34-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisida xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining qarori yoki yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori;
qurilish amalga oshirilmagan yer uchastkasiga nisbatan yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazgan davlat organining ushbu yuridik shaxs tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari;
uy-joy boshqa shaxsga oʻtkazilganligi munosabati bilan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning oʻzga shaxsga oʻtishi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qonunchilikda belgilangan boshqa hujjatlar.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi davlat reyestriga huquqni bekor qilish toʻgʻrisidagi hujjatning nomini va uning rekvizitlarini koʻrsatgan holda tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bekor qilinganligi munosabati bilan mazkur yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida ilgari yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topiladi.
Ushbu moddaning amal qilishi mulk huquqida boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
