pollarda nishablik va 10 — 15 sm kenglikdagi ochiq novlar nazarda tutilishi kerak.
49. Ishlab chiqarish oqova suvlarini tashqi kanalizatsiya tarmoqlariga chiqarishdan oldin tozalash uchun binolardan tashqarida quyidagi maxsus qurilmalarni nazarda tutish kerak:
qum tutqichlar va tindirgichlar — kartoshka va sabzavotlarni yuvishdan chiqadigan loyqa oqova suvlar uchun;
yogʻ tutqichlar — chorvachilik va parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarining yogʻi boʻlgan oqova suvlar uchun;
kraxmal tutqichlar — kartoshkani qayta ishlash korxonalarining kraxmalli oqova suvlar uchun.
Qum tutqichlarni loyihalashda tushayotgan qum miqdori yuviladigan 1,0 t kartoshka yoki sabzavot hisobidan 0,03 m3 miqdorida qabul qilinadi.
50. Bino va xonalardagi ishlab chiqarish oqova suvlarining tarkibi texnologik loyiha yechimlarida yoki loyihalashtirish topshirigʻida belgilanadi.
51. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashdan hosil boʻladigan konsentratlangan eritmalar va chiqindilarning kanalizatsiyaga toʻgʻridan toʻgʻri chiqarib yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu eritmalar va chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish texnologik loyiha yechimlarida nazarda tutilishi kerak.
52. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarining mavsumiy binolari kanalizatsiyasi loyihalarida korxona ishini tugatganidan keyin kanalizatsiya tarmogʻi quvurlari, asboblari va uskunalari oqova suvdan boʻshatilishi nazarda tutilishi lozim.
5-bob. Isitish, shamollatish va konditsionerlash
53. Binolar va xonalardagi isitish, shamollatish va konditsionerlash tizimlari ShNQ 2.04.05, SanQvaN 0203-06 va GOST 12.1.005 talablariga muvofiq loyihalashtirilishi kerak.
54. Binolar va xonalarni issiqlik bilan taʼminlash uchun markazlashgan qozonxonalardan foydalanish kerak.
Texnologik imkoniyatlar mavjud boʻlganda hamda iqtisodiy jihatdan maqbulligi taʼminlanganda alternativ manbalardan (elektr isitish uskunalari, issiqlik generatorlari, quyosh kollektorlari va sh.k.) foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
55. Isitish va shamollatish tizimlarini loyihalash uchun ichki havoning hisobiy parametrlari (harorat, nisbiy namlik, harakat tezligi) texnologik loyihalar hamda GOST 12.1.005 ga muvofiq qabul qilinishi kerak.
56. Faqat kuz va bahor oylarida (mavsumiy korxonalarda) ishlatiladigan bino va xonalarni isitish hamda shamollatish tizimlarini loyihalashda yilning eng sovuq davridagi tashqi havoning hisobiy harorati isitish uchun 0,5º ga, shamollatish uchun esa ushbu davrdagi tashqi havo harorati kunlik tebranishlarining maksimal amplitudasi 0,4º ga pasaytirib qabul qilinadi.
57. Binolar va xonalarda issiqlik yoʻqotishlari mahsulotlarning issiqlik chiqarishi hisobiga qoplanmaydigan boʻlsa, ularni havo orqali isitishni nazarda tutish kerak.
58. Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash binolari va xonalarida isitish moslamalari sifatida silliq yuzali radiatorlardan foydalanish lozim. Ushbu radiatorlar tozalash uchun qulay boʻlgan ochiq joylarda oʻrnatilishi kerak.
59. Xonalarda belgilangan meteorologik sharoitlar va havoning tozaligini xonalarni shamollatish, shu jumladan bugʻlantirish yoʻli bilan havoni sovutish yordamida taʼminlash imkoni boʻlmaganda, shuningdek mahsulotlarni saqlash texnologiyasi talablari va iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib havoni konditsionerlash tizimlari qoʻllanilishi mumkin.
60. Binolarning issiq suv taʼminoti QMQ 2.04.01 ga muvofiq loyihalashtiriladi. Issiq suv harorati va xarajati texnologik loyihalar asosida qabul qilinadi.
61. Binolar loyihalarida ikkilamchi yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish darajasini oshirish boʻyicha choralar koʻrilishi kerak. Bunda, texnologik agregatlarda issiqlikni qayta tiklash usulidan maksimal darajada foydalanish, shuningdek potensiali past boʻlgan issiqlikni issiqlik nasoslari yordamida yoʻqotishni nazarda tutish lozim.
6-bob. Elektr taʼminoti, elektr uskunalari va elektr bilan yoritish
62. Binolar va xonalarning elektr taʼminoti hamda binolar va inshootlarni yashindan himoyalash “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”ning (2004-yil 27-fevral, 20-15-62/24-son), III (2005-yil 12-oktabr, 20-15-206/22-son), IV (2006-yil 2-noyabr, 20-15-232/11-son), VI va VII (2006-yil 18-iyul, 20-15-143/14-son) boʻlimlariga muvofiq loyihalanishi lozim.
63. Binolar va xonalarning elektr qabul qilgichlari elektr taʼminoti ishonchliligi jihatdan “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”ga muvofiq (2004-yil 27-fevral, 20-15-62/24-son) III toifaga mansub boʻlishi lozim.
Yengil metall konstruksiyali omborlar va germetik idishdagi konserva mahsulotlari ishlab chiqarish xonalarining elektr qabul qilgichlari elektr taʼminoti ishonchliligi jihatdan II toifaga, yongʻinga qarshi qurilmalarning elektr qabul qilgichlari esa I toifaga mansub boʻladi.
64. Maksimal yuklanganida transformatorlar quvvatini hisoblashdagi talab koeffitsiyenti 0,6-0,7 ga teng qilib olinadi.
65. Binolar va xonalarda elektr energiyasi isteʼmolchilari ehtiyojini hisoblashda quyidagicha talab koeffitsiyentlari qoʻllaniladi:
texnologik uskunalar — 0,4-0,5;
kompressorlar, nasoslar — 0,65-0,7;
santexnika ventilyatorlari — 0,7;
zaryadlash agregatlari — 0,8;
isitish elementlari — 0,85.
66. Omborlarning saqlash xonalari ularda odamning qamalib qolishi holatlarining oldini olish uchun xavfsizlik signalizatsiyasi bilan jihozlanishi kerak.
Xona (kamera, seksiya) larning yuk dahliziga chiqadigan tashqi devorida ichkaridan ulanadigan yorugʻlikli (qizil chiroqli) va tovushli avariya signalizatsiyasi oʻrnatiladi.
67. Bino va xonalarda yoritish tizimlari ShNQ 2.01.05 ga muvofiq loyihalashtiriladi.
68. Yopiladigan omborxona (kamera, seksiya)larning ichida oʻchirgichlar boʻlishidan qatʼi nazar yoritish tarmoqlarini tashqaridan oʻchirish imkoniyati boʻlishi lozim. Oʻchirgichlar plombalash moslamasi boʻlgan yonmaydigan qutida oʻrnatilishi kerak.
69. Asbob-uskunalarning barcha metall qismlari kuchlanish ostida boʻlmagan normal holatda “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”ning (2006-yil 18-iyul, 20-15-143/14-son) V-boʻlimiga muvofiq erga ulash shinasi orqali erga ulangan (nullangan) boʻlishi lozim.
70. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash binolari va inshootlarini yashindan himoyalash “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”ning (2006-yil 2-noyabr, 20-15-232/11-son) IV-boʻlimiga muvofiq nazarda tutilishi lozim.
7-bob. Avtomatlashtirish. Umumiy talablar
71. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish texnologik talablar, shuningdek loyihada qabul qilingan nazorat-oʻlchov va avtomatika uskunalarni hisobga olgan holda QMQ 2.02.20, “Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari”ning (2005-yil 12-oktabr, 20-15-206/22-son) III-boʻlimi hamda GOST 21.408 talablariga muvofiq loyihalanishi kerak.
72. Nazorat-oʻlchov va avtomatika uskunalari bilan komplektda yetkazib beriladigan agregat, mashina va qurilmalar faqat alohida uchastkalarni avtomatlashtirish uchun qoʻllanishi mumkin.
73. Avtomatlashtirish vositalari (avtomatik boshqarish, yongʻin signalizatsiyasi nazorati, uskunalar himoyasi, bloklash va masofadan boshqarish) quyidagilarni taʼminlashi kerak:
belgilangan saqlash rejimlarini ushlab turishni;
qurilmalarning ishlash ishonchliligini oshirishni;
yongʻinni aniqlashni, yongʻin paytida ventilatsiyani oʻchirishni, tutun chiqarish tizimlarini ishga tushirishni;
ish rejimlari nazoratini;
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sonini kamaytirishni;
elektr energiyasi va issiqlikni tejashni.
