Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida (2683-IV-son)
22.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, qayd etadiki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) ijrosi “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan budjet parametrlari doirasida belgilangan ijtimoiy, iqtisodiy, investitsiya va rivojlantirish dasturlarining ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2022-yilning toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishi taʼminlangan. Jumladan, yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) 5,8 foizga oʻsgan, inflyatsiya yil boshidan 8,1 foizni tashkil etgan. Davlat budjeti daromadlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 147,1 trln. soʻmni tashkil etib, belgilangan prognoz 105,3 foizga yoki 7,4 trln. soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 31,1 trln. soʻmga oshgan.
Shuningdek, Davlat budjetining 2022-yil toʻqqiz oyidagi xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 162,4 trln. soʻmni, aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 95,6 foizni yoki YAIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish hajmi Davlat budjeti umumiy xarajatlarining 51,0 foizini, yaʼni 83,3 trln. soʻmni tashkil etgan. Budjet tashkilotlarining 55,2 trln. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilib berilgan.
2022-yil uchun ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan 298 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 559 ta umumtaʼlim maktabi va 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 170 ta tibbiyot muassasasi, 32 ta oliy oʻquv yurti binolari hamda talabalar turar joylarini qurish va rekonstruksiya qilish, 172 ta obyektda 762 km ichimlik va oqova suv tarmoqlarini oʻtkazish ishlari amalga oshirilgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida 4 550 ta obyekt uchun 3 000,0 mlrd. soʻm, jumladan 4 179 ta ichki yoʻllarga 2 000,0 mlrd. soʻm, 371 ta ichimlik suvi tarmoqlari va inshootlarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun 1 000,0 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, toʻqqiz oylik yakuniga koʻra 3 830 ta obyektga ajratilgan mablagʻlarning 1 858,2 mlrd. soʻmi oʻzlashtirilgan.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyidagi ijrosini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar bilan birga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz vaqtida tashkiliy choralar koʻrilmaganligi, yaʼni loyihalashtirish ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi, tender savdolari va tanlovlar asossiz ravishda kechiktirilganligi tufayli ajratilgan mablagʻlar oʻz vaqtida oʻzlashtirilmagan. Jumladan, xalq taʼlimi muassasalarining keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlash xarajatlari uchun rejalashtirilgan 21,3 mlrd. soʻmdan 4,4 mlrd. soʻm, endokrinologik kasalliklarga chalingan bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlashga doir xarajatlar uchun rejalashtirilgan 21,3 mlrd. soʻmdan 8,6 mlrd. soʻm, qon va uning tarkibiy qismlarini yigʻish, saqlash va tashish uchun bir martalik plastik konteynerlar sotib olish xarajatlari uchun rejalashtirilgan 3,1 mlrd. soʻmdan 0,7 mlrd. soʻm, bolalarni hamda tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlashga doir xarajatlarga rejalashtirilgan 41,3 mlrd. soʻmdan 7,3 mlrd. soʻm, bolalar tibbiyot va tugʻruq muassasalarida yuqori texnologik laboratoriya uskunalaridan toʻlaqonli hamda samarali foydalanish maqsadida reagentlar, sarflov anjomlari va servis xizmatlari uchun rejalashtirilgan 4,0 mlrd. soʻm mablagʻ umuman oʻzlashtirilmagan.
Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirishga ajratilgan 332,0 mlrd. soʻm mablagʻ mutasaddi vazirliklar tomonidan tashkiliy ishlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi tufayli oʻzlashtirilmasdan qolgan. Shu bilan birga, Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning 9 oyi davomida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalariga koʻra, jami 704,9 mlrd. soʻmlik budjet mablagʻlari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan.
Shu bilan birga Davlat budjetining ijrosi haqidagi hisobotda budjet tashkilotlarining debitorlik-kreditorlik qarzdorliklari, tarmoq, shtatlar va xodimlar tarkibiga doir rejaning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek respublika budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalari hamda yil boshiga qoldiq mablagʻlaridan qilingan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirilmagan.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot qonunda belgilangan tartibda Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini, ular tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning toʻqqiz oyidagi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 177,2 trln. soʻmni, xarajatlari esa 192,5 trln. soʻmni tashkil etib, 15,3 trln. soʻm taqchillik bilan bajarilganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot sohalarida ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlash, inflyatsiya darajasi hamda isteʼmol bozorlarida narxlar oʻsib ketishining oldini olish, milliy iqtisodiyotning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish asosida tadbirkorlik faolligini jadallashtirish va aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish;
2022-yil uchun belgilangan rivojlantirish dasturlarining ijrosi, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga oid loyihalar toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash hamda ushbu dasturlar ijrosi uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli hamda oqilona oʻzlashtirilishi ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish;
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik doirasida Davlat budjetining ijrosi haqidagi hisobotda budjet tashkilotlarining debitorlik-kreditorlik qarzdorliklari, tarmoq, shtatlar va xodimlar tarkibiga doir rejaning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek respublika budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalari hamda yil boshiga qoldiq mablagʻlaridan qilingan xarajatlar toʻgʻrisidagi va boshqa maʼlumotlar parlamentga kiritilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarning oʻz vaqtida hamda qatʼiy ravishda tasdiqlangan meʼyorlar doirasida yil yakunigacha oʻzlashtirilishini taʼminlash, ortiqcha budjet xarajatlari sarflanishiga yoʻl qoʻymaslik;
tegishli vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda budjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan qatʼiy moliyaviy nazorat oʻrnatish hamda bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish;
mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan amaldagi qonunchilik talablariga koʻra nazoratni yanada kuchaytirish;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar hamda budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet ijrosi intizomi buzilishining va boshqa qonun buzilishlarining oldini olishga qaratilgan taʼsirchan nazorat mexanizmini oʻrnatish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Bojxona qoʻmitasi yil yakuniga qadar belgilangan budjet daromadlari tushumlarini undirish, yuzaga kelgan boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda hisobotda keltirilgan boshqa kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha hisobotda keltirilgan kamchiliklarni va budjet intizomining buzilishi holatlarini oʻz yigʻilishlarida tahlil qilib borish hamda tahlil natijalari asosida takliflar ishlab chiqish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib, 2022 — 2024-yillar uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarini monitoring qilishga doir ishlarini davom ettirsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-noyabr,
2683-IV-son
