Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (699-son)
09.12.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-maydagi PF-136-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat tibbiyot muassasalarida ilmiy darajaga ega boʻlgan tibbiyot xodimlarining faoliyatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-maydagi PF-136-son Farmonining 4-bandiga muvofiq 2022-yil 1-sentabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qoʻshimcha haq toʻlanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qoʻshimcha haq toʻlash uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati;
davolash-profilaktika muassasalarida qoʻshimcha haq toʻlash mezonlari va miqdorlari;
qoʻshimcha haq toʻlash mezonlari boʻyicha xodimning koʻrsatkichlarini hisoblash tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalari xodimlariga ushbu qarorga muvofiq qoʻshimcha haq belgilanishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga hamda Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-dekabr,
699-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-dekabrdagi 699-son qaroriga ILOVA
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat davolash-profilaktika muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — muassasalar) tibbiyot sohasida ilmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan ilmiy darajaga ega boʻlgan tibbiyot xodimlariga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlarining Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq qoʻshimcha haq oladigan tibbiyot xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Muassasalarning fan doktori (Doctor of Science), fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlgan xodimlariga asosiy ish joyi boʻyicha ushbu Nizomga muvofiq har oylik qoʻshimcha haq belgilanadi.
4. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
lavozim maoshi — yilning kalendar oyi uchun muayyan murakkablikdagi mehnat (lavozim) vazifalarini bajarish uchun xodimning mehnatiga haq toʻlashning qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan miqdori (kompensatsiya, ragʻbatlantirish va ijtimoiy toʻlovlar, nafaqalar va boshqa qoʻshimcha toʻlovlarni hisobga olmagan holda);
qoʻshimcha haq — amalga oshirilgan muayyan ish boʻyicha natijaga erishilganligi uchun har oyda toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlov;
xodim — muassasalarda tibbiyot sohasida ilmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshayotgan ilmiy darajaga ega boʻlgan tibbiyot xodimlari.
5. Xodimga qoʻshimcha haq uning joriy yil (kalendar yil) mobaynidagi faoliyati natijalari tahliliga asosan kelgusi yil uchun belgilanadi.
6. Qoʻshimcha haq miqdori xodimning egallab turgan lavozimiga mutanosib ravishda, biroq bir stavkadan ortiq boʻlmagan miqdorda har oyda hisoblanadigan lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi.
7. Xodim bir nechta muassasada qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan boʻlsa, u asosiy ish joyi boʻyicha qoʻshimcha haq olish huquqiga ega boʻladi.
2-bob. Xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi
8. Xodimlarning lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha haq ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq toʻlanadi.
9. Qoʻshimcha haq ushbu Nizomga 2-ilovada koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq erishilgan faoliyat natijalariga asosan toʻlanadi.
10. Xodim muassasa rahbariga har yili 15-dekabrga qadar kelgusi yilda qoʻshimcha haq olish uchun ushbu Nizomga 2-ilovada koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi.
11. Muassasa rahbari taqdim etilgan hujjatlarni oʻn kun ichida koʻrib chiqib, xodimga kelgusi yil uchun oylik lavozim maoshiga qoʻshimcha haq miqdorini (foizda) koʻrsatgan holda buyruq chiqaradi.
Zarur hollarda muassasa rahbari arizani oʻrganib chiqish jarayoniga tegishli mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
12. Ilmiy darajaga ega boʻlgan muassasa rahbari uchun qoʻshimcha haq toʻlash tegishli yuqori turuvchi tashkilot rahbarining buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
13. Muassasa rahbarining buyrugʻi xodimning lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash uchun asos hisoblanadi.
14. Qoʻshimcha haq toʻlashda xodim tomonidan joriy yil 1-yanvardan boshlab ariza berilgan kunga qadar erishilgan natijalar bir kalendar yil uchun bir marta hisobga olinadi.
Quyidagi mezonlar boʻyicha erishilgan natijalar har oylik qoʻshimcha haq toʻlashda har yili inobatga olinadi:
ilmiy darajaga ega boʻlganligi;
ilmiy daraja olgandan keyingi davrda yangi davolash usullari standartlarini joriy etganligi;
har bir ixtiro va (yoki) foydali modelga xorijiy va mahalliy patent olganligi.
15. Qoʻshimcha haq miqdori bir oyda — fan nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 30 foizidan hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 60 foizidan oshmasligi kerak. Bunda belgilangan mezonlar boʻyicha xodimning erishgan koʻrsatkichlari uning ilmiy darajasiga muvofiq 30 yoki 60 foizdan oshgan taqdirda, qoʻshimcha haq tegishlicha 30 yoki 60 foiz miqdorida hisoblanadi.
16. Xodimning ariza berilgandan soʻng ariza berilgan yil yakuniga qadar erishgan va inobatga olinmagan natijalari keyingi yilda qoʻshimcha haq olish uchun murojaat qilinganda hisobga olinadi.
17. Har oylik qoʻshimcha haq boʻyicha toʻlovlar tibbiyot xodimi tegishli ilmiy darajaga ega boʻlgan yil yakuni bilan kelgusi yildan boshlab hisobga olinadi. Bunda xodim ilmiy daraja olgan yilda amalga oshirgan barcha ishlari va erishgan natijalari keyingi yil uchun qoʻshimcha haq toʻlashda inobatga olinadi.
3-bob. Qoʻshimcha haq mablagʻlarini rejalashtirish va moliyalashtirish
18. Tashkilot tomonidan qoʻshimcha haq belgilash uchun budjet mablagʻlari hajmini rejalashtirish muassasa rahbarining buyrugʻi bilan belgilangan ilmiy darajali xodimlar sonini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
19. Xodimlarga qoʻshimcha haqni belgilash bilan bogʻliq xarajatlar shtat jadvalida alohida aks ettiriladi va tashkilotning xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
20. Muassasalarda ushbu xarajatlarni rejalashtirish va toʻlash boʻyicha buyruqning belgilangan muddatdan kech qabul qilinishi xodim olishi lozim boʻlgan qoʻshimcha haqni yil boshidan boshlab yil yakuniga qadar toʻlamaslik uchun asos boʻlmaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizom boʻyicha ajratiladigan budjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi, qoʻshimcha haq miqdorining asoslanganligi, toʻgʻri hisoblanganligi hamda oʻz vaqtida toʻlanishi boʻyicha javobgarlik muassasa rahbari zimmasiga yuklatiladi.
22. Xodimlar muassasa rahbarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
23. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
24. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Davolash-profilaktika muassasasi rahbari Yil yakuni boʻyicha kelgusi yil xarajatlar smetasida davolash-profilaktika muassasasining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimiga har oylik qoʻshimcha haq toʻlash uchun talab etiladigan mablagʻlarni tasdiqlaydi. Har yillik xarajatlar smetasi 2-bosqich Davolash-profilaktika muassasasining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimi 1. Qoʻshimcha haq toʻlash mezonlari boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshiradi. 1. Yil davomida 2. Tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni toʻplaydi va davolash-profilaktika muassasasining rahbariga ariza bilan birga taqdim etadi. 2. Har yili 15-dekabrga qadar 3-bosqich Davolash-profilaktika muassasasi rahbari 1. Arizani koʻrib chiqadi va taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganadi. Har yili 25-dekabrga qadar 2. Oʻrganish natijalari boʻyicha xodimga qoʻshimcha haq toʻlash toʻgʻrisida buyruq chiqaradi. 4-bosqich Davolash-profilaktika muassasasi Buyruq asosida xodimga har oyda qoʻshimcha haq toʻlaydi. Yil davomida
Davolash-profilaktika muassasalarining ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlariga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davolash-profilaktika muassasalarida qoʻshimcha haq toʻlash
MEZONLARI VA MIQDORLARI
T/r Mezonlar nomi Tasdiqlovchi hujjatlar Oylik qoʻshimcha haq miqdori (foiz) Fan doktori (Doctor of Science) Fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) 1. Ilmiy darajaga ega boʻlganligi uchun Diplom nusxasi 20 10 2. Ilmiy daraja olgandan keyingi davrda yangi davolash usullari standartlarini joriy etganligi uchun Sogʻliqni saqlash vazirining yangi davolash usuli, diagnostika va davolash standartlariga kiritilganligini tasdiqlovchi buyrugʻi nusxasi 6 3 3. Har bir ixtiro va (yoki) foydali modelga xorijiy yoki mahalliy patent olganlik uchun (muallifga) Patent nusxasi 8 4 4. Ilmiy darajalar beruvchi kengashlarda aʼzolik uchun (sonidan qatʼi nazar) Ilmiy kengashning tasdiqlangan roʻyxati 6 3 5. Ilmiy jurnallar yoki ilmiy tadbirlar toʻplamlarida eʼlon qilingan maqola(lar) uchun (sonidan qatʼi nazar) Maqola(lar) roʻyxati va muqova, mundarija, nashr betlari nusxalari 2 1 6. Kamida oxirgi ikki yil ichida xorijiy umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalarida doimiy ravishda boʻlgan jurnallarda (ushbu talab Oʻzbekiston nomidan kiritiladigan jurnallarga nisbatan tatbiq etilmaydi) eʼlon qilingan maqola (monografiya) uchun (sonidan qatʼi nazar) Maqola (monografiya) roʻyxati va muqova, mundarija, nashr betlari nusxalari 4 2 7. Davlat ilmiy dasturlari loyihalarida loyiha rahbari sifatida ishtirok etganlik uchun (sonidan qatʼi nazar) Innovatsion rivojlanish vazirligining hayʼati tomonidan tasdiqlangan qaror nusxasi 6 3 8. Davlat ilmiy dasturlari loyihalarida aʼzo sifatida ishtirok etganlik uchun (sonidan qatʼi nazar) Buyurtmachi bilan loyihaning ijrochi tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi 2 1 9. Oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan darslik, oʻquv qoʻllanmasi yoki monografiya nashri uchun (sonidan qatʼi nazar) Darslik (oʻquv qoʻllanmasi, monografiya) roʻyxati va muqova, mundarija, nashr betlari nusxalari 4 2 10. Tibbiy taʼlim yoʻnalishida magistratura bosqichi talabalarining ilmiy faoliyati va amaliyotiga rahbarlik qilganligi yoki klinik ordinatorlarning oʻquv va klinik amaliyotiga rahbarlik qilganligi yoxud talabaning magistrlik dissertatsiyasiga rahbarlik (ilmiy maslahatchilik) qilganligi uchun (sonidan qatʼi nazar) Oliy taʼlim muassasasining kengashi bayonidan koʻchirma 2 1
Izoh. 1 — 3-pozitsiyalardagi mezonlar boʻyicha qoʻshimcha haq har yili toʻlanadi. Qolgan mezonlar boʻyicha koʻrsatkichlar xodimning oxirgi 12 oydagi faoliyati natijalari boʻyicha hisoblanadi.
