Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida (2169-7-son)
22.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 22-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2169-7]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 17-dekabrdagi 105-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2169, 2010-yil 22-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 502-modda) bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-dekabr,
66-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 9-dekabrdagi 66-son buyrugʻiga ILOVA
Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 248-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“140 “Depozitga qoʻyilgan pul mablagʻlari” subschyotidagi mablagʻlarni undirish imkoniyati boʻlmaganda, mazkur Yoʻriqnomaning 251-bandi talablari ushbu mablagʻlar uchun ham tatbiq etiladi.”.
2. 251-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“251. Budjet tashkilotlari umumiy daʼvo muddati davomida oʻzlarining debitorlik qarzlarini undirish choralarini koʻrishi lozim.
Budjet tashkilotining debitorlik qarzlari umumiy daʼvo muddati tugagan, ushbu qarzdorlikni undirilishi yuzasidan tegishli sud qarori qabul qilingan hamda qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki yoki daromadlari yoʻqligi tufayli ijro hujjatlari tashkilotga qaytarilgan taqdirda mazkur debitorlik qarz umidsiz debitorlik qarz deb hisoblanadi va budjet tashkiloti tomonidan tashkilot rahbari ruxsati bilan belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Bu qarzdorlik qarzdorning mulkiy ahvoli oʻzgargan taqdirda undirib olish imkoniga ega boʻlish maqsadida kuzatib borish uchun u hisobdan chiqarilgan paytdan boshlab balansdan tashqari 05 schyotda koʻrsatilishi lozim.
Balansdan tashqari 05 schyotda koʻrsatilgan mablagʻlar 3 yildan soʻng, balansdan tashqari schyotdan ham hisobdan chiqariladi.”.
3. 63-ilova mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga ILOVA
“Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 63-ILOVA
Budjet tashkilotlari asosiy vositalarining yillik eskirish
MEʼYORLARI
Guruhlar tartib raqami Kichik guruhlar tartib raqami Asosiy vositalarning nomi Eskirishning yillik eng yuqori normasi, foizlarda I Binolar va inshootlar 1. Binolar 5 2. Inshootlar 10 II Quvurlar, elektr uzatish va telekommunikatsiyalar liniyalari 15 III Mashinalar va uskunalar (transport uskunalaridan tashqari) 20 IV Transport uskunalari 1. Havo va kosmik uchish apparatlari va ular bilan bogʻliq uskunalar, kemalar va qayiqlar, lokomotivlar va harakatdagi tarkib (temir yoʻl tarkibi) 10 2. Avtotransport vositalari, avtomobil kuzovlari (korpuslari), tirkamalar va yarim tirkamalar, boshqa transport uskunalari 20 V Kompyuterlar va periferiya uskunalari 40 VI Boshqa guruhlarga kiritilmagan amortizatsiya qilinadigan aktivlar 15 ”.
