Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (660-son)
17.11.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini tekshirish jarayonini takomillashtirish hamda sohaga oid qonunchilik hujjatlarini Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti standart va tavsiyalariga muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 27-yanvardagi PQ-104-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Transport vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tarmogʻida parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha milliy qonunchilikni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — IKAO) standartlari va tavsiyalari asosida takomillashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tekshiruv oʻtkaziladigan aviatsiya hodisalari tasnifi va roʻyxati;
har bir aviatsiya hodisasi yuzasidan komissiya tashkil etish tartibi, komissiyaning tarkibi va vakolatlari;
komissiya tomonidan har bir aviatsiya hodisasi boʻyicha tekshiruv oʻtkazish tartibi;
tekshiruvni oʻtkazish uchun tashkil etiladigan kichik komissiyalar hamda guruhlarning vazifa va funksiyalari;
tekshiruv jarayonida aviatsiya hodisasi bilan bogʻliq axborotni jamoatchilikka taqdim etish tartibi;
tekshiruv davomida tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish, natijalarni umumlashtirish hamda muhokama qilish, shuningdek, yakuniy hisobotni shakllantirish tartibi.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi aviatsiya hodisalari tekshiruvini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
aviatsiya halokatlari va insidentlarini tekshirish boʻyicha vakolatli organga Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida konvensiyaga muvofiq tekshiruv oʻtkazishda mustaqillik beriladi;
ogʻirligi 2250 kilogrammdan yuqori boʻlgan havo kemalari (uchuvchisiz uchish apparatlari) bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidenti va jiddiy aviatsiya insidentlarining tekshiruvi oʻtkaziladi;
global ahamiyatga ega boʻlgan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiya tegishliligidan qatʼiy nazar IKAOga yuboriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-noyabr,
660-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-noyabrdagi 660-son qaroriga 1-ILOVA
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar fuqaro havo kemalari bilan bogʻliq aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Qoidalarning talablari barcha fuqaro havo kemalari, Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi talablari tatbiq etiladigan huquqiy munosabatlarning barcha subyektlari, aviatsiya texnikasini loyihalash, sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish, sertifikatlash, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash ishlarini bajaruvchi, aviatsiya infratuzilmasi obyektlarini sertifikatlash, parvozlarni bajarish va taʼminlash, aviatsiya xodimlarini tayyorlash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar, fuqarolar hamda aviatsiya hodisalarini tekshirishda ishtirok etuvchilar uchun majburiydir.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aviatsiya hodisasi — havo kemasidan foydalanish, har qanday bosqichda parvozni taʼminlash va bajarish bilan bogʻliq boʻlgan aviatsiya halokati yoki insidenti;
aviatsiya halokati — havo kemasidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan, boshqarilayotgan havo kemasi misolida muayyan shaxs parvozni amalga oshirish niyati bilan bortga chiqqan vaqtdan toki bortdagi barcha shaxslar havo kemasini tark etgan vaqtgacha yoki uchuvchisiz havo kemasi misolida havo kemasi parvozni amalga oshirish maqsadida uchishga tayyor turgan vaqtdan parvoz soʻngida toʻxtashi va asosiy dvigatellari oʻchirilishi vaqtigacha sodir boʻlgan hamda quyidagi belgilardan biri mavjud boʻlgan hodisa:
a) muayyan shaxsning quyidagilar sababli oʻlimga olib keluvchi tan jarohati yoki jiddiy tan jarohati olishi:
mazkur havo kemasida boʻlganligi;
havo kemasining muayyan qismi, shu jumladan mazkur havo kemasidan ajralib chiqqan qismlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashib ketganligi;
reaktiv dvigatelning bevosita gaz oqimi taʼsirida boʻlganligi (tabiiy sabablar bilan oʻziga oʻzi tomonidan tan jarohati yetkazilishi, boshqa shaxslar tomonidan yetkazilishi yoki odatda yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga kirish ruxsat berilgan zonalardan tashqari joyda yashirinib olgan chiptasiz yoʻlovchilarga tan jarohati yetkazilishi bundan mustasno);
b) havo kemasi shikastlanishi yoki uning konstruksiyasi buzilishi oqibatida:
konstruksiya mustahkamligi buzilishi, havo kemasining uchish yoki texnik xususiyatlari yomonlashishi;
odatda, shikastlangan elementni jiddiy taʼmirlash yoki almashtirish talab etilishi holati yuzaga kelishi (dvigatelning buzilishi yoki shikastlanishi, xususan faqat bir dvigatel (shu jumladan, uning kapotlari yoki yordamchi agregatlari), havo vintlari, qanotlarning chetlari, antennalar, datchiklar, lopatkalar, pnevmatiklar, tormoz vositalari, gʻildiraklar, obtekatellari, panellari, shassi stvorkalari, lobovoy oynalari, havo kemasi obshivkasi (masalan, katta boʻlmagan ezilishlar yoki teshilishlar) shikastlanishi yoki doʻl yoki qushlar bilan toʻqnashuv natijasida koʻtaruvchi vint parraklari, dum vint parraklari, shassilarning (radiolokator antennasi obtekatelidagi teshiklar shunga qoʻshiladi) arzimas shikastlanishlari bundan mustasno;
v) havo kemasi bedarak yoʻqolganligi yoki uning oldiga borish imkoniyati mavjud boʻlmasligi;
Izoh: Halokat sodir boʻlgan vaqtdan boshlab 30 kun ichida oʻlimga sabab boʻlgan tan jarohati statistik maʼlumotlarni tartibga solish maqsadidagina oʻlimga olib kelgan tan jarohati deb tasniflanadi.
Uchuvchisiz uchish apparatlariga tegishli qismida, faqat mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan oqibatlarga olib kelgan aviatsiya halokatlarigina tekshirilishi lozim boʻladi.
Havo kemasini rasman qidirish ishlari toʻxtatilganda, havo kemasi yoki uning parchalari joylashuvi aniqlanmaganda, havo kemasi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanadi. Halokatga uchragan havo kemasini qidirish ishlari toʻxtatilishi haqidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmatining rahbari tomonidan qabul qilinadi.
aviatsiya insidenti — aviatsiya halokati deb tasniflanmagan, xavfsiz ekspluatatsiyaga taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan havo kemasidan foydalanish jarayoni bilan bogʻliq har qanday hodisa. Aviatsiya insidentlari roʻyxati 1-ilovada keltirilgan;
aviatsiya hodisasining sabablari (omillari) — aviatsiya hodisasiga sabab boʻlgan harakatlar (harakatsizliklar), omillar, shart-sharoitlar yoki ularning majmui;
aviatsiya hodisasini tekshirish komissiyasi raisi (vakili) — tegishli malakaga ega boʻlgani hisobga olinib, tekshiruvni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, uning oʻtkazilishini nazorat qilish yuklatilgan shaxs;
bort yozuv uskunasi — aviatsiya hodisalarini tekshirish uchun foydalaniladigan qoʻshimcha maʼlumotlarning manbai sifatida havo kemasiga oʻrnatilgan har qanday yozuv uskunasi;
vakil — tegishli malakaga ega boʻlgani uchun boshqa davlat oʻtkazayotgan tekshiruvda ishtirok etish vazifasi davlat tomonidan topshirilgan shaxs;
dastlabki hisobot — tekshiruvning dastlabki bosqichlarida aniqlangan maʼlumotlarni tezkor tarqatish uchun ishlatiladigan xabarnoma;
jiddiy aviatsiya insidenti — holatlari havo kemasidan foydalanishda aviatsiya halokati sodir boʻlishi ehtimoli yuqoriligini koʻrsatgan, boshqarilayotgan havo kemasida biror shaxs uchish niyati bilan bortga chiqqan vaqtdan toki bortda boʻlgan barcha shaxslar havo kemasini tark etgan vaqtgacha sodir boʻlgan yoki uchuvchisiz havo kemasi misolida, havo kemasi parvozni amalga oshirish maqsadida turgan joydan uchishga tayyorligi vaqtidan parvoz soʻngida toʻxtashi va asosiy dvigatellari oʻchirilishi vaqtigacha sodir boʻlgan aviatsiya insidenti;
Izoh 1. Aviatsiya halokati va jiddiy aviatsiya insidenti oʻrtasidagi farq faqat oqibatlaridadir.
Izoh 2. Jiddiy aviatsiya insidentlari roʻyxati 1-ilovada keltirilgan.
jiddiy tan jarohati — shaxs aviatsiya halokati yoki insidenti vaqtida olingan, sogʻliqqa ogʻir yoki xavfli ziyon yetkazgan, shuningdek, sogʻliqqa hayot uchun xavfli boʻlmagan zarar yetkazgan boʻlsada, oqibatlari boʻyicha ogʻir hisoblangan hamda:
a) jarohat olingan vaqtdan boshlab yetti kun ichida shaxsni 48 soatdan koʻp boʻlgan muddatga kasalxonaga joylashtirish talab qilingan;
b) har qanday suyakning sinishiga (qoʻl-oyoq barmoqlari yoki burun sinishidan tashqari), qoʻl-oyoqlarning katta boʻgʻimlari va umurtqa pogʻonasi chiqishi yoki ezilish sindromi bilan yumshoq toʻqimalarning siqilishiga olib kelgan;
v) biologik toʻqimalarning koʻp qon ketishi, nerv tolalari, mushak yoki paylarning jarohatlanishiga sabab boʻladigan yorilishlari bilan bogʻliq boʻlgan;
g) har qanday ichki organ shikastlanishiga hamda koʻrish qobiliyati buzilishi bilan kuzatiluvchi koʻz olmasi teshib oʻtuvchi jarohatlariga va lat yeyishiga sabab boʻlgan;
d) kuygan joy hajmidan qatʼi nazar, termik, kimyoviy hamda boshqa ikkinchi va uchinchi darajali kuyish yoxud tananing 5%dan ortiq qismiga shikast yetkazgan har qanday kuyish yoki yuqori nafas yoʻllarining kuyishi; ong buzilishi, nafas olish qiyinlashishi bilan kuzatiluvchi elektr toki taʼsiri, shuningdek, uchinchi va toʻrtinchi darajali muzlash yoki organizmning umumiy sovushi bilan bogʻliq boʻlgan;
e) infeksiyalar, zaharli moddalar yoki oʻtuvchi radiatsiya taʼsiri tasdiqlangan fakti bilan bogʻliq boʻlgan;
j) bosh va orqa miyaning oʻrta va ogʻir darajali chayqalishiga, travmatik xarakterdagi bosh miya ichki qon quyilishiga olib kelgan;
z) homilaning nobud boʻlishiga olib kelgan tan jarohati;
ishlab chiqaruvchi davlat — havo kemasini, dvigatel yoki havo vintlarini yakuniy yigʻishi uchun masʼul boʻlgan tashkilotga nisbatan yurisdiksiyaga ega boʻlgan davlat;
loyihalovchi davlat — havo kemasi turining konstruksiyasiga masʼul boʻlgan tashkilotga nisbatan yurisdiksiyaga ega boʻlgan davlat;
maksimal massa — havo kemasining ekspluatatsiya hujjatlarida koʻrsatilgan sertifikatlangan maksimal uchish (qoʻnish) massasi;
maslahatchi — tegishli malakaga ega boʻlgani uchun tekshiruvda ishtirok etayotgan vakilga yordam koʻrsatish vazifasi davlat tomonidan topshirilgan shaxs;
odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan aviatsiya halokati (falokat) — yoʻlovchilardan yoki ekipaj aʼzolaridan birortasining oʻlimiga yoki bedarak yoʻqolishiga olib kelgan, shuningdek, avariya holatida havo kemasidan evakuatsiya qilish jarayonida bortda boʻlgan shaxslardan birortasining oʻlimiga olib kelgan aviatsiya halokati;
odamlar oʻlimiga sabab boʻlmagan aviatsiya halokati (avariya) — yoʻlovchilardan yoki ekipaj aʼzolaridan birortasining oʻlimiga yoki bedarak yoʻqolishiga sabab boʻlmagan aviatsiya halokati;
parvoz — havo kemasining harakat boshlanishidan (vertikal uchishda yer yoki suv sathidan koʻtarilishidan) to qoʻnib toʻxtagunicha (toʻxtamasdan uchish-qoʻnish yoʻlagini boʻshatgunicha) yoki vertikal uchishda yer (suv) sathiga qoʻngunicha yer (suv) ustida va havo hududida harakatlanishi;
parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiya — aviatsiya halokatlari va insidentlarining oldini olish maqsadini koʻzlab, tekshiruv davomida olingan maʼlumotlar asosida, hech qanday sharoitda aviatsiya halokati yoki insidenti uchun aybdor yoxud javobgar aniqlanishini maqsad qilmagan holda aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tomonidan ishlab chiqilgan takliflar. Parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar, tekshiruv natijalariga koʻra parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha berilgan tavsiyalardan tashqari, parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadqiqotlarni oʻz ichiga olgan boshqa bir qator manbalar asosida ham berilishi mumkin;
parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha global ahamiyatga ega tavsiya — takrorlanish ehtimoli tufayli global darajadagi jiddiy oqibatlarga olib kelish salohiyati boʻlgan tizimli kamchilikka tegishli va parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish uchun oʻz vaqtida chora koʻrilishini talab qiladigan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiya;
roʻyxatga olish davlati — reyestriga havo kemasi kiritilgan davlat;
sabab boʻluvchi omillar — bartaraf etilganda, oldi olinganda yoki yuzaga kelmaganda aviatsiya halokati yoki insidenti sodir boʻlishi ehtimolini kamaytirish yoki ushbu aviatsiya halokati yoki insidenti oqibatlarining ogʻirligi darajasini pasaytirishga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan harakatlar (harakatsizlik), holatlar yoki ularning birikmasi. Bunda sabab boʻluvchi omillarni aniqlashda aybni yuklash yoxud maʼmuriy, fuqarolik yoki jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmaydi;
tekshirish — axborot yigʻish va tahlil qilish, xulosalar tayyorlash, shu jumladan sabablar va (yoki) tegishli omillarni aniqlash va, zarur hollarda, parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishni oʻz ichiga olgan, aviatsiya halokatining oldini olishga qaratilgan jarayon;
fuqaro aviatsiyasi tashkiloti — havo kemasining ekspluatanti (aviakompaniya), sertifikatlangan taʼlim muassasasi, havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish, havodagi harakatga xizmat koʻrsatish yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlarni amalga oshirish va taʼminlash bilan shugʻullanadigan har qanday boshqa tashkilot;
fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligini taʼminlash Davlat dasturi — parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan qoidalar va faoliyat turlari yagona majmuasi;
ekspluatant davlati — ekspluatant faoliyatining asosiy manzili joylashgan yoki, agar ekspluatant bunday joyga ega boʻlmasa, ekspluatant doimiy ravishda boʻladigan davlat;
havo kemasi — havo bilan oʻzaro taʼsir hisobiga, yer sathidan qaytgan havo bilan oʻzaro taʼsirdan tashqari, atmosferada harakatlanadigan uchish apparati;
havo kemasi eksiluatanti — havo kemasi ekspluatatsiyasini amalga oshirish imkoniyati ekspluatant sertifikati bilan tasdiqlangan, mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida havo kemasiga egalik qiladigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
hodisa joyi davlati — hududida aviatsiya halokati yoki insidenti sodir boʻlgan davlat.
havo kemasining parvozi toʻxtatilishi — dvigatellar (dvigatel) uchish uchun zarur boʻlgan rejimga oʻtkazilgandan soʻng, havo kemasi uchish-qoʻnish yoʻlagi boʻylab harakatlanayotgan paytdan boshlab ekipaj tomonidan toʻxtatilishi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan har bir aviatsiya hodisasi yuzasidan mazkur Qoidalarga muvofiq tayinlanadigan komissiya tomonidan majburiy ravishda tekshiruv oʻtkaziladi va ushbu komissiya zudlik bilan ishga kirishadi.
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatini tekshirish ushbu Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentini tekshirish ushbu Qoidalarga 3-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Aviatsiya insidenti va jiddiy aviatsiya insidentlarining tekshiruvi ogʻirligi 2250 kg yuqori boʻlgan havo kemalarida (uchuvchisiz havo kemalariga ham taalluqli) oʻtkaziladi.
Maksimal massasi 2250 kilogramm va undan kam boʻlgan havo kemalari (uchuvchisiz havo kemalariga ham taalluqli) bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlarini tekshirish aviatsiya korxonalari tomonidan parvozlar xavfsizligini boshqarish boʻyicha qoʻllanma doirasida amalga oshiriladi.
5. Aviatsiya hodisasi deb topilgan hodisani, u haqidagi maʼlumotlarni qasddan yashirish, xuddi shuningdek ushbu hodisa toʻgʻrisidagi axborotni qasddan buzib koʻrsatish, bortdagi va yerdagi obyektiv nazorat vositalarining maʼlumotlariga hamda aviatsiya hodisasi bilan bogʻliq boshqa daliliy materiallarga qasddan shikast yetkazish yoki ularni qasddan yoʻq qilib yuborishda aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
6. Aviatsiya hodisasi tekshiruvini oʻtkazishning yagona maqsadi kelajakda aviatsiya halokati va insidentlarining oldini olishdan iborat boʻlib, Fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligini taʼminlash Davlat dasturining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Aviatsiya hodisasi tekshiruvini oʻtkazishda aybdor shaxslarni aniqlash va javobgarlikni belgilash maqsadi koʻzlanmaydi.
Kimningdir aybi yoki javobgarlik hissasini aniqlashga qaratilgan har qanday sud ishi yoki maʼmuriy ish mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshirilayotgan tekshiruvdan alohida oʻtkaziladi.
7. Aviatsiya hodisasi tekshiruvini oʻtkazish jarayoni maʼlumot toʻplash va tahlil qilish, zarur tadqiqotlar olib borish, aviatsiya hodisasining sabablarini aniqlash, hisobot va xulosa tayyorlash, tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
Aviatsiya hodisasining tekshiruvi koʻp omillilik taomiliga asosan amalga oshirilib, bunda aviatsiya transport tizimining normal faoliyatidan ogʻishlarni aniqlash va bu ogʻishlar havo kemasi parvozining amalga oshirilishiga taʼsir etishini baholash nazarda tutiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Transport vazirligi) aviatsiya hodisalari tekshiruvini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
9. Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organga 1944-yildagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida konvensiyaning (keyingi oʻrinlarda — Konvensiya) 13-ilovasiga muvofiq tekshiruv oʻtkazishda mustaqillik hamda aviatsiya halokati va insidentini tekshirish doirasida cheklanmagan vakolat beriladi.
Tekshiruv quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) aviatsiya halokati yoki insidenti toʻgʻrisidagi barcha tegishli maʼlumotlarni toʻplash, qayd etish va tahlil qilish;
b) aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish bilan bogʻliq baʼzi yozuvlarni himoya qilish;
s) zarur hollarda, parvozlar xavfsizligi boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
d) imkon boʻlsa, sabablarni va/yoki taʼsir etuvchi omillarni aniqlash;
e) yakuniy hisobot tuzish.
Aviatsiya hodisasi sodir boʻlgan joyga borish imkoni mavjud boʻlganda hodisa sodir boʻlgan joyga tashrif buyurish, havo kemasini (havo kemasi parchalarini) koʻzdan kechirish va guvohlar bilan soʻrovnoma oʻtkazish lozim. Parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida aviatsiya hodisasi tekshiruvidan olinishi kutilayotgan saboqlarga asoslanib, tekshiruv koʻlami va uni oʻtkazish tartibi aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Aviatsiya halokatlari va insidentlari tekshiruvlarini oʻtkazish jarayonida komissiyaga barcha ashyoviy dalillar kechiktirilmasdan taqdim etiladi va ularning toʻliq nazorati beriladi. Boshqa turdagi tekshiruv va muhokamalar tekshiruv komissiyasi ishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
Aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish tartibi va koʻlami ushbu Qoidalar talablari bilan belgilanib, kelgusida parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish choralarini koʻrish maqsadida yuzaga kelgan hodisaning sabablarini, bunga olib keluvchi va bogʻliq boʻlgan omillarni aniqlash ishlarini nazarda tutadi.
Aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish boʻyicha yordamchi yoʻriqnomalar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — IKAO) Aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish boʻyicha qoʻllanmasida (Doc 9756) koʻrsatilgan.
Aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish natijalari boʻyicha hisobotlar davlat tilida yoki Konvensiyaning 13-ilovasida koʻrsatilgan 6 ta tildan (rus, ingliz, arab, ispan, xitoy, fransuz) birida tuzilishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va idoralari tomonidan fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini tekshirish masalalari boʻyicha qabul qilinayotgan yoʻriqnomalar va texnologik hujjatlar mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
11. Tekshiruvni oʻtkazish uchun tayinlangan komissiya, aviatsiya halokatlari va insidentlarining oldini olish manfaatini koʻzlagan holda tekshiruv ishlari tugashi bilan, iloji boricha qisqa muddat ichida, imkon qadar 12 oy davomida tekshiruv natijalariga koʻra Aviatsiya halokati yoki insidenti boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvning yakuniy hisobotini (keyingi oʻrinlarda — Yakuniy hisobot) eʼlon qiladi.
Transport vazirligi aviatsiya halokati yoki insidentida ishtirok etgan aviatsiya xodimlarining familiyasi, ismi va otasining ismi ommaga oshkor boʻlmasligi uchun zarur choralarni koʻradi.
12. Mutaxassislarini tekshiruv komissiyasiga yuborgan tashkilotlar maʼmuriyati tekshiruv natijalariga nisbatan salbiy munosabat bildirgan hollarda fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining rahbarlari ushbu tekshiruvda qatnashgan mutaxassislarga nisbatan hech qanday intizomiy va (yoki) boshqa jazo choralarini qoʻllamasligi lozim.
13. Aviatsiya hodisalari ular sodir boʻlgan joy, sabablari va vujudga kelgan oqibatlarining ogʻirligiga koʻra quyidagicha tasniflanadi:
a) aviatsiya halokatlari vujudga kelgan oqibatlari ogʻirligidan kelib chiqib, quyidagilarga ajratiladi:
odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan aviatsiya halokati (falokatlar);
odamlar oʻlimiga sabab boʻlmagan aviatsiya halokati (avariyalar);
b) aviatsiya insidentlari;
v) jiddiy aviatsiya insidentlari.
Hodisada bir nechta havo kemalari qatnashganda, vujudga kelgan oqibatlari har bir havo kemasi uchun alohida tasniflanishi kerak.
Aviatsiya hodisasining tasnifi va har bir aniq holat boʻyicha tekshiruv oʻtkazish zarurati aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
14. Hodisada bir nechta havo kemalari qatnashganda, bitta hodisa sifatida tekshiriladi, vujudga kelgan oqibatlar esa har bir havo kemasiga nisbatan alohida tasniflanadi. Tekshiruv natijalariga koʻra umumiy Yakuniy hisobot va har bir havo kemasi uchun axborot hisobotlari rasmiylashtiriladi.
15. Har bir fuqaro aviatsiyasi tashkilotida Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu Qoidalarga asosan aviatsiya halokati va insidentlari sodir boʻlganda mansabdor shaxslarning harakatlari tartibi, majburiyatlari va masʼuliyatini belgilaydigan maxsus yoʻriqnoma ishlab chiqilgan boʻlishi shart.
2-bob. Aviatsiya halokatlarini tekshirish
1-§. Aviatsiya halokati toʻgʻrisida xabar berish
16. Aviatsiya halokati toʻgʻrisida xabar topgan shaxslar zudlik bilan bu haqda aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ, mahalliy hokimiyat organlari yoki fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda maʼlum qilishi kerak.
Rahbar lavozimidagi mansabdor shaxslarni tezkor xabardor qilish, avariyadan qutqarish kuch va vositalarini yuborish, tekshirish boʻyicha komissiya tashkil qilish va yigʻish uchun fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarida (aviakompaniyalarda) aviatsiya halokati toʻgʻrisidagi maʼlumotni yetkazish boʻyicha tartib tasdiqlanadi.
17. Aerodrom dispetcherlik punktlari, tashkilotlarning ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmatlari, Oʻzbekiston Respublikasi havo hududidan foydalanishni boshqarishning yagona tizimi bosh va tuman markazlari, aeroportlarning ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmati dispetcherlari, aeroportlarning operatsion boshqarish markazi, aviakompaniyaning parvozlarni boshqarish markazi fuqaro havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokati toʻgʻrisida maʼlumot olgandan soʻng, dastlabki xabarlarni aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Transport prokuraturasi, havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy-havo kuchlari organlari manzillariga eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda yuboradi.
Xabar aviatsiya halokati sodir boʻlgan hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari va havo kemasi ekspluatantiga (egasiga) ham yuboriladi.
18. Aviatsiya halokati toʻgʻrisida dastlabki xabarni olgandan soʻng aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ zudlik bilan Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi Parvozlar xavfsizligi boshqarmasi, Transport prokuraturasi va Aviaxodimlar kasaba uyushmasi markaziy qoʻmitasiga eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda xabar beradi.
Tekshiruv davomida noqonuniy aralashuv harakati sodir etilgani maʼlum boʻlsa yoki gumon qilinsa, bunday maʼlumot aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tomonidan zudlik bilan manfaatdor davlat(lar)ning aviatsiya xavfsizligi organlariga yetkaziladi.
19. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokati toʻgʻrisida dastlabki xabar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotining hodisa joyidagi vakili tomonidan Transport vazirligiga yuboriladi.
Aviatsiya halokati sodir boʻlgan davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotining vakolatxonasi boʻlmagan taqdirda, dastlabki xabar operativ diplomatik kanallar boʻyicha yoki ekipaj aʼzolari tomonidan havodagi harakatni boshqarish kanallari orqali yoxud Oʻzbekiston Respublikasining hodisa sodir boʻlgan davlatda akkreditatsiyadan oʻtgan rasmiy vakili tomonidan yetkazilishi mumkin.
20. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joy yoki hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkilotining rahbari dastlabki xabarni olgach, darhol Transport vazirligiga dastlabki maʼlumotni joʻnatadi, shuningdek, aviatsiya halokati sodir boʻlgan joy boʻyicha mahalliy ijro hokimiyati organi rahbariyati, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligining transportga doir mahalliy va hududiy organlariga xabar beradi.
Dastlabki maʼlumot mazmuni quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
hodisa turi;
halokat sanasi, vaqti (mahalliy va UTC (Coordinated Universal Time)), joyi;
havo kemasining rusumi, qaysi davlatga tegishliligini va roʻyxat raqamini tanitish belgilari, zavodda berilgan raqam va havo kemasi egasining nomi;
havo kemasi egasi, ekspluatanti, ijarachisi, mavjud boʻlsa, havo kemasi loyihalovchisi va ishlab chiqaruvchisi;
hodisa sodir boʻlgan vaqtdagi ob-havo sharoiti;
havo kemasi komandirining malaka darajasi va ekipaj aʼzolarining fuqaroligi;
topshiriq xarakteri, parvozning boshlangʻich va yetib borish punktlari koʻrsatilgan holda reys raqami;
oxirgi uchib chiqish punkti va moʻljallangan qoʻnish punkti;
havo kemasining oson aniqlanadigan geografik nuqtaga (punktga), kenglik va uzunlikka nisbatan joylashuvi;
halokat sodir boʻlgan joyning fizik-geografik xususiyatlari;
dastlabki maʼlumot berilayotgan vaqt holatiga koʻra aviatsiya halokati bilan bogʻliq aniq maʼlum boʻlgan vaziyat;
havo kemasining bortidagi ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilar, shu jumladan halok boʻlganlar va jarohat olganlar soni, shuningdek, havo kemasi bortida boʻlmagan halok boʻlgan va jarohatlanganlar soni;
yoʻlovchilarning fuqaroligi;
bortda xavfli yukning mavjudligi va xususiyati;
havo kemasining shikastlanish darajasi;
qidirish va avariyadan qutqarish ishlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlumotlar;
maʼlumot taqdim etish vaqtida sodir boʻlgan aviatsiya halokati boʻyicha maʼlum boʻlgan boshqa ishonchli maʼlumotlar.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlardan birortasining yoʻqligi dastlabki maʼlumot berilishini kechiktirishga sabab boʻlmasligi kerak. Dastlabki maʼlumotda halokatning holati va sabablari haqida taxminiy maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.
21. Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ aviatsiya halokati toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotni olganda eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda qisqa muddatda:
havo kemasi roʻyxatga olingan davlatga;
havo kemasi ekspluatanti davlatiga;
havo kemasini loyihalovchi davlatga;
havo kemasini ishlab chiqaruvchi davlatga;
havo kemasining maksimal massasi 2250 kilogrammdan ortiq boʻlsa yoxud havo kemasi turboreaktiv havo kemasi hisoblansa, IKAOga;
fuqarolari vafot etgan yoki ogʻir tan jarohati olgan har qanday davlatga xabarnoma yuboradi;
Xabarnomada, imkon qadar, Konvensiyaga 13-ilovada nazarda tutilgan va ushbu Qoidalarning 20-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlishi kerak.
Xabarnoma sodda tilda bayon etiladi va mavjud boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Toʻliq maʼlumot yoʻqligi xabarnoma yuborilishini kechiktirishga sabab boʻlmasligi kerak.
Yuborishda haddan tashqari kechikishga sabab boʻlmasa, xabarnoma uni qabul qiluvchilar tomonidan foydalaniladigan tilni hisobga olgan holda IKAO ishchi tillaridan birida tuziladi.
Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ xabarnomada batafsil koʻrsatilmagan va mazkur hodisa bilan bogʻliq maʼlum boʻlgan boshqa maʼlumotlarni imkoniyat paydo boʻlishi bilan yuboradi.
Izoh. Telefon, faks, elektron pochta yoki statsionar aviatsiya telekommunikatsiya tarmogʻi (AFTN) koʻp hollarda “eng qulay va tezkor aloqa vositasi” hisoblanadi. Bir nechta aloqa vositalaridan foydalanish mumkin.
22. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyga yetib kelgan vaqtdan eʼtiboran uch kun davomida tekshiruv komissiyasi raisi tekshirish komissiyasini tayinlagan rahbarga va Transport vazirligiga imkon qadar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim boʻlgan keyingi xabarnomani yuboradi:
halokat sanasi, vaqti (mahalliy va UTC), joyi, turi, havo kemasi rusumi, qaysi davlatga tegishliligini va roʻyxat raqamini tanitish belgilari, kimga tegishliligi, egasi (ekspluatant) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, havo kemasining (dvigatellarning) zavodda berilgan raqami, ekspluatatsiya boshlangan vaqtdan eʼtiboran havo kemasining (dvigatellarning) ishlagan vaqti, oʻtkazilgan taʼmirlar soni, oxirgi taʼmir sanasi va joyi, taʼmirdan keyin ishlagan vaqti;
aviatsiya halokati sodir boʻlgan vaqtga yaqin ob-havo sharoitlari (ob-havo sharoitlari nima bilan bogʻliqligi, yerga yaqin shamol tezligi va yoʻnalishi, bulutlarning miqdori, shakli va balandligi, koʻrish masofasi, xavfli ob-havo sharoitlari mavjudligi);
havo kemasi komandirining familiyasi, ismi, otasining ismi (tekshiruvchi, uning lavozimi), darajasi, minimumi, umumiy parvoz soatlari, shu jumladan ushbu rusumdagi havo kemasida (shuningdek, havo kemasi komandiri sifatida);
ekipaj tarkibi (lavozimlari, familiyalari, ismi, otasining ismi);
parvoz topshirigʻi xususiyati, soʻnggi uchib chiqish aeroporti (punkti) va borish belgilangan qoʻnish punkti koʻrsatilgan holda parvoz yoʻnalishi;
bortdagi yoʻlovchilar soni va fuqaroligi;
halokat oqibatlari (halok boʻlganlar soni, ularning fuqaroligi, jiddiy tan jarohati olgan shaxslar soni);
yukning xususiyati va ogʻirligi;
halokat bilan bogʻliq vaziyatning qisqacha tavsifi;
havo kemasining shikastlanish darajasi;
tekshirish davomida aniqlangan muhim faktlar;
shoshilinch profilaktika tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha takliflar.
23. Halokatga uchrayotgan havo kemalari haqida xabar berish, qidirish va avariyadan qutqarish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona aviatsiya qidirish-qutqaruv xizmati tomonidan Qidirish-qutqaruv va avariya holatida ishlarni bajarish qoidalari va mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-§. Tekshiruvni tashkil qilish
24. Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarining xolisona va malakali tekshiruvini tashkil qilish va taʼminlash mahalliy ijro hokimiyati organlari, prokuratura organlari, havo kemasi ishlab chiqaruvchilari, loyihalovchilari, egalari, ekspluatatsiya qiluvchilari, havo kemasi roʻyxatga olingan davlatning va Oʻzbekiston Respublikasi boshqa manfaatdor vazirliklari, idoralari, tashkilotlarining vakillari ishtiroki bilan Transport vazirligiga yuklanadi.
25. Halokat oqibatlari manfaatlariga taʼsir etgan boshqa davlatlarning tashkilotlari, jismoniy shaxslari aviatsiya halokatlari tekshiruvida ishtirok etishi mumkin.
26. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joy, uning oqibatlari, havo kemasi kimga tegishliligidan kelib chiqqan holda aviatsiya halokatlari quyidagilar tomonidan tashkil qilinadigan komissiyalar yordamida tekshiriladi:
a) Transport vazirligi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaro va eksperimental aviatsiya havo kemalari bilan sodir boʻlgan, boshqa davlatlar, vazirliklar, idoralarning manfaatlariga taʼsir qilmagan aviatsiya halokatlari;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat va fuqaro yoki davlat va eksperimental aviatsiyasi manfaatlariga daxldor boʻlgan aviatsiya halokatlari.
Har bir alohida holatda bunday aviatsiya halokatining tekshiruvini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga koʻra Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasiga topshirilishi mumkin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarini tekshirish ishlari mazkur Qoidalar va Konvensiyaga 13-ilovada bayon etilgan tartib-taomillarga muvofiq amalga oshiriladi.
Tekshiruvni oʻtkazish vakolati havo kemasi roʻyxatga olingan davlatga yoki ekspluatant davlatga berilishi mumkin. Tekshiruv boshqa davlatga topshirilgan taqdirda, ushbu tekshiruvda ishtirok etish uchun Transport vazirligi oʻz vakilini tayinlaydi.
28. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bilan xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarining tekshiruvi IKAO qoidalari va hodisa sodir boʻlgan davlatning aviatsiya halokatlarini tekshirish boʻyicha milliy qoidalariga muvofiq:
hodisa sodir boʻlgan davlat tomonidan tashkil qilinadigan komissiya;
Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi (aviatsiya halokati Fuqaro aviatsiyasi va havo hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi bitimda ishtirok etuvchi davlatlarida sodir boʻlgan boʻlsa) tomonidan tashkil qilinadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday hollarda Transport vazirligi tekshiruvda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini yuboradi (tayinlaydi).
Vakilga yordam berish uchun maslahatchilar tayinlanishi mumkin.
Zarur hollarda, Transport vazirligi barcha mavjud axborotdan foydalanib. vaziyatni va sabablarni batafsil oʻrganish uchun oʻz komissiyasini tayinlashi mumkin.
Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joy muayyan davlat hududida joylashganligini aniqlash imkoni boʻlmasa, tekshiruvni havo kemasi roʻyxatga olingan davlat tayinlaydi va oʻtkazadi. Biroq, u tekshiruv oʻtkazishni butunlay yoki qisman, oʻzaro kelishuv asosida, boshqa davlatga topshirishi mumkin.
IKAOning Aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish boʻyicha qoʻllanmasida (Doc 9756) tekshiruvni tashkil qilish, oʻtkazish va nazorat qilish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud. Bundan tashqari, ushbu qoʻllanmaga qoʻshimchalarda yirik aviatsiya halokatlarini tekshirish uchun malakali yordam va uskunalarni taqdim etishi mumkin boʻlgan davlatlarning roʻyxati keltirilgan.
29. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi davlat komissiyasi maqomiga ega.
Komissiyaning umumiy faoliyati rais rahbarligida tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
Aviatsiya halokati tekshiruvi ishtirokchilari ushbu Qoidalarga 4-ilovada belgilangan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
30. Maksimal massasi 2250 kilogrammdan ortiq boʻlgan havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokati tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat havo kemasini roʻyxatga olgan, ekspluatatsiya qilayotgan, loyihalashtirgan yoki ishlab chiqarishga tegishli boʻlgan davlatdan tekshiruvda ishtirok etishni alohida soʻraganda, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ oʻzining vakolatli vakilini tayinlaydi.
Havo kemasini loyihalashtirgan, ishlab chiqargan, roʻyxatga olgan davlat va havo kemasi ekspluatantining davlati aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish uchun vakilini tayinlash huquqiga ega.
Havo kemasi dvigateli yoki asosiy agregatlari loyihalashtiruvchisining davlati yoki ishlab chiqaruvchining davlati aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish toʻgʻrisida taklif bildirishi mumkin.
Havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat va ekspluatant davlati vakiliga yordam tariqasida ekspluatant tomonidan tavsiya etilgan bir nafar yoki bir nechta maslahatchini tayinlashi mumkin.
Havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat va ekspluatant davlati oʻz vakilini tayinlamaganda Transport vazirligi tekshiruvda ishtirok etish uchun havo kemasi ekspluatantining vakilini taklif etishi mumkin.
31. Loyihalovchining davlati va ishlab chiqaruvchining davlati oʻzlarining vakillariga yordam koʻrsatish uchun havo kemasi turining konstruksiyasi va yakuniy yigʻish ishlari uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan bitta yoki bir nechta maslahatchini tayinlashi mumkin.
32. Loyihalovchining davlati va ishlab chiqaruvchining davlati oʻzlarining vakillarini tayinlamaganda Transport vazirligi tekshiruvda ishtirok etish uchun havo kemasi turining konstruksiyasi va yakuniy yigʻish ishlari uchun masʼul boʻlgan tashkilotlarni taklif etishi mumkin.
33. Murojaatga binoan maʼlumotlar, uskunalar yoki ekspertlarni taqdim etayotgan har qanday davlat tekshiruvda ishtirok etish uchun vakilini tayinlashi mumkin.
34. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyda tekshiruvni oʻtkazish uchun operativ bazani (aloqa va bort yozuv uskunalarining maʼlumotlarini tahlil qilish vositalarini, maxsus texnikani va h.k.) taqdim etayotgan yoki qidiruv-qutqaruv operatsiyalari yoxud qoldiqlarni chiqarib olish operatsiyalarida ishtirok etayotgan yoki alyans (aviakompaniyalar birlashmasi) yoki kodlardan birgalikda foydalanish boʻyicha ekspluatant bilan hamkorlik qiladigan har qanday davlatga ushbu tekshiruvda ishtirok etish uchun oʻz vakilini tayinlash taklif etilishi mumkin.
35. Vakil tayinlagan davlat tekshiruv oʻtkazishda oʻz vakiliga yordam koʻrsatish uchun bitta yoki bir nechta maslahatchini tayinlashi mumkin. Maslahatchilarga vakillarning tekshiruvda samarali ishtirok etishi uchun zarur boʻlgan darajada, vakil rahbarligida tekshiruvda ishtirok etish uchun ruxsat beriladi.
36. Aviatsiya halokati yuzasidan tekshiruv oʻtkazish jarayonida halok boʻlganlar yoki jiddiy tan jarohati olganlar orasida chet el fuqarolari mavjudligi aniqlansa, bu davlat tekshiruvda ishtirok etish uchun oʻz ekspertini (ekspertlarini) tayinlash toʻgʻrisida murojaat etishi mumkin.
Tayinlangan ekspert (ekspertlar) quyidagi huquqlarga ega:
aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyga tashrif buyurish;
aviatsiya halokati, shuningdek, ekspert (ekspertlar) tayinlagan davlatning fuqarosi hisoblangan yoʻlovchilarning oʻlimi sabablari, ular olgan tan jarohati xarakteri, ogʻirligi, sabablari haqida eʼlon qilish uchun ruxsat berilgan tegishli aniq maʼlumotlarga va tekshiruv olib borilishi jarayoni haqidagi axborotga ega boʻlish;
Yakuniy hisobot nusxasini olish.
37. Har qanday davlatning vakili, maslahatchilari va ekspertlari tekshiruv olib borilayotgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy boʻlishi nazarda tutilmaydi.
38. Xorijiy davlatlarning vakillari, ularning maslahatchilari va ekspertlari, odatda komissiya tarkibiga kiritilmaydilar.
Alohida hollarda, Transport vazirligi rahbariyati qaroriga koʻra loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi va roʻyxatga oluvchi davlatning vakillari tekshiruv komissiyasi tarkibiga kiritilishi mumkin.
39. Komissiya va xorijiy davlatlarning vakillari harakatlarini muvofiqlashtirish, vakillarda tekshiruvni oʻtkazish yuzasidan paydo boʻladigan barcha masalalarni hal qilish komissiya raisiga yuklatiladi.
Xorijiy davlatlar vakillarining tekshiruvda ishtirok etishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalar ushbu davlatlarning vakillari orqali komissiya raisi tomonidan hal qilinadi.
40. Davlatlarning vakillari va ularning maslahatchilari Konvensiyaga 13-ilovaga binoan belgilanib, Transport vazirligi rahbariyati bilan kelishilgan holda va komissiya raisi nazorati ostida ularga quyidagi huquqlar berilishi mumkin:
aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyga tashrif buyurish;
havo kemasi yoki uning qismlarini koʻzdan kechirish;
guvohlar koʻrsatmalari mavjud boʻlgan maʼlumotni olish va ularga beriladigan savollar mavzularini taklif etish;
ishga taalluqli boʻlgan barcha ashyoviy dalillardan toʻliq va tezkor foydalanish huquqiga ega boʻlish;
ishga taalluqli boʻlgan barcha hujjatlardan nusxa olish;
parvoz maʼlumotlarini tahlil qilishda ishtirok etish;
tekshiruv maqsadida agregatlarni koʻzdan kechirish va tadqiqotlar oʻtkazish, texnik maslahatlar berish, sinash va modellashtirish kabi tekshiruv tadbirlarida aviatsiya halokati sodir boʻlgan joydan tashqarida ishtirok etish;
tekshiruvning olib borilishi boʻyicha yigʻilishlarda, shu jumladan, maʼlumotlarni tahlil qilish, xulosalar, sabablar, omillar va xavfsizlik boʻyicha tavsiyalarni shakllantirish bilan bogʻliq yigʻilishlarda ishtirok etish;
tekshiruvning turli jihatlari boʻyicha fikr bildirish.
41. Vakil va uning maslahatchilari oʻzlarida mavjud boʻlgan barcha tegishli maʼlumotlarni tekshiruv oʻtkazayotgan davlatga taqdim etishi shart va tekshiruv oʻtkazayotgan davlatning ruxsatisiz tekshiruv jarayoni va natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni tarqatmasligi lozim.
Vakil yoki uning maslahatchilari tomonidan tekshiruv jarayoni va natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar tegishli ruxsatsiz tarqatilganligi aniqlanganda, ular Komissiya raisi tomonidan tekshiruvdan chetlatiladi.
Bunda, vakil yoki uning maslahatchilarini tayinlagan davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organi ham xabardor qilinadi.
42. Tekshiruvga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash va yozib olish vakil kelishini kutish sababli keyinga qoldirilmasligi kerak.
Transport vazirligi qarori bilan vakillarning tekshiruvda ishtirok etish darajasi kengaytirilishi mumkin.
43. Transport vazirligi ruxsati bilan vakillar parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tegishli choralarni koʻrish uchun oʻz davlatlariga maʼlumot berishi mumkin.
44. Havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat, ekspluatant, loyihalovchi yoki ishlab chiqaruvchining davlati tomonidan murojaat bilan chiqayotgan davlatning vakili kelib koʻzdan kechirmaguncha havo kemasiga tegmaslik toʻgʻrisidagi murojaat kelib tushsa, amaliy jihatdan bajarish mumkinligi va mazkur Qoidalarga muvofiqligiga qarab, bunday murojaatni bajarish uchun barcha zarur choralar koʻriladi.
45. Qoʻshimcha maʼlumotlar, uskunalarni olish yoki ekspertlarni jalb qilish zarur boʻlgan hollarda tekshiruvni oʻtkazayotgan organ har qanday davlatga uning tekshiruv organlari orqali bunday maʼlumotlarni, uskunalarni yoki ekspertlarni yuborish yuzasidan murojaat qiladi.
46. Murojaatga binoan qoʻshimcha maʼlumotlar, uskunalar yoki ekspertlarni taqdim etayotgan har qanday davlat aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish uchun oʻzining vakilini tayinlashi mumkin. Bunday davlatning vakili yoki ekspertlari tekshiruvda ishtirok etishi darajasi, agar u davlat havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat, ekspluatant, loyihalovchi yoki ishlab chiqaruvchining davlati hisoblanmasa, qatʼiy ularni tekshiruvga jalb qilish masalalari doirasi bilan cheklanadi. Vakillar ishtirok etishining aniq darajasi va shakllari har bir alohida holatda komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
47. Aviatsiya halokatiga uchragan havo kemasiga egalik qiluvchi tashkilot (ekspluatant) va hodisa sodir boʻlgan joyning fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etishi va aviatsiya halokati tekshiruvini oʻtkazish komissiyasi ishini taʼminlash yuzasidan mahalliy ijro hokimiyati organlari va oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan harakatlarini muvofiqlashtirishi shart.
48. Zarur holatlarda aviatsiya halokati tekshiruv komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi kerakli xizmatlari, boʻlinmalari, ishlab chiqarish komplekslari, vazirlik va idoralarining tayyorgarlikdan oʻtgan malakali mutaxassislari jalb qilinadi.
49. Tekshiruv komissiyasi tarkibi rais, rais oʻrinbosari, shtab boshligʻi (kotib) va komissiya aʼzolaridan iborat boʻlishi kerak.
Komissiya ishiga jalb qilinadigan mutaxassislar kichik komissiyalar va ishchi guruhlar tarkibiga kiritilishi yoki ekspertlar sifatida ishlashi mumkin.
50. Manfaatdor idoralardan komissiya tarkibiga kiritiladigan nomzodlar haqidagi maʼlumot, tekshiruvni tashkil etuvchi idoraga u tomonidan murojaat etilganidan soʻng imkon qadar qisqa vaqt ichida taqdim etiladi.
51. Tekshiruvda ishtirok etish uchun mutaxassislarni ajratish toʻgʻrisida murojaat yuborilgan tashkilot rahbari, ushbu tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakllari va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ularni kelishuv boʻyicha aviatsiya halokatini tekshirish doirasida ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqtga kundalik vazifalaridan ozod qilib, komissiya ixtiyoriga yuboradi.
52. Komissiya, uning ishchi organlari tarkibida yoki ekspertlar sifatida ishlash uchun tekshiruv oʻtkazilishini belgilagan organ xodimlari, tegishli hududdagi ijro hokimiyati organlarining vakillari, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar manfaatdor tashkilotlar xodimlari, shu jumladan ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik tashkilotlari, aviatsiya texnikasi loyihalovchilari, ishlab chiqaruvchilari va ekspluatatsiya qiluvchilari, aeroportlar, aviatsiya taʼmirlash tashkilotlari, aviatsiya-texnika baza va markazlari, oʻquv muassasalari, havodagi harakatga xizmat koʻrsatish tashkilotlari, gidrometeorologiya va atrof muhitni monitoring qilish, tibbiyot muassasalarining mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
53. Tekshirish komissiyasi aʼzolari va tekshiruvda ishtirok etayotgan mutaxassislar tegishli malakaga ega boʻlishi kerak va aviatsiya halokati uchun bevosita javobgar boʻlmasligi kerak.
54. Transport vazirligi aviatsiya halokatlari tekshiruvini huquqni muhofaza qilish organlari ishtirokisiz mustaqil ravishda oʻtkazadi va oʻz harakatlarini Oʻzbekiston Respublikasining prokuratura, ichki ishlar va davlat xavfsizlik xizmati organlari vakillari bilan muvofiqlashtiradi.
55. Prokuratura, davlat xavfsizligi, ichki ishlar organlari, kasaba uyushmalari vakillari komissiya raisi bilan hamjihatlikda ish tutib, aviatsiya halokati tekshiruvi bilan bogʻliq ishlarini muvofiqlashtirib boradilar.
56. Tekshiruvni tashkil etish masalalari boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ishlab chiqarish majmualari bilan oʻzaro tezkor harakatlarni:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbarlari;
boshqa vazirlik va idoralarda — tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining oʻrinbosarlari;
oʻquv muassasalarida — taʼlim muassasalari rahbarlari amalga oshiradi.
57. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyda oʻtkazilayotgan tekshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksiga muvofiq, tabiiy ofatlar oqibatlarini tugatish ishlariga tenglashtirilgan alohida sharoitlarda bajariladigan ishlar qatoriga kiradi.
Mahalliy hokimiyat organlari, harbiy qismlar qoʻmondonligi, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasiga har tomonlama koʻmaklashishi shart.
58. Mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻz oʻzini boshqarish organlari fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarini jalb etgan holda aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi aʼzolari va tekshiruvga jalb qilinadigan mutaxassislar aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyda ishlarni olib borishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi, shu jumladan tegishli kiyim-kechak, poyabzal, shaxsiy himoya vositalari, transport va aloqa vositalari, zarur jihozlar, sarflanadigan materiallar, turar joy va oziq-ovqat bilan bepul taʼminlaydilar.
59. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi ishini taʼminlash xarajatlari, shu jumladan komissiyaning topshirigʻi asosida maxsus tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, tekshirish komissiyasining murojaatiga binoan mutaxassislarni xizmat safariga yuborish xarajatlari havo kemasining egasi (ekspluatant) tomonidan moliyalashtiriladi va keyinchalik ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
60. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi aʼzolari, shuningdek, aviatsiya halokatini tekshirish uchun jalb qilinadigan shaxslar xizmat safari guvohnomasini taqdim etganda aviatsiya halokati roʻy bergan joyga borish yoki tekshirish bilan bogʻliq ishlar yuzasidan harakatlanish chogida umumiy foydalanishdagi transportda harakatlanish uchun navbatdan tashqari chipta sotib olish huquqiga ega boʻladi.
Havo transportidan foydalanishda, aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi aʼzolari hamda aviatsiya halokatini tekshirishga jalb qilinadigan shaxslar, xizmat safari guvohnomasini taqdim etganda, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (International Air Transport Association — IATA) 788-son tekshiruvchilarni avariya va halokatlar joyiga yetkazish toʻgʻrisidagi qaroriga (rezolyutsiya) asosan, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, aviatsiya sohasi tashkilotlarining havo kemalarida bepul parvozni amalga oshirish (xizmat doirasida bepul chipta olish) huquqidan foydalanadi.
Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi aʼzolari hamda aviatsiya halokatini tekshirishga jalb qilinadigan shaxslar aeroportlarda, xizmat safari guvohnomasini taqdim etganda, rasmiy delegatsiyalar zalida koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanadi.
61. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyga tezkor yetib borish uchun Transport vazirligi mutaxassislari, shuningdek, amaldagi uchish guvohnomasiga ega boʻlmagan shaxslar, Transport vazirligi rahbariyati koʻrsatmasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi mahalliy yoki xalqaro yoʻnalishlarida parvozlarni bajarayotgan havo kemalari ekipajlarining parvoz topshirigʻiga belgilangan tartibda kiritilishi mumkin. Parvoz topshirigʻiga kiritilgan mutaxassis ekipaj aʼzolari bilan bir qatorda taʼminotning barcha turlaridan, havo kemasi ekspluatanti hisobidan, foydalanadi.
62. Transport vazirligi Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasining Aviatsiya halokatlarini tekshirish komissiyasiga yoki har qanday davlatga koʻmak va yordam koʻrsatish, shu jumladan, har qanday aviatsiya halokatini tekshirish uchun mutaxassislarini yuborish toʻgʻrisida murojaat bilan chiqish huquqiga ega.
3-§. Aviatsiya halokati sodir boʻlganda mansabdor shaxslarning dastlabki harakatlari
63. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan paytdan boshlab aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyda dastlabki harakatlarni amalga oshirish uchun javobgarlik shu joy va hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbariga, u yetib kelguniga qadar esa — havo kemasining komandiriga yuklatiladi.
Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi hodisa joyiga yetib kelgan vaqtdan boshlab tekshiruv yuzasidan barcha harakatlar boʻyicha javobgarlik komissiya Raisiga yuklanadi.
64. Halokatga uchragan havo kemasi ekipaj aʼzolari, boshqa fuqarolar, shuningdek, yuridik shaxslar, mahalliy ijro hokimiyati organlari, mahalliy davlat boshqaruv organlari aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi kelguniga qadar halokatga uchragan havo kemasi, uning tarkibiy qismlari, kema ichidagi va yer ustidagi obyektiv nazorat vositalari, havo kemasi bortida mavjud boʻlgan hamda aviatsiya halokatiga tashqaridan sabab boʻlgan predmetlarning saqlanishini taʼminlash uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi kerak.
65. Aviatsiya halokati aerodromdan tashqarida sodir boʻlganda yoki majburiy qoʻnish amalga oshirilganda, havo kemasi komandiri ekipaj aʼzolari bilan birgalikda Uchish — ekspluatatsiya qoʻllanmasida yoʻlovchilarni evakuatsiya qilish va yongʻinni oʻchirish boʻyicha nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshiradi.
Havo kemasi yonmayotganiga ishonch hosil qilgach, havo kemasi komandiri hodisa sodir boʻlgan hududga masʼul boʻlgan vakil kelguniga qadar:
zudlik bilan havo kemasida elektr taʼminotini butunlay oʻchirib qoʻyishi (bu evakuatsiya qilishga toʻsqinlik qilmasa) va yozuvchi uskunalar oʻchirilganiga ishonch hosil qilishi;
ekipaj kabinasida boshqaruv pultlari va yozuvchi uskunalarning daxlsizligini taʼminlash;
tijorat yuklarining va havo kemasida mavjud boʻlgan boshqa narsalarning daxlsizligini taʼminlashi, yoqilgʻi, moy va boshqa suyuqliklar toʻkib olinishini taqiqlashi;
eshiklar, lyuklar, kapotlarni yopishi va iloji boʻlsa muhrlab (plombalab) qoʻyishi;
havo kemasi va halokat joyi qoʻriqlanishini tashkil etishi;
eng yaqin aviatsiya organi yoki mahalliy hokimiyat organlariga sodir boʻlgan hodisa haqida iloji boricha tezroq xabar berish uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi shart.
Halokat joyiga fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari yoki avariyadan qutqarish ishlari rahbari kelgandan soʻng havo kemasi, uning ichidagi narsalar va hodisa joyida mavjud boʻlgan ashyoviy dalillarning saqlanishi uchun javobgarlik yetib kelgan rahbarga yuklatiladi.
Havo kemasi komandiri sogʻligʻi holatiga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasa, ikkinchi uchuvchi va (yoki) boshqa ekipaj aʼzolari ushbu talablarga va yuzaga kelgan vaziyatga muvofiq harakat qilishi kerak.
66. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan hudud yoki joyga tegishli boʻlgan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari hodisa haqida xabar olishi bilan, tekshirish komissiyasi yetib kelguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, tegishli mahalliy ijro hokimiyati organlari va mahalliy davlat boshqaruv organlari bilan hamkorlikda:
qidirish va avariyadan qutqarish ishlari belgilangan tartibda oʻtkazilishini tashkil etadi, zarur hollarda oʻzaro hamkorlik qiluvchi idoralarni jalb qiladi;
yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolarini qutqarish, yonginni oʻchirish (yoki uning oldini olish), ashyoviy dalillarni saqlab qolish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish zaruratini aniqlash maqsadida halokat joyiga yetib boradi;
ichki ishlar organlari bilan, zarur hollarda esa — ushbu hududda joylashgan harbiy qismlar bilan birgalikda, havo kemasi va uning ichidagi narsalar daxlsizligini taʼminlab (jabrlanganlar xarobalar ostidan chiqarib olinishi kerak boʻlgan hollar bundan mustasno), hodisa joyi qoʻriqlanishini tashkil etadi va begona shaxslar hodisa joyiga kirishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi;
zarurat boʻlganda, havo kemasining asosiy qismlariga nisbatan halok boʻlganlar jasadlari (jasad qoldiqlari) joylashuvining sxemasi tuzilgan va fotosuratga olingandan keyin ularni evakuatsiya qilish haqida koʻrsatma beradi. Bunday hollarda, imkon qadar, havo kemasini qismlarga ajratish va shikastlashga yoʻl qoʻymaslik kerak;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ekipaj aʼzolari, zarur hollarda, yoʻlovchilar va halokatga aloqador aviatsiya xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etadi. Bunday tekshiruv darhol (tezkor) amalga oshirilishi lozim;
ekipaj aʼzolari va parvozga tayyorgarlik koʻrish va uni taʼminlash uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslardan tushuntirish xatlarini oladi;
halokat joyida mavjud boʻlgan bort hujjatlarini va bort yozuv uskunalarini saqlab qolish uchun zarur choralarni koʻradi. Bort yozuv uskunalari agressiv suyuqliklarda yoki yongʻin oʻchogʻida qolgan boʻlsa, ularni darhol u yerdan olish va yozilgan axborotni saqlab qolish uchun choralar koʻrgan holda yozuv uskunasi olinganligi va uning tashqi holati haqida dalolatnoma tuzadi. Boshqa hollarda, yozuv uskunalarini olish taqiqlanadi. Bort yozuv uskunalarini olish, qoidaga koʻra, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim;
zarur hollarda, halokat joyi hududida bort yozuv uskunalari va havo kemasi ajralib ketgan qismlarini qidirish ishlarini tashkil etadi va ular topilgan joyida saqlanishini taʼminlaydi;
aviatsiya halokati guvohlari, shuningdek, avariyadan qutqarish ishlarini amalga oshirayotgan shaxslar aniqlanishi, tekshiruv komissiyasi va huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun ularning roʻyxatlari tuzilishini taʼminlaydi;
parvozga aloqador boʻlgan uchish, texnik va dispetcherlik hujjatlari olib qoʻyilishini tashkil etadi va saqlanishini taʼminlaydi;
tashqi muhit taʼsirida yoʻqolishi mumkin boʻlgan belgilar (havo kemasining yuzasida muz qoplamalari, qora kuya izlari, havo kemasining uchish-qoʻnish yoʻlagi va boshqa yer yuzasidagi harakatidan qolgan tegishli izlar) hujjat koʻrinishida qayd etilishini tashkil qiladi (fotosuratlar, videoyozuvlar yoki tegishli sxemalarni tuzish orqali);
aviatsiya halokati joyining dastlabki chizmasini tuzadi;
ob-havo sharoitining navbatdan tashqari kuzatilishini tashkil qiladi, aviatsiya halokati aerodromdan tashqarida sodir boʻlgan boʻlsa, oʻsha joy yaqinidagi meteorologiya punkti va stansiyalaridan meteorologik maʼlumotlar yigʻilishini taʼminlaydi;
zarur hollarda, aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyning radiologik, kimyoviy va bakteriologik nazorati amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
aviatsiya halokatiga uchragan havo kemasiga yoqilgʻi quyilgan maxsus idishlardan (yoqilgʻi quyish mashinalari) yoqilgʻi quyish ishlarini toʻxtatish va ularni muhrlash toʻgʻrisida koʻrsatma beradi;
havo kemasi bortida joylashgan maxfiy belgili maxsus uskunalar va parvoz hujjatlarining saqlanishini taʼminlaydi;
dispetcher magnitafon yozuvlari, qoʻnish radari koʻrsatkichlarining maʼlumotlari, havo kemalari harakatlanishi jadvali, radioaloqa apparatlari va radiotexnik vositalar ish vaqtini hisobga olish jurnali, barcha ekipaj aʼzolarining uchish kitobchalari, uchish yigʻmajildlari va tibbiy kitobchalari, havo kemasi dvigatellari va agregatlarining formulalari, texnik xizmat koʻrsatilgani toʻgʻrisidagi karta-naryadlar va defekt vedomostlari (nosozliklar roʻyxati), havo kemasini parvozga tayyorlashda yoki parvozdan oldin nosozlikni bartaraf etishda ishlatilgan asboblar va nazorat uskunalari, uchish-qoʻnish yoʻlagi holati, havo kemasiga quyilgan yoqilgʻi miqdori va sifatini tavsiflovchi hujjatlar, hodisa joyi, aerodrom va parvoz yoʻnalishi boʻyicha ob-havo sharoitini tavsiflovchi meteorologiya hujjatlari olib qoʻyilishi va muhrlanishini (saqlanishini) tashkil qiladi;
halokat sodir boʻlgan vaqtga yaqin boʻlgan davr ichida aviatsiya halokati sodir boʻlgan hududda parvozlarni amalga oshirayotgan boshqa havo kemalarining bort raqamlarini aniqlaydi va tekshirish jarayonida keyinchalik foydalanish uchun ushbu havo kemalarining nazorat qilish yozuv vositalaridagi parvoz maʼlumotlari saqlab qolinishi uchun choralar koʻradi;
zarur hollarda, huquqni muhofaza qilish organlari bilan kelishilgan holda, shikastlangan havo kemasi joyini oʻzgartiradi. Havo kemasi temir yoʻllar, avtomobil yoʻli, suv yoʻli yoki aerodromga tushib, transport harakati yoki parvozlarga toʻsqinlik qilgan holdagina uni tekshiruv komissiyasi kelishidan oldin koʻchirishga ruxsat etiladi. Boshqa joyga koʻchirishda havo kemasi (uning qismlari) halokat sodir boʻlgan joyda qanday holatda boʻlgan boʻlsa, xuddi shunday saqlanishi uchun choralar koʻriladi. Bunday hollarda, boshqa joyga koʻchirishdan oldin havo kemasi yoki uning qismlari holati va joylashuvi yerdan, zarur boʻlsa, havodan turib, bir necha pozitsiyalarda yoʻnalishli va batafsil suratga yoki videoga olinadi, halokat joyini tekshirish dalolatnomasi tuziladi va unda havo kemasi yoki uning qismlari joylashuvi va umumiy ahvoli, yer (yer usti toʻsiqlari) bilan toʻqnashish burchagi aks ettiriladi, ekipaj kabinasida asboblarning koʻrsatmalari, tugmachalari, nazorat tutqichlarining holati suratga olinadi yoki videotasvirga tushiriladi, kabinani tekshirish dalolatnomasi tuziladi;
zarur hollarda, havo kemasi ekipajini, havo kemasini parvozga tayyorlashda, parvozni taʼminlashda va havodagi harakatni boshqarishda bevosita ishtirok etgan yerdagi xizmatlar xodimlarini oʻz vazifalarini bajarishdan chetlatish choralarini koʻradi. Koʻrsatilgan shaxslarga komissiya raisi bilan kelishilgan holda tegishli rahbarning qarori bilan oʻz vazifalarini bajarishga ruxsat etiladi;
aviatsiya halokatidan oldin havo kemasi parvozini bajarish va taʼminlash haqidagi maʼlumotlar va tegishli hujjatlarning saqlanishini taʼminlash maqsadida havo kemasi uchib chiqqan soʻnggi aerodrom xizmatlariga, uning parvozi yoʻnalishi boʻylab havodagi harakatga xizmat koʻrsatish organlari va havo kemasining egasiga (ekspluatanti) aviatsiya halokati toʻgʻrisida xabar beradi;
mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan hamkorlikda jabrlanganlar va ularning qarindoshlariga koʻmaklashish va yordam koʻrsatish guruhini hamda aviatsiya halokatini tekshirish komissiya ishini taʼminlash guruhini tuzadi.
67. Aviatsiya halokati sodir boʻlganda mansabdor shaxslarning dastlabki harakatlari natijasida olingan barcha materiallar aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasiga topshirilishi kerak.
68. Komissiya kelguniga qadar yerdagi va bortdagi magnitofonlar yozuvlarini ochish va tinglash, shuningdek, bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini yechish va tahlil qilish taqiqlanadi va mazkur ishlar faqat komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari qarori bilan ularning ixtiyoriga oʻtkazilgandan soʻng darhol amalga oshirilishi mumkin.
69. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini oʻqish uchun tegishli vositalarga ega boʻlmasa, ishlab chiqaruvchi (yoki loyihalovchi) hisoblanmagan davlat tomonidan taqdim etilgan tegishli parvoz maʼlumotlarini tahlil qiluvchi texnik markazdan quyidagi jihatlarni hisobga olgan holda foydalaniladi:
parvoz maʼlumotlarini oʻqish imkoniyati;
parvoz maʼlumotlarini oʻz vaqtida oʻqish;
parvoz maʼlumotlarini oʻqish uskunalarining joylashishi.
Barcha holatlarda havo kemasining parvoz maʼlumotlarini oʻqish va tahlil qilish uchun ekspluatant, loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi davlatlarning vakillari jalb qilinishi mumkin.
70. Halokatga uchragan havo kemasini loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi va unga egalik qiluvchi (ekspluatant) tashkilotlar, shuningdek, uning taʼmirlash ishlarini bajargan, havodagi harakatiga xizmat koʻrsatgan, texnik va aerodrom xizmatlarini amalga oshirgan tashkilotlar rahbarlari aviatsiya halokati toʻgʻrisida maʼlumot olishi bilan ushbu havo kemasiga tegishli boʻlgan loyihalash, sinash, ishlab chiqarish, taʼmirlash va foydalanish (ekspluatatsiya qilish), parvozini taʼminlash bilan bogʻliq tegishli hujjatlarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishi shart.
4-§. Tekshirish komissiyasi ishini tashkil etish tartibi
71. Komissiya raisi tekshiruvning barcha bosqichlarini tashkil etadi, amalga oshiradi va nazorat qiladi, tekshiruvga aloqador barcha ishtirokchilarning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
72. Aviatsiya halokati joyiga yetib kelgach, tekshirish komissiyasi raisi mahalliy ijro hokimiyati organi yoki mahalliy davlat boshqaruvi organining rahbarini bu haqda xabardor qiladi, tashkiliy majlis oʻtkazib, unda komissiya tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyruqni eʼlon qiladi, halokat sodir boʻlgan joyda dastlabki harakatlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslarning halokat tafsilotlari va bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotini tinglaydi, kichik komissiyalar tuzadi, ularning raislarini tayinlaydi, tekshiruvning dastlabki bosqichidagi ishlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi va zarur tezkor koʻrsatmalar beradi.
Komissiya raisining aviatsiya halokatini tekshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha koʻrsatmalari aviatsiya halokatini tekshirish va komissiya ishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan barcha mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi shart.
73. Odatda, aviatsiya halokatlarini tekshirish komissiyasida ishlarning asosiy yoʻnalishlari (uchish, muhandislik-texnik, maʼmuriy) boʻyicha kichik komissiyalar va shtab tashkil qilinadi. Zarur boʻlganda, komissiya raisi qaroriga binoan boshqa kichik komissiyalar ham tuzilishi mumkin. Kichik komissiyalarda ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Halokat joyi sxemasini (krokini) tuzish boʻyicha guruh va suhbat oʻtkazish guruhi raisning qaroriga binoan uchish yoki muhandislik-texnik kichik komissiyasi tarkibiga kiritiladi yoxud komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari rahbarligida mustaqil ravishda ishlaydi hamda ushbu Qoidalarga 5 va 6-ilovalarda nazarda tutilgan funksiyalarni bajaradi.
Qidirish va avariyadan qutqarish ishlari guruhi bevosita komissiya raisiga boʻysunadi hamda ushbu Qoidalarga 7-ilovada belgilangan vazifalarni bajaradi. Insonlar oʻlimi bilan bogʻlik boʻlmagan hollarda, bu guruh maʼmuriy kichik komissiya tarkibiga kiritilishi mumkin.
Komissiyada hisoblash va tahlil qilish guruhi tuziladi, u kichik komissiyalar tarkibiga kirmaydi va bevosita komissiya raisiga boʻysunadi. Hisoblash va tahlil qilish guruhi ushbu Qoidalarga 8-ilovada koʻrsatilgan vazifalarni bajaradi.
74. Tekshiruvga jalb qilingan mutaxassislar ularning ixtisosligiga qarab, kichik komissiyalar yoki ishchi guruhlar tarkibiga kiritiladi yoki alohida masalalar boʻyicha ekspertlar sifatida faoliyat yuritadi.
75. Kichik komissiyalarning tarkibi, ularning ish rejalari, shuningdek, ishchi guruhlarning tarkibi komissiya Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
76. Tekshirish komissiyasining ishi rejaga muvofiq amalga oshiriladi, rejaning loyihasi komissiya raisi tomonidan tasdiqlangunga qadar komissiya majlisida koʻrib chiqiladi va muhokama qilinadi. Rejada komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, ishlar va tadqiqotlarni bajarish ketma-ketligi, shuningdek, ishlarni bajarish va yakuniga yetkazish muddatlari uchun masʼul boʻlgan shaxslar nazarda tutilishi kerak.
Komissiyaning ish rejasi kichik komissiyalar va ishchi guruhlarning operativ (tezkor) rejalarida batafsil bayon etilgan boʻlib, ular bir va bir necha kungacha boʻlgan muddatga tuziladi va kichik komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
77. Komissiya ish rejasi tasdiqlangunga qadar halokat joyida biron-bir ishni bajarish taqiqlanadi, tashqi koʻrikni oʻtkazish, yoʻqolib ketishi mumkin boʻlgan izlarni (havo kemasining yuzasida muz qoplamalari, qora kuya izlari va boshqalar, havo kemasining yer yuzasidagi harakatidan qolgan oʻziga xos izlar) tasvirga tushirish, jarohatlanganlar va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish hamda bort yozuv uskunalarini yechib olish ishlari bundan mustasno.
78. Komissiya va kichik komissiyalarning ish rejalari olingan maʼlumotlarga qarab, tekshiruv jarayonida oʻzgartiriladi va toʻldiriladi.
79. Komissiya ish joyida aviatsiya texnikasi obyektlarining tadqiqotlari (ularning ishlash layoqatini tekshirish) va eksperimentlari oldindan tuzilgan, tekshiruvda ishtirok etayotgan tomonlar vakillari imzolagan, komissiya raisi tasdiqlagan rejalar (dasturlar) boʻyicha oʻtkaziladi va tekshiruv materiallariga ilova qilinadi.
Halok boʻlgan uchuvchi ekipaj aʼzolari, bortkuzatuvchilar va yoʻlovchilarning sud-tibbiy ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
80. Prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi, ekspluatant vakillari, Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi, konstruktorlik byurosi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati vakillari tekshiruv komissiyasi majlislarida qatnashish huquqiga egadir.
Komissiya aʼzolari, komissiya raisi bilan kelishgan holda, tekshiruvda ishtirok etayotgan boshqa mutaxassislarni komissiya majlislariga taklif qilish huquqiga ega.
81. Asosiy uslubiy va tashkiliy masalalar boʻyicha qarorlar komissiya tomonidan qabul qilinadi, bunda komissiya raisi yakuniy qaror qabul qilish huquqiga ega. Qarordan norozi boʻlgan komissiya aʼzosi oʻz fikrini har qanday maqbul shaklda bayon etishga haqli.
82. Komissiya va kichik komissiyalarning majlislari ularda muhokama qilingan masalalar, qabul qilingan qarorlar va raisning koʻrsatmalari batafsil aks ettirilgan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, bayonnomada tomonlarning fikrlari majburiy ravishda aks ettirilishi lozim. Bayonnoma komissiya (kichik komissiya) raisi va shtab boshligʻi tomonidan imzolanadi.
Zarur hollarda komissiya yigʻilishi magnitofonga yozib olinadi, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.
83. Tekshirish jarayonida aviatsiya halokatining kelib chiqishiga sabab boʻluvchi kamchiliklar aniqlanganda, komissiya parvoz va texnik ekspluatatsiya qilish, parvozlarni boshqarish va taʼminlash, havo kemasi ekspluatanti boʻlinmalarida xodimlarni tayyorlash qoidalari bajarilishi yuzasidan tekshirish oʻtkazishni tashkil etishi, havo kemasi shu davlatda ishlab chiqarilgan (taʼmirlangan) boʻlsa, fuqaro aviatsiyasining tegishli tashkilotlarida shunga oʻxshash tekshiruvlar oʻtkazilishini tavsiya qilishi shart.
84. Aviatsiya halokati tekshiruvining har qanday bosqichida yoki tekshiruvning natijalari asosida Transport vazirligi parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish uchun zudlik bilan qabul qilinishi zarur boʻlgan tegishli profilaktika chora-tadbirlarini fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga tavsiya qilishi mumkin.
Havo kemasi loyihalovchisi, ishlab chiqaruvchisi, egasi va boshqa davlatda joylashgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga hamda havo kemasi roʻyxatga olingan davlatga tegishli ogohlantiruvchi choralar aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organ orqali yuboriladi.
85. Maqsadga muvofiq boʻlsa, Transport vazirligi oʻtkazilgan tekshiruvlar asosida ishlab chiqilgan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha har qanday tavsiyalarni, boshqa tegishli davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organlariga, IKAO hujjatlariga taalluqli boʻlsa, IKAOga sanasi koʻrsatilgan kuzatuv xati bilan yuboradi.
Yakuniy hisobotlar IKAOga yuborilayotgan xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan taqdirda, ular IKAO hujjatlari bilan bogʻliq boʻlgani uchun, taklif etilayotgan aniq harakatlar bayon etilgan xat ushbu hisobotlarga ilova qilinadi.
86. Transport vazirligi boshqa davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organidan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar olgan taqdirda, yoʻllanma xati roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab 90 kun ichida ushbu vakolatli organga profilaktika boʻyicha qabul qilingan yoki koʻrib chiqilayotgan chora-tadbirlar yoki biror chora qabul qilinmagani sabablari toʻgʻrisida xabar beradi.
87. Komissiya, kichik komissiyalar va ishchi guruhlar aʼzolarining bir vaqtning oʻzida jinoyat-protsessual ahamiyatga ega boʻlgan, yaʼni daliliy materiallarni yigʻishga qaratilgan harakatlari (bort va yer usti yozuv uskunalari hamda ularning tashuvchilarini yechib olish, oʻqish joyiga yetkazib berish va saqlash uchun topshirish, shaxsni tanish, soʻrov oʻtkazish, tekshirish va boshqalar), shuningdek, halok boʻlganlarni dafn etish yoki krematsiya qilish dastlabki tergovni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qilish organining ruxsati bilan oʻtkazilishi kerak.
88. Tekshiruvda ishtirok etayotgan shaxslar mehnat muhofazasi boʻyicha instruktajdan oʻtgandan soʻng rais ruxsati bilan komissiya shtabi boshligʻi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar orqali halokat joyiga kiritiladi.
89. Havo kemasi, undagi barcha narsalar yoki uning biron-bir qismi, havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat va ekspluatant davlati qonunchiligida belgilangan tegishli vakolatga ega boʻlgan har qanday shaxs yoki shaxslarga tekshiruvda kerakmas boʻlgandan soʻng, qoʻriqlashdan ozod qilinadi.
90. Obyektiv nazorat vositalari, ularni sozlash jadvallari, parvozga oid va texnik hujjatlar tekshiruv olib borilayotgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotida saqlanadi.
91. Havo kemasining barcha elementlari va texnik hujjatlari, huquqni muhofaza qilish organlaridan ularni yoʻq qilish uchun yozma ruxsatnoma olingunga qadar saqlanadi. Yoʻq qilish ishlari havo kemasi egasi tomonidan saqlash joyida maxsus komissiya ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi.
92. Fan va texnikaning maxsus sohalari boʻyicha bilimlarni talab qiladigan aniq masalalarni hal etish uchun, kichik komissiyalar va ishchi guruhlar tarkibidagi mutaxassislardan tashqari tekshiruvga ekspertlar jalb etilishi mumkin.
93. Halokat joyiga yetib kelgach, ekspert komissiyaning ish rejasiga muvofiq, komissiya yoki kichik komissiya raisidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar roʻyxati koʻrsatilgan yozma topshiriq oladi. Ekspert oʻz ishini mustaqil ravishda (yoki ekspertlar guruhi tarkibida) olib boradi va komissiya (kichik komissiya) raisi bilan muvofiqlashtiradi.
Ish natijalari ekspertning (ekspertlarning) xulosasi shaklida tuziladi va komissiya (kichik komissiya) yigʻilishida muhokama qilinadi. Muhokama davomida ekspertga qoʻshimcha savollar berilishi mumkin boʻlib, ularning javoblari ekspert xulosasiga qoʻshimcha shaklda rasmiylashtiriladi.
Ekspert xulosasi komissiya (kichik komissiya) tomonidan koʻrib chiqiladi va tekshiruv materiallariga ilova qilinadi.
94. Kichik komissiyalar va ishchi guruhlar tomonidan ushbu Qoidalarga 9, 10, 11-ilovalarda nazarda tutilgan ishlar amalga oshiriladi, ishlarning natijalari hisobotlar bilan rasmiylashtiriladi hamda ular komissiya (kichik komissiya) yigʻilishlarida muhokama qilinadi.
Kichik komissiyalar va ishchi guruhlarning ish tartibi hamda ular tomonidan mazkur Qoidalarga 5 — 11-ilovalarda belgilangan materiallar tayyorlanadi.
Komissiya (kichik komissiya) aʼzolari bajarilgan ishning yetarliligiga va olingan natijadagi aniq maʼlumotlarga rozi boʻlsalar, hisobot qabul qilinadi va tekshiruv materiallariga ilova etiladi. Aks holda, qayta koʻrib chiqish uchun kichik komissiyaga (ishchi guruhga) qaytariladi.
95. Yakuniy hisobot, kichik komissiyalar, ishchi guruhlar materiallari, tadqiqot va ekspertizalar natijalari, shuningdek, komissiyaga taqdim etilgan boshqa maʼlumotlarni hisobga olgan holda ushbu Qoidalarga 12-ilovada belgilangan namunada tuziladi.
Yakuniy hisobot loyihasi komissiya tomonidan tekshiruvda ishtirok etgan barcha davlatlarga hujjat loyihasi yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirishni taklif etgan holda yuboriladi. Loyiha yuborilgandan soʻng 60 kun davomida olingan barcha fikr va mulohazalar aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Hisobot matniga kiritilishi maqsadga muvofiq boʻlmagan fikr va mulohazalar hisobotning yakuniy loyihasiga ilova qilinadi.
96. Yakuniy hisobotga materiallar yoki qoʻshimchalar, aviatsiya halokati yoki insidenti tahliliga tegishli boʻlgan holdagina unga kiritiladi. Bunday tahlil bilan bogʻliq boʻlmagan yozuvlarning qismlari ommaga oshkor qilinmaydi.
97. Aviatsiya halokati tekshiruvining natijalari boʻyicha Yakuniy hisobot loyihasi, komissiya aʼzolari muhokamasi uchun komissiya raisi tomonidan taqdim etiladi. Hisobot mazmuni boʻyicha ixtiloflar boʻlsa, hisobot komissiya raisi taklif etgan tahrirda tayyorlanadi. Hisobotning mazmuniga rozi boʻlmagan komissiya aʼzosi muxolif fikrni yozma ravishda bildirishi shart.
98. Muxolif fikr bildirilganda norozilikning aniq sabablari va ularning asoslanishi, shuningdek, taklif etilayotgan tahrir matni koʻrsatiladi. Komissiya aʼzolari tomonidan muxolif fikr majburiy ravishda bayonnoma rasmiylashtirilgan holda koʻrib chiqiladi.
Bayonnomada muxolif fikr yuzasidan komissiya (kichik komissiya) aʼzolaridan har birining fikri koʻrsatiladi. Har qanday holatda, muxolif fikr kichik komissiya (ishchi guruh) hisobotiga ilova qilinadi.
Ixtiloflarni hal qilishning imkoniyati boʻlmasa, Yakuniy hisobot muxolif fikr va qoʻshma bayonnoma bilan Transport vazirligi yoki komissiyaning Yakuniy hisobotini tasdiqlaydigan vakolatli shaxs tomonidan koʻrib chiqiladi.
99. Yakuniy hisobot komissiya raisi va barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Koʻrib chiqish natijasida hisobotda muxolif fikr inobatga olinmagan boʻlsa, uni taqdim etgan komissiya aʼzosi hisobotni “muxolif fikr bilan” degan yozuv bilan imzolaydi.
Kichik komissiyalar va ishchi guruhlarning hisobotlarini tuzish va imzolashda shunday tartibga rioya qilinishi lozim.
Har qanday holda, komissiya, kichik komissiya yoki ishchi guruhning hisobotiga muxolif fikri ilova qilinadi.
100. Komissiya raisi va komissiya shtabi boshligʻi tekshiruv boʻyicha Yakuniy hisobot bilan bir vaqtda tekshiruv materiallariga ilova qilingan hujjatlar roʻyxatini imzolaydi.
101. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi raisi aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasini tayinlagan vakolatli organ rahbariga Yakuniy hisobotni tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Komissiyaning Yakuniy hisobotini tasdiqlash sanasi sifatida tekshiruv yakuniga yetkazilgan sana hisoblanadi.
102. Aviatsiya halokati maksimal massasi 2250 kgdan ortiq boʻlgan havo kemasi bilan sodir boʻlgan boʻlsa, komissiya tomonidan tekshiruv materiallari asosida axborot hisoboti tuziladi va IKAOga yuboriladi.
Axborot hisobotini toʻldirish tartibi va qoidalari aviatsiya halokatlari haqidagi axborotlarni kodlash boʻyicha amaldagi hujjatlar bilan belgilanadi.
103. Xorij havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokati tekshiruvi natijalari boʻyicha yakuniy hujjat Yakuniy hisobot boʻlib, uning loyihasi komissiya tomonidan tayyorlanadi va uning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Yakuniy hisobot loyihasi komissiya tomonidan tekshiruvda ishtirok etgan barcha davlatlarga hujjat loyihasi yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirishni taklif etgan holda yuboriladi. Loyiha yuborilgandan soʻng 60 kun davomida olingan barcha fikr va mulohazalar aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Hisobot matniga kiritilishi maqsadga muvofiq emas deb eʼtirof etilgan fikr va mulohazalar hisobotning yakuniy loyihasiga ilova qilinadi.
104. Aviatsiya halokatini tekshirish materiallari (kichik komissiyalar, ishchi guruhlar hisobotlari va ularga ilova qilingan materiallarni oʻz ichiga olgan Yakuniy hisobot) Yakuniy hisobot tasdiqlangan kundan boshlab besh kun ichida quyidagilarga yuboriladi:
dastlabki tergovni oʻtkazayotgan huquqni muhofaza qilish organiga;
Transport vazirligiga;
havo kemasi ekspluatantiga (egasiga);
Oʻzgidrometga, aviatsiya halokati ob-havo sharoitlari yoki qoniqarsiz meteotaʼminot bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga (aviatsiya halokatini tekshirish qoʻshma komissiya tomonidan amalga oshirilganda).
105. Yakuniy hisobot ilovalarsiz (Yakuniy hisobotga ilova qilinadigan materiallarsiz) quyidagilarga yuboriladi:
roʻyxatga olgan davlatga;
ekspluatatsiya qiluvchi davlatga;
loyihalashtirgan davlatga;
ishlab chiqargan davlatga;
IKAOga (aviatsiya halokati maksimal massasi 5700 kilogrammdan ortiq boʻlgan havo kemasi bilan sodir boʻlgan boʻlsa);
fuqarolari vafot etgan yoki ogʻir tan jarohati olgan har qanday davlatga;
tegishli maʼlumotlar, tekshiruv uchun zarur boʻlgan asosiy uskunalar, shu jumladan, bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini oʻqish uchun tegishli vositalar yoki ekspertlarni taqdim etgan har qanday davlatga;
aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etgan har qanday davlatga.
106. Tasdiqlangan tekshiruv materiallarini yuborish (ommaga eʼlon qilish) bevosita Transport vazirligi yoki uning nomidan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Yakuniy hisobotni 12 oy ichida eʼlon qilish imkoni boʻlmasa, Transport vazirligi tekshiruv davomida yuzaga kelgan parvozlar xavfsizligi bilan bogʻliq har qanday masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotni, tekshiruv jarayoni qanday ketayotganligi batafsil bayon qilingan oraliq axborotni aviatsiya halokatining har yilligiga eʼlon qiladi.
107. Tekshiruvda ishtirok etayotgan shaxslar mazkur Qoidalarga muvofiq ularga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi, ular tomonidan bajarilgan ishning toʻliqligi va sifati, xulosalarning asoslanganligi va xolisligi hamda materiallar sifatli rasmiylashtirilganligi uchun javobgardirlar.
108. Komissiya ishini taʼminlash uchun tekshiruv oʻtkazilayotgan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari buyruq bilan quyidagi vazifalar yuklanadigan moddiy-texnik jihatdan taʼminlovchi guruhni tayinlaydi:
komissiya va tekshiruvga jalb etilgan mutaxassislarni moddiy-texnik, maishiy va tibbiy jihatdan taʼminlashni tashkil etish;
halokat joyini va ashyoviy dalillarni qoʻriqlashni taʼminlash;
komissiya ishini taʼminlash boʻyicha barcha masalalar yuzasidan mahalliy ijro hokimiyati organlari va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
yuk qabul qiluvchi va joʻnatuvchi bilan oʻzaro ishlash;
aviatsiya halokati joyida yuk koʻtarish (kran, takelaj) ishlari, aviatsiya texnikasidagi ishlarni tashkil etish va tekshirish maqsadida havo kemasi yoki uning tarkibiy qismlarini halokat joyidan evakuatsiya qilish, shuningdek, komissiya topshirigʻi boʻyicha tadqiqotni amalga oshirish uchun tegishli ijro etuvchi tashkilotlarga avariya texnikasi (tarkibiy qismlar) yuborilishini tashkil etish;
komissiya ishini taʼminlash va tekshiruv bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash masalalari boʻyicha havo kemasiga egalik qiluvchi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
komissiya koʻrsatmasiga koʻra tekshiruv materiallaridan nusxa koʻchirib koʻpaytirish va tarqatish;
aviatsiya halokatini tekshirish yuzasidan boshqa ishlarni amalga oshirish.
5-§. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatlari tekshiruvida Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya mutaxassislarining ishtirok etishi
109. Oʻzbekiston Respublikasida loyihalashtirilgan, ishlab chiqarilgan, roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki ekspluatatsiya qilinayotgan fuqaro havo kemalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarini tekshirishda, bunday halokatlarni tekshiruv hodisa sodir boʻlgan joyning davlat organlari tomonidan amalga oshirilganda, Transport vazirligi aviatsiya halokati haqida xabarnoma olganligini tasdiqlaydi va Konvensiyaga 13-ilovaga muvofiq aviatsiya halokatini tekshirish uchun vakil tayinlaydi. Vakilga yordam berish uchun maslahatchilar tayinlanadi.
110. Aviatsiya halokatini tekshirishda ishtirOk etish uchun mutaxassislar guruhining shaxsiy tarkibi tasdiqlanganidan soʻng hodisa sodir boʻlgan davlatga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekistonning ushbu davlatdagi elchixonasiga tegishli xabarnoma yuboriladi.
Aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish uchun tayinlangan mutaxassislarning chiqib ketishini rasmiylashtirish mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari va aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish uchun mutaxassislarni ajratgan tashkilotlarning tegishli boʻlinmalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
111. Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan xorijiy davlat hududida sodir boʻlgan aviatsiya halokatini tekshirishda ishtirok etuvchi vakil va maslahatchilarning huquqlari Konvensiyaga 13-ilovada belgilangan boʻlib, ushbu Qoidalarning 40-bandida koʻzda tutilgan.
Tekshiruv davomida yuzaga keladigan barcha masalalar tekshiruvni oʻtkazayotgan davlatning tekshiruv boʻyicha vakolatli shaxsi (komissiya raisi) orqali vakil tomonidan hal etiladi.
112. Hodisa sodir boʻlgan hudud davlatidagi Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining vakolatxonalari, shuningdek, havo kemasi egasi (ekspluatant) vakillari tekshiruvda ishtirok etayotgan mutaxassislar guruhini transport, aloqa vositalari, ishlash va dam olish xonalari, oziq-ovqat va boshqalar bilan taʼminlash boʻyicha barcha mumkin boʻlgan yordamni koʻrsatishi shart.
113. Aviatsiya halokati tekshiruvida ishtirok etish natijalariga koʻra vakil mutaxassislar guruhi bilan maʼlumotnoma tayyorlaydi va u Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbariga taqdim etiladi.
Ushbu guruh mutaxassislari aviatsiya halokatini tekshirgan davlat organi taqdim etgan Yakuniy hisobot loyihasini koʻrib chiqadi va ushbu hisobotga sharh va takliflar tayyorlaydi.
114. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarini tekshirish Transport vazirligiga topshirilganda, bunday tekshiruv ushbu Qoidalar talablariga muvofiq, Konvensiyaga 13-ilovaga standartlar va tavsiyalarga amal qilgan holda oʻtkaziladi.
115. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokati yoki jiddiy aviatsiya insidenti joyi qaysi davlat hududiga tegishliligini aniqlash imkoni boʻlmasa, Konvensiyaga 13-ilovaga va mazkur Qoidalarga muvofiq tekshiruvni aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tayinlaydi va oʻtkazadi.
Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ oʻzaro kelishuv asosida tekshiruv vakolatini toʻliq yoki qisman boshqa davlatga yoki mintaqaviy davlatlararo aviatsiya halokati va insidentlarini tekshiruvchi tashkilotga topshirishi mumkin.
116. Aviatsiya halokati yoki insidenti tekshiruvini oʻtkazayotgan davlat murojaatiga koʻra aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ ushbu davlatga oʻzida mavjud boʻlgan tekshiruvga tegishli barcha maʼlumotlarni, shu jumladan, faoliyati havo kemasining ekspluatatsiyasiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tashkilotlar haqida maʼlumotni taqdim etadi.
Aviatsiya halokatiga yoki jiddiy aviatsiya insidentiga uchragan havo kemasi hodisa sodir boʻlgan davlatdan boshqa davlatga qoʻnganda, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ aviatsiya halokati tekshiruvini olib borayotgan davlat murojaatiga koʻra bort yozuv uskunalari maʼlumotlarini va zarur boʻlsa, tegishli bort yozuv uskunalarini taqdim etadi.
Aviatsiya halokati yoki insidenti sodir boʻlgunga qadar havo kemasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining vositalari yoki xizmatlaridan foydalanilganda yoki foydalanilishi mumkin boʻlganda va Transport vazirligi tekshiruvga tegishli boʻlgan shunday maʼlumotga ega boʻlsa, u ushbu maʼlumotni tekshiruv oʻtkazayotgan davlatga taqdim etishi mumkin.
117. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida xorijiy davlat yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatini tekshirish jarayonida halok boʻlganlar yoki jiddiy tan jarohati olganlar orasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari borligi aniqlansa, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tekshiruvda ishtirok etish uchun tegishli ekspertni (ekspertlarni) tayinlashi mumkin.
6-§. Aviatsiya halokati bilan bogʻliq axborotni ommaga taqdim etish
118. Tekshiruv jarayonida Yakuniy hisobot tasdiqlangunga qadar aviatsiya halokati haqidagi axborot aniq maʼlumotlar bilan chegaralanadi.
Boshqa davlatdan koʻrib chiqish uchun yuborilgan yoki nashr uchun tayyorlanayotgan Yakuniy hisobot loyihasi ommaga eʼlon qilinmaydi.
Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tekshiruvni amalga oshirayotgan davlatning rasmiy roziligisiz aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish jarayonida olingan hisobot loyihasini yoki uning har qanday qismini yoki boshqa hujjatlarni tarqatmaydi, nashr etmaydi yoki ulardan foydalanishga ruxsat bermaydi (tekshiruvni amalga oshirayotgan davlat tomonidan avval eʼlon qilingan yoki ommaga nashr qilingan hisobotlar yoki hujjatlar bundan mustasno).
119. Aviatsiya hodisasi tekshiruvini oʻtkazayotgan vakolatli organ aviatsiya halokati yoki insidentlarini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlar uchun quyidagi maʼlumotlarni taqdim etmasligi lozim:
a) bort tovush yozuvchi uskunalarning yozuvlari va bortdagi vizual vaziyatni yozish moslamalarining yozuvlari va har qanday bunday yozuvlarning tahlili;
b) aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organning nazorati yoki himoyasi ostidagi yozuvlar, masalan:
1) tekshirish jarayonida barcha shaxslardan tekshiruvni oʻtkazayotgan vakolatli organ tomonidan olingan koʻrsatmalar;
2) havo kemasi ekspluatatsiyasiga aloqasi boʻlgan shaxslar oʻrtasidagi har qanday yozishmalar;
3) aviatsiya halokati yoki insidentida ishtirok etgan shaxslarga doir tibbiy yoki maxfiy maʼlumotlar;
4) havodagi harakatni boshqarish organlarining yozuvlari va sharhlari;
5) aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hamda vakolatli vakillar tomonidan aviatsiya halokati va insidentiga oid maʼlumotlarni, shu jumladan, parvoz maʼlumotlarini tahlil qilish paytida bildirilgan maʼlumotlar va ular haqidagi fikrlar tahlili;
6) aviatsiya halokati yoki insidenti tekshiruvining yakuniy hisoboti loyihasi.
Davlat tomonidan tayinlangan vakolatli organ (aviatsiya halokati yuzasidan dastlabki tergov oʻtkazayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ) tomonidan milliy qonunchilikka muvofiq manfaatlar toʻqnashuvi tamoyiliga rioya qilgan holda yuqoridagi maʼlumotlarni oshkor qilish yoki ulardan foydalanish ushbu yoki kelajakdagi har qanday tekshiruvga taʼsir qilishi ehtimoli boʻlgan hamda ichki va xalqaro salbiy oqibatlardan ustuvorligi belgilangan holatlar bundan mustasno.
Yuqoridagi maʼlumotlar aviatsiya halokati yoki insidentining tahliliga tegishli boʻlgan holdagina Yakuniy hisobotga yoki unga ilovalarga kiritiladi. Bort tovush yozuvchi uskunalari maʼlumotlarining bunday tahlillarga tegishli boʻlmagan qismlari ommaga taqdim qilinmaydi.
120. Tekshiruv ishtirokchilari aviatsiya halokati haqidagi barcha maʼlumotlardan parvozlar xavfsizligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoki harakatlarni amalga oshirish maqsadida foydalanishi mumkin. Tekshiruv jarayoniga zarar yetkazmaslik uchun hech qanday sharoitda ushbu maʼlumotlar vakolati boʻlmagan shaxslarga taqdim etilishi yoki ular bilan muhokama qilinishi mumkin emas.
Tekshiruv yakunlangach, aviatsiya halokati va tekshiruv natijalari haqidagi rasmiy axborot jamoatchilik, yuridik shaxslar va fuqarolar eʼtiboriga aviatsiya halokati yuzasidan tekshiruvni amalga oshirgan komissiya raisi yoki tekshiruvni tayinlagan vakolatli organ tomonidan yetkazilishi mumkin.
121. Bort tovush yozuvchi uskunalarining ovozli maʼlumotlaridan, shuningdek, bortdagi vizual vaziyatni yozish moslamalarining videoyozuvlari yoki tovush yozuvlaridan aviatsiya halokati (insidenti) tekshiruviga taalluqli boʻlmagan maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi va ular ommaga taqdim qilinmaydi.
122. Aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirishda faqat maxsus tayinlangan mutaxassislar — komissiya yoki kichik komissiya aʼzolari bort tovush yozuvchi uskunalarining ovozli maʼlumotlarini oʻqishi va tahlil qilishi mumkin.
Tekshirish muolajalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan shaxslarga bort tovush yozuvchi uskunalarining ovozli maʼlumotlarini oʻqish va tahlil qilishga ruxsat berilmaydi.
Ixtiyoriy ravishda taqdim etilgan maʼlumotlarni ragʻbatlantirish maqsadida, aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish jarayonida shaxslar tomonidan oʻz ixtiyori bilan berilgan maʼlumotlardan intizomiy, fuqarolik yoki maʼmuriy jazo qoʻllash maqsadida foydalanmaslik kerak.
7-§. Aviatsiya halokatlarini tekshirish doirasida tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish
123. Maxsus tadqiqotlarni oʻtkazish zarurati aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi tomonidan belgilanadi.
124. Aviatsiya halokatini tekshirish bilan bogʻliq tadqiqotlar ularni amalga oshiruvchi tashkilot tomonidan, zarur hollarda manfaatdor tashkilotlar ishtirokida bajariladi.
125. Tadqiqotlarni amalga oshiruvchi hamda tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar sifatida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, aviatsiya texnikasini loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi, ekspluatatsiya qiluvchi, taʼmirlovchi tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.
126. Tadqiqotlarni amalga oshiruvchi tashkilot aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Tekshiruvga tegishli havo kemasi va uning tarkibiy qismlari boshqa davlatda ishlab chiqarilgan boʻlsa va oʻsha davlat tashkilotlarida tadqiqotlar oʻtkazish zarurati mavjud boʻlsa, bunday tadqiqotlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror havo kemasini ishlab chiqargan, loyihalashtirgan, roʻyxatdan oʻtkazgan davlat va/yoki havo kemasi ekspluatanti davlatining vakili bilan kelishilgan holda komissiya tomonidan qabul qilinadi.
127. Boshqa davlatlar hududida joylashgan tadqiqotlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarda aviatsiya texnikasi obyektlarining tadqiqoti aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi vakillari ishtirok etishi sharti bilan amalga oshiriladi. Bunday tadqiqotlarni tashkil etish tegishli davlatning vakolatli tekshiruv organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
128. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasining texnik topshirigʻi tadqiqot oʻtkazish uchun asos hisoblanadi. Texnik topshiriqda tadqiqotlarning maqsadi batafsil koʻrsatiladi va zaruratga qarab, tadqiqotlarda ishtirok etishi lozim boʻlgan tadqiqotlarda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar ham koʻrsatiladi.
Texnik topshiriqqa hodisa sharoitlari, havo kemasi va tadqiqot obyekti, ularni taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish haqidagi maʼlumotlar kerakli hajmda bayon etilgan maʼlumotnoma ilova qilinadi.
Tadqiqot oʻtkazilishi lozim boʻlgan obyektlarni tanlash va qadoqlash mazkur Qoidalarga 13-ilovada keltirilgan tavsiyalarga muvofiq amalga oshiriladi.
129. Tadqiqotlarda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar tekshirish komissiyasining texnik topshiriqda koʻrsatilgan takliflarini hisobga olgan holda tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
130. Tadqiqotlar oʻtkazish uchun obyektni qabul qilgandan soʻng tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot tadqiqotlarni boshlash sanasini belgilaydi va tadqiqotda ishtirok etish uchun taklif bilan tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlarga xabarnoma yuboradi.
Tadqiqotlarni boshlash sanasi tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillarining yetib kelish imkoniyatini hisobga olgan holda belgilanishi lozim. Ushbu muddat obyekt qabul qilingan vaqtdan boshlab 5 kundan oshmasligi kerak.
Tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillari belgilangan muddatga kelmagan taqdirda, tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot mustaqil ravishda tadqiqot ishlarini olib boradi.
Tadqiqotlar tekshirish komissiyasi nazorati ostida, tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillari bilan kelishilgan, komissiyaga maʼlumot uchun taqdim etiladigan rejalar (dasturlar) va metodikalar boʻyicha oʻtkaziladi.
131. Tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning tadqiqotda ishtirok etuvchi mutaxassislari quyidagi huquqlarga ega:
tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi, metodikasi va hajmi boʻyicha oʻz takliflarini bildirish;
tadqiqotlarda ishtirok etish va ularga tegishli barcha materiallar bilan tanishish;
tadqiqotlar jarayoni va natijalari muhokamasida ishtirok etish;
hisobotga imzo qoʻyish yoki unga xulosaning ajralmas qismi hisoblangan asoslangan fikrlarini ilova qilish.
132. Tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot, zarur hollarda, kerakli materiallar, hujjatlar yoki konsultatsiyalar olish uchun tegishli rahbarlar orqali ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, sanoat, taʼmirlash va ekspluatatsiya qilish tashkilotlaridan mutaxassislarni qoʻshimcha ravishda tadqiqotga jalb etish huquqiga ega.
133. Tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot tadqiqotlar dasturining alohida bandlari boʻyicha ishlarni bajarish uchun texnik imkoniyatlarga ega boʻlmasa, bunday ishlar murojaatga asosan boshqa tashkilotlarning bazasida tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot vakillari ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
Bunday holda tadqiqot ishlarining hajmi, joyi va muddatini kelishish tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot zimmasiga yuklanadi.
134. Aviatsiya halokatlarini tekshirishda parvoz maʼlumotlarining tahlili, odatga koʻra, Transport vazirligi bazasida olib boriladi.
135. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatlarini tekshirishda aviatsiya texnikasi obyektlari tadqiqotlarini oʻtkazish va bort yozuv uskunalari maʼlumotlarini rasshifrovka qilish ishlari Oʻzbekiston Respublikasining bunday ishlarni amalga oshirishga vakolatli tashkilotlar bazasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida ushbu ishlarni amalga oshirish uchun texnik imkoniyatlar boʻlmagan taqdirda, ular aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi vakillari ishtirok etishi sharti bilan boshqa davlatda amalga oshirilishi mumkin. Bunday tadqiqotlarni tashkil etish tegishli davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
136. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasining topshirigʻiga binoan tadqiqotlarni olib boruvchi tashkilotlar tadqiqotning muddatlari, sifati va xolisligi uchun belgilangan tartibda javob beradi.
137. Tadqiqotlar natijalari asosida hisobot tuziladi va tekshirish komissiyasiga yuboriladi.
138. Tadqiqotlar natijalariga koʻra tuzilgan hisobot tekshiruv materiallarining ajralmas qismi hisoblanadi. Tekshiruv boʻyicha Yakuniy hisobot tadqiqotning yakuniy natijalarini hisobga olgan holda tayyorlanadi Tadqiqotlar natijalariga koʻra tuzilgan hisobot olingunga qadar Yakuniy hisobotni tasdiqlash va eʼlon qilish man etiladi.
Tadqiqotlarning toʻliq materiallari, shu jumladan komissiyaning texnik topshirigʻi, tadqiqotlarni oʻtkazish dasturi, maxsus ishlab chiqilgan metodikalar va ishga oid barcha materiallar (sinov ishlari, oʻlchamlar, laboratoriya tahlillari boʻyicha protokollar va boshqalar) tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilotda saqlanadigan Hisobotning nusxasiga ilova qilinadi.
139. Tadqiqotlardan oʻtgan aviatsiya texnikasi obyektlari va bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini qayd etuvchi jihozlar, tadqiqotni amalga oshirgan asosiy tashkilotda tekshiruv natijalari boʻyicha Yakuniy hisobot tasdiqlangandan soʻng 3 oy davomida saqlanadi.
Belgilangan muddat tugagandan soʻng aviatsiya halokati bilan bogʻliq obyektlar boʻyicha havo kemasi egasiga obyektlarni utilizatsiya qilish uchun soʻrovnoma yuboriladi.
Havo kemasiga egalik qiluvchi tashkilot tekshiruvni oʻtkazayotgan huquqni muhofaza qilish organlari bilan utilizatsiya qilish masalasini muvofiqlashtiradi va tadqiqotlarni amalga oshirgan tashkilotga qabul qilingan qaror haqida maʼlum qiladi.
Havo kemasi egasining huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bilan kelishilgan ruxsatnomasisiz aviatsiya halokati bilan bogʻliq boʻlgan tadqiqot qilingan obyektlarni yoʻq qilish taqiqlanadi.
Bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlari tadqiqotni amalga oshirgan tashkilotda kompyuterda (fleshkalar, boshqa axborot tashuvchilarda) doimiy saqlanadi.
140. Aviatsiya texnikasi tadqiqotlari va sinovlari tekshiruvning tashqaridagi bosqichining tugash vaqtiga qadar yakunlanmagan boʻlsa, komissiya raisi komissiyani tayinlagan organ bilan kelishilgan holda halokat sodir boʻlgan joyda barcha zarur ishlar yakuniga yetgandan soʻng komissiya ishini boshqa tashkilot yoki tekshiruvni tayinlagan organ bazasiga koʻchirish huquqiga ega.
8-§. Tekshiruv natijalari muhokamasini oʻtkazish
141. Aviatsiya halokati tekshiruvi yakunlangach, aviatsiya halokatiga uchragan havo kemasi egasi yoki ekspluatantining fuqaro aviatsiyasi tashkilotida hodisa boʻyicha yigʻilish oʻtkaziladi.
142. Yigʻilish oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad halokatga olib kelgan shart-sharoitlar, sabablar, sabab boʻluvchi omillar va ularning oldini olish boʻyicha tavsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotni manfaatdor tashkilotlar va shaxslar eʼtiboriga yetkazishdan iborat.
143. Odatda, barcha yigʻilishlar ochiq holda oʻtkaziladi.
Ochiq holda eʼlon qilinishi belgilanmagan materiallar koʻrib chiqiladigan boʻlsa, yigʻilishlar yopiq holda oʻtkazilishi mumkin.
144. Tekshirish komissiyasi raisi yigʻilishni oʻtkazish vaqti va joyini belgilaydi hamda komissiya aʼzolari, shuningdek, barcha manfaatdor shaxslar va tashkilotlarni xabardor qiladi.
145. Yigʻilishni tekshirish komissiyasi raisi yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs oʻtkazadi. Yigʻilishda taklif etilayotgan tavsiyalardan iborat boʻlgan Yakuniy hisobot tinglanadi.
146. Yigʻilish ishtirokchilari tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan va parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan oʻzlarining taklif va tavsiyalarini taqdim etishi mumkin. Takliflar yozma ravishda taqdim etiladi.
9-§. Tekshiruv natijalari boʻyicha xulosalarni qayta koʻrib chiqish yoki oʻzgartirish
147. Aviatsiya halokatiga taalluqli yangi muhim maʼlumotlar aniqlangan (yoki taqdim etilgan) hollarda aviatsiya halokatining yakunlangan tekshiruvi takroran boshlanishi kerak.
Tekshiruv oʻtkazgan davlat bunday tekshiruvni tayinlamagan boʻlsa, u avval tekshiruvni tayinlagan davlatning roziligini oladi.
Izoh. Rasmiy qidiruv toʻxtatilganidan soʻng bedarak yoʻqolgan deb topilgan havo kemasi keyinchalik topilgan taqdirda, tekshiruvni qayta boshlash masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.
148. Tekshiruvni takroran boshlash toʻgʻrisidagi qaror Transport vazirligi va tekshiruvda ishtirok etgan boshqa organlarning qoʻshma qarori asosida, tekshiruvda ishtirok etgan tashkilotlarning yoki tekshiruv natijalaridan bevosita manfaatdor shaxslarning talabiga binoan, yangi muhim dalillar taqdim etilgandagina qabul qilinadi. Tekshiruv natijalarini qayta koʻrib chiqish uchun tekshiruvni tayinlagan vakolatli organga yozma ravishda ariza taqdim etiladi.
149. Ariza mazmuni quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
avval qoʻrib chiqilmagan yangi muhim faktlar;
yangi topilgan muhim faktlarga asos boʻladigan hisob-kitoblar yoki tadqiqotlar natijalari va hujjatlari (mavjud boʻlsa);
nima uchun ushbu muhim faktlar avval tekshiruv komissiyasi ishi jarayonida taqdim etilmaganligi sabablarining izohi.
10-§. Aviatsiya halokatlari hisobini yuritish va ularning tahlili
150. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemasi bilan sodir boʻlgan har bir aviatsiya halokati hisobga olinishi shart.
151. Aviatsiya halokati havo kemasiga egalik qiluvchi fuqaro aviatsiyasi tashkilotida, hududida aviatsiya halokati sodir boʻlgan davlatning aviatsiya maʼmuriyatida, Transport vazirligida va boshqa tegishli vazirlik va idoralarning boʻlinmalarida hisobga olinadi.
152. Aviatsiya halokatlari sabablarining yanada chuqurroq tahlilini taʼminlash maqsadida ular IKAO Doc 9156-AN/900 hujjati asosida sabablar va omillar boʻyicha tasniflanadi.
Bunda, har bir aviatsiya halokati tekshiruv natijasida aniqlangan barcha sabablar va omillar boʻyicha tasniflanishi va hisobga olinishi kerak. Aviakompaniya, majmualar, idoralar, tashkilotlarning aniq xizmatlari aviatsiya halokatiga aloqadorligini aniqlash va hisobga olish uchun aviatsiya halokatlari IKAO Doc 9156-AN/900 hujjati asosida sabablarning umumlashtirilgan guruhlari boʻyicha ham hisobga olinadi.
153. Aviatsiya halokatlari tekshiruvlarining natijalariga asosan Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Fuqaro aviatsiyasi agentligi) parvozlar xavfsizligi holati boʻyicha yarim yillik, yillik va Vazirlar Mahkamasi koʻrsatmasiga binoan har qanday davr uchun tahlil oʻtkazadi.
Tahlilni oʻtkazishda maʼlumotlar bazasi sifatida tekshiruv natijasida aniqlangan barcha sabablar va omillar jamlanmasi ishlatiladi.
Tahlil natijalariga koʻra parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
11-§. Aviatsiya halokatlari tekshiruvi natijalari boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish
154. Tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi aviatsiya halokatlarining oldini olish vositasi hisoblanib, tekshiruv komissiyasi tomonidan aniq parvoz bajarilishida aviatsiya-transport tizimining ishlashiga sinchiklab, har tomonlama baho berish, uning tarkibiy qismlari ishlashi parvozda alohida vaziyat vujudga kelishiga va rivojlanishiga hamda parvoz yakuniga taʼsir koʻrsatgan ogʻishlarini aniqlashga, parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan asosli tavsiyalarni va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga asoslanadi.
155. Aviatsiya halokatini tekshirish natijalari boʻyicha chora-tadbirlar tekshirish komissiyasi tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi. Aviatsiya halokatini tekshirish natijalari boʻyicha Yakuniy hisobot va uning ilovalari chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun rasmiy asos hisoblanadi.
156. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar idoraviy yoki idoralararo chora-tadbirlar rejalari koʻrinishda rasmiylashtiriladi yoki bir martalik choralar talab etilsa, aviakompaniya, idora, tashkilot, majmua buyrugʻi yoki boshqa rasmiy hujjatlar bilan belgilanadi va tavsiya qilinadi.
157. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasi parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan tavsiyalarni tekshiruv natijasida olingan maʼlumotlar tahlili asosida ishlab chiqadi.
Tavsiyalarni ishlab chiqishda aviatsiya-transport tizimining ishlashida, shu jumladan berilgan parvozda alohida vaziyat vujudga kelishiga va rivojlanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatmagan, lekin umuman parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan barcha aniqlangan ogʻishlar hisobga olinadi.
Aviatsiya halokatlarini tekshirish natijasida ishlab chiqilgan, parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan har qanday tavsiyalar, maqsadga muvofiq boʻlsa, tegishli boshqa davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organiga hamda IKAO hujjatlariga tegishli boʻlsa, IKAOga yuboriladi.
Global ahamiyatga ega boʻlgan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiya tegishligidan qatʼiy nazar IKAOga yuboriladi.
Parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tavsiyalar va chora koʻrish uchun boshqa takliflar kelib tushgan boʻlsa, Transport vazirligi tomonidan ushbu takliflar koʻrib chiqilganligi va qabul qilinganligi yoki qabul qilinmaganligi toʻgʻrisida, buning sabablari koʻrsatilgan holda taklif bergan davlat xabardor qilinadi.
158. Tekshirish komissiyasi tavsiyalari quyidagi choralarni nazarda tutishi mumkin:
aviakompaniya, havo kemalarining ekspluatant-aviakorxonalari va ularga tegishli boʻlinmalarning parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan faoliyati tashkillashtirilishini takomillashtirish;
aviatsiya boʻlinmalarining shaxsiy tarkibi intizomini mustahkamlash;
uchuvchi tarkib va yer usti xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligi darajasini oshirish;
aviatsiya texnikasidan texnik jihatdan va parvozda foydalanishni takomillashtirish;
havodagi harakatni boshqarish va parvozlarning yer usti taʼminotini takomillashtirish;
parvozlarni taʼminlash vositalarining yangisini yaratish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilish;
aviatsiya texnikasini ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish;
aviatsiya texnikasiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash texnologiyasini takomillashtirish;
yoʻriqnoma va normativ hujjatlarga qoʻshimcha va aniqliklar kiritish;
tekshirish materiallaridan kelib chiqadigan boshqa chora-tadbirlarni oʻtkazish.
159. Komissiya tavsiyalari tekshiruv hujjatlari bilan asoslangan va puxta ishlab chiqilgan boʻlishi lozim. Komissiya tavsiyalari asoslangan boʻlishi uchun shaxsiy javobgarlik uning raisiga yuklatiladi.
160. Vakolatlariga komissiya tavsiyalari boʻyicha tegishli choralar koʻrish taalluqli boʻlgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari tomonidan, tekshiruv boʻyicha Yakuniy hisobot olingach, fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari doirasida profilaktik choralar qabul qilinishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejalari yoki boshqa rasmiy hujjatlar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi 3 ish kuni ichida Transport vazirligiga yuboriladi.
161. Chora-tadbirlar rejasini (yoki boshqa rasmiy hujjat) tuzishda komissiyaning barcha tavsiyalari ijro uchun qabul qilinishi lozim.
Komissiyaning biron bir tavsiyasi maqsadga muvofiqligi yoki uni amalga oshirish usullari masalalari boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, bu masala qoʻshimcha ravishda ish olib borish uchun chora-tadbirlar rejasiga kiritiladi.
Chora-tadbirlar rejasiga uni ishlab chiquvchi shaxslar tomonidan tekshiruv vaqtida aniqlangan, lekin komissiyaning tavsiyalariga kiritilmagan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qoʻshimcha ishlar kiritilishi mumkin.
162. Chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha fuqaro aviatsiyasi tashkiloti — havo kemasi egasi (ekspluatanti) masʼul hisoblanadi.
163. Idoralararo chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etuvchi masʼullar Yakuniy hisobot va uning ilovalarini olgandan soʻng birgalikda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, uni ishlarni bajaruvchi va hamkorlikda bajaruvchi tashkilotlar bilan kelishadi hamda Transport vazirligi yoki zarur hollarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
164. Chora-tadbirlar rejasi loyihasi boʻyicha ishlarni bajaruvchi va hamkorlikda bajaruvchilar loyihani kelishish uchun qabul qilgan vaqtdan boshlab 2 ish kuni davomida uni koʻrib chiqishi va imzolashi yoki oʻz fikr va takliflarini yozma ravishda taqdim etishi kerak. Munozarali masalalar boʻyicha qarorni chora-tadbirlarni tasdiqlovchi rahbarlar qabul qiladi.
165. Aviatsiya halokatini tekshirish komissiyasining tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalarini yoki boshqa rasmiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
30 ish kuni — idoralararo rejalar uchun;
15 ish kuni — ichki idoraviy rejalar va boshqa rasmiy hujjatlar uchun.
Muddat chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish boʻyicha masʼul tomonidan komissiyaning barcha materiallari olingan vaqtdan hisoblanadi.
Alohida hollarda komissiya tavsiyalariga koʻra tezkor chora-tadbirlar tekshiruv yakuniga yetkazilmaguncha va Yakuniy hisobot tasdiqlanmaguncha ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Chora-tadbirlar rejalari ular tasdiqlangandan soʻng 10 kundan koʻp boʻlmagan muddatda ijrochilarga yetkazilishi lozim.
166. Transport vazirligi tekshirish komissiyalari tavsiyalari, chora-tadbirlar rejalari va vakolati doirasidagi boshqa rasmiy hujjatlar hisobini yuritadi.
Xuddi shunday hisobni fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari ham oʻzlariga tegishli qismida yuritadi.
167. Komissiya tavsiyalari va ishlab chiqilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi ustidan nazoratni Transport vazirligi olib boradi.
3-bob. Aviatsiya insidentlarini va jiddiy aviatsiya insidentlarini tekshirish
1-§. Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida xabar berish
168. Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida xabardor boʻlgan shaxslar, aerodrom dispetcherlik punktlari, tashkilotning ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmatlari, Oʻzbekiston Respublikasi havo hududidan foydalanishni boshqarishning Yagona tizimi bosh va tuman markazlari, aeroportlarning ishlab chiqarish-dispetcherlik xizmati dispetcherlari, aeroportlarning operatsion boshqarish markazi, aviakompaniyalarning parvozlarini boshqarish markazi fuqaro havo kemasida sodir boʻlgan aviatsiya insidenti toʻgʻrisida maʼlumot olgandan soʻng dastlabki xabarlarni darhol aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organga hamda havo kemalari harakatiga tegishli xabarlarni tuzish va uzatish boʻyicha koʻrsatmaga muvofiq eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda tegishli manzillarga yuboradi.
Shuningdek, xabar aviatsiya halokati sodir boʻlgan tuman yoki hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbariga va havo kemasi egasiga (ekspluatantiga) ham yuboriladi.
Parvozlar xavfsizligiga doir alohida vaziyatlar yuzaga kelganda havo kemasi ekipajlari, havodagi harakatni boshqarish xizmati mutaxassislari, havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash mutaxassislari, fuqaro aviatsiyasi taʼlim muassasalari va markazlari mutaxassislari, aerodrom (vertodrom) xizmat koʻrsatish mutaxassislari mazkur Qoidalarga 15 — 21-ilovalarga muvofiq majburiy bildirishnomalar va xabarnoma shakllarini toʻldirishi shart.
Toʻldirilgan shakl zudlik bilan aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organga yuborilishi shart.
Izoh. Telefon, faks, elektron pochta yoki statsionar aviatsiya telekommunikatsiya tarmogʻi (AFTN) koʻp hollarda “eng qulay va tezkor aloqa vositasi” hisoblanadi. Bir nechta aloqa vositalaridan foydalanish mumkin.
169. Aviatsiya hodisasi havo kemasiga texnik yoki tijorat xizmati koʻrsatish vaqtida yoki uni saqlash vaqtida sodir boʻlgan yoki yerda aniqlangan boʻlsa, dastlabki xabar hodisa aniqlangan vaqtda havo kemasi uchun masʼul boʻlgan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari tomonidan yuboriladi.
170. Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida dastlabki xabar olingandan soʻng Transport vazirligi hodisa haqida Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga maʼlum qiladi.
171. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidenti haqidagi dastlabki xabar havo kemasi ekspluatanti — Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan Transport vazirligiga yuboriladi.
172. Hodisa sodir boʻlgan joy davlati Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidenti yoki jiddiy aviatsiya insidenti haqidagi axborotga ega boʻlmasa, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ bunday insident toʻgʻrisida quyidagi manzillarga qisqa muddatda eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda xabarnoma yuboradi:.
havo kemasini loyihalashtirgan davlatga;
havo kemasini ishlab chiqargan davlatga;
hodisa sodir boʻlgan joy davlatiga.
173. Aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joy yoki hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkilotining rahbari dastlabki xabarni olgach, darhol Transport vazirligiga dastlabki maʼlumotni joʻnatadi, shuningdek, aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joydagi mahalliy ijro hokimiyati organi rahbariyati, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasiga dastlabki maʼlumotni yuboradi.
174. Dastlabki maʼlumot quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
hodisa turi;
hodisaning sanasi, vaqti (mahalliy va UTC), joyi;
havo kemasining rusumi, davlat tomonidan roʻyxatiga olish va tanish belgilari, zavodda berilgan raqami va kimga tegishliligi (mansubligi);
aviatsiya insidenti sodir boʻlgan vaqtdagi ob-havo sharoiti;
topshiriq xarakteri va reys raqami;
havo kemasi bortidagi ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilar soni;
havo kemasining shikastlanish darajasi;
dastlabki xabarnomani yuborish vaqtida aviatsiya insidenti boʻyicha aniq maʼlumotlar.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlardan birortasining yoʻqligi dastlabki xabarnoma yuborilishini kechiktirishga sabab boʻlmasligi kerak. Dastlabki maʼlumotda aviatsiya insidentining holati va sabablari haqida maʼlumotlar taxminiy boʻlmasligi kerak.
Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ jiddiy aviatsiya insidenti tekshiruvi tayinlaganda qisqa muddatda eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda xabarnoma yuboradi:
havo kemasi ekspluatanti davlatiga;
havo kemasini loyihalashtirgan davlatga;
havo kemasini ishlab chiqargan davlatga;
havo kemasining maksimal massasi 2250 kilogrammdan ortiq boʻlsa yoxud havo kemasi turboreaktiv havo kemasi hisoblansa, IKAOga.
Xabarnomada imkon qadar Konvensiyaga 13-ilovada nazarda tutilgan va ushbu Qoidalarning 20-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlishi kerak.
Xabarnoma sodda tilda bayon etiladi va mavjud boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Toʻliq maʼlumot yoʻqligi xabarnoma yuborilishini kechiktirishga sabab boʻlmasligi kerak.
Uzoq muddat talab etilmasa, xabarnoma uni qabul qiluvchilar tomonidan foydalaniladigan tilni hisobga olgan holda IKAO ishchi tillaridan birida tuziladi.
Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ xabarnomada batafsil koʻrsatilmagan va sodir boʻlgan hodisa bilan bogʻliq maʼlum boʻlgan boshqa maʼlumotlarni imkoniyat paydo boʻlishi bilan yuboradi.
Izoh. Telefon, faks, elektron pochta yoki statsionar aviatsiya telekommunikatsiya tarmogʻi (AFTN) koʻp hollarda “eng qulay va tezkor aloqa vositasi” hisoblanadi. Bir nechta aloqa vositalaridan foydalanish mumkin.
2-§. Tekshiruvni tashkil etish
175. Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlarining tekshiruvi aviatsiya halokati va insidentlarini tekshiruvchi vakolatli organ tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Tekshiruv zarur hollarda ekspluatantning parvozlar xavfsizligi boʻyicha inspeksiyasi bilan hamkorlikda yoki fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan birgalikda, kerakli hollarda mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda manfaatdor tashkilotlar, idoralar va davlatlar vakillari ishtirokida tashkil etiladi va oʻtkaziladi. Barcha hollarda aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlarini tekshirish uchun komissiya tuzilishi va tayinlanishini nazorat qiladi.
176. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi va komissiya raisi transport vaziri (fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari) buyrugʻi yoki doimiy komissiya bayonnomasi bilan tayinlanadi.
Doimiy komissiya transport vaziri buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Aviatsiya insidenti toʻgʻrisidagi dastlabki habarnoma yoki transport vazirining koʻrsatmasi tekshirish komissiyasini tuzish va buyruq (doimiy komissiya bayonnomasi) chiqarish uchun asos hisoblanadi.
Tekshiruv komissiyasi tuzilgandan soʻng darhol ishni boshlaydi.
Aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlarini tekshirish qisman yoki toʻliq ravishda boshqa davlat yoki aviatsiya halokatlari va insidentlarini tekshirish boʻyicha mintaqaviy tashkilotga, oʻzaro kelishuvga koʻra va rozilik bilan topshirilishi mumkin. Bunday holatda aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ ushbu tekshiruvni oʻtkazishda yordam koʻrsatadi.
177. Transport vazirligi tomonidan ushbu Qoidalarga 1-ilovadagi roʻyxatga kiritilmagan hodisalarning tekshiruvi tayinlanishi mumkin. Bunday hodisalarni tekshirish va tasniflash aviatsiya insidentini tekshirish tartibida oʻtkaziladi.
178. Aviatsiya insidentini tekshirish uchun umumiy muddat komissiya tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq chiqarilgan vaqtdan boshlab to tekshiruv natijalari boʻyicha hisobot tasdiqlangunga qadar, qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazilishi talab qilinmasa, 15 ish kunidan oshmasligi kerak.
Tekshirish muddatini komissiya raisining soʻrovnomasiga binoan Transport vazirligi roziligi bilan uzaytirishga ruxsat beriladi.
Aviatsiya insidentlarini tekshirish muddatlari va sifati ustidan nazorat Transport vazirligiga yuklanadi.
179. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi tarkibiga aviakompaniya direksiyasi, korxonalar, ishlab chiqarish majmualari, boʻlinmalar va xizmatlarning tegishli malakaga ega boʻlgan yetakchi va tayyorgarlikka ega mutaxassislari kiritiladi.
Zarur hollarda komissiya tarkibiga havo kemasini (dvigatellarni) ishlab chiqargan yoki oxirgi marta taʼmirlagan sanoat va taʼmirlash tashkilotlarining masʼul vakillari kiritilishi mumkin. Aviatsiya insidenti qoniqarsiz ob-havo taʼminoti bilan bogʻliq boʻlsa, komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi vakillari kiritiladi.
180. Komissiya raisi etib aviatsiya hodisalarini tekshirish boʻyicha maxsus tayyorlov kurslarini oʻtagan Transport vazirligi xodimlari, Fuqaro aviatsiyasi agentligining xodimlari yoki fuqaro aviatsiyasi tashkilotining boshqaruv-rahbarlik tarkibi xodimlari tayinlanishi mumkin.
181. Komissiya tarkibi rais, komissiya aʼzolari, zarur boʻlsa, rais oʻrinbosari va shtab boshligʻidan iborat boʻladi.
Komissiya ishiga jalb etilgan mutaxassislar uning ishchi organlari tarkibiga (kichik komissiyalar va ishchi guruhlar) kiritilishi yoki ekspert sifatida ishlashi mumkin.
182. Komissiya oʻz faoliyatini rais rahbarligi ostida olib boradi. Aviatsiya insidentini tekshirishda ishtirok etuvchilar ushbu Qoidalarga 4-ilovada belgilangan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
183. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
aviatsiya insidenti boʻyicha vaziyatni va uning sabablarini aniqlash uchun hodisa joyiga va havo kemasi bortiga toʻsiqsiz kirish;
havo kemasi, uning tarkibiy qismlari, kimga tegishli boʻlishidan qatʼi nazar, halokatga uchragan havo kemasi bortida mavjud boʻlgan yoki tashqaridan aviatsiya insidentiga aloqador boʻlgan, shuningdek, havo kemalari parvozlarini taʼminlovchi vositalar va obyektlarni tekshirish;
aviatsiya insidentini tekshirish bilan bogʻliq tadqiqotlar va ishlar bajarishni, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, yuridik shaxslarga topshirish;
fan va texnikaning tegishli sohalarida bilim talab qiladigan vazifalarni hal etishga, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, turli tashkilotlarning xodimlarini jalb qilish;
aviatsiya insidenti guvohlari, aviatsiya insidentiga aloqasi boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan soʻrovnoma oʻtkazish va huquqni muhofaza qilish organlaridan kerakli maʼlumotlarni olish;
havo kemasini loyihalashtirish, sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash, aviatsiya xodimlari qatoridan tegishli shaxslarni tayyorlash, havodagi harakatni tashkil etish, havo kemalari parvozlarini bajarish va taʼminlash bilan bogʻliq barcha masalalarni oʻrganish;
insident bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hujjatlar va materiallarni tegishli mahalliy ijro hokimiyati organlaridan, shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslardan talab qilish va olish;
havo kemasi ekipaji aʼzolari, shuningdek, aviatsiya xodimlari orasidan tegishli shaxslarning psixofiziologik holati boʻyicha tadqiqotlar olib borish.
184. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlarini tekshirish, ushbu Qoidalarda, Konvensiyaning 13-ilovasi standartlari va tavsiyalarida bayon etilgan tartib-taomillarga muvofiq amalga oshiriladi.
Kelishuvga koʻra tekshiruvni oʻtkazish havo kemasini roʻyxatga olgan yoki ekspluatant davlatiga topshirilishi mumkin. Har qanday holatda ham Transport vazirligi tekshiruv oʻtkazilishida yordam koʻrsatish uchun barcha choralarni koʻradi.
185. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlat havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentini tekshirishda havo kemasini loyihalashtiruvchi davlat, ishlab chiqaruvchi davlat, roʻyxatdan oʻtkazgan davlat va ekspluatant davlati tekshiruvda ishtirok etish uchun oʻz vakilini tayinlash huquqiga ega.
186. Havo kemasini roʻyxatga olgan davlat va ekspluatant davlati oʻz vakillarini tayinlamagan hollarda Transport vazirligi tekshiruvda ishtirok etish uchun havo kemasi ekspluatantining vakilini yoʻllashini soʻrashi mumkin.
187. Havo kemasini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan davlatlar vakillariga yordam berish uchun bir yoki bir nechta maslahatchini tayinlashi mumkin.
188. Havo kemasini loyihalashtirgan davlat ham, ishlab chiqargan davlat ham oʻz vakilini tayinlamagan hollarda Transport vazirligi bevosita havo kemasi loyihalovchisi va ishlab chiqaruvchisini tekshiruvda ishtirok etish uchun taklif qilishi mumkin.
189. Havo kemasi dvigatelini yoki asosiy agregatlarini loyihalashtirgan yoki ishlab chiqargan davlat aviatsiya insidenti yoki jiddiy insident tekshiruvida ishtirok etish uchun murojaat qilishi mumkin.
190. Murojaatga binoan maʼlumot, uskunalar yoki mutaxassislarni (ekspertlarni) taqdim etgan har qanday davlat tekshiruvda ishtirok etish uchun oʻz vakilini tayinlashi mumkin.
191. Har qanday davlatning vakili, maslahatchilari va ekspertlari tekshiruv olib borilayotgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy boʻlishi nazarda tutilmaydi.
192. Davlatlar vakillari va ularning maslahatchilari ishtirok etish darajasi Konvensiyaga 13-ilovaga binoan belgilanadi va ularga komissiya raisi nazorati ostida aviatsiya halokati va insidentlarini tekshiruvchi vakolatli organ rahbari bilan kelishilgan holda quyidagi huquqlar beriladi:
aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joyga tashrif buyurish;
havo kemasini koʻzdan kechirish;
guvohlar koʻrsatgan maʼlumotni olish va soʻrov oʻtkazishda mavzularni taklif etish;
ishga taalluqli boʻlgan barcha ashyoviy dalillardan toʻliq va tezkor foydalanish huquqiga ega boʻlish;
ishga taalluqli boʻlgan barcha hujjatlardan nusxa olish;
parvoz maʼlumotlarini tahlil qilishda ishtirok etish;
tekshiruv maqsadida agregatlarni koʻzdan kechirish va tadqiqotlar oʻtkazish, texnik maslahatlar berish, sinash va modellashtirish kabi tekshiruv tadbirlarida aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joydan tashqarida ishtirok etish;
tekshiruvning olib borilishi boʻyicha yigʻilishlarda, shu jumladan, maʼlumotlarni tahlil qilish, xulosalar, sabablar, omillar va xavfsizlik boʻyicha tavsiyalarni shakllantirish bilan bogʻliq yigʻilishlarda ishtirok etish;
tekshiruvning turli jihatlari boʻyicha bayonotlar berish.
193. Vakil va uning maslahatchilari tekshiruv oʻtkazayotgan davlatga oʻzlarida mavjud boʻlgan barcha tegishli maʼlumotlarni taqdim etishi shart va tekshiruv oʻtkazayotgan davlatning ruxsatisiz tekshiruv jarayoni va natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni tarqatmasligi kerak.
194. Tekshiruvga tegishli maʼlumotlarni yigʻish va toʻplash vakil kelishini kutish sababli qoldirilmasligi kerak.
195. Transport vazirligi qarori bilan vakillarning tekshiruvda ishtirok etish darajasi kengaytirilishi mumkin.
Vakillar Transport vazirligi ruxsati bilan oʻz davlatlariga parvozlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tegishli choralarni koʻrish uchun maʼlumot berishi mumkin.
196. Xorijiy davlatlar vakillari, ularning maslahatchilari va ekspertlari komissiya tarkibiga kirmaydi.
Ayrim hollarda, Transport vazirligining qarori bilan, havo kemasini loyihalashtirgan, ishlab chiqargan, roʻyxatga olgan davlatning vakillari tekshirish komissiyasi tarkibiga kiritilishi mumkin.
197. Komissiya va xorijiy davlatlar vakillarining harakatlarini muvofiqlashtirish va tekshiruv bilan bogʻliq barcha masalalarni hal qilish uchun Komissiya raisi masʼuldir.
198. Xorijiy davlat vakillarining tekshiruvda ishtiroki bilan bogʻliq barcha masalalar komissiya raisi tomonidan mazkur davlatning vakillari orqali hal qilinadi.
199. Hodisa sodir boʻlgan joydagi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti maʼmuriyati aviatsiya insidenti tekshiruvini tashkil qilishda ishtirok etishi va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan aviatsiya insidenti tekshiruvini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirishi shart.
200. Mahalliy ijro hokimiyati organlari, mahalliy davlat boshqaruv organlari, tashkiliy-huquqiy shakllari va mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar, yuridik shaxslar aviatsiya insidentini tekshirish boʻyicha komissiyaga barcha yordamni koʻrsatishi, shu jumladan, komissiya ixtiyoriga zarur kuch va resurslarni ajratishi, aviatsiya insidenti joyining xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrishi va aviatsiya insidentini tekshirish manfaatlarida aviatsiya texnikasini tashish, zarur ishlarni olib borish va tadqiqot oʻtkazishni taʼminlashi shart.
201. Mahalliy ijro hokimiyati organlari fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarini jalb etgan holda aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi aʼzolari va tekshiruvga jalb qilingan mutaxassislarga hodisa sodir boʻlgan joyda ish olib borishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi, shu jumladan, tegishli kiyim-kechak, poyabzal, shaxsiy himoya vositalari, transport va aloqa vositalari, zarur jihozlar, sarflanadigan materiallar, turar joy va ovqat bilan bepul taʼminlaydi.
202. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasining ishini taʼminlash boʻyicha xarajatlar, shu jumladan, komissiyaning topshirigʻi asosida maxsus tadqiqotlar (sinovlar) oʻtkazish ishlari havo kemasi ekspluatanti tomonidan moliyalashtiriladi va keyinchalik ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
203. Transport vazirligi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarida tashkil etilgan komissiyalar ishini nazorat qiladi.
Aviatsiya insidenti tekshiruvining (shu jumladan, olib borilayotgan maxsus tadqiqotlar) obyektivligi va sifati nazoratini taʼminlash uchun komissiya tarkibiga kirmagan, lekin olgan topshirigʻidan kelib chiquvchi huquqlardan foydalanadigan Transport vazirligi xodimlari yuborilishi mumkin.
Tekshiruv davomida kamchiliklar, ushbu qoidalar talablaridan ogʻish aniqlangan hollarda Transport vazirligi tekshiruv obyektivligi va sifatini taʼminlash uchun materiallarni qayta tekshirishni, qoʻshimcha tadqiqot va sinov oʻtkazishni, boshqa ishlarni koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin.
204. Aviatsiya insidenti joyiga tezkor yetib borish uchun Transport vazirligi mutaxassislari, shu jumladan, amaldagi uchuvchi guvohnomasiga ega boʻlmagan shaxslar Transport vazirligi rahbarining buyrugʻi bilan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi ichki yoki xalqaro yoʻnalishlardagi ekipajlarining parvoz topshirigʻiga kiritilishi mumkin. Parvoz topshirigʻiga kiritilgan mutaxassis havo kemasi ekspluatanti hisobidan, ekipaj aʼzolari bilan teng ravishda barcha turdagi taʼminotdan foydalanadi.
3-§. Aviatsiya insidenti sodir boʻlganda mansabdor shaxslarning dastlabki harakatlari
205. Aviatsiya insidenti sodir boʻlgan paytdan boshlab tekshirish boʻyicha komissiya yetib kelgunicha aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joyda dastlabki harakatlarni amalga oshirish uchun javobgarlik shu hududdagi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbariga, u yetib kelguniga qadar esa havo kemasining komandiriga yuklatiladi.
Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi hodisa joyiga yetib kelgan vaqtdan boshlab tekshiruv yuzasidan barcha harakatlar boʻyicha javobgarlik komissiya raisiga yuklanadi.
206. Aviatsiya insidenti aerodromdan tashqarida sodir boʻlgan taqdirda havo kemasi komandiri ekipaj aʼzolari bilan birgalikda yoʻlovchilarni evakuatsiya qilish va yonginni oʻchirish boʻyicha harakatlarni amalga oshiradi. Havo kemasi komandiri havo kemasi yonmayotganiga ishonch hosil qilgach, aviatsiya hodisasi sodir boʻlgan hududdagi masʼul vakil kelguniga qadar quyidagilarni amalga oshirishga majbur:
havo kemasida zudlik bilan elektr taʼminotini butunlay oʻchirib qoʻyish (bu evakuatsiya qilishga toʻsqinlik qilmasa) va bort yozuv uskunalari oʻchirilganligiga ishonch hosil qilish;
ekipaj kabinasida boshqaruv pultlari va bort yozuv uskunalarining daxlsizligini taʼminlash;
tijorat yuklarining va havo kemasida mavjud boʻlgan boshqa narsalarning daxlsizligini taʼminlash, yoqilgʻi, moy va boshqa suyuqliklarni toʻkib tashlashni taqiqlash;
eshiklar, lyuklar, kapotlarni yopish va imkoniyat boʻlsa muhrlab (plombalab) qoʻyish;
havo kemasi va hodisa joyini qoʻriqlashni tashkil etish;
eng yaqin aviatsiya organi yoki mahalliy davlat hokimiyat organlariga sodir boʻlgan hodisa haqida iloji boricha tezroq xabar berish uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻrish.
Hodisa joyiga fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari yoki avariyadan qutqaruv ishlari rahbari kelgandan soʻng havo kemasi, uning ichidagi narsalar va hodisa joyida boʻlgan ashyoviy dalillarning but saqlanishi uchun javobgarlik yetib kelgan rahbarga yuklatiladi.
Havo kemasi komandiri sogʻligʻi holatiga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasa, ikkinchi uchuvchi va/yoki ekipajning boshqa aʼzolari ushbu talablarga va belgilangan shartlarga muvofiq harakat qilishi kerak.
207. Aviatsiya insidenti sodir boʻlgan hudud yoki tuman fuqaro aviatsiyasi tashkiloti rahbari hodisa haqida xabar olgandan keyin:
zarur hollarda, mahalliy maʼmuriyat organlarini jalb qilgan holda, qidirish va avariyadan qutqarish ishlari belgilangan tartibda oʻtkazilishini tashkil etadi;
aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joyga begona shaxslar kirishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi;
insidentga aloqador ekipaj aʼzolari va zaruratga qarab yoʻlovchilar va aviatsiya xodimlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etadi. Bunda, tibbiy koʻrik darhol amalga oshirilishi kerak;
parvozga tayyorgarlik koʻrish va uni taʼminlash uchun masʼul boʻlgan ekipaj aʼzolari va mansabdor shaxslardan tushuntirish xatlarini oladi;
aviatsiya insidenti sodir boʻlgan joyda mavjud boʻlgan bort hujjatlari va bort yozuv uskunalari but saqlanishi uchun zarur choralarni koʻradi;
tashqi muhit taʼsirida yoʻqolishi mumkin boʻlgan belgilar (havo kemasining yuzasida muz qoplamalari, qora kuya izlari, havo kemasining uchish-qoʻnish yoʻlagi va boshqa yer yuzasidagi harakatidan qolgan tegishli izlar) hujjat koʻrinishida qayd etilishini tashkil qiladi (fotosuratlar, videoyozuvlar yoki sxemalarni tuzish orqali);
aviatsiya insidenti joyining chizmasini tuzadi;
ob-havo sharoitining navbatdan tashqari kuzatilishini tashkil qiladi, aviatsiya insidenti aerodromdan tashqarida sodir boʻlgan boʻlsa, oʻsha joy yaqinidagi meteorologiya punkt va stansiyalaridan meteorologik maʼlumotlar yigʻilishini taʼminlaydi;
zarurat boʻlganda, aviatsiya insidenti sodir boʻlgan havo kemasiga yoqilgʻi quyilgan maxsus idishlardan (yoqilgʻi quyish mashinalari) yoqilgʻi quyish ishlarini toʻxtatish va ularni muhrlash toʻgʻrisida koʻrsatma beradi;
zarur hollarda: dispetcher magnitafon yozuvlari, qoʻnish radari koʻrsatkichlarining fotoregistratori maʼlumotlari, havo kemalari harakatlanishi jadvali, radioaloqa apparatlari va radiotexnik vositalar ish vaqtini hisobga olish jurnali;
barcha ekipaj aʼzolarining uchish kitobchalari, uchish yigʻmajildlari va tibbiy kitobchalar;
havo kemasi dvigatellari va agregatlarining formulyarlari, texnik xizmat koʻrsatilgani toʻgʻrisidagi karta-naryadlar va defekt vedomostlari (nuqsonlar roʻyxati);
havo kemasini parvozga tayyorlashda yoki parvozdan oldin nosozlikni bartaraf etishda ishlatilgan asboblar va nazorat uskunalari;
uchish-qoʻnish yoʻlagi holati, havo kemasiga quyilgan yonilgʻi miqdori va sifatini tavsiflovchi hujjatlar;
hodisa joyi, aerodrom va parvoz yoʻnalishi boʻyicha ob-havo sharoitini tavsiflovchi meteorologiya hujjatlari olib qoʻyilishi va muhrlanishini (saqlanishini taʼminlash);
zarurat boʻlganda, havo kemasi ekipajini, havo kemasini parvozga tayyorlashda, parvozni taʼminlashda va havodagi harakatni boshqarishda bevosita ishtirok etgan yerdagi xizmatlar xodimlarini oʻz vazifalarini bajarishdan chetlatish uchun zarur tashkiliy choralarni koʻradi. Bunda vazifalarini bajarishdan vaqtinchalik chetlatilgan shaxslarga komissiya raisi bilan kelishilgan holda tegishli rahbarning qarori bilan oʻz vazifalarini bajarishga ruxsat etiladi.
Aviatsiya insidentida mansabdor shaxslarning dastlabki harakatlari natijasida olingan barcha materiallar aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasiga topshirilishi shart.
208. Komissiya kelguniga kadar havo kemasida nosozlik yoki kamchilikni tasdiqlash uchun biron-bir ishni amalga oshirish, yerdagi va bort magnitofonlarini ochish va tinglash, shuningdek, bort yozuv uskunalari maʼlumotlarini yechish va rasshifrovka qilish taqiqlanadi va bunday ishlar faqat komissiya raisi qarori bilan amalga oshirilishi mumkin boʻladi.
Bort yozuv uskunalari maʼlumotlarini olish va tahlil qilish ishlari komissiya ixtiyoriga topshirilgandan soʻng darhol amalga oshirilishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini oʻqish uchun tegishli vositalarga ega boʻlmasa, ishlab chiqaruvchi (yoki loyihalovchi)ning davlati hisoblanmagan davlat tomonidan taqdim etilgan tegishli maʼlumotlarni tahlil qiluvchi texnik markazdan quyidagi jihatlarni hisobga olgan holda foydalaniladi:
maʼlumotlarni oʻqish imkoniyati;
maʼlumotlarni oʻz vaqtida oʻqish;
maʼlumotlarni oʻqish uskunalarining joylashishi.
209. Aviatsiya insidenti sodir boʻlgan havo kemasini loyihalovchi, ishlab chiqaruvchi va unga egalik qiluvchi (ekspluatant) tashkilotlar, shuningdek, uning taʼmirlash ishlarini bajargan, havodagi harakatiga xizmat koʻrsatgan, texnik va aerodrom xizmatlarini amalga oshirgan tashkilotlar rahbarlari aviatsiya insidenti toʻgʻrisida maʼlumot olishi bilan, ushbu havo kemasiga tegishli boʻlgan loyihalash, sinash, ishlab chiqarish, taʼmirlash va foydalanish (ekspluatatsiya qilish), parvozini taʼminlash bilan bogʻliq tegishli hujjatlarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishi shart.
4-§. Tekshirish komissiyasi ishini tashkil etish tartibi
210. Komissiya raisi tekshiruvning barcha bosqichlarini tashkil etadi, amalga oshiradi va nazorat qiladi, tekshiruvga aloqador barcha ishtirokchilarning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
211. Aviatsiya insidenti joyiga yetib kelgach, tekshirish komissiyasi raisi mahalliy ijro hokimiyati organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organining rahbarini bu haqida xabardor qiladi, tashkiliy majlis oʻtkazib, unda komissiya tayinlanganligi toʻgʻrisidagi buyruqni eʼlon qiladi, insident sodir boʻlgan joyda dastlabki harakatlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslarning hodisa tafsilotlari va bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotini tinglaydi, zarur boʻlganda, komissiya ishchi organlarini tuzadi, ularning rahbarlarini tayinlaydi, tekshiruvning dastlabki bosqichidagi ishlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi va zarur tezkor koʻrsatmalar beradi.
212. Komissiya raisining aviatsiya insidentini tekshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha koʻrsatmalari aviatsiya insidentini tekshirish va komissiya ishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan barcha mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi shart.
213. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasining ishi rejaga muvofiq amalga oshiriladi.
Komissiya ish joyida aviatsiya texnikasi obyektlarining tadqiqotlari (ularning ishlash layoqatini tekshirish) va eksperimentlari oldindan tuzilgan, tekshiruvda ishtirok etayotgan tomonlar vakillari imzolagan, komissiya raisi tasdiqlagan rejalar (dasturlar) boʻyicha oʻtkaziladi va tekshiruv materiallariga ilova qilinadi.
214. Tekshirish davomida aviatsiya insidentining kelib chiqishiga aviatsiya texnikasi ishdan chiqishi (nosozligi) sabab boʻlib, ushbu nosozlikni shubhasiz agregatni (detalni) almashtirish yoʻli bilan bartaraf etish mumkinligi aniqlanganda, aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasining raisi sanoat, taʼmirlash tashkilotlari va havo kemasi ekspluatanti (egasi) vakillari kelguniga qadar, nosoz agregatni (detalni) almashtirib, belgilangan tartibda havo kemasining ish faoliyatini tiklashga ruxsat berishi mumkin.
Nosoz agregat (detal) tekshiruvda ishtirok etayotgan manfaatdor tashkilotlar vakillari kelguniga qadar daxlsiz saqlanadi.
Alohida hollarda, Transport vazirligi qarori bilan, havo kemasi insident tekshiruvi tugagunga qadar baza aerodromiga uchib oʻtishiga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, havo kemasi holati toʻgʻrisida texnik dalolatnoma tuziladi va unda xavfsiz parvozning imkoniyati asoslab beriladi, parvoz sharoitlari va xavfsizlik choralari qayd etiladi. Texnik dalolatnoma havo kemasining ish faoliyati tiklanishini amalga oshirgan guruh aʼzolari tomonidan imzolanadi va tekshirish komissiyasi tarkibiga kiruvchi guruhning rahbar aʼzosi tomonidan tasdiqlanadi.
215. Asosiy uslubiy va tashkiliy masalalar boʻyicha qarorlar komissiya tomonidan qabul qilinadi, bunda komissiya raisi yakuniy qaror qabul qilish huquqiga ega. Qarordan norozi boʻlgan komissiya aʼzosi oʻz fikrini har qanday maqbul shaklda bayon etishga haqli.
216. Komissiya, kichik komissiyalar va ishchi guruhlar aʼzolarining bir vaqtning oʻzida jinoyat-protsessual ahamiyatga ega boʻlgan dalillarni oʻz ichiga olgan materiallarni yigʻishga qaratilgan harakatlari (bort va yerdagi yozuv uskunalarining maʼlumotlarini va ularning tashuvchilarini yechib olish, saqlash uchun topshirish va boshqalar) dastlabki tergovni (oʻrin olgan boʻlsa) oʻtkazuvchi huquqni muhofaza qilish organi xodimining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
217. Tekshirish komissiyasi ishining yakuniy hujjati Aviatsiya insidentini tekshirish natijalari boʻyicha hisobot hisoblanadi, u amalga oshirilgan ishlar natijalarini hisobga olgan holda tuziladi (ushbu Qoidalarga 14-ilova).
218. Aviatsiya insidenti yuzasidan tekshiruv natijalari boʻyicha hisobot loyihasi komissiya aʼzolari muhokamasi uchun komissiya raisi tomonidan taqdim etiladi. Hisobot mazmuni boʻyicha ixtiloflar boʻlsa, hisobot komissiya raisi taklif etgan tahrirda tayyorlanadi. Hisobotning mazmuniga rozi boʻlmagan komissiya aʼzosi qarshi fikrini yozma ravishda bildirishi shart.
Qarshi fikr bildirilganda norozilikning aniq sabablari va ularning asoslanishi, shuningdek, taklif etilayotgan tahrir matni koʻrsatiladi. Komissiya aʼzolari tomonidan muxolif fikr majburiy ravishda bayonnoma rasmiylashtirilgan holda koʻrib chiqiladi. Bayonnomada muxolif fikr yuzasidan komissiya aʼzolaridan har birining fikri koʻrsatiladi.
219. Hisobot komissiya raisi va uning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Koʻrib chiqish natijasida hisobotda muxolif fikr inobatga olinmagan boʻlsa, uni taqdim etgan komissiya aʼzosi hisobotni “muxolif fikr bilan” degan yozuv bilan imzolaydi.
Kichik komissiyalar va ishchi guruhlarning hisobotlarini tuzish va imzolashda shunday tartibga rioya qilinishi lozim.
Har qanday holda komissiya, kichik komissiya yoki ishchi guruhning hisobotiga muxolif fikri ilova qilinadi.
Ixtiloflarni hal qilishning imkoniyati boʻlmasa, muxolif fikr va qoʻshma bayonnoma bilan hisobotni Transport vazirligi yoki aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasini tayinlagan tashkilot rahbari koʻrib chiqadi.
220. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi raisi hisobotni tasdiqlash uchun aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasini tayinlagan vakolatli organ rahbariga taqdim etadi.
221. Aviatsiya insidentini tekshirish natijalari boʻyicha hisobotga quyidagilar ilova qilinadi:
parvoz parametrlari, aviatexnikaning ishlashini tavsiflovchi, hodisa sodir boʻlishidan bir daqiqa oldingi vaqtdan xavfni bartaraf etilgungacha yoki parvoz oxirigacha boʻlgan parvoz maʼlumotlari;
aviatexnika tadqiqotlarining natijalari;
bort va yerdagi magnitofonlarning tovush maʼlumotlaridan koʻchirma;
tushuntirish xatlari va soʻrovnomalar bayonnomalari;
havo kemasining ekspluatatsiyasini tiklash boʻyicha texnik dalolatnoma;
koʻrilgan zarar haqida maʼlumotnoma.
Komissiyaning har qanday aʼzosi talabi bilan hisobotga boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin.
222. Aviatsiya insidentini tekshirish natijalari boʻyicha tasdiqlangan hisobot ilovalari bilan birga quyidagi manzillarga yuboriladi:
Transport vazirligiga;
Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasiga (ilovalarsiz, murojaat boʻyicha);
aviatsiya insidenti aviatsiya texnikasining nosozligi bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa — havo kemasini loyihalashtirgan konstruktorlik byurosiga (OKB);
havo kemasi egasiga (ekspluatantga);
Transport prokuraturasiga (murojaat boʻyicha elektron shaklda);
Oʻzgidrometga, aviatsiya insidenti meteosharoit va/yoki qoniqarsiz meteotaʼminot bilan bogʻliq boʻlgan boʻlsa.
Jiddiy insidentlarni tekshirish materiallari (elektron shaklda) Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga yuboriladi.
IKAOga maksimal massasi 5700 kg dan ortiq boʻlgan havo kemalari bilan sodir boʻlgan jiddiy aviatsiya insidenti haqidagi axborot hisoboti yuboriladi.
223. Tasdiqlangan tekshirish materiallarini koʻpaytirish va oʻz vaqtida tarqatish uchun masʼuliyat, negizida tekshiruv oʻtkazilayotgan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti, zarur tadqiqotlarni tashkil etish esa-havo kemasiga egalik qiluvchi tashkilot (ekpluatant) zimmasiga yuklatiladi.
224. Tekshiruvda ishtirok etayotgan shaxslar mazkur Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq ularga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi, ular tomonidan bajarilgan ishning toʻliqligi va sifati, xulosalarining asoslanganligi va xolisligi hamda materiallar sifatli rasmiylashtirilganligi uchun javobgardirlar.
225. Komissiya tomonidan tekshiruv jarayonida parvozlar xavfsizligiga tahdid soluvchi xavfli ogʻishlar aniqlangan hollarda komissiya raisi tezkor choralar qurish uchun tegishli maʼlumotlar va tavsiyalarni oʻz ichiga olgan bayonnomani Transport vazirligi va manfaatdor fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga yuboradi.
5-§. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlarini tekshirishda Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya mutaxassislarining ishtiroki
226. Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yoki ekspluatatsiya qilinayotgan fuqaro havo kemalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida sodir boʻlgan aviatsiya insidentlarini tekshirish hodisa sodir boʻlgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Transport vazirligi aviatsiya insidenti tekshiruvida qatnashish uchun oʻz vakilini tayinlaydi, ekspluatant esa havo kemasini tiklash uchun mutaxassislar guruhini tashkil qiladi. Vakilga yordam berish uchun maslahatchilar tayinlanishi mumkin.
Zarur hollarda Transport vazirligi barcha mavjud maʼlumotlardan foydalanib, aviatsiya insidentining holatlari va sabablarini batafsil tekshirish uchun oʻz komissiyasini tayinlashi mumkin.
227. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentini tekshirishda tekshiruv boʻyicha vakilning huquqlari Konvensiyaning 13-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
Tekshiruv davomida yuzaga keladigan barcha masalalar vakil tomonidan tekshiruvni oʻtkazuvchi davlatning tekshiruv komissiyasi (komissiya raisi) orqali hal etiladi.
228. Hodisa sodir boʻlgan hudud joylashgan davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining vakolatxonalari, shuningdek, havo kemasi egasi (ekspluatanti) vakillari tekshiruvda ishtirok etayotgan mutaxassislar guruhini transport, aloqa vositalari, ishlash va dam olish xonalari, oziq-ovqat va boshqalar bilan taʼminlash boʻyicha barcha mumkin boʻlgan yordamni koʻrsatishi shart.
229. Aviatsiya insidenti tekshiruvida ishtirok etish natijalariga koʻra vakil maʼlumotnoma tayyorlaydi va u Transport vazirligi rahbariga taqdim etiladi.
230. Xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlarini tekshirish Transport vazirligiga topshirilganda, bunday tekshiruv ushbu Qoidalar talablariga muvofiq, Konvensiyaning 13-ilovasi standartlari va tavsiyalariga amal qilgan holda oʻtkaziladi.
231. Xabarnomani olgandan soʻng aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ aviatsiya insidenti haqida xabarnoma olganligini tasdiqlaydi va imkon qadar zudlik bilan uchuvchilar ekipaji va havo kemasi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday mavjud maʼlumotlarning taqdim etilishini taʼminlaydi. Shuningdek, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ vakil tayinlashni nazarda tutayotganligi yoki tutmayotganligi haqida hodisa joyi davlatiga maʼlum qiladi va bunday vakil tayinlangan boʻlsa, uning ismi, familiyasi va bogʻlanish uchun batafsil maʼlumotlarni hamda vakilning hodisa sodir boʻlgan davlatga yetib borishi kutilayotgan sana va vaqti haqida xabar beradi.
232. Havo kemasining asossiz turib qolish vaqtini qisqartirish maqsadida, aviatsiya insidenti sodir boʻlgan aeroportda havo kemasi tiklangandan soʻng quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
havo kemasi ekspluatanti Dastlabki maʼlumot shaklida va hajmida aviatsiya insidenti haqidagi rasmiy xabarnomani darhol Transport vazirligiga yuborib, havo kemasini qayta tiklash va vakillarini aviatsiya insidenti tekshiruvida ishtirok etish uchun yuborishni nazarda tutayotganligini Transport vazirligiga maʼlum qiladi;
Transport vazirligi hodisa sodir boʻlgan joy davlatining Aviatsiya maʼmuriyati bilan tekshiruvni tashkil etish va havo kemasining oʻz vaqtida baza aeroportiga uchib ketishi uchun ruxsat berilishi boʻyicha barcha masalalarni rasman hal qiladi.
Havo kemasini tiklash boʻyicha barcha ishlar hodisa sodir boʻlgan aeroportning muhandislik aviatsiya xizmati va Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ekspluatant tomonidan taʼminlanadi va amalga oshiriladi.
Aviatsiya insidentini tekshirish davomida havo kemasini tiklash va bazaga uchishining barcha tashkiliy masalalari ekspluatant tomonidan Transport vazirligi bilan hal etiladi.
233. Hodisa sodir boʻlgan joy davlati milliy qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi bilan ushbu davlat hududida sodir boʻlgan aviatsiya insidentining tekshiruvini tayinlamasa, bunday aviatsiya insidentlarini tekshirish zarurligi va tartibi toʻgʻrisidagi masala Transport vazirligi tomonidan ushbu Qoidalarga muvofiq belgilanadi.
6-§. Aviatsiya insidentlarini tekshirish vaqtida tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish
234. Insidentlarni tekshirish vaqtida aviatsiya texnikasi obyektlarining tadqiqotlari fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari bazasida tekshirish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Buzilishga tarkibiy qismlar va ishlab chiqarish nuqsoni yoki qoniqarsiz tarzda oʻtkazilgan taʼmirlash ishlari sabab boʻlgani taxmin qilinganda, aviatsiya texnikasi obyektlarini tahlil va tadqiqot qilish, qoida boʻyicha, sanoat yoki taʼmirlash tashkilotlarining vakillari ishtirokida, tegishli tartibda amalga oshirilishi kerak.
Shu bilan birga, belgilangan vakillarga zarur texnik hujjatlar, axborot materiallari, ekspluatatsiya qilayotgan boʻlinmalarda mavjud boʻlmagan maxsus asbob va uskunalar bilan taʼminlash vazifalari yuklanadi.
235. Maxsus tadqiqotlarni oʻtkazish zarurligi aviatsiya insidentlarini tekshirish komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Tadqiqot oʻtkazilishi boʻyicha komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
236. Tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Tekshiruvni qiziqtirgan havo kemasi va uning tarkibiy qismlari boshqa davlatda ishlab chiqarilgan boʻlsa va oʻsha davlat tashkilotlarida tadqiqot oʻtkazish zarurati tugʻilsa, bunday tadqiqotlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror havo kemasini ishlab chiqargan, loyihalashtirgan, roʻyxatdan oʻtkazgan yoki ekspluatatsiya qilib kelayotgan davlatning vakili va Transport vazirligi bilan kelishilgan holda komissiya tomonidan qabul qilinadi.
237. Aviatsiya texnikasi obyektlari tadqiqotini amalga oshirish boshqa davlatlar hududida joylashgan tashkilotlarda bajarilishi kerak boʻlsa, bu tadqiqot aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi vakillari ishtirok etishi sharti bilan amalga oshiriladi. Bunday tadqiqotlarni tashkil etish tegishli davlatning tekshiruv sohasidagi organ vakili bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
238. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasining texnik topshirigʻi tadqiqot oʻtkazish uchun asos hisoblanadi. Texnik topshiriqda tadqiqot maqsadi batafsil belgilanadi va zarur boʻlsa, tadqiqot oʻtkazilishida lozim boʻlgan ishtirok etuvchi hamkor tashkilotlar koʻrsatiladi.
Texnik topshiriqqa insident sharoitlarini kerakli darajada koʻrsatadigan, havo kemasi va tadqiqot obyekti, ularni taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish, shuningdek, bajarilgan ishlar roʻyxati va ularning natijalarini koʻrsatuvchi texnik hisobot haqidagi maʼlumotlar ilova qilinadi.
Tadqiqot oʻtkaziladigan obyektlarni tanlash va qadoqlash ushbu Qoidalarga 13-ilovaning tavsiyalariga muvofiq amalga oshiriladi.
239. Tadqiqotlar oʻtkazish uchun obyektni qabul qilgandan soʻng, tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot tadqiqotlarni boshlash sanasini belgilaydi va tadqiqotda ishtirok etish uchun taklif bilan tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlarga xabarnoma yuboradi.
Tadqiqotlarni boshlash sanasi tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillarining yetib kelish imkoniyatini hisobga olgan holda belgilanishi lozim. Ushbu muddat obyekt qabul qilingan vaqtdan boshlab 5 kundan oshmasligi kerak.
Tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillari belgilangan muddatga kelmagan taqdirda, tadqiqotni amalga oshiruvchi tashkilot mustaqil ravishda tadqiqot ishlarini olib boradi.
Tadqiqotlar tekshirish komissiyasi nazorati ostida, tadqiqotda hamkorlik qiluvchi tashkilotlar vakillari bilan kelishilgan, komissiyaga maʼlumot uchun taqdim etiladigan rejalar (dasturlar) va metodikalar boʻyicha oʻtkaziladi.
240. Aviatsiya insidentlarini tekshirishda parvoz maʼlumotlarining tahlili, odatga koʻra, tegishli fuqaro aviatsiya tashkilotida yoki Transport vazirligi bazasida olib boriladi.
241. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlarini tekshirishda aviatsiya texnikasi obyektlari tadqiqotlarini oʻtkazish va bort yozuv uskunalari maʼlumotlarini rasshifrovka qilish ishlari Oʻzbekiston Respublikasining tegishli tashkilotlari bazasida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida ushbu ishlarni amalga oshirish uchun texnik imkoniyatlar boʻlmasa, ushbu aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi vakillarining ishtirokida boshqa davlatda amalga oshirilishi mumkin. Bunday tadqiqotlarni tashkil etish tegishli davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
242. Tadqiqot natijalari tekshirish komissiyasiga yuboriladi.
243. Tadqiqotlar natijalariga koʻra tuzilgan hisobot tekshiruv materiallarining ajralmas qismi hisoblanadi. Tekshiruv boʻyicha hisobot tadqiqotning yakuniy natijalarini hisobga olgan holda tayyorlanadi. Tadqiqot natijalari boʻyicha hisobotni olmasdan turib insident tekshiruvi natijalari boʻyicha Hisobotni tasdiqlash va eʼlon qilish man etiladi.
244. Tadqiqotlardan oʻtgan aviatsiya texnikasi obyektlari, shu jumladan bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini qayd etuvchi jihozlar tadqiqotni amalga oshirgan asosiy tashkilotda tekshiruv natijalari boʻyicha hisobot tasdiqlangandan soʻng 3 oy davomida saqlanadi.
Belgilangan muddat tugagandan soʻng havo kemasi egasiga obyektlarni utilizatsiya qilish uchun soʻrovnoma yuboriladi.
Insident fakti boʻyicha tergov ishlari olib borilgan boʻlsa, havo kemasiga egalik qiluvchi tashkilot huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan utilizatsiya masalasini kelishib oladi va tadqiqotlarni amalga oshiruvchi tashkilotga qabul qilingan qaror haqida maʼlum qiladi.
Tadqiqotdan oʻtgan obyektlarni havo kemasi egasining ruxsatisiz, zaruratga koʻra huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kelishilgan holda, yoʻq qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bort yozuv uskunalarining parvoz maʼlumotlarini kompyuterda (flesh-xotirada) saqlashga ruxsat beriladi.
7-§. Tekshiruv natijalari muhokamasini oʻtkazish
245. Aviatsiya insidenti tekshiruvi yakunlangach, aviatsiya insidenti sodir boʻlgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotida aviatsiya insidenti holati, sabablari va omillari hamda ularning oldini olish boʻyicha tavsiyalar berilgan holda yigʻilish oʻtkaziladi.
8-§. Aviatsiya insidentlari hisobini yuritish va ularning tahlili
246. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemasi bilan sodir boʻlgan har bir aviatsiya insidenti hisobga olinishi shart.
247. Aviatsiya insidentlari havo kemasiga egalik qiluvchi fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarida va Transport vazirligida qayd etiladi.
248. Aviatsiya insidentlari boʻyicha har doim majburiy hisobot tizimida qayd etilmaydigan maʼlumotlarni toʻplashni osonlashtirish uchun fuqaro aviatsiyasi ekspluatantlari boʻlinmalarida insident maʼlumotlarini ixtiyoriy ravishda taqdim etish tizimi oʻrnatilishi kerak.
249. Insidentlar haqidagi maʼlumotlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etish tizimi jazo qoʻllashga qaratilgan boʻlmasligi va maʼlumot manbalari himoya qilinishini taʼminlashi lozim.
Maʼlumotlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etishda jazo qoʻllanilishini rad etish insidentlar haqida maʼlumotlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etish tizimining asosiy tamoyili hisoblanadi.
250. Olinayotgan maʼlumotlarning samarali tahlilini amalga oshirish uchun taʼriflashning standart shaklidan foydalangan holda maʼlumotlar bazasi koʻrinishida aviatsiya hodisalari haqidagi maʼlumotlarni saqlash tizimi shakllantiriladi.
251. Aviatsiya insidentlari sabablarining yanada chuqurroq tahlilini taʼminlash maqsadida ular IKAO Doc 9156-AN/900 hujjati asosida sabablar va omillar boʻyicha tasniflanadi.
Bunda har bir aviatsiya insidenti tekshiruv natpjasida aniqlangan barcha sabablar va omillar boʻyicha tasniflanishi va hisobga olinishi kerak. Aviakompaniya, majmualar, idoralar, tashkilotlarning aniq xizmatlari aviatsiya insidentiga aloqadorligini aniqlash va hisobga olish uchun aviatsiya insidentlari IKAO Doc 9156-AN/900 hujjati asosida sabablarning umumlashtirilgan guruhlari boʻyicha ham hisobga olinadi.
Ekspluatant komissiyasi notoʻgʻri tasniflaganda yoki kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda, muayyan insidentni (halokatni) tasniflash boʻyicha yakuniy qarorni Transport vazirligi qabul qiladi.
252. Aviatsiya insidentlari tekshiruvlarining natijalariga asosan va maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlgan maʼlumotlar boʻyicha Fuqaro aviatsiya agentligi parvozlar xavfsizligi holati boʻyicha yarim yillik, yillik va Vazirlar Mahkamasi koʻrsatmasiga binoan har qanday davr uchun tahlil oʻtkazadi.
Tahlilni oʻtkazishda maʼlumotlar bazasi sifatida tekshiruv natijasida aniqlangan barcha sabablar va omillar jamlanmasi ishlatiladi.
Tahlil natijalariga koʻra parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Tekshirish davomida yoki maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni tahlil qilishda boshqa davlatlar manfaatdor boʻlgan parvozlar xavfsizligiga doir masalalar aniqlansa, bunday maʼlumotlar ushbu davlatlarga yuboriladi.
9-§. Aviatsiya insidentlarini tekshirish natijalariga koʻra chora-tadbirlar ishlab chiqish
253. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasi parvozlar xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan tavsiyalarni tekshiruv natijasida olingan maʼlumotlar tahlili asosida ishlab chiqadi. Tavsiyalarni ishlab chiqishda aviatsiya-transport tizimining ishlashida, shu jumladan berilgan parvozda alohida vaziyat vujudga kelishiga va rivojlanishiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatmagan, lekin umuman parvozlar xavfsizligiga tahdid soladigan barcha aniqlangan ogʻishlar hisobga olinadi.
254. Komissiya tavsiyalari tekshiruv hujjatlari bilan asoslangan va puxta ishlab chiqilgan boʻlishi lozim. Komissiya tavsiyalari asosliligi uchun shaxsiy javobgarlik uning raisiga yuklatiladi.
255. Aviatsiya insidenti tekshiruvining har qanday bosqichida yoki tekshiruvning natijalari asosida Transport vazirligi parvozlar xavfsizligi darajasini oshirish uchun zudlik bilan qabul qilinishi zarur boʻlgan tegishli profilaktika chora-tadbirlarini fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga tavsiya qilishi mumkin.
Havo kemasi loyihalovchisi, ishlab chiqaruvchisi, egasi va boshqa davlatda joylashgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotlariga hamda havo kemasi roʻyxatga olingan davlatga tegishli ogohlantiruvchi choralar ushbu davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organi orqali yuboriladi.
Maqsadga muvofiq boʻlsa, Transport vazirligi oʻtkazilgan tekshiruvlar asosida ishlab chiqilgan har qanday tavsiyalarni, boshqa tegishli davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organlariga, IKAO hujjatlariga taalluqli boʻlsa, IKAOga ham yuboradi.
Hisobotlar IKAOga yuborilayotgan xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan taqdirda, ular IKAO hujjatlari bilan bogʻliq boʻlgani uchun, taklif etilayotgan aniq harakatlar bayon etilgan xat ushbu hisobotlarga ilova qilinadi.
Global ahamiyatga ega boʻlgan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiya tegishligidan qatʼiy nazar IKAOga yuboriladi.
256. Transport vazirligi boshqa davlatning (davlatlarning) aviatsiya hodisalarini tekshiruvchi vakolatli organidan parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar olgan taqdirda, kuzatuv xati roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab 90 kun ichida ushbu vakolatli organga profilaktika boʻyicha qabul qilingan yoki koʻrib chiqilayotgan chora-tadbirlar yoki biror chora qabul qilinmagani sabablari toʻgʻrisida xabar beradi.
257. Aviatsiya insidentini tekshirish natijalari boʻyicha chora-tadbirlar tekshirish komissiyasi tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi. Aviatsiya insidentini tekshirish natijalari boʻyicha Hisobot va uning ilovalari chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun rasmiy asos hisoblanadi.
258. Vakolatlariga Komissiya tavsiyalari taalluqli boʻlgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari tekshiruv boʻyicha Hisobotni olgach, fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari doirasida profilaktik choralar qabul qilinishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejalari yoki boshqa rasmiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Tasdiqlangan chora-tadbirlar rejalari 3 ish kuni ichida Transport vazirligiga yuboriladi.
259. Chora-tadbirlar rejasini (yoki boshqa rasmiy hujjat) tuzishda komissiyaning barcha tavsiyalari ijro uchun qabul qilinishi lozim.
Komissiyaning biron bir tavsiyasi maqsadga muvofiqligi yoki uni amalga oshirish usullari masalalari boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, bu masala qoʻshimcha ravishda ish olib borish uchun chora-tadbirlar rejasiga kiritiladi.
Chora-tadbirlar rejasiga uni ishlab chiquvchi mansabdor shaxslar tomonidan tekshiruv vaqtida aniqlangan, lekin komissiyaning tavsiyalariga kiritilmagan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qoʻshimcha ishlar kiritilishi mumkin.
260. Chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish uchun Transport vazirligi masʼuldir.
Chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun fuqaro aviatsiyasi tashkiloti — havo kemasi egasi (ekspluatanti) masʼuldir.
261. Idoralararo chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ularni ishlab chiquvchi masʼullar, Hisobot va uning ilovalarini olgandan soʻng chora-tadbirlar rejasini (yoki boshqa rasmiy hujjatni) birgalikda ishlab chiqadi, uni ishlarni bajaruvchi va hamkorlikda bajaruvchi tashkilotlar bilan kelishadi hamda Transport vazirligida tasdiqlaydi.
Idoraviy chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda ushbu funksiyalarni chora-tadbirlarni ishlab chiquvchi masʼul bajaradi.
262. Aviatsiya insidentini tekshirish komissiyasining tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalarini yoki boshqa rasmiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
20 ish kuni idoralararo rejalar uchun;
10 ish kuni ichki idoraviy rejalar va boshqa rasmiy hujjatlar uchun.
Muddat chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish boʻyicha masʼul shaxs tomonidan komissiyaning barcha materiallari olingan vaqtdan hisoblanadi.
Alohida hollarda komissiya tavsiyalari boʻyicha tezkor chora-tadbirlar tekshiruv yakuniga yetkazilmagunga qadar va Hisobot tasdiqlanmagunga qadar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
263. Transport vazirligi tekshirish komissiyalari tavsiyalari, chora-tadbirlar rejalari va Transport vazirligi vakolati doirasidagi boshqa rasmiy hujjatlar hisobini yuritadi.
Xuddi shunday hisobni fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari ham oʻzlariga tegishli qismda yuritadi.
4-bob. Xavfli yuklar bilan bogʻliq boʻlgan aviatsiya hodisalarini tekshirish
264. Xavfli yuklarni xavfsiz tashish boʻyicha texnik yoʻriqnomalar (Doc 9284) talablarining buzilishi oqibatida sodir boʻlgan aviatsiya hodisasi, xavfli yuklar (Doc 9284 S-7 qismi 4-bob) bilan bogʻliq aviatsiya halokati (insidenti) deb tasniflanadi.
265. Xabarnoma, tekshiruv, hisobot, xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya hodisalari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash va ularni hisobga olish IKAOning Doc 9284 S-7 qismi, 4-bobida belgilangan tavsiyalarini hisobga olgan holda ushbu Qoida talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
266. Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir boʻlgan xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya hodisalari toʻgʻrisida dastlabki xabarnomani olgach, darhol ushbu Qoidalarning 2-bobida koʻrsatilgan manzillarga va xavfli yuklar joʻnatuvchi davlatiga aviatsiya hodisalari haqida xabarnomani eng qulay va tezkor aloqa vositalaridan foydalangan holda yuboradi.
267. Xabarnoma ochiq matnda yuboriladi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya hodisalarini “ACCID”, “INCID” belgilash uchun “DGACD” qisqartmasi;
b) Konvensiyaga 13-ilovasida nazarda tutilgan, shuningdek ushbu Qoidalarning 2-bobi qoidalariga muvofiq yuboriladigan har qanday xabarnomaga havola;
v) hodisaning sanasi va vaqti;
g) tegishli ekspluatantning nomi;
d) tegishli yuk joʻnatuvchining nomi;
e) tegishli xavfli yuklar tavsifi;
j) halokatning qisqacha mazmuni;
z) oʻlimga olib kelgan yoki tan jarohati olgan shaxslar soni va mulkka yetkazilgan zarar darajasi;
i) halokat natijasida sogʻliq yoki atrof muhit xavfsizligi uchun saqlanib qolayotgan har qanday xavf-xatar haqida maʼlumot;
k) Transport vazirligining tekshiruvni qay darajada oʻtkazishi yoki uni boshqa davlatga topshirishi ehtimoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
l) xabarnomani bergan organning nomi.
Transport vazirligi, imkoniyati boʻlishi bilan, qoʻshimcha ravishda xabarnomada mavjud boʻlmagan tafsilotlarni, shuningdek, ushbu voqea bilan bogʻliq boʻlgan boshqa batafsil maʼlumotlarni tegishli manzillarga yuboradi.
268. Transport vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasi yoki boshqa biron-bir davlatning Oʻzbekiston Respublikasi aeroportidan uchib ketgan havo kemasi bilan xavfli yuklarga bogʻliq holda sodir boʻlgan aviatsiya halokati (insidenti) haqida xabarnomani olganda, zudlik bilan aviatsiya halokati sodir boʻlgan davlatga aviatsiya halokatiga (insidentga) aloqador boʻlgan xavfli yuklar haqida mavjud boʻlgan tegishli har qanday maʼlumotlarni yuboradi.
269. Transport vazirligi xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya halokatlari (insidentlari) tekshirilishini boshqa aviatsiya halokatlari (insidentlari) tekshirilishi kabi ushbu Qoidalar talablariga muvofiq tashkil etadi va oʻtkazilishini taʼminlaydi.
270. Agar Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir boʻlgan har qanday aviatsiya halokatining (insidenti) tekshiruvi davrida, aviatsiya halokatining (insidenti) sababiy omili xavfli yuklar ekanligi maʼlum boʻlganda, tekshiruv komissiyasining raisi Transport vazirligi bilan kelishilgan holda, xavfli yuklar bilan bogʻliq holatlarni tekshirish uchun komissiyaning masʼul aʼzosini tayinlashi lozim boʻladi.
Zarur hollarda, xavfli yuklar bilan bogʻliq holatlar va omillarni oʻrganish uchun, ishchi guruh yoki kichik komissiya tuziladi. Tashkil etilgan ishchi guruhi (kichik komissiya)ning ish natijalari asosida, har qanday shaklda, aviatsiya halokati (insidenti) tekshiruvining ajralmas qismi boʻlgan, hisobot tayyorlanadi va tekshiruv natijalari boʻyicha Yakuniy hisobotga ilova qilinadi.
271. Transport vazirligi boshqa davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalari bilan sodir boʻlgan, xavfli yuklar bilan bogʻliq, aviatsiya halokatining tekshiruvida ishtirok etish uchun, oʻz vakilini tayinlash huquqiga ega.
272. Xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya halokatini (insidenti) tekshiruv natijalari asosida komissiya ushbu Qoidalarda belgilangan shaklda Yakuniy hisobot tayyorlaydi.
273. Xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya halokatini tekshirish natijalari boʻyicha Yakuniy hisobot ushbu Qoidalarning 2-bobi talablariga muvofiq manzillarga va qoʻshimcha ravishda xavfli yuk joʻnatuvchi davlatning aviatsiya maʼmuriyati manziliga yuboriladi.
274. Xavfli yuklar bilan bogʻliq aviatsiya insidentining tekshiruvi natijalari boʻyicha Hisobot ushbu Qoidalarning 3-bobida koʻrsatilgan tartibga muvofiq tuziladi va joʻnatiladi, tekshirish natijalari texnik yoʻriqnomalar talablaridagi (IKAO Doc 9284) kamchiliklarni koʻrsatsa, bunday tekshirish natijalari boʻyicha Hisobot IKAOga ham yuborilishi kerak.
5-bob. Fuqaro havo kemasi bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisasi toʻgʻrisida maʼlumotlarni IKAOga taqdim etish
275. Dastlabki hisobot aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish komissiyasi tomonidan IKAOning “Aviatsiya halokatlari (insidentlari) haqida maʼlumotlarni taqdim etish qoʻllanmasi” hujjatiga (Doc 9156-AN/900) muvofiq rus yoki ingliz tillarida tayyorlanadi va Transport vazirligi tomonidan Aviatsiya hodisasi sodir boʻlgan kundan boshlab 30 kun ichida quyidagi manzillarga yuboriladi:
vaziyatga qarab havo kemasini roʻyxatga olgan yoki (va) aviatsiya hodisasi sodir boʻlgan davlatga;
ekspluatant davlatiga;
loyihalovchi davlatiga;
ishlab chiqaruvchi davlatiga;
tegishli maʼlumotlar, asosiy jihozlar yoki ekspertlarni taqdim etgan har qanday davlatga;
tegishli havo kemasining maksimal massasi 2250 kg (aviatsiya halokatlarida) va 5700 kg dan (jiddiy aviatsiya insidentlarida) ortiq boʻlsa-IKAOga.
Tekshiruv davomida aviatsiya halokatlari yoki insidentlarining oldini olish boʻyicha tezkor choralar koʻrish uchun foydali boʻlishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar olingan boʻlsa, bunday maʼlumotlar Transport vazirligi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan davlatlarga darhol yuboriladi.
Tekshiruv davomida noqonuniy aralashuv sodir etilganligi maʼlum boʻlib qolsa yoki gumon qilinsa, bunday maʼlumot Transport vazirligi tomonidan zudlik bilan manfaatdor davlat(lar)ning aviatsiya xavfsizligi organlariga yetkaziladi.
Dastlabki hisobotni yuborish muddati tugashiga qadar tekshiruv yakuniga yetib, aviatsiya hodisasi haqida axborot hisoboti yuborilgan boʻlsa, dastlabki hisobot yuborilmasligi mumkin.
276. IKAOni tekshiruv natijalari toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qilish maqsadida aviatsiya halokati toʻgʻrisida axborot hisoboti tayyorlanadi. Hisobot tekshiruv yakunida rus yoki ingliz tillarida tayyorlanadi va imkon qadar qisqa muddatda IKAO shtab-kvartirasiga Transport vazirligi tomonidan yuboriladi.
Axborot hisoboti maksimal massasi 2250 kg dan ortiq boʻlgan havo kemalari ishtirokidagi aviatsiya halokatlari, maksimal massasi 5700 kg dan ortiq boʻlgan havo kemalari ishtirokidagi jiddiy aviatsiya insidentlari boʻyicha tuziladi. Hisobotni tayyorlash boʻyicha yoʻriqnoma IKAOning “Aviatsiya halokatlari (insidentlari) haqida maʼlumotlarni taqdim etish qoʻllanmasi” hujjatida (Dos 9156-AN/900) nazarda tutilgan.
Transport vazirligi boshqa davlatning murojaatiga koʻra, aviatsiya hodisasi haqidagi axborot hisobotida qayd etilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda tegishli maʼlumotlarni taqdim etishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
277. Mazkur Qoidalarni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
278. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalariga 1-ILOVA
Havo kemasi ekspluatatsiyasida tekshirilishi lozim boʻlgan insidentlar
ROʻYXATI
I. Jiddiy aviatsiya insidentlari
Quyida keltirilgan hodisalar jiddiy aviatsiya insidenti sifatida tasniflanishi mumkin boʻlgan misollar hisoblanadi. Biroq bu roʻyxat toʻliq emas va vaziyatga qarab, hodisaning ehtimoliy ssenariy boʻyicha rivojlanishiga toʻsqinlik qiladigan samarali himoya mexanizmlari saqlanib qolgan boʻlsa, roʻyxatda keltirilgan elementlar “jiddiy aviatsiya insidenti” toifasiga kirmasligi mumkin.
1. Toʻqnashuv yoki xavfli vaziyatning oldini olish yoki qochish uchun manyovr bajarishni talab etadigan yoki havo kemasini chetga olish harakatlari bajarilishi maqsadga muvofiq boʻlgan havo kemalarining parvozda xavfli yaqinlashuvi.
2. Aviatsiya halokati deb tasniflanmagan havo kemalarining havodagi toʻqnashuvlari.
3. Texnik jihatdan yaroqli havo kemasining yer bilan toʻqnashuvi bartaraf qilingan vaziyat.
4. Yopilgan yoki band boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagidan, yerda harakatlanish yoʻlagidan (vertolyotlarning yerda harakatlanish yoʻlagidan parvoz qilishiga ruxsat berilishi bundan mustasno) yoki belgilanmagan uchish-qoʻnish yoʻlagidan uchib chiqishga urinish yoki uchib chiqish.
5. Qulflangan rullar bilan parvoz qilish.
6. Yopilgan yoki band boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagiga, yerda harakatlanish yoʻlagiga (vertolyotlarning yerda harakatlanish yoʻlagidan parvoz qilishiga ruxsat berilishi bundan mustasno), belgilanmagan uchish-qoʻnish yoʻlagiga yoki avtomobil yoʻllari kabi majburiy qoʻnish joyiga qoʻnish yoki qoʻnishga urinish.
7. Uchish-qoʻnish yoʻlagidan (qoʻnish maydoni, yetmasdan qoʻnish) tashqarida qoʻnish, koʻtarilish yoki qoʻnishda uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketish.
8. Aviatsiya halokati deb tasniflanmagan shassi tayanchlarining yigʻishtirilishi yoki yigʻishtirilgan shassi bilan qoʻnish.
9. Uchish yoki qoʻnish vaqtida havo kemasi qanotining cheti, dvigatel gandolasi yoki boshqa har qanday qismi bilan yerga tegishi, agar bu hodisa aviatsiya halokati sifatida tasniflanmagan boʻlsa.
10. Ekipaj, yoʻlovchi kabinalarida, yuk boʻlimlarida yongʻinlar va/yoki tutun paydo boʻlishi holatlari yoxud dvigatelda yongʻin chiqishi, ushbu yongʻinlar oʻt oʻchiruvchi vositalar bilan oʻchirilgan boʻlsa ham.
11. Parvoz ekipaji aʼzolari tomonidan avariya holatida ishlatiladigan kisloroddan foydalanish talab etilgan vaziyatlar.
12. Havo kemasi konstruksiyasining ishdan chiqishi yoki dvigatelning ishdan chiqish holatlari, shu jumladan, aviatsiya halokatlari deb tasniflanmagan gaz turbinali dvigatellarning ishdan chiqishi bartaraf etilmagan nosozliklar.
13. Havo kemasining ishlashiga jiddiy taʼsir qiladigan bir yoki bir nechta tizimlarning bir necha bor ishdan chiqishi.
14. Havo kemasini boshqarishda qiyinchiliklar yaratgan yoki yaratishi mumkin boʻlgan tizim buzilishlari (shu jumladan, kuch yoki quvvat yoʻqolishi).
15. Parvozni boshqarish va navigatsiya uchun majburiy boʻlgan zaxira tizimidagi bittadan ortiq tizimning buzilishi.
16. Uchuvchidan avariya holati eʼlon qilinishini talab etadigan yoqilgʻi miqdori yoki uning taqsimlanishi bilan bogʻliq boʻlgan yoqilgʻi miqdori yetarli emasligi, yoqilgʻi toʻliq sarflanganligi, yoqilgʻi yetarli darajada yetkazib berilmayotganligi yoki bortda mavjud yoqilgʻidan toʻliq foydalanish imkoniyati mavjud emasligi kabi vaziyatlar.
17. Havo kemasini boshqarishda qiyinchiliklar yaratadigan yoki yaratishi mumkin boʻlgan xavfli ob-havo sharoitlari zonasiga havo kemasining kirib qolishi. Havo kemasi doʻl bilan shikastlangan hollar.
18. Tashqi podveskada yoki havo kemasining tashqarisida olib kelinayotgan yukning bilmagan holda yoki favqulodda chora sifatida bilgan holda tushirilishi.
19. Parvozning toʻxtatilishiga, havo kemasining ikkinchi aylanaga ketishiga va shunga oʻxshash holatlarga olib keluvchi transport vositasi yoki havo kemasining ruxsatsiz uchish-qoʻnish yoʻlagiga chiqishi.
20. Parvozda ekipaj aʼzolarining ish qobiliyatini yoʻqotishi (bir pilotli (shu jumladan, tashqi uchuvchi (operator)) va ikki kishilik ekipaj bilan havo kemalari parvozlari uchun).
II. Aviatsiya insidentlari
21. Planerga tegishli kuchlanmagan elementlarning kabina germetizatsiyasi buzilishi yoki qismlarning ajralishi bilan bogʻliq holda parvozda buzilishi yoki shikastlanishi.
22. Aerodinamik boshqaruv yuzalari (qanotning orqa qismi (zakrilka), qanotning old qismi (predkrilka) va koʻtarilish kuchini koʻpaytiruvchi boshqa qurilmalar, qanot chetlari (zakonsovok krila) va boshqalar), pilon va dvigatellarning birikish joylari uzilishi yoki buzilishi.
23. Planerning kuchlangan elementlarida, kuchlangan oynalarda yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan yorilishlarning paydo boʻlishi.
24. Planer konstruksiyasining boshqa elementlarini ahamiyatli darajada shikastlanishiga olib kelmagan obtekatellar, kapotlar, zinalar, lyuklar, eshiklarning parvozda ochilishi yoki uzilib ketishi.
25. Havo vinti parraklarining buzilishi, ularning taʼmir uchun koʻrsatilgan meʼyordan ortiq shikastlanishi, havo vinti vtulkasi obtekatelining yoki isitish qoplamasining uzilib ketishi (havo vintli kemalar uchun).
26. Koʻtaruvchi yoki rul vintlari elementlarining, koʻtaruvchi yoki rul vinti vtulkalarining buzilishi yoki taʼmir uchun koʻrsatilgan meʼyordan ortiq shikastlanishi (vertolyotlar uchun).
27. Dvigatelning nosozligi, oʻz-oʻzidan yoki xatolik bilan oʻchirilishi yoki parvoz vaqtida kerakli tartib-qoidalarga muvofiq ekipaj tomonidan oʻchirilishi. Dvigatelning parvozda ishga tushmasligi (oʻt olmasligi).
28. Parvozda planer konstruksiyasining boshqa elementlariga jiddiy zarar yetkazilmagan holda dvigatelning buzilishi.
29. Transmissiyalarning buzilishi yoki uzilib ketishi. Ventilyator qurilmasining buzilishi, reduktorning buzilishi, uning xavfli rejimda ishlayotganligini bildiruvchi signalizatsiyaning ishlab ketishi (vertolyotlar uchun).
30. Parvozda oʻz-oʻzidan yoki bexosdan reversning (orqaga tortish) ishlab ketishi yoki ishlamay qolishi. Havo vintining mustahkamlangan holatidan boʻshamasligi oqibatida parvozda ekspluatatsiya qilish qoʻllanmasi cheklovlari buzilishi yoki (va) parvoz rejasining oʻzgarishiga sabab boʻlishi.
31. Bir yoki undan koʻp shassi tayanchining chiqmasligi. Parvozda ekspluatatsiya qilish qoʻllanmasi cheklovlarining buzilishi yoki (va) parvoz rejasining oʻzgarishiga olib kelgan parvozda oʻz-oʻzidan yoki xatolik bilan shassining chiqishi yoki yigʻishtirilishi, shassi stvorkalarining yopilmasligi yoki oʻz-oʻzidan parvoz davomida ochilishi.
32. Planer yoki dvigatel konstruksiyasi elementlari shikastlanishiga olib kelgan aviashinalarning yorilishi.
33. Shassi aravalari, shassi tayanchi elementlarining buzilishi.
34. Stabilizatorning burilmay qolishi, oʻz-oʻzidan yoki notoʻgʻri burilishi.
35. Parvoz rejasi oʻzgarishiga olib keluvchi, elektr taʼminoti tizimlaridagi elektr toki yetkazib berish xususiyatlarining yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan darajada buzilishi.
36. Parvoz rejasi oʻzgarishiga olib kelgan gidrotizimning nosozligi.
37. Parvoz rejasi oʻzgarishiga olib kelgan germokabinada bosimni boshqarish tizimining nosozligi.
38. Parvoz rejasi oʻzgarishiga olib kelgan parvozda yoqilgʻi oqishi.
39. Havo kemasining qayta qoʻnishni amalga oshirish uchun zarur boʻlganidan kamroq yoqilgʻi bilan qoʻnishi.
40. Fazoviy yoʻnalishning yoʻqotilishi.
41. Uskunalar boʻyicha parvozga ruxsat berilgan havo kemalarida bort pilotaj-navigatsiya uskunalaridan foydalangan holda parvozning joriy joylashuvini yoki yoʻnalishini aniqlash imkoniyati yoʻqligi.
42. Havo kemasining parvozda ekspluatatsiya qilish qoʻllanmasida izohlangan cheklovlardan chiqishi.
43. Parvozni boshlashda tezlikni oshirish vaqtida yoki balandlikka koʻtarilishning dastlabki bosqichida talab etilgan xarakteristikalarga erishishning mumkin emasligi.
44. Parvozda ekspluatatsiya qilish qoʻllanmasi talablariga tegishli boʻlmagan konfiguratsiyada havo kemasining uchib chiqishi, parvoz qilishi, qoʻnishga kirishi yoki qoʻnishga harakat qilishi.
45. Muzlash sharoitlarida parvozlarga ruxsat berilishida cheklovlarga ega boʻlgan havo kemalarida, muzlashga qarshi tizim ishlamay qolgan yoki yoqilmagan havo kemalarida muzlash sharoitlarida parvoz amalga oshirilishi. Muz bilan qoplangan havo kemasi parvozga chiqarib yuborilishi.
46. Havo kemasining qushlar bilan toʻqnashuvi, jiddiy aviatsiya insidenti yoki aviatsiya hodisasiga olib kelganda. Qushlar bilan toʻqnashuvlarning boshqa holatlarida konstruksiya elementlari ruxsat etilmagan oʻlchamda shikastlanganda ekspluatant tomonidan toʻqnashuvga olib kelgan omillar boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi.
47. Yerdagi (odamlar, hayvonlar yoki uchish-qoʻnish yoʻlagi, yoʻlaklar, perrondagi transport vositalari; yerdagi toʻsiqlar) obyektlar bilan toʻqnashish yoki toʻqnashish tahdidi.
48. Havo kemasining majburiy qoʻnishi, rejalashtirilmagan (moʻljallanmagan) aerodromga (qoʻnish maydoniga) qoʻnishi. Havoda tanlab olingan, oʻrnatilgan talablarga javob bermaydigan maydonga qoʻnishni amalga oshirish.
49. Havo kemasi parvozini taʼminlashda, radioaloqaning, oriyentirovkaning yoʻqolishiga yoki oʻrnatilgandan past minimumda qoʻnish shartligiga olib keluvchi, yerdagi radioyoritishtexnik jihozlarning ishdan chiqishi.
50. Ekipaj aʼzolari yoki yoʻlovchilarning toksik moddalar, radiatsiya va boshqa zararli omillar taʼsiri oqibatida kasalxonaga yotqizilishi.
51. Besh daqiqadan koʻproq vaqt davomida parvozda radioaloqa yoʻqolishi.
52. Xavfsiz parvoz balandligining buzilishi.
53. Havo kemasi ekipaji tomonidan belgilangan balandlik va parvoz yoʻnalishining havodagi harakatga xizmat koʻrsatish xizmati koʻrsatmasi bilan muvofiqlashtirmasdan oʻzgartirilishi.
54. Uchish vaqtida ruxsat etilgan nosozliklar roʻyxatiga kiritilmagan nosozliklar mavjud boʻlganda havo kemasining uchishi.
55. Havo kemasining toʻliq texnik xizmat koʻrsatilmagan holda parvozga chiqarilishi.
56. Uchish yoki qoʻnish vaqtida minimal ob-havo talablariga rioya qilmaslik.
57. Havo kemasiga ushbu havo kemasi uchun moʻljallanmagan yoki ruxsat etilmagan yoqilgʻi-moylash materiallarining quyilishi.
58. Parvozda ekspluatatsiya qilish qoʻllanmasida havo kemasini markazlash boʻyicha belgilangan meʼyorlar buzilishiga olib kelgan parvoz vaqtida yuklarning siljishi.
59. Odamlarni havo kemasidan favqulodda evakuatsiya qilish bilan bogʻliq aviatsiya hodisalari.
60. Uchuvchisiz havo kemalari bilan sodir boʻladigan aviatsiya hodisalari:
uchuvchisiz havo kemasining uchuvchi boshqarayotgan havo kemasi bilan toʻqnashuvi;
foydalanish uchun ruxsat olish tartibi joriy etilgan havo hududida havo kemalarining parvozlari toʻxtatilishiga sabab boʻlgan uchuvchisiz havo kemasining havodagi harakatni boshqarish yagona tizimi tegishli markazining soʻrovnomalarisiz va ruxsatisiz parvozi;
yerdagi har qanday shaxs tan jarohati (jiddiy tan jarohatlari bundan mustasno) olishiga sabab boʻlgan uchuvchisiz havo kemasining qulashi yoki majburiy qoʻnishi;
yerdagi har qanday shaxs tan jarohati (jiddiy tan jarohatlari bundan mustasno) olishiga sabab boʻlgan uchuvchisiz havo kemasining tashqi podveskasida olib kelinayotgan yukning tushirilishi.
Izoh.
1. “Havo kemasi ekspluatatsiyasida tekshirilishi lozim boʻlgan aviahodisalar roʻyxati”ning alohida bandlari aniq havo kemasi rusumi uchun parvoz bajarilishiga ruxsat beruvchi hujjatlariga (MEL/CDL/DDG/AMM/SRM) muvofiq baza aeroportiga qadar reysni yakuniga yetkazish yoki parvozni davom ettirishga ruxsat berilishini koʻzda tutuvchi buzilishlar va nosozliklar roʻyxatiga zid boʻlsa, bunday hodisalar tekshirilmaydi.
2. Obyektiv sabablarga koʻra (joylarning relyefi, balandlik va oʻrnatilgan marshrutlar boʻyicha havo hududidan foydalanish cheklovlari, buzilish va nosozlikni manzil aeroportida bartaraf etish imkoniyatining yoʻqligi) parvozni borish moʻljallangan aerodromgacha davom ettirish imkoni boʻlmaganda va/yoki maqsadga muvofiq emas deb topilganda havo kemasining baza aerodromiga qaytishi (majburiy qoʻnishi) aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ ruxsati bilan aviatsiya insidenti sifatida tasniflanmasligi mumkin. Bunday hodisalarning tekshiruvi ekspluatant tekshiruv komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
3. “Havo kemasi ekspluatatsiyasida tekshirilishi lozim boʻlgan aviahodisalar roʻyxati”ga tushgan, aviatsiya texnikasi nosozligi namoyon boʻlishi bilan bogʻlik boʻlgan, parvoz qilish uchun dvigatellarning ish rejimi kuchayishi boshlangunga qadar, shuningdek, havo kemasi koʻngandan soʻng harakatlanishi (probegi) yakunlangandan, toʻxtash joyiga borgunga qadar sodir boʻlgan aviatsiya hodisasi mazkur qoidalarga muvofiq tekshiriladi, ammo parvozlar xavfsizligiga tahdidlar mavjud boʻlmagan hollarda, aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ ruxsati bilan aviatsiya insidenti deb tasniflanmaydi. Bunday hollarda tekshiruv ekspluatant komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi va bu aviahodisalarni hisobga olish, tekshiruv materiallarini saqlash aviahodisa sodir boʻlgan boʻlinmada va aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organda olib boriladi.
4. Eksperimental va seriyaviy havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviahodisalar aviatsiya korxonasi rahbari tomonidan tayinlagan komissiya tomonidan texnik jihatdan tahlil qilinadi. Komissiya ishining natijalari boʻyicha xulosalardan, sabablardan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida aviahodisalarning oldini olish uchun tavsiyalardan iborat boʻlgan Hisobot tayyorlanadi.
5. Aviatsiya hodisalari tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ tomonidan ushbu roʻyxatda koʻrsatilmagan, biroq fuqaro aviatsiyasining xavfsizligiga tahdid soladigan aviatsiya hodisalari mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda tekshirilishi (yoki ekspluatantga topshirilishi) mumkin.
6. Aviatsiya halokati sodir boʻlishi ehtimoli yuqoriligi holati insident aviatsiya halokatiga aylanishining oldini olish imkoniyatini beruvchi va parvozlar xavfsizligini taʼminlovchi saqlanib qolgan himoya mexanizmlari miqdori yetarli boʻlmaganda yoki bunday mexanizmlar boʻlmaganda yuzaga keladi. Bunday holatni aniqlash uchun insident avj olishi boʻyicha ehtimoli yuqori boʻlgan ssenariyni, shuningdek, insident potensial aviatsiya halokatiga aylanishiga toʻsqinlik qiladigan saqlanib qolgan himoya mexanizmlarining samaradorligini hisobga olgan holda hodisa boʻyicha xavf-xatarning quyidagicha tahlilini oʻtkazish mumkin:
a) insident aviatsiya hodisasiga aylanishi mumkin boʻlgan ehtimoliy ssenariy mavjudligi masalasini koʻrib chiqish;
b) insident potensial aviatsiya hodisasiga aylanishiga toʻsqinlik qiladigan saqlanib qolgan himoya mexanizmlarini quyidagicha baholash:
samarali — bir nechta himoya mexanizmi saqlanib qolganda va aviatsiya hodisasi uchun ular bir vaqtning oʻzida ishlamay qolishi talab qilinganda;
cheklangan — himoya mexanizmlari yetarli boʻlmagan miqdorda saqlanib qolganda yoki ular boʻlmaganda yoxud baxtli tasodifga koʻra aviatsiya hodisasi sodir boʻlmaganda.
7. Insident potensial aviatsiya hodisasiga aylanishiga toʻsqinlik qiladigan saqlanib qolgan himoya mexanizmlarining miqdorini va ishonchliligini hisobga olish kerak. Ishlamay qolgan himoya mexanizmlari hisobga olinmasligi kerak va faqat ishlab ketgan, shuningdek, kelgusida amal qilishi mumkin boʻlgan va hozirda mavjud boʻlgan har qanday himoya mexanizmi koʻrib chiqilishi kerak.
Ehtimoli yuqori boʻlgan ssenariy potensial aviatsiya hodisasi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tan jarohatlari va/yoki zararning real baholanishini aks ettiradi.
Himoya mexanizmlari ekipaj, ekipajning oʻqitilishi va tartib-qoidalari, HHB, avariya holatida signalizatsiya tizimi (havo kemasi ichida va tashqarisida), bort tizimlari va zaxira tizimlari, havo kemalari konstruksiyalari va aerodrom infratuzilmasidan iborat.
8. Ushbu ikkita baholash kombinatsiyasi qanday aviatsiya insidenti jiddiy aviatsiya insidenti hisoblanishini aniqlashga yordam beradi.
b) hodisaning potensial aviatsiya halokatiga aylanishiga toʻsqinlik qiladigan saqlanib qolgan himoya mexanizmlari SamaraliCheklangana) sodir boʻlish ehtimoli yuqori boʻlgan ssenariyAviatsiya halokatiInsidentJiddiy insidentAviatsiya halokati yoʻqligiInsident
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalariga 2-ILOVA
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya halokatini tekshirish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Fuqaro aviatsiyasi tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasi havo harakatini boshqarish markazi Aviatsiya halokati toʻgʻrisida tasdiqlangan roʻyxat asosida tegishli davlat organlariga xabar berish. Aviatsiya halokati toʻgʻrisida xabar kelib tushishi bilan 2-bosqich Transport vazirligi Tekshiruv komissiyasini tuzish. Zudlik bilan 3-bosqich Tekshiruv komissiyasi Transport vazirligiga keyingi xabarnomani tayyorlash va yuborish. Aviatsiya halokati sodir boʻlgan joyiga yetib kelgan vaqtdan eʼtiboran 3 kun ichida. 4-bosqich Tekshiruv komissiyasi Dastlabki hisobotni tayyorlash. Hodisa sodir boʻlgan kundan boshlab 30 kun ichida 5-bosqich Tekshiruv komissiyasi 1. Tekshiruv ishlarini olib borish, tadqiqotlar oʻtkazish, tavsiyalar ishlab chiqish va Yakuniy hisobot loyihasini rasmiylashtirish. 2. Agar tekshiruv 12 oy davomida yakunlanmasa, har yilligiga oraliq axborotni eʼlon qilish. Tekshiruv yakunlanguncha 6-bosqich Tekshiruv komissiyasi 1. Yakuniy hisobotni tegishli tashkilotlar, shu jumladan tekshiruvda ishtirok etgan davlatlarning tashkilotlari bilan kelishish. 2. Yakuniy hisobotni tasdiqlash. Kelishishga yuborilgan sanadan 60 kun ichida
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalariga 3-ILOVA
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentini tekshirish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarning dispetcherlik punktlari, Oʻzbekiston Respublikasida havo harakatini boshqarish markazi Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida tasdiqlangan roʻyxat asosida tegishli davlat organlariga xabar berish. Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida xabar kelib tushishi bilan 2-bosqich Transport vazirligi Tekshiruv komissiyasini tuzish. Aviatsiya insidenti toʻgʻrisida xabar kelib tushishi bilan 3-bosqich Tekshiruv komissiyasi Tekshiruv ishlarini olib borish, kerakli hollarda tadqiqotlar oʻtkazish, tavsiyalar ishlab chiqish va hisobotni rasmiylashtirish. Buyruq imzolangan sanadan 15 kun ichida (qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazilishi talab qilinmasa) 4-bosqich Tekshiruv komissiyasi Hisobotni tasdiqlash. Buyruq imzolangan sanadan 15 kun ichida, (qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazilishi talab qilinmasa)
Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalariga 4-ILOVA
Tekshirish ishtirokchilarining huquqi va majburiyatlari
1. Aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish komissiyasining raisi rahbar mansabdor shaxs boʻlib, uning aviatsiya hodisasi yoki insidenti tekshiruviga aloqador boʻlgan buyruq va koʻrsatmalari barcha mansabdor shaxslar uchun bajarilishi majburiydir.
2. Komissiya raisining majburiyatlari:
a) halokat yoki insident sodir boʻlgan joyga yetib kelgandan soʻng:
ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy davlat boshqaruv organlarini xabardor qilish;
aviatsiya halokati yoki insidenti sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish, zarur boʻlsa, uni qoʻriqlash va tasdiqlovchi materiallarni but holda saqlash boʻyicha tezkor qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻrish;
komissiyaning tashkiliy majlisini oʻtkazish, unda komissiya aʼzolarini halokat yoki insident boʻyicha mavjud maʼlumotlar bilan tanishtirish, aviatsiya hodisasi joyida dastlabki harakatlarni bajargan mansabdor shaxslarni eshitish, kichik komissiyalar, ishchi guruhlarni shakllashtirish va ularning raislarini tayinlash, komissiya aʼzolarini kichik komissiyalar boʻyicha taqsimlash, komissiya ishi uchun qoʻshimcha mutaxassislar jalb qilinishi zaruratini aniqlash, ish tartibini va yaqin kunlarda qilinadigan aniq vazifalarni belgilash;
komissiya aʼzolari bilan kelishilgan holda navbatdagi xabarnomani (posleduyusheye doneseniye) yuborish;
bort yozuv uskunalari, fotoregistratorlar, yerdagi magnitafonlar, parvozga oid, texnik va meteorologik hujjatlarda mazkur parvozga taalluqli boʻlgan maʼlumot tashuvchilarni prokuratura organlari bilan kelishilgan holda olish va javobgarlik ostida saqlash uchun topshirilishini taʼminlash;
halokat yoki insident sodir boʻlgan joyda ish olib borishda mehnat muhofazasi boʻyicha komissiya aʼzolariga va kichik komissiyalar raislariga “Aviatsiya halokati joyida ish olib borishda mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnoma”ga binoan, komissiya yigʻilishi bayonnomalarida qayd etgan holda koʻrsatmalar berish;
komissiya va kichik komissiyalar ish rejasini tasdiqlash;
b) komissiya ish faoliyati davomida:
komissiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlarni aniqlash, shunga muvofiq uning ish rejasiga oʻzgartishlar kiritish;
komissiya ishida aniqlik va izchillikni taʼminlash va tekshirishga jalb qilingan barcha shaxslarning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish;
komissiyaning yigʻilishlarini muntazam ravishda oʻtkazish va ularda tekshiruvning asosiy metodik va amaliy masalalarini hal qilish;
kichik komissiyalar ishlarini muntazam ravishda muvofiqlashtirish va nazorat qilish, erishilgan natijalarni tahlil qilish va umumlashtirish;
tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolatli vakillari orqali tekshiruvga zarur malakali mutaxassislarning jalb etilishini taʼminlash;
aviatsiya halokati yoki insidentining sabablarini aniqlash uchun zarur boʻlgan tadqiqotlar va sinovlar oʻtkazish yuzasidan oʻz vaqtida qaror qabul qilish. Tadqiqotlar oʻtkazish uchun tegishli tashkilotlarga aviatexnika uskunalari va boshqa materiallarni yuborish toʻgʻrisida topshiriqlar berish;
tekshiruv boʻyicha ishlarning yakunlanishi va komissiya Yakuniy hisobotining belgilangan vaqtda tayyorlanishini taʼminlash;
ishlarning olib borilishi haqida Transport vazirligi va tekshirish boʻyicha komissiyani tayinlagan rahbarga muntazam ravishda shaxsan hisobot berish;
tekshiruv tugagandan soʻng aviatsiya halokati yoki insidentining sabablarini tahlil qilib yigʻilish oʻtkazish, tekshiruv materiallari rasmiylashtirilishi, ulardan nusxa koʻchirilishi va tarqatilishini nazorat qilish.
3. Komissiya raisining huquqlari:
hodisa joyi, havo kemasiga (havo kemasi parchalari) kirish, ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan bort yozuv uskunalari va havodagi harakatni tashkil etish maʼlumotlaridan erkin foydalanish va ular ustidan cheklovsiz nazorat oʻrnatish;
havo kemasi, uning tarkibiy qismlari, havo kemasi bortida mavjud boʻlgan yoxud aviatsiya halokati yoki insidentiga tashqaridan kirib qolgan mulkni (ushbu mulk kimga tegishliligidan qatʼi nazar), shuningdek, havo kemasi parvozlarini taʼminlovchi uskunalar va obyektlarni tekshirish;
yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, ularga aviatsiya halokati yoki insidentining tekshiruvi bilan bogʻliq boʻlgan ish va tadqiqotlar olib borishni topshirish;
fan va texnikaning tegishli sohalarida bilim talab qiladigan vazifalarni hal qilish uchun tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar tashkilotlar xodimlarini jalb qilish;
aviatsiya halokati va insidenti guvohlari, aviatsiya halokati va insidentiga daxldor boʻlgan yoki boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan soʻrovnoma oʻtkazish, huquqni muhofaza qilish organlaridan kerakli maʼlumotlarni olish;
halokatga uchragan havo kemasini loyihalashtirish, sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash, aviatsiya xodimlarini tayyorlash, havodagi harakatni tashkil etish, havo kemalari parvozlarini amalga oshirish va taʼminlash masalalarini oʻrganish;
aviatsiya halokati yoki insidenti bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hujjat va materiallarni tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslardan talab qilish va olish;
havo kemasi ekipaji aʼzolarining, shuningdek, tegishli aviatsiya xodimlari qatoridan tegishli shaxslarning psixofiziologik holati boʻyicha tibbiy koʻriklar oʻtkazish;
tekshiruvning barcha tashkiliy, uslubiy va amaliy masalalari boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish;
komissiyaning barcha aʼzolari hamda tekshiruvga jalb qilingan mutaxassis va ekspertlar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi korxonalarining mansabdor shaxslariga tekshiruv masalalari bilan bogʻliq bajarilishi shart boʻlgan buyruq va koʻrsatmalar berish;
tekshirish jarayonida amalga oshirish zarurligi aniqlangan, parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shoshilinch chora-tadbirlar oʻtkazilishini tavsiya etish;
aviatsiya halokati yoki insidenti sabablarini aniqlash, shuningdek, xavfsizlik boʻyicha tavsiyalarni asoslash uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari yoki ularning vakolatli vakillari orqali zarur sinov va tadqiqotlar oʻtkazilishi yuzasidan topshiriq berish;
harakatlari parvozlar xavfsizligini taʼminlamaydigan shaxslarni xizmat vazifalarini bajarishdan chetlatishni tavsiya qilish. Shoshilinch, kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, bunday shaxslarni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlatish;
komissiya qaroriga binoan materiallar, havo kemasi konstruksiyasining alohida qismlari, agregatlar va elementlari hamda ularning hujjatlarini laboratoriya sinovlari va tadqiqotlarini oʻtkazish uchun yuborish;
tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, vazirliklar, idoralar, shuningdek, aviakompaniyalar, korxonalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslaridan ushbu tekshiruvni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha zarur materiallar va hujjatlarni talab qilish;
komissiya ishiga (tegishli vazirliklar, idoralar rahbarlari yoki ularning komissiyadagi vakillari orqali) zarur mutaxassislar va texnik vositalarni jalb qilish;
ashyoviy dalillarning buzib koʻrsatilishi yoki yoʻqolishiga olib kelgan xatti-harakatlarni sodir etgan yoki hujjatlarni qasddan notoʻgʻri taqdim etgan yoki komissiya raisining buyruqlarini muntazam ravishda bajarmagan shaxslarni tegishli vazirlik, idora, korxona yoki tashkilot rahbarlariga darhol xabar bergan holda tekshirish ishlarida qatnashishdan chetlatish;
aviakompaniyalar, korxona va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga komissiya ishi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
komissiyaning ish tartibini belgilash.
4. Komissiya raisi quyidagilar uchun javobgar:
aviatsiya halokati yoki insidenti tekshiruvining xolisligi, sifati va oʻz vaqtida bajarilishi, hujjatlar toʻgʻri rasmiylashtirilishi;
aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish masalalari boʻyicha u tomonidan qabul qilingan qarorlarning va berilgan tavsiyalarning asosliligi.
5. Komissiya raisining oʻrinbosarlari, komissiya raisi tomonidan berilgan ishlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi. Komissiya raisi yoʻqligida, rais oʻrinbosari ushbu ilovaning 2-3-bandlariga muvofiq vazifalarni bajaradi va 4-bandga binoan ularning bajarilishiga javobgar boʻladi.
6. Kichik komissiya raisining majburiyatlari:
kichik komissiyalar, ishchi guruhlarning aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish boʻyicha asosiy ish yoʻnalishlarini aniqlash;
kichik komissiya va ishchi guruhlarning tarkibi boʻyicha takliflar tayyorlash, kichik komissiya ish rejasini tuzish va yigʻilishlarda muhokama qilish, guruhlarning ish rejasini tasdiqlash;
komissiya ish rejasi va kichik komissiya yigʻilishida tasdiqlangan kichik komissiya va ishchi guruhlarning operativ ish rejalariga muvofiq ishchi guruhlar ishini tashkil qilish va muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
kichik komissiya yigʻilishlarini muntazam ravishda oʻtkazish, ularda bajarilayotgan ishlar jarayoni va natijalari, aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish boʻyicha operativ harakatlar rejalari, shuningdek ish davomida vujudga kelgan masalalarni muhokama qilish;
tekshiruvning toʻliqligi, xolisligi, kichik komissiya hisoboti, ishchi guruhlarning hisobotlari va boshqa hujjatlar tuzilishi hamda belgilangan muddatda komissiya shtabiga taqdim etilishini taʼminlash;
aviatsiya texnikasi obyektlari va boshqa materiallarni oʻrganish uchun yuborilishi yuzasidan komissiyaga takliflar kiritish;
Aviatsiya halokati joyida ish olib borishda mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomasiga muvofiq, aviatsiya halokati yoki insidenti sodir boʻlgan joyda ish olib borayotgan mutaxassislarga mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnoma oʻtkazish.
7. Kichik komissiya raisining huquqlari:
kichik komissiya va uning ishchi guruhlari tarkibidagi barcha mutaxassislar, ekspertlarga kichik komissiya vakolati doirasida tekshirish masalalari boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
aviakompaniyalar, taʼlim muassasalari, korxonalar, tashkilotlar, vazirlik va idoralarning mansabdor shaxslaridan komissiya raisi orqali zarur materiallarni soʻrash;
boshqa kichik komissiyalar raislari bilan kelishilgan holda ekspertiza tekshiruvlari oʻtkazilishi va kichik komissiya yigʻilishlarida ishchi guruhlar ishtirok etishi uchun ushbu kichik komissiyalar mutaxassislarini jalb qilish;
aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha materiallar bilan tanishish.
8. Tekshiruv komissiyasi aʼzolarining majburiyatlari:
kichik komissiyalardan birining ishida shaxsan ishtirok etish (shtab boshligʻi bundan mustasno);
komissiya rahbariyatining buyruqlari va koʻrsatmalarini bajarish;
komissiya raisi bilan oʻzining barcha harakatlarini muvofiqlashtirib, tekshiruvni har tomonlama toʻliq va xolisona oʻtkazish.
9. Tekshiruv komissiyasi aʼzolarining huquqlari:
hodisa joyi va havo kemasi bortiga (havo kemasi parchalariga) aviatsiya halokati yoki insidenti holatini aniqlash uchun toʻsiqsiz kirish;
havo kemasi, uning tarkibiy qismlari, havo kemasi bortida mavjud boʻlgan yoki aviatsiya halokati yoki insidentiga tashqaridan kirib qolgan mulkni, kimga tegishliligidan qatʼi nazar, shuningdek havo kemalari parvozlarini taʼminlash vositalari va obyektlarini tekshirish;
aviatsiya halokati yoki insidenti guvohlari, aviatsiya halokati yoki insidenti bilan bogʻliq yoki bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan soʻrov oʻtkazish va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kerakli maʼlumotlarni olish;
halokatga uchragan havo kemasini loyihalash, sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash, aviatsiya xodimlarini tayyorlash, havodagi harakatni tashkil etish, havo kemalari parvozlarini bajarish va taʼminlash bilan bogʻliq barcha masalalarni oʻrganish;
aviatsiya halokati yoki insidenti bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hujjatlar va materiallarni tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslardan talab qilish va olish;
tekshiruvga taalluqli barcha materiallar bilan tanishib chiqish;
komissiya ishini takomillashtirishga qaratilgan takliflar kiritish;
tekshiruvda mutaxassis va ekspertlar ishtirok etishi, zarur materiallar soʻrab olinishi, shuningdek, tadqiqot oʻtkazish maqsadi koʻrsatilgan holda havo kemasining uzel va detallari oʻrganish uchun yuborilishi toʻgʻrisida hamda aviatsiya halokati yoki insidenti tekshiruvi bilan bogʻliq boshqa masalalar boʻyicha takliflar kiritish;
komissiya majlislari bayonnomasida oʻz fikrini aks ettirish, bayonnomalarni tasdiqlash, ularda bayon etilgan fikrlarga aniqlik kiritilishini talab qilish;
tekshirish komissiyasi hujjati mazmuni va xulosalaridan norozi boʻlganda, unga oʻzining alohida fikrini ilova qilish;
tekshiruv hisobotiga qoʻshimcha materiallar va hujjatlar ilova qilinishini talab qilish.
10. Kichik komissiya (ishchi guruh) aʼzosining majburiyatlari:
kichik komissiya (ishchi guruh) ish rejasi va kichik komissiya raisining (ishchi guruh rahbari) koʻrsatmalariga muvofiq toʻliq va xolisona tekshiruv oʻtkazish;
komissiya raisi, kichik komissiya raisining (ishchi guruh rahbari) aviatsiya halokati yoki insidentini tekshirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha koʻrsatmalarini bajarish;
kerakli tadqiqotlarni oʻtkazish, oʻrganishga (sinov) yoʻnaltirish uchun ashyoviy dalillarni tanlab olish, sinovlarni (oʻrganishlar) dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish va ularni oʻtkazish;
tekshiruv hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etish, kichik komissiya (ishchi guruh) hisobotini imzolash;
aviatsiya halokati yoki insidenti joyida ish olib borilayotganda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish.
11. Kichik komissiya (ishchi guruh) aʼzosining huquqlari:
kichik komissiya raisi (ishchi guruh rahbari) orqali ushbu tekshirish bilan bogʻliq materiallar bilan tanishish;
kichik komissiya raisi (ishchi guruh rahbari) orqali ish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar taqdim etilishini talab qilish;
ishlar rejasi va ularni amalga oshirish tartibi, maxsus tadqiqotlar va sinovlarni oʻtkazish zarurligi hamda mutaxassislarni jalb etish boʻyicha takliflarni berish;
https://neolex.uz/uz/laws/law-6288251
