6-modda. Muhofaza choralarining qoʻllanilishi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida (554-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Tovar importi koʻpayishini cheklash boʻyicha tovar importining miqdori va (yoki) qiymatiga (import kvotasi) nisbatan cheklov tariqasida, import bojidan tashqari undiriladigan maxsus boj tariqasida qoʻllaniladigan choralar yoki tovar importi koʻpayishini cheklashga qaratilgan boshqa choralar muhofaza choralaridir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importi iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tugʻdirayotgan hajmda (mutlaq ifodasida yoki uni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarishga nisbatan) va sharoitda amalga oshirilayotganligi vakolatli organning tekshiruvi natijalari asosida aniqlangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan muhofaza choralari qoʻllaniladi.
Muhofaza choralari tovar importi koʻpayganligi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan miqdorda va muddatda qoʻllaniladi.
Tovar importini miqdoriy cheklash tariqasidagi muhofaza chorasining qoʻllanilishi tovar importi hajmini oldingi davrdagi tovar importining oʻrtacha miqdor darajasidan kamaytirmasligi kerak, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun tovar importining boshqa darajasini belgilash zarurligiga asos boʻlgan hollar bundan mustasno.
