“12-modda. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining vakolatlari
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida (O‘RQ-809-son) · Sana: 15.12.2022 · Amalda
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi:
xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga, xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida gender tenglikka erishishga, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligiga erishishga, davlat xizmatining rahbarlik lavozimlariga ilgari surish chogʻida jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsipini taʼminlashga koʻmaklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ishlarning joriy holatini oʻrganish, mavjud muammolarni tanqidiy jihatdan tahlil qilish va bartaraf etish choralarini koʻradi;
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini erkaklar bilan teng ravishda oshirish choralarini koʻradi;
davlat organlarining jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtiradi;
jinsi boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitilganligi munosabati bilan ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus muassasalarni tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha vaqtinchalik maxsus choralar koʻrish va ularni bekor qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
