32-modda. Yer uchastkasida joylashgan bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtganda yer uchastkasiga boʻlgan huquqning oʻziga xos xususiyatlari
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Binolarga, inshootlarga yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda bu obyektlar bilan birga mazkur obyektlar egallagan va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish va ijara huquqi ham oʻtadi.
Agar sotuvchi sotilayotgan koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlsa, sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud koʻchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq oʻtkaziladi.
