25-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ish (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish deb yuritiladi) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid maʼlumotlarning elektron jamlanmasidan iboratdir.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish elektron axborot tizimida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni birlamchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida ochiladi, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda esa yopiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish oʻz raqamiga ega boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish hujjatlarning roʻyxatini oʻz ichiga oladi. Roʻyxat yozuvlar ketma-ketligi tartibida shakllantiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ishga kiritilgan hujjatlarning olib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish davlat tilida, elektron shaklda yuritiladi.
