Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalarini (0037-22-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (32-son)
18.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 10-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 121]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalari (0037-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2017-yil 4-fevralda tasdiqlangan Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalari (0345-17-son SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Savdo sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-noyabr,
32-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat veterinariya qoʻmitasining raisi B. NORQOBILOV
2022-yil 16-noyabr
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 11-noyabr
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Sh. ShARAXMETOV
2022-yil 13-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2022-yil 17-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 18-noyabrdagi 32-son qaroriga ILOVA
Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalari
(0037-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) baliq mahsulotlarining yuqori sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida baliqni qayta ishlash korxonalarining (bundan buyon matnda korxonalar deb yuritiladi) sanitariya-texnik holatiga, ishlab chiqarishni tashkil etishga, shuningdek ishlab chiqarishda mehnat sharoitlariga qoʻyiladigan sanitariya-epidemiologik talablarni belgilaydi.
Mazkur sanitariya qoidalari Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (bundan buyon matnda JSST deb yuritiladi) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining (bundan buyon matnda BMT deb yuritiladi) Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Xalqaro komissiyasi tomonidan qabul qilingan Kodeks Alimentarius xalqaro oziq-ovqat standartlari toʻplamiga (bundan buyon matnda Kodeks Alimentarius deb yuritiladi) kiruvchi “Baliq va baliq mahsulotlari” (JSST va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Moskva, 2007-yil), “Jarayon boʻyicha qoʻllanma” (JSST va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), 21-nashr, Rim, 2013-yil) hamda “Baliq va baliq mahsulotlari. Norma va qoidalar toʻplami” (JSST va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Rim, 2022-yil) talablari asosida ishlab chiqilgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu sanitariya qoidalarida quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
baliq — har qanday sovuq qonli suv umurtqalilari (amfibiyalar va suvda yashovchi reptiliyalar bundan mustasno);
sovutish — baliqni muzning erishiga yaqin (oʻrtacha 0°S) temperaturada sovutish jarayoni;
tozalash — ifloslantiruvchi moddalarni, oziq-ovqat qoldiqlarini, chiqindilarni, yogʻ va boshqa chiqindilarni olib tashlash;
ifloslantiruvchi moddalar — oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish xavfsizligiga yoki uning yaroqliligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi har qanday biologik yoki kimyoviy moddalar;
ifloslanish — baliq va ulardan olingan mahsulotlarning ifloslantiruvchi moddalar bilan zararlanishi;
xavf — oziq-ovqat mahsulotida mavjud boʻlgan potensial xavf-xatarlarning (biologik, kimyoviy, fizikaviy va boshqa omillar) isteʼmolchilar hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli;
xavfni baholash — ilmiy maʼlumotlar va usullarga asoslangan holda xavfli omillarning xususiyatlarini aniqlash, taʼsirini baholash va xavfni tavsiflash bosqichlaridan iborat boʻlgan jarayon;
xavfni boshqarish — xavf-xatarlarni va boshqa omillarni baholash natijasida ularni bartaraf qilish maqsadida ogohlantiruvchi choralarni ishlab chiqish va qoʻllash jarayoni.
2. Baliq mahsulotlarining xavfsizlik mezonlari SanQvaN 0366-19-son “Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha gigiyena normativlari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
2-bob. Kodeks Almentarius tavsiyalari asosida ishlab chiqarishni tashkil etishga boʻlgan sanitariya-gigiyena talablari
3. Xavfni tahlil qilish Kodeks Alimentarius tavsiyalariga koʻra, bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan uchta alohida tarkibiy qismdan (xavfni baholash, xavfni boshqarish va xavf toʻgʻrisida maʼlumot berish) iborat boʻlib, har bir tarkibiy qism xavfning umumiy tahlilining ajralmas qismi hisoblanadi.
Xavfni kamaytirish va uning oldini olish boʻyicha tadbirlar xavfni baholash orqali amalga oshirilishi lozim.
4. Insonlar salomatligi uchun xavf-xatar aniq va ravshan boʻlgan, ammo ilmiy maʼlumotlar toʻliq yoki yetarli boʻlmagan vaziyatlarda Kodeks Alimentarius tavsiyasi boʻyicha “Isteʼmolchilar salomatligining ustuvor prinsiplari” qoʻllanilishi lozim.
5. Xavfni baholashda ishlab chiqarish jarayonining barcha zanjirlaridagi saqlash, tashish, sinama olish, tahlil qilish va nazorat usullari inson salomatligida noxush oqibatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan boʻlishi kerak.
3-bob. Ishlab chiqarish obyektlariga, xonalar va uskunalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
6. Barcha sanoat, maʼmuriy va ichki binolar ventilatsiya (tabiiy, mexanik qoʻzgʻatuvchi yoki aralash) bilan taʼminlanishi kerak.
Korxonalarning yertoʻlalarida omborxonalar, muzlatgichlar, tuzlash xonalari, isitish tizimi uchun xonalar, apparat, mashina va kompressor xonalarini joylashtirishga ushbu yertoʻlalarda texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda mexanik ventilatsiya tizimi mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
7. Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari texnik mahsulotlar ishlab chiqaradigan sexlardan toʻliq ajratilishi va alohida kirish joylari va maishiy xonalarga ega boʻlishi kerak.
8. Sanoat binolaridagi pollar tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay sirtga ega boʻlishi lozim. Beton pol qoplamasi qatronlar, keramik plitkalar yoki plastik qatronlar bilan qoplanishi zarur.
9. Korxonaning (sex) xoʻjalik, mahalliy, yomgʻir suvlaridan hosil boʻladigan oqovalari umumiy kanalizatsiya tarmogʻiga tozalangan holda chiqarilishi kerak. Sanoat va maishiy oqova suvlarni tozalamasdan va zararsizlantirmasdan suv omborlariga tushirish taqiqlanadi.
10. Xavf-xatarning oldini olish maqsadida trapning quvurlari diametri oqova suvlarini uzluksiz oqishini taʼminlashi kerak (diametri kamida 100 mm). Korxonada har 150 m2 dan ortiq boʻlmagan maydonga bitta trap oʻrnatilishi hamda traplar panjara bilan oʻralgan boʻlishi zarur.
11. Devorlar yuzasi suv oʻtkazmaydigan va oson tozalanadigan boʻlishi kerak. Devorlar qoplamasi uchun keramik plitkalar, gʻishtlar, yuvish boʻyoqlari ishlatiladi.
12. Shift beton, plastmassa, yogʻochdan yoki zanglamaydigan poʻlatdan boʻlishi zarur. Elektr simlari yopiq holda (koʻrinmaydigan va tashqi obyektlarga tegmaydigan holda) oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
13. Eshiklar chidamli, silliq, suv oʻtkazmaydigan va oson yuviladigan materialdan (boʻyoq bilan qoplangan metall, plastmassa, zanglamaydigan poʻlatdan, galvanizli poʻlat qatlam bilan qoplangan yogʻochdan) tayyorlanishi kerak.
14. Hojatxona ishchi maydonlardan tashqarida, alohida joylashishi kerak.
15. Korxonada tozalash va dezinfeksiya qilish ishlarini osonlashtirish uchun quyidagilar inobatga olinishi kerak:
baliqlar, umurtqasizlar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan aloqaga kirishishi mumkin boʻlgan barcha yuzalar korroziyaga va suvga chidamli materiallardan tayyorlangan boʻlishi va yorqin rangli, silliq va oson yuvilishi;
devorlar texnologik jarayonni taʼminlash uchun yetarli balandlikka ega boʻlishi;
shiftlar ifloslanish va kondensat toʻplanishini kamaytirishi;
derazalarga chivinga qarshi toʻrlar oʻrnatilgan boʻlishi;
pol va devorlar orasidagi ulanish joyi tozalash uchun qulay boʻlishi.
16. Korxonada yoki baliq ovlash kemasida asbob-uskunalar, inventarlar toza va texnik soz holatda saqlanishi lozim.
17. Hasharotlar va boshqa zararkunandalar koʻpaymasligi uchun gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, hasharotlarning korxonaga kirishining oldi olinishi hamda ularning uyalarini yoʻq qilish choralari koʻrilishi zarur.
4-bob. Baliq qabul qilish va tozalash xonasiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
18. Baliqni qabul qilish xonasida sovuq va issiq suv tarmogʻi, shuningdek, dezinfeksiyalash vositalarini tayyorlash uchun markirovkalangan idishlar boʻlishi kerak.
19. Baliq qabul qilish xonasining pollari betonlangan boʻlishi kerak. Polga chiqindilarni tashlash taqiqlanadi.
20. Xavfning oldini olish maqsadida baliqni tashish jarayonida u ifloslanishdan va mexanik shikastlanishdan himoya qilinishi kerak.
21. Baliq qabul qilish xonasida isitgichlar shiftga oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
22. Xavf-xatarning oldini olish maqsadida tozalash uchun tayyorlangan yoki kesilgan baliq muz bilan sepilgan holda sovutilgan maxsus idishlarda saqlanishi kerak. Baliqning mexanik shikastlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun muz qatlamining balandligi baliqning oʻlchamiga qarab 30 — 50 sm dan 70 — 80 sm gacha boʻlishi kerak.
23. Sovutish uchun muz ichimlik suvidan tayyorlanishi va maxsus idishlarda saqlanishi kerak. Qayta ishlash uchun olingan baliq -20°C dan -70°C gacha boʻlgan haroratda sovutilgan holda saqlanishi lozim.
24. Baliqni tozalash, kesish moslamalari xavfsiz va insonga zarar yetkazishdan himoyalangan boʻlishi zarur.
25. Qabul qilingan baliq unda parazitlarning mavjudligini aniqlash uchun koʻzdan kechirilishi va tashqi qoʻshimchalardan (qisqichbaqasimonlar, lichinkalar, parazitlar) tozalanishi zarur.
26. Parazitlar mavjud boʻlgan yoki yuqumli kasalliklarga chalingan baliqlarga ishlov berishda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
baliqni yoki uning qismlarini, shuningdek chiqindilarni suv havzalariga tashlamaslik;
uy hayvonlarini parazitlar bilan kasallangan baliqlarning goʻshti va ichaklari bilan boqmaslik;
teri parazitlari, xilodonella, ixtioftirius bilan kasallangan tirik baliqlarni suvda yuvishdan oldin 5 foizli natriy xlorid eritmasi bilan yuvish.
Baliqqa ishlov berib boʻlingandan soʻng, sexlar, asbob-uskunalarni tozalash va dezinfeksiya qilish amalga oshirilishi zarur. Qoʻllar sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalash vositasi bilan dezinfeksiya qilinishi lozim.
27. Tozalash oxirida baliq shilimshiq, qon, ichak qoldiqlaridan toza oqar suvda yaxshilab yuviladi va sovutilgan maxsus idishlarda saqlanadi yoki muz bilan qoplanadi. Shundan soʻng texnologik koʻrsatmalarga muvofiq yoki darhol keyingi texnologik ishlov berish uchun yuborilishi kerak.
28. Baliq tutilgan vaqtdan boshlab 1,5 — 2 soat ichida uni muzlatishning imkoni boʻlmasa, ushbu baliq 5 — 10 soat davomida 0°S dan -5°C haroratgacha sovutgichda saqlanishi kerak.
29. Baliqlarni glazurlash (baliqni -19°C haroratdagi tuzli suvga 2-3-marta botirib olish) toza suvda amalga oshiriladi. Bunda, suv ifloslanishi bilan darhol almashtirilishi lozim.
30. Muzlatish kameralarida havo aylanishini taʼminlash maqsadida baliq mahsulotlari devorlardan kamida 50 sm masofada hamda kamida 18 sm balandlikdagi peshtaxtalarda saqlanishi lozim.
31. Muzlatish kameralari, yoʻlaklardagi pollarni tozalash zaruratga koʻra, lekin har smenada kamida bir marta amalga oshirilishi kerak.
Muzlatish kameralarining qor qatlamlarini olib tashlash oyiga kamida bir marta amalga oshiriladi.
5-bob. Yordamchi materiallarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
32. Tuzni saqlash omborlari yogʻingarchilik, yer osti suvlari va mexanik ifloslanishdan himoyalangan boʻlishi kerak. Tuzni saqlash uchun maxsus idishlardan foydalanish kerak.
33. Tuz va muz ombori ishchilari maxsus kiyim-bosh, poyabzal va jihozlardan foydalanishlari kerak.
34. Qayta ishlash korxonalarida ishlatiladigan ziravorlar tashish taralarida yoki paketlarda omborga yetkazib berilishi kerak. Bunda, ziravorlar quruq ventilatsiya qilingan xonalarda, ushbu ziravorlarning texnologik yoʻriqnomalarida koʻrsatilgan tartibda saqlanishi kerak.
35. Ziravorlarni maydalash va qaynatma tayyorlash markazlashtirilgan holda, asosiy sexlardan alohida, ventilatsiya bilan jihozlangan xonalarda amalga oshirilishi kerak.
36. Yordamchi materiallar omborlarda saqlanishi, ombor devorlari oqlangan boʻlishi, pollar har smenada kamida 1-marta, shiftlar esa oyiga 2-marta namlantirib tozalanishi kerak.
37. Ishlatishdan oldin barcha kukunsimon yordamchi materiallar magnitdan oʻtkazilishi lozim.
38. Korxonaga olib kelingan oʻsimlik yogʻining organoleptik parametrlari laboratoriyada tekshirilishi kerak. Oʻsimlik yogʻini ochiq idishlarda va quyosh nuri ostida saqlash taqiqlanadi.
39. Boshqa yordamchi materiallar sanitariya-gigiyena talablariga va texnologik koʻrsatmalarga javob beruvchi harorat va namlikda saqlanishi kerak.
40. Sirka kislotasi idishlari yumshoq mato toʻshalgan yogʻoch qutilarida salqin va quruq joyda saqlanishi zarur.
6-bob. Baliq tuzlash sexlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
41. Tuzlash, eritish va ivitish uchun qozonlarning devorlari poldan kamida 50 sm balandlikda boʻlishi talab etiladi. Statsionar idishlarga almashtirilgunga qadar brezent idishlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Xavfni boshqarish maqsadida tizimli tozalash, yuvish va dezinfeksiya qilish muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur.
42. Tuzlash idishlarining tubi oqova suv tizimiga ulangan boʻlishi hamda ishlatilgan shoʻr suv toʻliq tushib ketishi taʼminlanishi kerak. Idishlardan chiquvchi drenaj quvuri suvni ochish/oʻchirish krani bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Tuzlash, eritish va ivitish uchun idishlar issiq va sovuq suv bilan taʼminlanishi kerak.
43. Idishlar panjara qopqoqlari bilan qoplangan boʻlishi kerak. Buning uchun brezentdan va boshqa suv oʻtkazmaydigan matodan foydalanish taqiqlanadi.
44. Baliqni havo bilan quritish poldan kamida 40 sm balandlikdagi peshtaxtalarda amalga oshirilishi kerak. Peshtaxtalarning yuzasi silliq hamda dezinfeksiya qilish oson boʻlishi zarur. Peshtaxtalar orasida yoʻlaklar boʻlishi lozim. Peshtaxtalarda yurish taqiqlanadi.
45. Baliqlarni idishlarga tuzlash va tushirish paytida ishchilar maxsus poyabzal, kombinezon, toza qoʻlqop kiyishlari, shuningdek maxsus belgilangan joyda saqlanadigan tuzlash sexi uchun uskunalardan foydalanishlari kerak.
46. Har bir baliq tushirilgandan va yuklangandan soʻng jihozlar yaxshilab tozalanishi, yuvish vositalari qoʻshilgan issiq suv bilan yuvilishi hamda dezinfeksiya qilinishi lozim. Bunda, jihozlar takroran baliq yuklashdan oldin qoʻshimcha ravishda issiq suv bilan yuvilishi kerak.
47. Pashsha lichinkalari yoki fuksin bilan zararlangan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash, baliq mahsulotlarining zararkunandalariga qarshi kurash boʻyicha koʻrsatmalarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
48. Qadoqlangan shoʻr va tuzlanmagan mahsulotlar texnologik koʻrsatmalarga muvofiq omborlarda va muzlatgichlarda saqlanishi kerak.
49. Dudlangan baliq ishlab chiqarishda asosiy texnologik jarayonlar (eritish, kesish, tuzlash va tekislash, ivitish, dudlash) amalga oshiriladigan xonalardan tashqari, quyidagi alohida xonalar boʻlishi kerak:
namakob tayyorlash uchun xonalar;
tayyor mahsulotni qadoqlash xonalari;
qayta ishlangan idishlarni yuvish, idishlarni quritish va saqlash uchun xonalar, idishlar ombori.
yoqilgʻi va dudlash uchun yogʻoch qipigʻi, shuningdek dezinfeksiyalash, yuvish vositalari va dudlangan suyuqliklarini saqlash uchun xonalar.
50. Dudlovchi kameralar havo tortuvchi ventilatsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi, eshiklar va lyuklari mustahkam yopilishi kerak.
51. Tayyor mahsulotni tarqatish hamda xomashyoni yetkazib berish jarayonlari bir-biridan alohida xonalarda amalga oshirilishi kerak.
7-bob. Baliq quritish jarayoniga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
52. Baliqni sunʼiy quritish xonalarining devorlari va shiftlari silliq va oson tozalanadigan boʻlishi hamda devor panellari kamida 1,8 metr balandlikda plitka bilan qoplangan boʻlishi kerak.
53. Baliqlarni tabiiy quritish boʻlimi boshqa ishlab chiqarish sexlaridan kamida 25 metr uzoqlikda devor bilan oʻralgan boʻlishi, chiqindi qutilari va hojatxonalardan kamida 50 metr masofada joylashgan boʻlishi kerak. Tabiiy quritish, atrofi ochiq shiyponlarda, erdan kamida 0,8 m balandlikka osib qoʻyilgan holda amalga oshiriladi. Osishdan avval baliq ustidan ortiqcha shoʻrni ichimlik suvi yordamida yuvib tashlash zarur.
54. Qafaslar, panjaralar va boshqalar har bir foydalanishdan keyin alohida xonada yaxshilab tozalanishi, sodali suvning 1-2 foiz issiq eritmasida yuvilishi hamda olovda kuydirilishi lozim.
55. Quritilgan baliqlarni toʻplash poldan 50 sm balandlikdagi stollarda amalga oshirilishi, quritilgan baliqlar brezent bilan qoplangan boʻlishi kerak.
56. Quritilgan baliqlarni saqlash sovutilgan xonada texnologik talablarga javob beradigan harorat va nisbiy namlikda amalga oshirilishi zarur.
57. Tabiiy va sunʼiy quritish boʻlimlarida hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari muntazam ravishda amalga oshirilishi kerak.
8-bob. Konserva ishlab chiqarish jarayoniga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
58. Xavfni boshqarish maqsadida konservalarni ishlab chiqarish, xomashyo hududi, sous va avtoklav boʻlmalari, idishlarni va uskunalarni yuvish uchun ikkita alohida yuvish boʻlmalari, shuningdek baliqlarni qovurish va qadoqlash uchun maydonlar alohida ajratilgan holda umumiy xonada joylashtirilgan boʻlishi lozim.
59. Konserva idishlari va qopqoqlari qadoqlashdan oldin sanitar ishlovdan oʻtkazilishi kerak.
60. Konserva yopuvchi, toʻldiruvchi, kesuvchi mashinalar bugʻ, sovuq va issiq suv bilan taʼminlanishi kerak. Issiq suv va bugʻ harorati doimiy ravishda oʻlchab borilishi lozim.
61. Konserva mahsulotini ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo va yordamchi materiallar korxona laboratoriyasi tomonidan tekshirilishi kerak. Xom ashyo, yordamchi materiallar, suv va tayyor mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari maxsus jurnallarda qayd etiladi.
62. Yogʻga issiqlik bilan ishlov berish mahsulot turiga qarab amalga oshiriladi. Laboratoriya nazoratidan oʻtmagan yogʻdan konserva ishlab chiqarish uchun foydalanish taqiqlanadi.
63. Konservalarni sterilizatsiya qilish texnologik yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Sterilizatsiya jarayoni koʻrsatkichlari sterilizatsiyani nazorat qilish jurnallarida qayd etiladi.
64. Xavfni baholash uchun baliq solingan konservalarni quyidagi tartibda sterilizatsiya qilish kerak:
konservalarning qopqogʻini yopishdan oldin 10 daqiqagacha;
yopilgan konservalarni 30 daqiqagacha.
Sterilizatsiya qilish mazkur bandda koʻrsatilgan vaqtdan kam yoki oʻtib ketgan hollarda bakteriologik tahlil oʻtkazish uchun avtoklavlardan 50 ta banka konserva namunalari olinadi.
65. Ish tugagandan soʻng har kuni tsisternalardan barcha yogʻ va boshqa quymalarni toʻkib tashlash kerak, texnologik tizimlar hamda toʻldirish mashinalari issiq suv va yuvish vositalari bilan yuvilishi, dezinfeksiya qilinishi, soʻngra issiq suv bilan chayilishi kerak.
66. Idishdagi yogʻ darajasini aniqlash uchun yogʻ oʻlchagich asboblardan foydalanish kerak.
67. Yogʻ mavjud boʻlgan tsisternalar va idishlarga toza yogʻ qoʻshish taqiqlanadi.
68. Oziq-ovqat maqsadlarida ishlatiladigan yogʻ yopiq va muhrlangan idishlarda saqlanishi kerak.
69. Qovurilgan (frityur) yogʻlarning sifatini nazorat qilish ishlab chiqarish laboratoriyasi tomonidan amalga oshiriladi. Yogʻning kislotaliligi umumiy miqdori SanQvaN № 0366-19 “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining gigiyenik normativlari”da belgilangan miqdorlardan oshsa, yogʻni boshqasiga almashtirish kerak. Ishlatilgan yogʻ toʻliq toʻkib tashlanib, yangisiga almashtirilishi kerak.
70. Baliq qovurishda barcha ishlatiladigan jihozlar termoizolatsiyalovchi material bilan qoplangan boʻlishi kerak. Termoizolatsiyalovchi material 45°C dan oshmaydigan yuza haroratida boʻlishi kerak. Baliq qovurish joylari mahalliy soʻruvchi ventilatsiya tizimiga ega boʻlishi lozim.
71. Baliq konservalash korxonalarida haftasiga kamida bir marta sanitariya kunlari oʻtkazilishi kerak. Bu vaqtda barcha asbob-uskunalar, quvurlar, inventarlar, idishlar va boshqalarga sanitar ishlovi beriladi va dezinfeksiya qilinadi. Bundan tashqari, har bir ish smenasidan keyin asbob-uskunalar, inventar va boshqalarda joriy sanitar tozalash amalga oshiriladi.
72. Korxonalarda konserva mahsulotlarini saqlash ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomalarga koʻra, belgilangan mikroiqlim sharoitlari (harorat, havo namligi)da quruq omborlarda amalga oshirilishi zarur. Xavf-xatarning oldini olish uchun omborlarda mikroiqlim koʻrsatkichlari nazorat qilinishi kerak. Yaroqsiz konserva mahsulotlari utilizatsiya qilinguniga qadar vaqtinchalik alohida xonada saqlanishi lozim.
9-bob. Baliq qiymasi va ikra ishlab chiqarish jarayoniga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
73. Qayta ishlash jarayonida olingan qiyma darhol qadoqlash va muzlatish yoki mahsulot ishlab chiqarishga oʻtkazilishi zarur.
74. Baliq qiymasi -30°C haroratda muzlatilib, uning markazidagi harorat -18°C dan yuqori boʻlmasligi lozim. Yuvilgan baliq qiymasini saqlash muddati 6 oy, yuvilmagan baliq qiymasini saqlash muddati 3 oy qilib belgilanadi.
75. Ikra ishlab chiqarish ish joylari issiq va sovuq suv bilan taʼminlanishi kerak.
76. Baliq qornidan ikrani olishdan oldin oqar suv bilan qondan tozalanishi hamda sovutilgan holda keyingi texnologik jarayonga oʻtkazilishi lozim.
77. Baliqdan ikra olish va keyingi har bir texnologik jarayonlar alohida ishchilar tomonidan amalga oshiriladi.
78. Xavf-xatarning oldini olish maqsadida ikra tayyorlash uchun faqat qaynab sovutilgan suv, qizdirilgan tuz va oʻsimlik yogʻi, sifatli moddalar ishlatilishi kerak. Agar yogʻ tarkibida patogen stafilokokklar aniqlansa, mazkur yogʻdan ikra ishlab chiqarishda foydalanish taqiqlanadi.
79. Ikraning degustatsiyasi plastik vilka yoki qoshiqchalar bilan oʻtkazilishi lozim.
80. Ikrani qadoqlashdan oldin idishlar (bankalar) yaxshilab tozalanishi, yuvilishi va bugʻlanishi yoki sterilizatsiya qilinishi kerak. Qadoqlangan ikra darhol saqlash uchun sovutgichga yuboriladi.
81. Xavf-xatarning oldini olish maqsadida ikra ishlab chiqarish binolari, asbob-uskunalar va jihozlar har kuni sanitariya tozalovidan oʻtkazilib dezinfeksiya qilinishi kerak.
10-bob. Baliqdan boshqa tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
82. Baliq va boshqa dengiz mahsulotlarini muzdan eritish maxsus moslamalarda yoki vannalarda suvda yoki kuchsiz tuzli eritmada 20°C dan yuqori boʻlmagan haroratda yoki peshtaxtalarda (havoda eritish) amalga oshiriladi.
83. Tozalangan, boʻlaklangan, maydalangan va boshqa baliq darhol issiqlik bilan ishlov berish uchun korxonaning tegishli boʻlimiga yuborilishi kerak.
84. Mahsulotlarni qovurish, qaynatish va pishirish jarayonlarining harorati maxsus jurnallarda qayd etilishi kerak. Bunda, baliq boʻlagining ichidagi harorat +80°C dan past boʻlmasligi kerak.
85. Xavf-xatarning oldini olish uchun jeleli taomlar tayyorlash jarayonida qoʻllaniluvchi shoʻrvani idishga quyishdan oldin qaynatilishi hamda jelatin qoʻshilgandan soʻng qaynash darajasigacha qizdirilishi kerak. Bunda, yangi tayyorlangan shoʻrvadan foydalanilishi lozim.
86. Agar boshqa tarkibiy qismlar qoʻshiladigan boʻlsa, jele qaynatilgan paytdan keyin 5 daqiqa davomida ikkinchi marta qaynatilishi zarur.
87. Jele qadoqlash jarayonida qadoqlar 100°C dan past boʻlmagan haroratda quruq issiqlik bilan sterilizatsiya qilinishi kerak.
88. Baliq va sabzavotlarni kesishda silliq tekislangan yuzali qattiq yogʻoch taxtalardan foydalanish lozim.
11-bob. Tayyor baliq mahsulotlarini qadoqlashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
89. Konteynerlarga joylashtirilgan va joʻnatilishi kerak boʻlgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnomalarda koʻrsatilgan haroratda omborlarda saqlanishi kerak.
90. Konserva mahsulotlari, yarim tayyor baliq mahsulotlari, tayyor va dudlangan mahsulotlarni alohida-alohida, texnologik yoʻriqnomalarda koʻrsatilgan, mahsulotga xos sharoitlarda saqlash zarur.
91. Oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash uchun konteynerlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turadigan qadoqlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 7-iyuldagi 476-son qarorida belgilangan talablarga javob berishi hamda sanitariya tozalovidan (mexanik tozalash, yuvish vositasi va issiq suv bilan yuvish, dezinfeksiyalash, chayish va quritish) oʻtgan boʻlishi lozim. Ifloslangan va mogʻorlagan idishlardan foydalanish taqiqlanadi.
92. Konteynerlarning sanitariya jihatidan tozaligi ishlab chiqarish laboratoriyasi tomonidan oyida kamida ikki marta tekshirilishi va natijalar maxsus jurnalda qayd etilishi kerak.
93. Baliq mahsulotlari maxsus transport vositasida tashilishi, transport vositasi har foydalanishdan soʻng sanitariya tozalovidan oʻtkazilishi zarur.
12-bob. Korxonaning suv va muz taʼminotiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
94. Korxonalarni (sexlarini) suv bilan taʼminlash markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv taʼminotiga ulanish orqali taʼminlanishi kerak. Markazlashtirilgan suv taʼminoti mavjud boʻlmagan taqdirda, mustaqil suv taʼminoti tizimi qurilgan boʻlishi zarur.
95. Ichimlik suv taʼminoti tarmoqlarining texnik (ichimlik boʻlmagan) suv taʼminoti tarmoqlari bilan kesishishi taqiqlanadi.
96. Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasida, shuningdek inventarlarni, uskunalar va idishlarni sanitariya tozalashda faqat ichimlik suvi sifati darajasidagi suvdan foydalanish lozim. Tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish uskunalarini (sovutish jihozlari, vakuum nasoslari, barometrik kondensatorlar va boshqalar) yuvishda suv sifatini yomonlashtiradigan moddalarni (neft mahsulotlari, qattiq moddalar va boshqalar) oʻz ichiga olmagan ochiq suv havzalari suvidan foydalanish mumkin.
97. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ilovada keltirilgan.
Baliqni qayta ishlash korxonalari uchun sanitariya qoidalariga ILOVA
Ishlab chiquvchilar roʻyxati: A.S. Xudayberganov — Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriyasi mudiri, t.f.d., professor; E.B. Navruzov — Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, t.f.n.; G.M. Israilova — Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi gigiyena kafedrasi dotsenti, t.f.n., dotsent; B.O. Sagdullaeva — Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi. A.R. Nosirova — Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi. Taqrizchilar roʻyxati: T.I. Iskandarov — Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, t.f.d., professor, OʻzR Fanlar akademiyasi akademigi; D.A. Zaredinov — Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Gigiyena kafedrasi mudiri, t.f.d., professor; A.N. Shukurov — Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshligʻi, t.f.n.
