5-modda. Jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organining vakolatlari
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (76-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi jismoniy tarbiya va sportni boshqarish vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va roʻyobga chiqaradi;
jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari bilan birgalikda Oʻzbekiston sportchilarini Olimpiya oʻyinlari va boshqa xalqaro sport musobaqalariga tayyorlashning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini taʼminlaydi;
sport turlari boʻyicha mamlakat terma komandalari tarkiblarini tasdiqlaydi va ular xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrishlarini taʼminlaydi;
aholi turli toifalarining jismoniy kamolot darajasini aniqlash uchun sport normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya-sport kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish va attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi;
sport tayyorgarligi markazlarini, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarni tuzadi;
jismoniy tarbiya va sport muammolari boʻyicha ilmiy, uslubiy va ommabop adabiyotlar yaratilishi va nashr etilishini tashkil qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy tarbiya va sportga oid normativ hujjatlarni, shu jumladan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlaridan foydalanish normalari hamda qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-axborot taʼminoti tizimini tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
