Dehqon bozorlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0035-22-son SanQvaN)ni tasdiqlash toʻgʻrisida (30-son)
17.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 7-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 120]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Dehqon bozorlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0035-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Dehqon bozorlari tarkibiy qurilmasi va foydalanishga boʻlgan sanitar-gigiyenik talablar (0308-14-sonli SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-noyabr,
30-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 11-noyabr
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari A. QAYuMOV
2022-yil 4-noyabr
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi B. NORQOBILOV
2022-yil 4-noyabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2022-yil 15-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 17-noyabrdagi 30-son qaroriga ILOVA
Dehqon bozorlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
(0035-22-son SanQvaN)
Mazkur Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi barcha dehqon bozorlarining (bundan buyon matnda bozorlar deb yuritiladi) sanitariya-gigiyena holati, ulardagi mahsulotlarni saqlash, tashish hamda sotishga boʻlgan sanitariya talablarini belgilaydi.
1-bob. Dehqon bozorlari hududiga boʻlgan sanitariya talablari
1. Epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida bozor hududi quyidagilarga boʻlinadi:
savdo-sotiq rastasi;
maʼmuriy-omborxona (maʼmuriy-maishiy xonalar, bozor xodimlari ovqatlanishi uchun umumiy ovqatlanish joylari, omborxonalar);
xaridorlar uchun obodonlashtirilgan bozor ichki yoʻlaklari;
transport vositalari turar joyi;
xoʻjalik, chiqindi yigʻish maydoni.
2. Koʻp miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlarini avtomashinalarda sotish uchun bozor hududida yuk avtomashinalarining kirib chiqishini taʼminlaydigan maydon boʻlishi lozim.
3. Chiqindilar qopqoqli konteyner va qutilarga yigʻiladi. Mazkur konteyner va qutilar eri qattiq qoplamaga ega boʻlgan, atrofi toʻsilgan maydonchaga joylashtiriladi.
Bunda, chiqindi yigʻish maydonchasi savdo hududidan kamida 25 metr uzoqlikda boʻlishi, shuningdek bozor hududining har 250 m2 maydoniga 1 ta konteyner oʻrnatilishi lozim.
Konteynerlar va chiqindi yigʻish idishlari bozor hududidan sutkasiga kamida bir marta olib ketilishi zarur. Chiqindilarni bozor hududida yoqib yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Bozor hududi savdo boshlanishidan avval va tugatilganidan soʻng tozalanadi. Qish mavsumida bozor hududi (kirish yoʻllari va yoʻlaklar) qor va muzdan muntazam tozalab turilishi kerak.
2-bob. Suv taʼminoti va kanalizatsiyaga boʻlgan talablar
5. Bozordagi issiq va sovuq suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimlari QMQ 2.08.02-09-son “Jamoat binolari va inshootlari” talablariga javob berishi kerak.
6. Texnologik, maishiy-xoʻjalik, ichimlik uchun foydalaniladigan suv SanQvaN 0211-06-son “Oʻzbekiston aholisining xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti markazlashtirilgan tizimi suvining gigiyenik mezonlari va sifatining nazorati” talablariga javob berishi zarur.
7. Bozor hududiga suv sepish va avtomashinalarni yuvish uchun texnik suvdan foydalaniladi. Bunda, ichimlik suvidan foydalanilishining oldini olish maqsadida texnik va ichimlik suvlar bir-biridan ajratilgan boʻlishini taʼminlash lozim.
8. Umumiy soni kamida 50 ta savdo oʻrniga ega boʻlgan bozor hududida xaridorlar va xodimlar uchun kamida bitta qoʻl yuvish rakovinasi, savdo jihozlari, meva va sabzavotlarni yuvish uchun qurilmalar boʻlishi lozim.
9. Markaziy issiq suv taʼminoti boʻlmagan taqdirda, yuvish xonalarida yetarli darajada issiq suv bilan taʼminlash uchun elektr qaynatgich, elektr isitgichlardan foydalaniladi.
10. Sanitariya jihozlari va yuvish uskunalari soz, toza saqlanishi hamda har kuni dezinfeksiya qilinishi kerak.
11. Hojatxonaga kiraverishda, xonalarni tozalashga suv olish uchun poldan 0,5 metr balandlikda issiq va sovuq suv keltirilgan kran oʻrnatilishi kerak.
12. Oqova suvlar shahar oqova suv tizimiga ulangan boʻlishi kerak.
3-bob. Ventilatsiya, isitish va yoritishga boʻlgan talablar
13. Bozordagi turgʻun (statsionar) obyektlar shahar issiqlik tarmogʻiga ulangan boʻlishi, shuningdek ShNQ 2.04.05-son “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash talablari”ga muvofiq, mexanik ventilatsiya tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Markaziy isitish tizimi mavjud boʻlmagan taqdirda, turgʻun obyektlarda mahalliy isitish qurilmalari (qozonlar, pechlar) oʻrnatilishi lozim.
14. Bozorlardagi xonalarni isitish, ventilatsiya va havoni almashtirish tizimi moslamalari, savdo va omborxonalarda mikroiqlim sharoitlari, havoning tozaligi, uskunalardan foydalanishda ulardan chiquvchi shovqin va tebranishlar, xonaning isitilishi va ventilatsiyasi SanQvaN 0325-16-son “Ish joylarida ruxsat etilgan shovqin darajasi boʻyicha sanitariya meʼyorlari” va SanQvaN 0326-16-son “Ish joylarida umumiy va mahalliy tebranish boʻyicha sanitariya meʼyorlari”da belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
15. Sabzavot, meva, rezavor mevalar va koʻkatlarni saqlash uchun moʻljallangan muzlatkich kameralari alohida ventilatsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
16. Bozordagi barcha xonalarni yoritish ShNQ 2.01.05-son “Tabiiy va sunʼiy yoritish talablari”ga muvofiq boʻlishi zarur.
17. Mahsulotlarga yot jism, shisha parchalari tushishining oldini olish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash kameralari va past haroratli xonalarda oʻrnatiladigan yoritgichlar metall toʻr bilan himoyalangan vositalarga ega boʻlishi kerak.
18. Yopiq inshootdagi yoritish tirqishlarini binoning ichki va tashqi tomonidan idish va mahsulotlar bilan toʻsib qoʻyish, shuningdek deraza oynalarini karton bilan almashtirish va boʻyoq bilan boʻyashga yoʻl qoʻyilmaydi. Derazalardagi singan oynalar darhol almashtirilishi lozim.
4-bob. Bozor xonalariga boʻlgan talablar
19. Zararli mikroorganizmlar tarqalishining oldini olish maqsadida xomashyo va tayyor mahsulotlar uchun alohida xonalar boʻlishi lozim.
20. Tez buziluvchi mahsulotlarni sotish obyektlari xom va tayyor mahsulotlarni alohida saqlash uchun moʻljallangan sovutish uskunasi bilan taʼminlanishi kerak.
21. Shartli-yaroqli turdagi goʻshtni yaroqlilik masalasi hal qilinguncha, bozorda bunday turdagi goʻshtni vaqtincha saqlash uchun sovutish kamera-izolyatori boʻlishi kerak.
22. Ichki xonalarning devori suvga yoki yuvuvchi vositalarga chidamli qoplama bilan qoplanishi lozim.
23. Sanitariya kiyimlari ochiq holda saqlanishi kerak. Buning uchun maishiy xonalarning kiyim saqlash joylari ilgichlar yoki ochiq shkaf va poyabzal qoʻygichlar bilan jihozlanadi. Sanitariya kiyimlari, maxsus kiyimlar va uy kiyimi bir-biridan alohida saqlanishi lozim.
24. Veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi goʻsht va sut mahsulotlari sotiladigan usti yopiq inshootlarga yaqin hamda yashash uy-joylari va kuchli taʼsir etuvchi moddalar saqlanadigan omborxonalar boʻlmagan hududda joylashtiriladi.
25. Laboratoriyalarda bir nechta alohida xonalar (goʻsht, goʻsht mahsulotlari va baliqlarni ekspertiza qilish uchun moʻljallangan tekshirish xonasi (tekshirish xonasida kafel yoki oziq-ovqatga moʻljallangan alyuminiy tunuka bilan qoplangan stol oʻrnatiladi), oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish xonasi, yuvish xonasi, mudir xonasi, dezinfeksion moddalarni saqlash xonasi va laboratoriya xodimlari uchun hojatxona) koʻzda tutiladi.
5-bob. Asbob-uskuna va jihozlarga boʻlgan sanitariya talablari
26. Bozorlar ularning quvvatiga yarasha zarur savdo-texnologik jihozlar va sovutgich uskunalar bilan taʼminlanishi kerak.
27. Savdo uskunalari, jihozlar, idish-tovoqlar va maxsus oziq-ovqat mahsulotlari uchun moʻljallangan qadoqlar bemalol yuvilishi va dezinfeksiyalanishi mumkin boʻlgan materiallardan tayyorlangan boʻlishi kerak.
28. Ishlov taxtalari, goʻsht chopish toʻnkalari sirti tekis yoriqlarsiz boʻlib, qattiq daraxt turidan tayyorlangan boʻlishi kerak. Goʻsht chopish toʻnkalari maxsus joyga oʻrnatilib, tashqi sirti moyli boʻyoq bilan boʻyaladi, har kuni ishdan keyin pichoq bilan tozalanadi va tuz sepib qoʻyiladi. Vaqti-vaqti bilan toʻnka arralanadi va randalanadi.
29. Ishlov taxtalari, pichoqlar qaysi mahsulot turi uchun ishlatilishiga qarab maxsus belgilar bilan belgilanishi hamda alohida joyda saqlanishi kerak.
30. Goʻshtlarni ilish ilmoqlari zanglamaydigan temirdan tayyorlangan boʻlishi lozim.
31. Sovutish uskunalari mahsulotlarni saqlash haroratini nazorat qilib borish uchun termometrlar bilan jihozlanadi.
32. Bozorda savdo qilishda foydalaniladigan tarozilar, tarozi toshlari, choʻmichlar, togʻoralar, pichoqlar, qoshiqlar, belkuraklar, boltalar, ilgaklar, stollar, goʻsht chopish uchun toʻnkalar, yirik hajmdagi idishlar, chelaklar, sovutgich uskunalari va shu kabi boshqa savdo jihozlari sanitar-gigiyenik jihatdan toza va xavfsiz boʻlishi zarur.
33. Asbob-uskuna va jihozlar ishlatilgandan soʻng alohida saqlanib, yuvish vositalari qoʻshilgan holda issiq suv bilan yuviladi.
34. Mahsulotlarni saqlash uchun moʻljallangan panjaralar, javonlar va tagliklarning yuzasi silliq, oson yuviladigan hamda dezinfeksiyalash uchun qulay boʻlishi kerak. Ularning pol sathidan balandligi 15 smdan kam boʻlmasligi lozim.
35. Chiqindilarni yigʻish idishlarining 2/3 qismi toʻlganida, ular boʻshatilishi va tozalanishi hamda ish tugaganda, dezinfeksiyalovchi moddalar eritmasida yuvilishi kerak.
36. Oziq-ovqat mahsulotlarini sotish javonlari, peshtaxtalar toʻliq plastik, zanglamaydigan tunuka yoki boshqa oson yuviladigan va dezinfeksiyalanadigan materiallar bilan qoplanishi kerak.
37. Tozalash anjomlari ularning foydalanish maqsadidan kelib chiqib tamgʻalanadi hamda alohida xonalarda saqlanadi.
38. Oʻtkir yuqumli ichak kasalliklari hamda boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va keng tarqalishining oldini olish maqsadida hojatxonalarni tozalovchi anjomlarga qizil rangda belgi qoʻyilishi hamda ular maxsus ajratilgan joyda saqlanishi lozim.
6-bob. Oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va sotishga boʻlgan sanitariya talablari
39. Oziq-ovqat mahsulotlari amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq harorat va namlikda saqlanishi kerak.
40. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash mahsulotlarning oʻziga xos xususiyatiga va saqlash meʼyorlariga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirilib, bunda oʻziga xos hidga ega mahsulotlar oʻziga hid qabul qiluvchi mahsulotlardan alohida saqlanishi talab etiladi.
41. Sovutilgan goʻsht (tana, yarimtana) ilgakka ilingan, bir-biriga xamda pol va devorga tegmagan holda 0ºS dan 4ºS gacha haroratda 72 soatgacha saqlanadi. Muzlatilgan goʻsht stellaj yoki taglikda saqlanishi mumkin.
42. Bozorga yovvoyi qushlarning goʻshtini (tozalanmagan parrandalar bundan mustasno) qabul qilish mazkur sanitariya qoidalari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
43. Suvda suzuvchi qushlarning (oʻrdak, gʻoz), inkubatordagi tovuqlarning tuxumini qabul qilish hamda sotishda ularning yorigʻi bor (singan) yoki yoʻqligi, ustki qavati butunligi, buzilganligi yoki tuxumlarning ifloslanganligi inobatga olinadi.
44. Sut mahsulotlari toza idishda qabul qilinadi. Idishlar maxsus materiallardan (shisha, chinni, alyumin, bidonlar) tayyorlanishi va ular toza hamda zich yopiladigan qopqoqli boʻlishi kerak.
45. Suyuq sut mahsulotlarini (sut, qaymoq va boshqalar) bidonga quygach, bidon ogʻzi berkitiladi.
Mahsulotlar xaridorning idishidan qayta umumiy idishga quyilmaydi.
46. Savdo anjomlari (qoshiq, kurakcha va boshqalar) maxsus idishda saqlanishi (sutli mahsulot idishlari ichida qoldirmagan holda) va har kuni yuvib turilishi kerak. Sut mahsulotlari uchun moʻljallangan anjomlar faqat sut mahsulotlariga ishlatiladi.
47. Yangi meva va sabzavotlar qadoqlangan holatda, maxsus shamollatiladigan xonalarda, tabiiy yoritilmagan sharoitda saqlanadi. Sabzavot va mevalarni saqlashda ularning turiga qarab, havoning nisbiy namligi 70 — 90 foiz va harorat +3ºS dan +12ºS gacha boʻlgan oraliqda boʻlishi lozim.
48. Xom va tayyor mahsulotlarning joylashtirilishi bir-biridan alohida amalga oshiriladi.
49. Sut va sut mahsulotlari tarkibida neytrallashtiruvchi va konservatsiyalovchi moddalar, kimyoviy vositalar, antibiotiklar qoldiqlari boʻlmasligi lozim.
50. Karaxt qilingan baliq olib kelingan idishida -2ºC haroratda 48 soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda saqlanishi kerak. Tirik baliq toza suvli akvariumda 10ºS haroratda issiq kunlari 24 soatgacha, sovuq kunlari 48 soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda saqlanadi.
51. Asal egasi tomonidan asalni sotish uchun toza, maxsus materiallardan (zanglamaydigan poʻlat, alyumin qotishmalari, shisha hamda daraxtdan yasalgan (qaragʻay va ignabargli daraxtdan tashqari) tayyorlangan idishlarda olib kelinadi.
Asal xaridorning toza idishiga solinadi. Asal namunalari, maxsus materiallardan tayyorlangan idishlarda peshtaxtaga qoʻyiladi.
52. Oʻsimliklardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari yangi, shuningdek quritilgan yoki tuzlangan holatda sotiladi.
53. Sabzavotlar, koʻkatlar, yangi qoʻziqorin mahsulotlari savdosi ularning yer yoki polga tegib turishining oldini olish maqsadida javonlarda joylashtirilgan savatlar, yirik hajmli idishlar, qutilar va qoplarda, stol ustida, mashinalarda saqlanishi kerak.
54. Mevalar, sabzavotlar va tuzlamalar bir-biridan alohida joylashtirilgan holda sotiladi.
55. Tuzlangan meva va sabzavotlar faqat shu maqsadlar uchun moʻljallangan yogʻoch, sirlangan yoki plastik idishlarda sotiladi. Xaridorlarga mahsulotlar faqat maxsus kurakchalar va choʻmichlarda olib beriladi.
56. Quritilgan qoʻziqorinlarni sotish uchun alohida ilgaklar bilan jihozlangan joy ajratiladi.
57. Un, yorma, don mahsulotlari tagliklar ustiga joylashtirilgan toza idishlarda turishi va xaridorlarning toza idishlariga solinishi kerak.
58. Tez buziladigan mahsulotlar ochiq maydonlarda sovutgichlarda saqlangan holda sotiladi.
7-bob. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari
59. Bozorning barcha xonalari gigiyenik toza tutilishi maqsadida, mahsulotlar ifloslanishining oldini olgan holda, kun davomida joriy tozalash ishlari oʻtkaziladi. Ish tugagandan soʻng savdo va mexanik anjomlar (tarozilar, javonlar, peshtaxtalar) ishqor eritmasida, keyin issiq suvda artilishi kerak.
60. Bozor hududida haftada bir marta yuvish va dezinfeksiyalovchi vositalarni qoʻllagan holda mukammal tozalash ishlari oʻtkaziladi.
61. Xonalarni, uskunalarni, anjomlarni, idishlarni va boshqalarni tozalash hamda dezinfeksiya oʻtkazish uchun bir oyda bir marta sanitariya kuni belgilanadi. Sanitariya kuni oʻtkazilishi haqida bozor maʼmuriyati tomonidan xaridorlar oldindan xabardor qilinadi hamda savdo zali mahsulotlardan boʻshatiladi.
62. Bozorning butun hududi va xonalarida muntazam ravishda hasharotlar hamda kemiruvchilarga qarshi tadbirlar oʻtkazilishi lozim.
63. Yuvish va dezinfeksiyalovchi vositalar oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash ruxsat etilmaydigan, quruq va yaxshi shamollatiladigan xonalarda saqlanadi.
64. Hojatxonalar talabga qarab va ishdan keyin tozalanadi, yuviladi va xlor ohak eritmasini sepish (yuvish) yoʻli bilan yoki boshqa dezinfeksiya vositalari bilan dezinfeksiyalanadi. Hojatxonalar tozalanganda, har gal hojatxonaga odam kirganda qoʻli tegishi mumkin boʻlgan suv joʻmragi, eshiklarning ushlagichlari, yopgichlari dezinfeksiyalovchi eritmada hoʻllangan alohida ajratilgan mato bilan artib chiqiladi.
Hojatxonalarni dezinfeksiyalash uchun faolligi 500 mg/l. miqdorli xlor eritmasi ishlatiladi.
8-bob. Bozorlarda oziq-ovqat xomashyosi va mahsulotlarini tashishga boʻlgan sanitariya talablari
65. Oziq-ovqat xomashyosi va mahsulotlarini tashishda xom va tayyor mahsulotlarni alohida tashigan holda, har bir mahsulotga nisbatan sanitariya qoidalariga rioya etilishi kerak.
66. Oziq-ovqat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashishda shu maqsad uchun moʻljallangan yoki maxsus jihozlangan transport vositalaridan foydalaniladi.
Bunda, yilning issiq davrida mahsulotlarni tashish +6°S dan yuqori boʻlmagan haroratda muzlatgichli yuklagichda olti soatdan va izotermik yuklagichda bir soatdan koʻp boʻlmagan vaqtda amalga oshiriladi.
67. Tirik baliqlar maxsus va suvni kislorod bilan toʻyintiruvchi uskunasi boʻlgan termoizolatsiyali tsisternali transport vositalarida tashiladi.
Bunda, suv harorati qishda +2°C darajadan past, yozda +14°C darajadan yuqori boʻlmasligi kerak.
68. Oziq-ovqat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun moʻljallangan transport vositalaridan faqat ushbu maqsadlarda foydalanilishi lozim.
Oziq-ovqat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashuvchi haydovchilar toza maxsus ish kiyimiga ega boʻlishi va shaxsiy gigiyena qoidalari va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish qoidalariga rioya etishlari kerak.
Oziq-ovqat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish transportlarida har kuni sanitariya tozalash va oʻn kunda bir marta dezinfeksiya oʻtkazilishi lozim.
9-bob. Bozor xodimlari va sotuvchilarga nisbatan shaxsiy gigiyena talablari
69. Oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tashish va sotish bilan band boʻlgan bozor xodimlari (tarozichilar, goʻsht chopuvchilar, omborxonachilar va boshqalar) va sotuvchilar bozor hududidagi ish faoliyatida quyidagi talablarga rioya qilishlari lozim:
kiyim, yuz, tana, qoʻl, sochlarni toza tutish va tirnoqlarni kalta oldirish;
ishni boshlashdan avval qoʻllarni sovun bilan yuvib, toza kiyimlarni kiyish, sochlarni qalpoq va roʻmol tagiga yashirish;
faqat shu maqsadlar uchun belgilangan joylarda ovqatlanish va chekish;
isitma koʻtarilganda, teri va oshqozon-ichak kasalliklari alomatlari, boshqa kasalliklar belgilari paydo boʻlganda, bu haqida bozor maʼmuriyatiga xabar berish, maslahat va davolanish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilish.
70. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ilovada keltirilgan.
Dehqon bozorlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablariga ILOVA
Ishlab chiquvchilar roʻyxati: A.D. Ismailov Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi, t.f.n. Q.T. Bokiyev Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi, t.f.n. L.R. Turdiyeva Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Standartlash va metrologiya boʻlimi boshligʻi. Taqrizchilar roʻyxati: D.Sh. Alimuxamedov Toshkent tibbiyot akademiyasi, Ovqatlanish, bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi kafedrasi assistenti, t.f.d. G.M. Israilova Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi, Gigiyena kafedrasi dotsenti.
