65-modda. Komissiyani shakllantirish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni sudgacha hal etish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻiga muvofiq besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda Komissiya tuziladi. Komissiya aʼzolarining soni toq boʻlishi kerak.
Komissiya tarkibi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hududiy boshqarmasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligining, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalarining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining masʼul xodimlari orasidan ularning roziligi asosida shakllantiriladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi shaxs yoxud davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etgan shaxs Komissiya aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning yoki uning hududiy boshqarmasining rahbari Komissiya raisi boʻladi.
Komissiya oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
Komissiya raisi:
Komissiyaning faoliyatini va uning reglamentga rioya etishini tashkil qiladi;
manfaatdor shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish joyini, sanasini va vaqtini belgilaydi;
Komissiya majlislarini oʻtkazadi va ularda raislik qiladi.
Komissiya raisi Komissiya tomonidan ishning oʻz vaqtida, toʻgʻri va vijdonan bajarilishini tashkil etish uchun javobgar boʻladi.
Komissiya kotibi manfaatdor shaxslar murojaatlarining va Komissiya ishi bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarning saqlanishi uchun javobgar boʻladi.
