11-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ketma-ketligi
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-803-son) · Sana: 28.11.2022 · Amalda
Binolarga, inshootlarga, shuningdek qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ushbu koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Binoning bir qismiga (kvartiralarga, xonalarga) boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ular joylashgan binoga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Mulkiy majmua sifatida butun korxonaga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bu korxona tarkibiga kiradigan yer uchastkalariga, binolarga va inshootlarga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq boshqa shaxslarga oʻtganligini, cheklanganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli huquq yuzaga kelganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
