Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekiston Respublikasi korxonalarini xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (10-son)
07.01.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
YeTTB Direktorlar Kengashi sarmoyasi 36 mln. EKYu (40,2 mln. AQSh dollari) boʻlgan, ulardan 30 mln. EKYu (33,5 mln. AQSh dollari) — YeTTB mablagʻlari, qolgan 6 mln. EKYu (6,7 mln. AQSh dollari) — kompaniyalar konsorsiumi va xususiy investorlarning mablagʻlari, Oʻzbekiston korxonalarini xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishini tasdiqladi;
Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining moliyaviy mablagʻlari xususiylashtirilgan va yangidan tashkil etiladigan korxonalarning ustav sarmoyasida qatnashish vositasida ularning mamlakatimiz bozorlari va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshliligini mustahkamlashga yoʻnaltiriladi;
Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining moliyaviy mablagʻlari konsorsium — Boshqaruvchi kompaniya tomonidan boshqariladi, uning vakolatxonasi Toshkent shahri, Asaka koʻchasidagi 42-uyda ochiladi;
YeTTB Direktorlar Kengashi tomonidan maʼqullanishi hamda Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining moliyaviy mablagʻlari korxonalarga yoʻnaltirilishi uchun takliflar va xulosalarni tayyorlash maqsadida korxonalar faoliyatini oʻrganish Boshqaruvchi kompaniyaning asosiy funksiyalari va vazifalari hisoblanadi;
YeTTB tomonidan tayinlanadigan Jamgʻarma boshqaruvchisi Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga rahbarlik qiladi;
Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga texnik koʻmaklashish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan 1,247 mln. EKYu miqdorida mablagʻ ajratilgan.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Boshqaruvchi kompaniya mol-mulkiga, arxivlariga, boshligʻiga, vakolatxonaning mansabdor shaxslariga, shuningdek jamgʻarma topshirigʻini bajaruvchi ekspyertlarga YeTTBni taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning VIII bobida nazarda tutilgan maqom, immunitetlar, imtiyozlar va istisnolar qoʻllaniladi;
Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Boshqaruvchi kompaniya tomonidan asosiy funksiyalar bajarilishi, shu jumladan shaxsiy ehtiyojlar uchun keltiriladigan asbob-uskunalar va mol-mulk boj poshlinalari va soliqlar toʻlashdan ozod qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi vakolatxonasi va Boshqaruvchi kompaniya xorijiy mutaxassislari belgilangan tartibda akkreditatsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Boshqaruvchi kompaniya faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni amalga oshirishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur koʻmak va yordam koʻrsatsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Korxonalarni xususiylashtirishdan keyin qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi doirasida loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari V.A. Chjen va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 7-yanvar,
10-son
