68-modda. Komissiyaning qarorini rasmiylashtirish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Komissiyaning qarori Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
Komissiyaning qarori Komissiya kotibi tomonidan bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
Bayonnomada manfaatdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va Komissiya tomonidan murojaat boʻyicha qabul qilingan qaror koʻrsatiladi.
Bayonnoma Komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi va tasdiqlash uchun Komissiya raisiga taqdim etiladi.
Komissiya kotibi Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnomadan koʻchirmaning nusxalari roʻyxatdan oʻtkazuvchiga va manfaatdor shaxsga shu kunning oʻzida berilishini taʼminlaydi.
Bayonnoma Komissiya kotibi tomonidan Komissiyaning hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
Komissiya qarori koʻchmas mulkka boʻlgan huquqqa nisbatan yangidan ochilgan holatlar asosida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
