28-modda. Davlat reyestridagi maʼlumotlarning va hujjatlarning koʻchirma nusxalarini taqdim etish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ koʻchmas mulkka boʻlgan ayrim huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har qanday shaxsga faqat ushbu shaxs identifikatsiya qilinganidan keyin taqdim etishi shart. Bunday maʼlumotlar davlat reyestridan koʻchirma tarzida taqdim etiladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari faqat huquq egasiga va (yoki) uning vakiliga taqdim etilishi mumkin. Bu hujjatlarning boshqa shaxslarga taqdim etilishiga faqat qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Maʼlumotlar yoki maʼlumotlarni asoslantirilgan holda rad etish toʻgʻrisidagi axborot, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, murojaat qilingan yoki yozma soʻrov olingan va maʼlumotlar uchun haq toʻlangan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida taqdim etiladi. Maʼlumotlarni berish rad etilgan taqdirda, maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun toʻlangan haq qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Maʼlumotlar davlat reyestriga masofadan turib kirish imkonini berish orqali ham taqdim etilishi mumkin.
Taqdim etilishi kerak boʻlgan maʼlumotlarni yoki hujjatni taqdim etmaganlik yoxud ishonchsiz axborot taqdim etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdim etilgan maʼlumotlarning hisobini yuritadi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ huquq egasiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk haqidagi maʼlumotlarni olgan shaxslar va organlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning soʻroviga yoki talabiga koʻra taqdim etishi shart.
