3-modda. Asosiy tushunchalar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
identifikatsiya qilishga oid maʼlumotlar — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan kuni, oyi, yili, shaxsiy identifikatsiya raqami, fuqaroligi, yashash joyi; yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning toʻliq nomi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik raqami va sanasi, yakka tartibdagi tadbirkorning tugʻilgan kuni, oyi, yili, soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsning yoxud yakka tartibdagi tadbirkorning identifikatsiya raqami, yuridik shaxs joylashgan yerining yoki yakka tartibdagi tadbirkor yashash joyining manzili;
kadastr pasporti — koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlarni va obyektning kadastr raqamini oʻz ichiga olgan elektron hujjat;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni birlamchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish — davlat reyestriga koʻchmas mulkning yuzaga kelishi (shakllantirilishi) jarayonida, shuningdek mavjud boʻlgan (shakllantirilgan), oʻziga oid huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi birinchi yozuvni kiritish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat tomonidan tan olish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning cheklanishi — bitimlarda, qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan yoki vakolatli organ tomonidan belgilanadigan, koʻchmas mulkka egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish imkonini cheklaydigan shartlar, shuningdek koʻchmas mulkning mulkdori boʻlmagan shaxslarning (garovga oluvchilarning, ijarachilarning, kreditorlarning va boshqalarning) ushbu koʻchmas mulkka boʻlgan mulkiy huquqlari;
koʻchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish — koʻchmas mulkni tekshirish natijalari asosida koʻchmas mulkning mavjudligi, joylashgan yeri, tarkibi, maydoni, holati, qiymati va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, aniqlash hamda ularga ishlov berish;
obyektning kadastr raqami — yer uchastkasining, binoning yoki inshootning Oʻzbekiston Respublikasi hududida takrorlanmaydigan oʻziga xos raqami boʻlib, ushbu raqam koʻchmas mulkni shakllantirish chogʻida beriladi va uning roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqning yagona obyekti sifatida mavjud boʻlishi davrida saqlanib turadi;
