4-modda. Asosiy tushunchalar
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
milliy standart — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti tomonidan qabul qilingan hamda keng jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan standart;
standart — faoliyatning har xil turlariga yoki ularning natijalariga taalluqli boʻlgan, umumiy va koʻp marta foydalanish uchun qoidalarni, umumiy prinsiplarni yoki tavsiflarni belgilaydigan hamda muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan hujjat;
standartlashtirish — muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan, haqiqatda mavjud boʻlgan yoki kutilayotgan vazifalarga nisbatan umumiy va koʻp marta foydalanish uchun qoidalarni belgilaydigan faoliyat;
Standartlashtirish boʻyicha milliy organ — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti;
standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmita — faoliyatning yoʻnalishlari boʻyicha standartlashtirish tizimini rivojlantirishni amalga oshirishda ishtirok etuvchi maslahat-kengash organi;
standartlashtirish obyekti — mahsulot, tovarlar, xizmatlar (bundan buyon matnda mahsulot deb yuritiladi), jarayonlar, menejment tizimlari, atamalar, shartli belgilar, tadqiqotlar (sinash), oʻlchash (shu jumladan namunalarni tanlash) hamda sinash usullari, tamgʻalash, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari va boshqa obyektlar;
xalqaro (mintaqaviy) standart — standartlashtirish boʻyicha xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot tomonidan qabul qilingan va keng jamoatchilik doirasi uchun ochiq boʻlgan standart;
xorijiy mamlakatning standarti — xorijiy mamlakatning standartlashtirish boʻyicha vakolatli organi (tashkiloti) tomonidan qabul qilingan standart;
oʻzaro kelishuv — koʻpchilik manfaatdor taraflarning mavjud masalalar boʻyicha eʼtirozlari mavjud emasligi bilan tavsiflanadigan hamda barcha taraflarning fikrlarini inobatga olishga va mos kelmayotgan nuqtai nazarlarni yaqinlashtirishga qaratiladigan jarayon natijasida erishiladigan umumiy kelishuv.
