15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalarining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi vakolatlari
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha organdir (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ deb yuritiladi).
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni tashkil etadi va amalga oshiradi;
davlat reyestrini yuritadi, davlat reyestridagi axborotni ruxsatsiz foydalanilishdan, oʻgʻirlanishdan va yoʻq qilinishdan himoya qiladi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ishlarning yuritilishi qoidalarini tasdiqlaydi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarning bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi lavozimlarini egallash uchun tanlovlar oʻtkazadi, roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning reyestrini yuritadi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchilar uchun koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalari boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqadi va ularga uslubiy yordam koʻrsatadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi murojaatlarini koʻrib chiqadi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish monitoringini amalga oshiradi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish monitoringi natijasida aniqlangan qonunchilik talablariga rioya etilmagan hollarda Komissiyaga murojaat qiladi, Komissiyaning qaroridan norozi boʻlgan taqdirda esa manfaatdor shaxslarning yoki koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning murojaatlarini koʻrib chiquvchi kollegial organga (bundan buyon matnda Apellyatsiya komissiyasi deb yuritiladi) murojaat qiladi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi axborotni toʻplaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;
davlat reyestrining jamlanma koʻrsatkichlarini toʻplaydi, tahlil qiladi, umumlashtiradi va har yili ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
