49-modda. Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi amalga oshiradi.
Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarning boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, qurilishi tugallanmagan obyektlarga, alohida joylarga, binoning yoki inshootning, shu jumladan transport vositasi toʻxtab turishi uchun moʻljallangan (bundan buyon matnda avtomobil joyi deb yuritiladi) binoning yoki inshootning bir qismiga boʻlgan huquqlarni, agar mazkur koʻchmas mulk obyektlari yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlar mulkiy majmua sifatida korxona tarkibiga kirsa, davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Koʻchmas mulkka yoki mulkiy majmua sifatida korxona tarkibiga kirgan obyektlarga boʻlgan mulkiy huquqlarga oid bitimlar amalga oshirilguniga qadar korxona tegishli koʻchmas mulk yoki mulkiy huquqlar korxonadan mulkiy majmua sifatida olib qoʻyilishi munosabati bilan texnik inventarizatsiyadan oʻtishi kerak. Texnik inventarizatsiya natijalariga koʻra koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi tuziladi.
Mulkiy majmua sifatidagi korxonaga nisbatan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar natijasida yuzaga keladigan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni roʻyxatdan oʻtkazuvchilar bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchining yozma koʻrsatmasi boʻyicha amalga oshiradi.
Bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchidan davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar kelib tushgan sana va vaqt ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq amalga oshiriladigan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytidir.
