Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3403-son)
19.12.2022
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT AKTIVLARINI BOSHQARISH AGENTLIGI DIREKTORINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 19-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3403]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. ORTIKOV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-noyabr,
326-son
Kelishildi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D. KUCHKAROV
2022-yil 31-oktabr
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori F. PULATOV
2022-yil 1-noyabr
Moliya vaziri T. ISHMETOV
2022-yil 29-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2022-yil 29-noyabrdagi 326-son buyrugʻiga ILOVA
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻlgan, uch oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
balansda saqlovchi — boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini balansida saqlovchi vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari;
boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari (bundan buyon matnda obyekt deb yuritiladi) — vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻlgan, tugallanmagan qurilish obyektlari, boʻsh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, shu jumladan umumiy maydonining 50 foizidan koʻprogʻidan (bir noturar joy doirasida) tovarlar ishlab chiqarishda (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) foydalanilmayotgan obyektlar (bundan mavsumiy ishlar amalga oshiriladigan obyektlar mustasno);
ijaraga beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining hududiy boshqarmalari;
sotuvchi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boshqarmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Davlat mulki” axborot tizimi boʻsh turgan obyektlar moduli;
“E-auksion” elektron savdo platformasi (bundan buyon matnda elektron onlayn-auksion deb yuritiladi) — elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek istagi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning bunday auksion va tanlovlar jarayoniga kirishi hamda ularda qatnashish imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi.
2. Obyektlarni vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish mazkur Nizomning ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Obyektni ijaraga berish yoki savdoga chiqarish uchun tayyorlash
3. Ijaraga beruvchi tomonidan obyektlarni aniqlash maqsadida doimiy ravishda joylarga chiqqan holda xatlov oʻtkaziladi.
Xatlov davomida aniqlangan obyektning nomi, maydoni, manzili, balansda saqlovchisi, geolokatsiyasi, holati va fotosuratlari obyekt aniqlangan kundan boshlab bir ish kuni ichida axborot tizimiga kiritiladi.
4. Ijaraga beruvchi obyekt haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritgan kundan boshlab uch ish kuni ichida obyektning balansda saqlovchisiga ogohlantirish xati yuboradi.
Ogohlantirish xatida balansda saqlovchi tomonidan obyektdan uch oy muddat ichida samarali foydalanilishi hamda bu haqda ijaraga beruvchiga maʼlumot taqdim etilishi, shuningdek ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, obyekt belgilangan muddat oʻtganidan soʻng ijaraga berish yoki sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi koʻrsatiladi.
5. Obyekt axborot tizimiga kiritilgan kundan boshlab uch oy muddat ichida balansda saqlovchi tomonidan undan samarali foydalanilayotganligi haqida maʼlumot taqdim etilmagan boʻlsa, mazkur muddat oʻtgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida ijaraga beruvchi va sotuvchining masʼul xodimlari tomonidan obyekt joyiga chiqqan holda koʻzdan kechiriladi hamda quyidagilar oʻrganiladi:
obyektning joylashgan joyi;
ixtisosligi (agar mavjud boʻlsa);
mulkchilik shakli;
holati (foydalanishga yaroqliligi);
balansda saqlovchisi (mulkdori);
obyektning kadastr hujjatlariga muvofiq umumiy yer maydoni hamda bino-inshootlar egallagan maydoni;
obyektning boʻsh turgan muddati (obyektning boʻsh turganligi birinchi marta aniqlangan kundan boshlab hisoblanadi);
obyektdan kelgusida samarali foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori mavjudligi, shuningdek obyektni qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga, shu jumladan tarmoq jadvaliga kiritilganligi;
obyektning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi;
obyektga nisbatan taqiqning (cheklovning) mavjudligi.
Obyekt boʻyicha koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan elektron koʻchirma idoralararo elektron hamkorlik qilish vositasida axborot tizimi orqali olinadi.
6. Obyektni oʻrganish jarayonida balansda saqlovchi obyektdan kelgusida foydalanishga ehtiyoji mavjudligi, shu jumladan kamida 5 yillik demografik oʻsish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflarini ijaraga beruvchi va sotuvchining masʼul xodimlariga taqdim etishi mumkin.
7. Obyektni oʻrganish natijasiga koʻra, ijaraga beruvchi va sotuvchining masʼul xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada obyekt haqidagi barcha maʼlumotlar koʻrsatilgan holda uning ixtisosligidan kelib chiqib obyektni ijaraga berish yoki sotish zarurligi toʻgʻrisida xulosa nazarda tutiladi.
8. Obyektni ijaraga berish zarurligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun quyidagilar asos boʻladi:
obyektdan kelgusida samarali foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori mavjudligi, shuningdek obyektni qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga, shu jumladan tarmoq jadvaliga kiritilganligi;
balansda saqlovchi tomonidan obyektdan kelgusida foydalanishga ehtiyoji mavjudligi, shu jumladan kamida 5 yillik demografik oʻsish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflar taqdim etilganligi.
Mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan obyektni ijaraga berish toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun asos boʻladigan holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, obyektni sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisida xulosa qilinadi.
9. Ijaraga beruvchi dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida oʻrganish natijalarini, shu jumladan obyektni sotish yoki ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi hamda bu haqda shu kunning oʻzida balansda saqlovchiga xabarnoma yuboradi.
3-bob. Obyektni ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish
10. Ijaraga beruvchi obyektni ijaraga berish uchun axborot tizimiga kiritilgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida obyektning foydalanish sohasi, boshlangʻich narxi hamda ijaraga berish muddatini belgilagan holda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqaradi.
11. Ijaraga beruvchi tomonidan obyektni ijaraga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12. Obyekt sotish uchun axborot tizimiga kiritilganda, sotuvchi tomonidan uni sotishdan oldin tayyorlash va savdoga chiqarish Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Obyektni sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi qaror quyidagilar tomonidan qabul qilinadi:
munitsipal mulk boʻlgan obyektlar boʻyicha — tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;
respublika mulki boʻlgan obyektlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.
14. Obyektni elektron onlayn-auksion savdolarida ijaraga berish va sotish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
15. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Tadbirlar Ijro muddati 1-bosqich Ijaraga beruvchi Obyektlarni aniqlash maqsadida joylarga chiqqan holda xatlov oʻtkazadi. Doimiy 2-bosqich Ijaraga beruvchi Xatlov davomida aniqlangan obyektning nomi, maydoni, manzili, balansda saqlovchisi, geolokatsiyasi, holati va fotosuratlarini axborot tizimiga kiritadi. 1 ish kuni 3-bosqich Ijaraga beruvchi Obyektning balansda saqlovchisiga ogohlantirish xati yuboradi. 3 ish kuni 4-bosqich Ijaraga beruvchi va sotuvchi Obyekt axborot tizimiga kiritilgan kundan boshlab uch oy muddat ichida balansda saqlovchi tomonidan undan samarali foydalanilayotganligi haqida maʼlumot taqdim etilmagan boʻlsa, obyektni joyiga chiqqan holda koʻzdan kechiradi, u haqidagi maʼlumotlar oʻrganadi hamda natijasiga koʻra dalolatnoma rasmiylashtiradi. 2 ish kuni 5-bosqich Balansda saqlovchi Obyektdan kelgusida foydalanishga ehtiyoji mavjudligi, shu jumladan kamida 5 yillik demografik oʻsish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflarini ijaraga beruvchi va sotuvchining masʼul xodimlariga taqdim etadi. zaruratga koʻra 6-bosqich Ijaraga beruvchi Oʻrganish natijalarini, shu jumladan obyektni sotish yoki ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadi hamda bu haqda balansda saqlovchiga xabarnoma yuboradi. 1 ish kuni 7-bosqich Ijaraga beruvchi Obyektning foydalanish sohasi, boshlangʻich narxi hamda ijaraga berish muddatini belgilagan holda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqaradi. 2 ish kuni 8-bosqich Sotuvchi Obyekt sotish uchun axborot tizimiga kiritilganda, uni sotishdan oldin tayyorlash va savdoga chiqarishni Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiradi. belgilangan muddatda
